Gorbachyovning “shaxsiy Rafigʻi”, Fargʻonadagi fojia, “qayta qurish” olatasirlari – Oʻzbekistonni qisqa vaqt boshqargan Rafiq Nishonov davri qanday eslanadi?


Saqlash
21:54 / 26.01.2023 1870 0

Oʻzbekistonning sobiq Ittifoq davridagi soʻnggi rahbarlaridan biri Rafiq Nishonov yaqinda 96 yoshida vafot etdi. U juda nozik va ziddiyatli davrda qisqa muddat respublikani boshqardi. Xoʻsh, “oʻzbek ishi”, “qayta qurish” davridagi olatasirlar, Fargʻonadagi qulupnay voqeasi va hokazolar bu shaxsga qay darajada bogʻliq edi? Oyina.uz Nishonovning mamlakat tarixidagi oʻrni, u rahbarlik qilgan davrdagi voqealar xronologiyasini yodga olib, tahlil qiladi.

 

Komsomoldan respublika rahbarligigacha

 

Rafiq Nishonov 1926-yil 16-yanvarda Boʻstonliq tumanida tugʻilgan. 1959-yili Toshkent pedagogika institutining kechki boʻlimini tugatib, tarix oʻqituvchisi mutaxassisligini egallagan. Faoliyatini komsomolda boshlagan. 1962-yili Toshkent shahar ijroqoʻmi rahbari, 1963-yildan boshlab Oʻzbekiston kommunistik partiyasi markaziy kengashi byurosi aʼzosi va kotibi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan.

 

 

1970-yildan 1978-yilgacha SSSRning Shri-Lankadagi elchisi (Maldiv orollari bilan birga), soʻngra Iordaniyada ishlagan. 1985-yili Oʻzbekiston SSR tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan, 1986–1988-yillari esa Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi sifatida faoliyat koʻrsatgan. Nishonov 1988-yil 12-yanvardan 1989-yil 23-iyunga qadar Oʻzbekiston kommunistlari yetakchisi, yaʼni respublika rahbari lavozimida ishlagan. Bosh kotibga sadoqati bois Gorbachyovning “shaxsiy Rafigʻi” degan laqab ham olgan.

 

 

Bu paytda SSSRda “qayta qurish” avj nuqtasida edi. Boltiqboʻyi, Kavkaz orti respublikalari, hatto Rossiyada ham demokratik jarayonlar qizgʻin tusga kirib, mustabid tuzumning umri tugab borayotgan edi. Ammo shunga qaramasdan, Oʻzbekistonda turgʻunlik davom etar, “hamma ishlar risoladagidek, yurt tinch, xalq farovon” edi. Ammo markazda “oʻzbeklar ishi” jahonga jar solinib, butun bir millatga qora chaplanardi. Moskva matbuoti jon-jahdi bilan Oʻzbekistonga hujum qilar, odamlar ertalabdan kioskalarga navbatga turib, oʻzbeklar haqida toʻqilgan boʻhton va uydirmalarni yurak hovuchlab kutardi. Odatda bunday pallada adolatparvar rahbar barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, mamlakat ahlini himoya qilishi, hech boʻlmaganda, bu tuhmatlarga chek qoʻyishi kerak. Afsuski, bunday jasorat hammada ham topilavermaydi.

 

Nishonovning aniq nishoni

 

Yangi rahbar “sobiq”ning ustidan magʻzava agʻdarishi shoʻro davri uchun odatiy hol edi. R.Nishonov ham asosiy eʼtiborni Sharof Rashidov shaxsi taftishi va tanqidiga qaratdi. Xususan, 1988-yil 30-yanvarda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston  KP MK IX plenumida 1978-yildan 1983-yilgacha Oʻzbekistonda 4,5 million tonnadan koʻproq paxta qoʻshib yozilganiyu, davlat xazinasidan 4 milliard soʻmga yaqin pul oʻmarilganini pisanda qiladi. Bu raqamlar rost-yolgʻonligi ancha qorongʻi boʻlsa-da, lekin kommunistlar peshvosi kimni nishonga olayotgani koʻrinib turardi.

 

Nishonovning 1988-yili boʻlib oʻtgan Butunittifoq XIX partiya konferensiyasida aytgan quyidagi gaplari esa xalqimiz boshini yanada xam qildi: “Oʻzbekiston xalqi stalincha repressiya yillarida shafqatsiz zoʻravonlik, haddan ziyod qonunbuzarlik va razillik oqibatlarini bevosita oʻz boshidan kechirdi. Xushomadgoʻylik va makr-hiyla, koʻzboʻyamachilik evaziga Rashidov kabi mukofotparast arbob oʻnta Lenin ordeni va 2 ta Oltin yulduzi olib, qolaversa, Lenin mukofotiga ega boʻlib, tantanavor odimlagan yillarda xalqimiz bundan chuqur maʼnaviy jarohat oldi. Rashidovga bu mukofotlarni kim berdi? Oʻz-oʻzidan anglashiladiki, Brejnev va uning atrofidagi hamtovoqlari. Nima uchun berishdi? Chunki ularning oʻzlari ham mukofotparast edilar”.

 

 

Oradan 30 yillar oʻtib, OʻzAga bergan intervyusida Rafiq Nishonov butunlay boshqacha gapiradi: “Sharof Rashidovich bilan yelkama-yelka yetti yil doʻstona ruhda olib borilgan mehnat faoliyatim samarali kechdi. Uning vafotidan soʻng KPSS MK kotibiyati bosimi ostida chaqirilgan Oʻzbekiston Kompartiyasi MKning iyun plenumi boʻlib oʻtdi. Minbardan turib Oʻzbekiston KP MK birinchi kotibi I.B.Usmonxoʻjayev oʻzidan avvalgi rahbarni notoʻgʻri boshqaruv uslubi, paxtachilikdagi holatlar uchun qattiq tanqid qildi. Oʻshanda Sharof Rashidovichni deyarli hamma amaldor tanqid qilgan boʻlsa kerak. Aslida, ayb Moskvada ekanligi koʻpchilikka ayon. Brejnevning oʻzi Rashidovni majburlab turgan boʻlsa, u nima qila olardi?!”

