Axloqsiz yozishmalar, unutilgan “bijir-bijir”, “parda tutiladigan” mavzularning oshkora muhokamasi – oʻzbekcha YouTube kanallar “ijodi”dan namunalar


Saqlash
15:01 / 24.01.2023 2228 1

 

2005-yili asos solingan, ayni damda koʻruvchilar soni koʻpligi jihatidan dunyodagi eng kuchli veb-saytlar uchligida turadigan YouTube platformasi hech birimizga begona emas. Videomateriallar hostingini taqdim etuvchi veb-saytning sheriklik dasturi Oʻzbekiston hududida ishlamasa-da, platforma oʻzbek tilidagi materiallardan xoli emas. Biroq mahalliy kontentlar daryosiga toʻr tashlasangiz, “baliqlar” bilan birga anchagina “chiqindi” ham ilinadi.

 

Toʻgʻri, YouTube foydalanilishi mumkin boʻlgan hududlarda havaskor videolarga hech qanday taqiq qoʻymagan. Biroq bugungi kunda bu imkoniyatni oʻz manfaatiga moslashtirgan koʻplab “ijodkorlar” ahmoqona va mantiqsiz videolar muallifiga aylanishmoqda. Oyina.uz ushbu platformadagi sifatsiz kontentlar va ularni tarqatish xavflarini turli misollar yordamida tahlil qiladi.

 

Ogʻir judolik! Falonchi vafot etdi...

 

Mashhurlarning vafot etishi bilan bogʻliq shov-shuvli xabarlarga omma befarq emas. Buni bilgan ayrim YouTube kanallari aslida hayot boʻlgan ijodkorlarni ham “oʻldiradi”.

 

 

 

 

 

Masalan, bundan bir yil avval taniqli sanʼatkorlar Adiz Rajabov hamda Shukrullo Isroilov vafot etgani haqida xabar tarqalgan edi. Birinchi manbani qidiruvdan topib boʻlmadi. Biroq mana shu kanal maʼlumotlari asosidagi videolar va raddiyalar hozir ham platformada mavjud.

 

Shok xabar! Siz bu qonunni kutmagan edingiz...

 

Baʼzi kanallarda “prosmotr”ni koʻpaytirish uchun qonun hujjatlari yoki ularga kiritilgan ayrim oʻzgartirishlarga ortiqcha yoki notoʻgʻri tus beriladi. “Pensiya narxi shok holatda oshdi”, “Un endi bepul boʻladi”, “Aholiga pul tarqatiladi” va hokazo. Videolarga ishongan baʼzi sodda odamlar “layk” bosadi, izoh yozadi va videoni tarqatadi. Natijada kanal materiali “top”ga koʻtariladi.

 

Sharmanda! Video tarqalib ketdi...

 

Oʻzbekcha kanallar orasida omma eʼtiborini tortish uchun sharmsizlikni targʻib qiladigan, hayosiz sarlavhalar qoʻyilgan videolar berib boradiganlari ham bisyor. Ular kimningdir video va rasmlarini vahima bilan tarqatishadi. Aksariyat “sharmandali” videolar aslida vahima qilingan mazmunda boʻlmaydi ham. Shunchaki, millionlab auditoriya kanal mualliflari oʻylab topgan “marketing” oʻljasiga aylanadi. Qizigʻi, odamlar soʻkib yozgan izohlari orqali ham videoni “qoʻllab-quvvatlaydi”. Odob yuzasidan fikrimizga dalil boʻlgulik rasmlar va “skrinshot”larni keltirmaymiz.

 

Sevishganlar suhbatiga tobingiz qalay?

 

Aynan “parda tutiladigan” mavzularning yana biri ishqiy yozishmalardir. Tinib-tinchimas “ijodkorlar” ishqiy munosabatdagi yoshlarning hirsga boy yozishmalarini ham janrga aylantirishdi (hatto audio variantlariga ham duch kelish mumkin). Aslida fantaziya asosida “ijod” qilinsa ham, odamlar bu kontent oʻgʻrincha internetda tarqalganiga ishonishadi. Afsuski, ahmoqlikning chegarasi yoʻq.

 

 

 

 

Mana buni yangilik desa boʻladi...

 

Yangilik deya joylanayotgan videolarning ayrimlarida yangilikdan boshqa hamma narsa bor. Ularning formulasi oddiy:

-       “top”dagi biror sanʼatkor tanlanadi;

-       video foniga uning eng sifatsiz formatdagi 4-5 ta rasmi terib chiqiladi;

-       kadr ortida sanʼatkor biografiyasiga oid uzuq-yuluq maʼlumotlar uyqusiragan ovoz bilan oʻqib beriladi;

-       jimjimador sarlavha va intrigali poster bilan bezalgan video kanalga joylanadi.

 

Qarabsizki, mana shu videolavha bir necha yuz ming marotaba koʻriladi.

 

Ayrim videolavhalarda esa kichik hajmdagi yangilik matni sunʼiy pauzalar, qaytariqlar va salom-xayr bilan uzaytiriladi. Buni YouTube havaskorlari orasidagi “layfhak” desa ham boʻladi.

 

Oʻzbek tilidagi shunga oʻxshash ahmoqona kontentlarga sizning ham koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Yaxshiyamki, YouTube veb-saytida kadrlar bilan bogʻliq cheklovlar mavjud, yoʻqsa, “sharmandaga shahar keng” qabilidagi kontentlar orasida yoqamizni ushlab turaverardik.

