Otaulla Xo‘jayev 1880-yil Buxoro shahrida, yirik qorako‘l savdogari Qori Po‘latxo‘ja xonadonida dunyoga kelgan. U avval Buxoroda eski maktab va madrasada tahsil oldi. 1909-yil “Yosh buxoroliklar”ning “Tarbiyai atfol” jamiyati tomonidan akasi Usmon Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat va boshqa iqtidorli yoshlar qatorida Turkiyaga o‘qishga yo‘llanadi. Istanbul shahrida ta’lim olib qaytgach, ularning aksari 1913-1914-yillarda Buxoro amirligida jadid maktablari ochib, muallimlik qiladi.
Otaulla Xo‘jayev 1915-yil Buxoroda mutaassib dindorlarning talabi bilan 45 kunga zindonga hukm etilgan. 1917-yil aprel namoyishida Otaulla Xo‘jayev rahbarligida Hoji Mirbobo Mirmuhsinov, Abdurahim Yusufzoda kabilardan iborat “Yosh buxoroliklar” delegatsiyasi qushbegi huzuriga yuboriladi. Ular mutaassib kuchlarning talabi bilan Arkda qabul qilinmasdan zindonga tashlanadi. Sadriddin Ayniy, Mirzo Narzullo, Mirzo Sahbo kabi jadidlar mavjud tuzum tarafdorlari tomonidan qo‘lga olinib, kaltaklanadi. Muvaqqat hukumatining vakillari yordami bilan jadidlar zindondan ozod bo‘ladi.
Ota Xo‘jayev 1918-yil martda “Kolesov voqeasi”dan so‘ng muhojirlikka ketib Samarqandda Rahmat Rafiq Abdullabekov bilan birgalikda “Yosh buxoroliklar”ga rahbarlik qiladi. Toshkentga borib turk asirlari Ali Some’bek va Usmonbeklar bilan tanishadi. So‘l eserlar partiyasi bilan hamkorlik qilib, ularning yig‘inlarida ishtirok etadi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topgach, Ota Xo‘jayev 1920-yil sentabrida hukumat topshirig‘i bilan Qarshi viloyati inqilobiy qo‘mitasiga rahbar etib tayinlanadi. U vohada BXR hukumati mavqeini tiklash hamda xalq xo‘jaligi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiradi. 1921-yil yozida Turkiston taraqqiyparvarlari iltimosiga binoan Buxoroga tashrif buyurgan Anvar poshsho bir haftacha poytaxtda bo‘ladi. U deyarli hamma nozirlik va davlat idoralariga borib, rahbar xodimlar bilan suhbat quradi. Fayzulla Xo‘jayev va Abduqodir Muhiddinovlarning xatolarini tushuntirib, kurash uslubi xususida maslahatlar beradi. Milliy istiqlolchilik harakatini siyosiylashtirish g‘oyasi ham aynan Anvar poshshodan chiqqan edi. 1921-yil yozida BXSR ichki ishlar noziri Ota Xo‘jayev boshchiligidagi Sodiq Muhammadiyev, Naimjon Yoqubovlardan iborat maxsus komissiya Sharqiy Buxoroga yuboriladi. Ota Xo‘jayev 1921-yil 12-avgust kuni Baljuvonda qo‘rboshilar Davlatmandbek, Kamolbiy va Qayum To‘qsabolar bilan BXSR hukumati nomidan muzokaralar o‘tkazadi. Ikki o‘rtada sulh shartnomasi tuziladi.
Shartnomada: “1. Sharqiy Buxoro BXRni tan oladi va uning barcha hukmlariga rozi bo‘ladi. 2. Sharqiy Buxorodan rus armiyasi chiqariladi. O‘rniga bosmachilardan iborat musulmon armiyasi tinchlikni saqlashga kirishadi. Buxorodagi muqaddas ichki hayotga chetliklar umuman aralashmasun! 3. BXR mustaqil, unga ruslar aralashmasun! Xalqning an’anaviy turmush tarzi to‘liq saqlab qolinadi. Islom va shariat muqaddasdir! 4. Tortib olingan mulk va xazina, albatta xalqnikidir. Uning hisobidan xalq xo‘jaligini tiklashga sarflanadi va bu zarur. 5. Shartnoma kuchga kirishi bilan biz islomiy Buxoroning armiyasiga aylanib qolishimiz kerak. 6. Islom shariati va an’anaviy turmush saqlanib qoladi.” kabilar keltiriladi. 7 bandlik Shartnomani Atoulloxo‘ja Po‘lodxo‘jayev bilan Davlatmandbiy Kamoliddinbiylar imzolaydi (7-band qilib tuzuvchilar ism-sharifi kiritiladi).
Ota Xo‘jayev tomonidan Davlatmandbek Baljuvon, Eshon Sulton esa Gʻarm viloyati inqilobiy qo‘mitasining raisi etib tayinlanadi. Qo‘rboshilarning viloyat inqilobiy qo‘mita raisi lavozimiga tayinlanishi aholi o‘rtasida BXR hukumati ta’sirini yanada oshiradi. Biroq, Markaz mazkur qarorni juda sovuq qarshi oladi, chunki bu harakatlar ularning g‘arazli niyatiga mutloq qarshi ishlar edi. Natijada Ota Xo‘jayev boshlagan ishlarini yakuniga yetkaza olmaydi, u 1922 -yil yanvar oyida BXRning Moskvadagi muxtor vakili etib tayinlanadi.
Otaulla Xo‘jayev yangi vazifada ham zudlik bilan ishga kirishadi. Qisqa vaqtda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirishga bel bog‘laydi. Buxorodagi ko‘plab istiqbolli yoshlarni Moskva, Sankt-Peterburg shaharlaridagi oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlariga yo‘llaydi. Shuningdek, Germaniya va Turkiya davlatlariga o‘qishga jo‘natish, ularni mablag‘ bilan ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatadi. Uning imzosi bilan Germaniyaning Moskvadagi vakolatxonasiga yuborilgan rasmiy xabarlardan birida: “BXSR o‘zining talabalarini ixtisos ilmi tahsil etmak uchun Germaniyaga yubormakni orzu qiladur. Hozirgi vaqtda mening tarafimdan Buxoro xalq maorif nazoratidan xat olundi. Mazkur xatda ko‘rsatiladurkim, Germaniyaga yuborilaturg‘on talabalarning miqdori 30 nafar belgilangan va yoshlari 10 ila 15 orasidadur”, deyilgan.
1922-yil avgust–noyabr oylarida BXSR Nozirlar Sho‘rosi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida bo‘lgan Ota Xo‘jayev BXSR hukumati boshlig‘i Fayzulla Xo‘jayev Germaniyaga safar qilgan paytda ham, Moskvada bo‘lgan davrlarda ham Buxoro hukumatini boshqarar edi. U 1923-yildan tashqi ishlar noziri, Buxoro Kompartiyasi MK kotibi kabi mas’ul lavozimlarda ish olib bordi. Bolsheviklar Fayzulla Xo‘jayevning davolanish uchun Moskvaga ketganidan foydalanib jadidlarni hokimiyatdan mahrum qilish taraddudiga tushadilar. Buxoro hukumati vakillari Abdurauf Fitrat, Muinjon Aminov, Sattor Xo‘jayevlar Otaulla Xo‘jayev rahbarligida bolsheviklarning Buxorodagi siyosatini qoralab, chinakam milliy mustaqillik talablari bilan chiqadilar. Jumladan, hukumat huzuridagi harbiy tribunallarda istiqlol kurashchilarini ommaviy ravishda afv eta boshlaydi.
Buxoro Xalq Respublikasi afv etilganlardan mahalliy militsiya va harbiy qismlarni tarkib toptirishga kirishadi. Sovetlar ham darhol harbiy tribunallarning bolsheviklardan iborat alohida bo‘limlarini tashkil etadi. Mahalliy tribunallar vakolatini yo‘qqa chiqarish, taslim bo‘layotgan “bosmachilar”ni qattiq jazolash, qurol-yarog‘larini musodara etib, mintaqadan olib chiqishga qaror qiladi. Shunda nozirlar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Otaulla Xo‘jayev, hukumat ijroiya kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Muinjon Aminov, xalq xo‘jaligi kengashi raisining o‘rinbosari Abdurauf Fitrat, Kengash hay’atining a’zosi Sattor Xo‘jayev va boshqalar bolsheviklarning qarorlaridan norozi ekanliklarini bayon etadi. Otaulla Xo‘jayev aks holda BXSR hukumati to‘la tarkibda iste’foga chiqishini ma’lum qiladi. Rossiya kompartiyasi markaziy qo‘mitasi kotiblari Kuybishev va Rudzutak Buxoroga yetib keladilar. Ota Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Abdurauf Fitrat, Sattor Xo‘jayev bolsheviklardan iborat alohida bo‘lim (особый отдел)ni butunlay tugatish, o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘layotgan “bosmachilar”ga umumiy afv e’lon qilish, ulardan musodara qilingan qurollarni Respublikada qoldirish, “bosmachilar”ni mahalliy hukumat huzuridagi tribunallarda sud qilishni qat’iy talab qiladilar. Buxoro Respublikasida bolsheviklar tashabbusi bilan Butun Buxoro qurultoyi chaqirilib, Otaulla Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Abdurauf Fitrat, Sattor Xo‘jayevlarga tuhmatdan iborat ayblovlar qo‘yiladi. Jumladan, Ota Xo‘jayevga Sharqiy Buxoroda muxtor vakil bo‘lgan vaqtida 500 bosh qo‘yni o‘zlashtirgan, shaxsiy uyini davlat materiallaridan foydalanib ta’mirlagan...” kabi asossiz aybnomalar qo‘yiladi. Aslida, Markaz Buxoroni siyosiy jihatdan o‘ziga to‘la bo‘ysundirish, uning iqtisodiyotini qaram qilish maqsadida O‘rta Osiyo Iqtisodiy kyengashi faoliyatiga keng yo‘l ochishga qaror qilgan edi. 1923-yil iyunda RKP(b)MK O‘rta Osiyo byurosi kotibi Y.E.Rudzutakning talabi bilan Otaulla Xo‘jayev, Muinjon Aminov, Abdurauf Fitrat, Sattor Xo‘jayevlar Buxorodan badarg‘a qilinadi. Buxoroga yetib kelgan Fayzulla Xo‘jayev maslakdoshlariga hech qanday yordam ko‘rsata olmaydi.
Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston SSRda hukumat boshlig‘i bo‘lib ish boshlaganidan so‘ng Buxoro Respublikasi hukumatida ishlagan maslakdoshlarini mas’ul vazifalarga qo‘yadi. Otaulla Xo‘jayev o‘zini hukumat va siyosiy hayotdan uzoq tutadi. U 1925-yildan O‘zSSR nogironlar uyushmasi raisi o‘rinbosari lavozimida, 1930–1933-yillarda Xorazm okrugi va Tojikiston ASSRda turli vazifalarda ishlaydi. So‘ng Kislovodskdagi “O‘zbekiston sanatoriyasi” direktori, 1935-1936-yillarda “O‘zbeklashuv” tizimida mas’ul lavozimda faoliyat ko‘rsatgan.
1937-yil 17-yanvar kuni Buxoro shahar gastronom do‘koni mudiri bo‘lgan Ota Xo‘jayev 1921-yildan “Milliy ittihod” a’zosi, qo‘rboshilar bilan yaqin aloqada bo‘lgan, 1925-yil Moskvadagi xorijiy tashkilotlar orqali Turkiyadagi akasi Usmon Xo‘jaga oltin yuborgan kabi ayblovlar bilan O‘zSSR JKning 66-moddasini qo‘llab qamoqqa olinadi. Ko‘p tomlik jinoyat ishida Ota Xo‘jayev tomonidan imzolatilgan yuzlab varaqlardagi so‘roq bayonnomalarining asosiy qismi, tergovchilarning bosimi ostida bo‘lsa kerak, bir-biriga zid fikrlardan iborat. Biroq, shunga qaramay, ularning ichida juda muhim nuqtalar ham mavjud, ayrim joylarini keltirib o‘tishga harakat qilaman.
Ota Po‘lotovich Xo‘jayev 1937-yil 13-fevral kuni so‘roqda: “...1920-21-yillar “Ittihod va taraqqiy” partiyasi a’zosi edim. Biz rus mustamlakachiligiga qarshi kurashdik. BXRning haqiqiy mustaqilligiga intildik, milliy armiyaga erishmoqchi bo‘ldik. 1920-yil noyabrda Toshkentdan Munavvar qori Abdurashidxonovni chaqirib oldik. 1921-yil yozida Buxoroga kelgan Anvar poshshoni Rahmat Rafiq choyga chaqirganida ovga ketayapman deb Buxorodan maxfiy chiqib ketdi va qaytib kelmadi. So‘ng bosmachilarga borib qo‘shilgan. Uning ketidan akam Usmon Xo‘jayev, Buxoro ChK raisi Muhiddin mahzumlar ham bosmachilar tomoniga o‘tib ketdi, deydi. 1937-yil 16-fevral kuni so‘roqda “1921-yil oxirlarida Fayzulla Xo‘jayev o‘z uyida Muinjon Aminjonov, Abdurashid Mukammilov, Ahmadjon Abdusaidov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Musojon va Muxtorjon Saidjonovlar ishtirokida o‘tgan yig‘inda Fayzulla Xo‘jayev o‘zining kurash programmasini bayon qilgan edi. Unda Buxoroning haqiqiy suveren mustaqilligiga erishish uchun shaxsning daxlsizligiga erishish; Milliy armiyani vujudga keltirish; Mustaqil moliya va davlat xazinasiga erishish yo‘llari ko‘rsatilgan edi. Unda davlat barcha yer va suvga egalik qiladi. Amir va mamlakatni tark etgan yirik zamindorlarning egasiz yer-mulklari davlat tasarrufiga olinadi. Ammo xususiy yerlar egalarida qoladi. Diniy ta’lim va dindorlar to‘liq erkinlikka ega bo‘ladilar kabi xalqqa manzur fikrlar ilgari surilgan edi. Shundan so‘ng qatnashchilarning har biriga mahalliy hududlarda hokimiyatni shakllantirish belgilandi. Unga ko‘ra: Musojon Saidjonovga Buxoro shahri, Muinjon Aminovga Buxoro atrof tumanlari; Ahmadjon Abusaidovga Karmanaga tegishli tumanlar, Qori Yo‘ldosh Po‘latovga Karki va uning atrof hududlari, Abdurashid Mukammilovga Chorjou viloyati, menga Qarshi va atrof hududlari mas’uliyati topshirildi. Biz o‘z ta’sir doiramiz orqali hududlarda haqiqiy Buxoro hukumatining hokimiyatini ta’minlashga intildik. Biroq, sovetlar barcha tadbirlarimizni yo‘qqa chiqardi. Aslida, “Milliy ittihod” 1922-yildayoq yo‘q bo‘lib ketgan edi. 1925-yil sovetlarning o‘ta so‘l siyosatiga qarshi “18lar guruhi” shakllanganida to‘satdan “Milliy ittihod” degan gap qo‘zg‘aldi. 1929-yil Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligida ko‘plab ziyolilar qamoqqa olinganida yana “Milliy ittihod” masalasi ko‘tarilib qoldi. 1936-yilga kelib yana “Milliy ittihod” degan gaplar o‘rchiy boshladi. Bu gal O‘zbekiston hukumatida “ikromovchilar”, “xo‘jayevchilar” degan guruhlar asosida shakllantirilganga o‘xshayapti. Aslida, bularning hammasi asossiz va faqat bo‘htonga qurilgan ayblovlar...”, deydi.
1937-yil 14–16-mart kunlari so‘roqda: “...1926-yil Julqunboy qamalganida Fayzulla Xo‘jayev uni qutqarib olgan edi... 1937-yil yanvarida Muinjon Aminjonov qamoqqa olinganida “Meni siquvga olishmoqda, NKVD meni 1000 bor otganida ham Fayzullani ularga berib qo‘ymayman. Fayzulla Xo‘jayevga aytinglar, mening oilamni tashlab qo‘ymasin” degan xabarni chiqartirgan edi deydi.
Ota Xo‘jayev 1937-yil 17-mart kuni so‘roqda “...1936-yil paxta terimi vaqti Buxoroga kelgan Fayzulla Xo‘jayev “Inqilob Buxoroni vayron etdi. Men bunda o‘zimni ayblayman. Shuning uchun endi millatni asrang. U yana Buxoroni qayta qura oladi” degan edi. 1934-yildan Akmal Ikromov bilan bog‘liq nizoli mish-mishlar boshlandi. 1937-yil Muinjon Aminjonov Fayzulla Xo‘jayevga “Sal qat’iyroq bo‘l”, deganida, “Ey, tentak. Bu fitnalarning ortida Stalinning o‘zi turibdi-ku, hozir tinchlik kerak, qat’iyligim atrofimdagilarga zarar keltirib qo‘yadi...” deb javob qaytarganini aytadi.
Ota Xo‘jayev 1937-yil 27-28-aprel kungi so‘roqlarda: “...1922-yil Olimjon Idrisiy kelganida Fayzulla Xo‘jayevni Germaniyadan BXRga yordam olishga ishontirgan edi. O‘sha ishonch asosida ko‘plab bolalar o‘qishga yo‘llandi. O‘zi ham Germaniyaga borib ma’lum bir shartnomalarga erishib kelgan edi. Ammo bularning hammasi keyinroq nemislar tomonidan rad etildi. Harqalay, kutilgan oqibatni keltirmadi. Fayzulla Xo‘jayev Moskvadan qaytishda: “Millat ruslarning ta’siriga tushib qolmasligi zarur. Men millatimning kuchli bo‘lishi uchun yoshlarni Yevropaga o‘qishga yo‘lladim. Shunda ular Moskvaning quli bo‘lib qolmaydilar”, degan edi. Fayzulla Xo‘jayev hamisha O‘zbekistonni umuman O‘rta Osiyoni mustaqil ko‘rishni orzu qilar edi. Har bir uchrashuvda shu haqidagi gap bo‘lar edi. U har doim “millatim uchun ko‘kragim qalqon” der edi. “Sizlar mening kadrlarimsizlar, yetuk kadrlarsiz millatning kelajagi yo‘q. Men sizlarni asrayman” der edi. BXR hukumatining hurmati oldida sovet hukumatining obro‘si hech narsa emasdi. Fayzulla Xo‘jayev keldi desa, o‘sha vaqtlar butun xalq oqib kelar edi...” deb eslaydi.
1937-yil 11-avgust kuni so‘roqda: “...Fayzulla Xo‘jayev jiddiy izlanishlar asosida O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish rejasini ishlab chiqqan edi. Buxoroning azaliy sohalari ipakchilik va qorako‘lchilikni qayta rivojlantirishga kirishdi. Jahon urushi xavfi orta borishi bilan 1935-yildan yana istiqlol orzusi bosh ko‘tara boshladi. F.Xo‘jayevga nafaqat o‘zbek, balki qozoq, qirg‘iz va turkman liderlari ham katta hurmat bilan qarar edi. Fayzulla Xo‘jayev va Fitratlar sanoatni oyoqqa qo‘yish maqsadida Yaponiyaga delegatsiyalar yubordi, ko‘plab ilmiy jurnallar va kitoblar keltirildi...” deydi.
1937-yil sentabr (sanasi ko‘rsatilmagan)da go‘yoki gastronom do‘koni mudiri vaqtida 62 567 so‘mlik kamomadga yo‘l qo‘ygan deb Ota Xo‘jayev rahbarligida 8 kishiga nisbatan tuhmat asosida sud o‘tkazildi. “Aybdorlar” 1937-yil 14-oktabr kuni O‘zSSR NKVD huzuridagi “uchlik” qarori bilan otuvga hukm qilindi. Otaulla Xo‘jayev 1937-yil 25-oktabrda BXSRning rahbar arboblaridan 17 nafar safdoshi bilan birgalikda Toshkent shahrida otib tashlandi.
Vatan ozodligi, milliy mustaqillik uchun kurashni o‘zining oliy maqsadi deb bilgan Otaulla Xo‘jayev 1965-yil 2-dekabrda oqlangan.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q