 

 

Kommunistlar yetakchisining Oʻzkompartiya 1988-yil 30-yanvar plenumida diniy qadriyatlarga qaqshatqich zarba berishga urinishi xuddi ajal yoqasida turgan tuzumning jon talvasasini eslatadi: “Koʻpgina kommunistlar, rahbarlar uchun musulmonchilikning “hayot hikmati” ustav, sotsialistik axloq normalari talablaridan obroʻliroq boʻlib chiqmoqda. Samarqand rayon partiya komitetining sobiq birinchi sekretari M.Sherqulov “muqaddas qadamjoni” qurish va obodonlashtirishda shaxsan ishtirok etganini, Samarqand oblast ijroiya komiteti raisining oʻrinbosari I.Quvondiqov masjid qurilishiga gʻayri qonuniy tarzda anchagina moddiy resurslar ajratganini boshqacha izohlash mumkinmi?” deydi u vajohat bilan.

 

Ibn Sino kimniki?

 

Sir emaski, qayta qurish fonida milliy masalalar oʻta keskin tus olgan, millatlar va respublikalar oʻrtasida hududiy va merosiy daʼvolar qoʻzgʻalgan edi. “Izvestiya” gazetasining 1988-yil 22-aprel sonida berilgan Rafiq Nishonov bilan suhbatda navbatdagi qovun tushirilganini koʻramiz.

 

Suhbat tafsilotlariga batafsil toʻxtalib oʻtirmay, bitta iqtibos keltiramiz, xolos: “Agar bizning koʻpmillatli oilamizda oʻz qardoshlarimizni hurmat qilish toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, u holda haqiqatan ham buyuk tojik olimi boʻlgan Abu Ali ibn Sinoni nima uchun oʻzimizniki deb yurdik?!”

 

Shundog‘am milliy masalalar charsillab turgan paytda bundaqa iddaolar ikki birodar xalq orasiga nifoq solishini Rafiq Nishonov bilmasmidi? Albatta, bilardi. Lekin “ulug‘ og‘a”larining ishonchini oqlamasa bo‘lmasdi: mamlakat bo‘ylab alangalanib kelayotgan ulkan yong‘inni kuchaytirish uchun hechqursa “puf”lab turishi kerak edi. Ne ajabki, bul mardumning nomi milliy nizolar bilan yonma-yon eslanishi boisi faqat shu voqea vajidan emas.

 

Fargʻonadagi fojia

 

 

Rafiq Nishonov davrida, 1989-yilning may-iyun oylarida Fargʻonada oʻzbeklar va mesxeti turklari oʻrtasida qonli toʻqnashuvlar sodir boʻldi. Toshloq, Komsomolskiy qishloqlari, Margʻilon shahrida qaroqchilarning uyushgan toʻdasi uylarga bostirib kirib, talon-toroj qilib, shafqatsiz qotilliklarni amalga oshirib, binolarni yoqib yuborgan. 100 dan ziyod odam halok boʻlgan. Ayrim tarixchilar fikricha, Nishonovning vaziyatdan operativ xabardor emasligi va siyosiy iroda koʻrsata olmagani mojaro avj olishiga sabab boʻlgan.

 

 

Oʻsha paytda Rafiq Nishonov Moskvada, xalq deputatlari syezdida qatnashayotgan edi. Gorbachyov undan Fargʻona voqealari xususida axborot berishni soʻraganida, tartibsizliklar bozorda kuchli janjal – mesxeti turk oʻzbek sotuvchisi bilan urishib, bir tovoq qulupnayini agʻdarib tashlagani natijasida kelib chiqqan, deydi. Rahbarning fojia oqibatlarini yurakdan his etish tugul, hatto yetarli mulohaza qilinmasdan aytgan bu gapi nafaqat Oʻzbekiston ahli, balki dunyo jamoatchiligining hafsalasini pir qildi.

 

Soʻzim yakunida jurnalist Sharofiddin Toʻlaganovning Rafiq Nishonov vafoti munosabati bilan ijtimoiy tarmoqda qoldirgan postini keltiraman:

 

“Oʻzbekistonning sobiq rahbarlaridan biri Rafiq Nishonov vafot etdi. U Shveysariya zaminiga (rafiqasi qabri yoniga) dafn etildi. Ammo buning rasmiy matbuotda yoritilishini kutmagandim. “Xalq soʻzi” gazetasining 13-yanvar sonida “bir guruh doʻstlari” nomidan taʼziya berilibdi. Gazetaga hozir koʻzim tushdi.

 

Sovet matbuoti tili boʻyicha nekrolog bir nechta guruhga boʻlinardi. Birinchi guruhga KPSS MK, Oliy Sovet Prezidiumi, Vazirlar Kengashi rahbarlari imzo chekardi. Bu marhum hukumat ahamiyatida ekanidan dalolat berardi. Ikkinchi guruhga “bir guruh doʻstlari” deyilardi. Bu eʼtibordan chetda qolgani, ammo xizmati borligidan dalolat edi. Uchinchi guruh haqida “pensioner falonchi vafoti munosabati bilan taʼziya bildiramiz” deyilardi. Bu marhum hukumat ahamiyatiga ega emasligini anglatardi”.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//