 

Ana endi YouTube olamida ommalashib ketgan va tabiiy holdek qaraladigan mashhur tendensiyalarga toʻxtalsak.

 

Sarlavhasi videodan “qiziq”

 

Eng koʻp tarqalgan tendensiya bu videoga qoʻyilgan sarlavhalarning jimjimadorligidir. Umuman, OAVda sarlavha mavzusi azaldan muhokama qilinadi va, shubhasiz, unda eʼtiborni torta olish xususiyati boʻlishi kerak. Biroq YouTube har qanday meʼyor, madaniyat va axloq chegaralarini kesib oʻtdi.

 

Bugungi sarlavhalarni shartli ravishda quyidagi turlarga ajratish mumkin:

-       yolgʻon sarlavha (masalan, “Falonchi vafot etdi”);

-       boʻrttirilgan sarlavha (masalan, “Falonchi nima uchun dod deb yigʻladi?”);

-       sharmsiz sarlavha (masalan, “Falonchining kiyimi yechilib ketdi”).

 

Afsuski, shunday kanal mualliflari borki, oʻzlari topgan “sarlavha”lar bilan maqtanishadi.

 

Trend bilan quvlashmachoq

 

Aholi orasida qaysidir sanʼatkor yoki vaziyat trendda boʻlsa, baʼzi ustasi faranglar oʻsha zahoti shu mavzuda video chiqarishni boshlaydi. Hatto ayrim kanallar hayotlik davrida esga olinmagan mashhurlar haqida vafotidan soʻng lavhalar tayyorlaydi (maqsad kimningdir xotirasiga hurmat koʻrsatish emas, trendga chiqish).

 

Yana shunday YouTube blogerlari borki, qaysidir trend mavzu yoki tarqalgan videolarga oʻta shaxsiy va tor doiradagi fikrlari bilan munosabat bildiradilar: emotsiyaga beriladilar, soʻkinadilar, kimnidir kamsitadilar va hokazo.

 

Trendlar orasida shou-biznes janjallari ham ommabop motivga aylanmoqda. Mashhur shaxslar oʻrtasida kelishmovchilik kuzatilsa, bir qancha kanal mualliflari sharhlovchi va sudya rolini oʻynaydilar: “Eshmatning Toshmatga javobi 1-qism”, “Toshmatning Eshmatga javobi 2-qism”... Buyogʻi mini-serial.

 

Afandining gapi toʻgʻri, bu YouTubeda hamma oʻgʻri

 

Platformadagi eng ommaviy tendensiyalarning yana biri oʻgʻrilikdir. Juda koʻp kanalning tirikchiligi shundan. Eng koʻp tarqalgan oʻljalar: televideniye orqali efirga ketgan film, serial va koʻrsatuvlar, mashhurlarning sahifalaridagi videolar hamda taniqli YouTube kanallaridagi materiallar. Yaxshiyamki, veb-sayt mualliflik huquqini himoya qilish boʻyicha oʻziga xos tizimga ega. Shunda ham qalovini topayotganlar talaygina.

 

Unutilgan “bijir-bijir”

 

Bugun aholi orasida oʻzgalarning shaxsiy hayotiga doir videolavhalarni yoki suratlarni ruxsatsiz tarqatish juda ommalashib bormoqda. YouTube bu borada ancha faol. Ibrat va xulosa uchun qaysidir videoni joylagan taqdirda ham, shaxslar haqidagi maʼlumotlar sir tutilishi va ularning yuzi aks etgan kadrlarga, xalq tilida aytganda, “bijir-bijir” qoʻyilishi lozim. Bizda kanal mualliflari, aksincha, shaxslar yuzini yanada yaqinlashtirib, qotirib, kerak boʻlsa, qizil hoshiyaga olib, yonboshidan “strelka” ham qoʻyib qoʻyishadi.

 

Unutmaslik kerakki, har qanday faoliyat insoniy va qonuniy meʼyorlarni chetlab oʻtmasa, baraka boʻladi.

 

Biz eng keng tarqalgan tendensiyalarni sanab oʻtdik. Ana endi ayrim eslatmalarga eʼtibor qarating:

 

Birinchi eslatma: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 202-2-moddasiga koʻra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmogʻida tarqatish – BHMning ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

 

Ikkinchi eslatma: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177-1-moddasiga koʻra, asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolgʻon axborotni koʻrsatish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Qolaversa, javobgarlikka tortilgan shaxslarning material tayyorlashda foydalanilgan uskunalari musodara qilinadi.

 

Uchinchi eslatma: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 46-1-moddasiga binoan, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

Bu eslatmalar oʻzgalar haqida yolgʻon maʼlumot tarqatuvchi, boshqalarning mualliflik ishlaridan ruxsatsiz foydalanuvchi, kimlarningdir shaxsiy hayotini ommaga koʻz-koʻz qiluvchi YouTube ijodkorlariga taalluqli. Aytgancha, maʼmuriy javobgarlikdan soʻng bu xatti-harakatlarni qayta sodir etish jinoiy javobgarlikka asos boʻlishi mumkin. Koʻza kunda emas, kunida sinadi.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

1 Izoh

Shohista

06:01 / 01.01.1970

Munosib tanqidiy va tahliliy maqola uchun tashakkur.Eʼtiborimni tortdi.Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, telekanallar va ularda keng omma eʼtiboriga taqdim etilayotgan turli xil koʻrsatuvlar, tok shoular va hokazolar xussusida ham shunday tanqidiy materiallarni kutib qolaman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16279
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi