“Otam menga qanday yashashim lozimligini aytmadi. U yashadi va hayotini kuzatishimga izn berdi”.
Klarens Kelland
Yozish…
Qo‘lingga qalamni olib, nimadir yozish osondir balki, lekin yozayotganing hayot kitobingning qadrli sahifalari bo‘lsa, sahifalarda qolgan yaqinlaring haqida bo‘lsa, mushkullik qilarkan. Ular bilan o‘tgan damlar xotirasini ifodalaguvchi go‘yo hech so‘z yo‘qdek, olislarda qolgan u xotiralarning qalbga beradigan taftichalik so‘zlarning quvvati, iliqligi yo‘qdek …
Yangiyo‘l... Oyi... Sho‘ralisoy… Sakina buvi… Rauf aka… avtobus… shanba-yakshanba… Bolalik va yoshlik yillarimni, otam bilan o‘tgan damlarni eslasam, albatta, birinchi bo‘lib bu qadrli so‘zlar xayolimdan o‘taveradi.
Ota… Sening yaralishingga vositachi bo‘lguvchi, o‘zining hayot yo‘li bilan senga yashashni o‘rgatuvchi Inson. Ota… U sen bilan butun umr birgami-yo‘qmi, katta odammi-yo‘qmi, ichuvchimi-yo‘qmi, voyaga yetkazdimi-yo‘qmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, sening Otang bo‘lib qolaveradi.
Rauf Parfi O‘zturk, O‘zbekiston Xalq shoiri, Millat shoiri.
Otam haqida so‘z ketganida, eng avvalo, Sakina buvimni tilga olgim keladi. Sakina buvim − Rauf Parfining onalari asli farg‘onalik, Vodil qishlog‘idan. Otamning otasi − Parfi Muhammad Aminning ham yangicha, ham eskicha savodi bo‘lib, fors-tojik, usmonli turkcha, rus tillarini yaxshi bilgan. Lekin hamma hujjatlarda o‘zini “savodsiz” deb yozdirgan. Taqdir taqozosi bilan o‘tgan asrning 30-yillarida Sakina buvimni olib Farg‘onadan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘iga ko‘chib kelishgan. Rauf Parfi (Tursunali Parpiyev) ham Sho‘ralisoy qishlog‘ida 1940-yilda (Akademik N.Karimov va dotsent O.Oltinbek imzolari bilan chop etilgan “Rauf Parfi qachon tug‘ilgan?” nomli maqolada (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2020-yil 21-mart (12) soni) shoirning tug‘ilgan sanasi 1940-yil ekani asoslangan. Biz ham shu fikrga qo‘shilamiz − muallif) dunyoga kelgan:
“Tavalludim: 43, mezonning yigirma yettisi,
Otam bog‘bon. Savodsiz, bizningcha,
Onam pillakor. Savodsiz, bizningcha,
Ilm olishga vaqtlari bo‘lmagan ularning…”
Sakina buvim ajoyib, mehribon inson edi. Farg‘ona haqida ko‘p gapirib berardilar. Ular doimo nimalar bilandir mashg‘ul: kelinlarga ko‘rpachalar qavir, to‘ylarga somsa pishirar, shuning uchun bo‘lsa kerak, uylariga qo‘shnilar, kampirlar tez-tez chiqib turishardi. Yaqin hamrohlari uydagi mushuk bo‘lib, u bilan bemalol gaplashardilar, mushuk ham buvimni go‘yo tushungandek edi. Keyin o‘ylasam, bu yolg‘izlikdan ekan…
Bobom − Parfi Muhammad Amin vafotidan (1955) so‘ng buvim boshqa turmush qurmadilar, otamni, faqat otamni deb o‘tdilar. 1968-yilda otam onam bilan Toshkentga ko‘chib ketishadi. Buvimga ham birgalikda yashash taklif etilgan, lekin buvim ko‘p qavatli imoratlarda yashay olmayman (9 qavatli uyning 9-qavatida), yerda yashab o‘rganganman, deb rad javobini berganlar. Haqiqatan ham, buvimni Yangiyo‘lga (men katta bo‘lgan shahar) oyimnikiga olib kelsam, zo‘rg‘a kechgacha o‘tirib, keyin yana uylari tomon oshiqardilar, balki o‘g‘illarini kelib qoladi deb o‘ylagandirlar.
Sakina buvim faqat otamni − Rauf Parfini intizorlik bilan kutardilar. Hanuz esimda, buvimning uylari ariq bo‘yidagi tepalikda joylashgan bo‘lib, kichkina bir uycha edi. Rauf Parfi ham shu kichkina uychadan Toshkentga uchirma bo‘lgandi. U paytlarda Toshkent – Yangiyo‘l avtobusi qatnardi. Buvimnikiga borsam, ko‘chaga chiqaverardilar, menga aytmasdan otamni kutardilar. Avtobuslar bir xil bo‘lib, biz uni “ekspress” derdik. “Buvi, ana, yana avtobus o‘tib ketdi”, desam, buvim sekingina qarab qo‘yib: “E yo‘q, bu avtobus Xalqobodniki, Toshkentnikining hoshiyasi ko‘k”, derdilar. Sakina buvim otamni shu darajada kutganlaridan biz uchun bir xil bo‘lgan avtobuslarning hoshiyalarini ham farqlab olgandilar. Keyin e’tibor bersam, Yangiyo‘l-Xalqobod avtobusida men qatnardim, bu avtobusning hoshiyasi qizil edi. Hoshiyasi ko‘k avtobusda kelishi kichkina uyda sog‘inch bilan bir umr kutilganini otam ham his qilganlari aniq:
“Men bilaman vujuding bo‘zlar,
Bag‘ring yonar sayoq o‘g‘lingga.
Seni o‘rtar bir og‘ir so‘zlar,
Axtarib chiqarsan yo‘limga.
Ko‘chalarga qaraysan har zum,
Kechalarni oqlaysan, ona.
Gunohkorman yolg‘iz men o‘zim,
Yana meni oqlaysan, ona…”
Shunday holatlar ham bo‘lardi: intizorlik-la kutilgan daqiqalar, “Kechqurun boraman”, degan o‘g‘il uchun osh damlanar, u yeyilmasdan buvim bilan kutilar, lekin kelinmasdi… Farzandiga bo‘lgan cheksiz sog‘inch tufayli ko‘rinmaydigan bekatlar orasidagi masofa va vaqtlar ham yod bo‘lib ketgandi, go‘yo. Hozir ham hayron bo‘laman, nega buvim otamni “Rauf aka”, derdilar. “Rauf aka” esa Toshkentda, o‘qishda, ishda, xalq bilan, oilasi bilan…
Buvim sog‘inib kutadigan avtobus men uchun ham shu qadar qadrli ediki, bu avtobusda Sho‘ralisoyga buvimni ko‘rishga, otam bilan uchrashishga borardim. Taqdir taqozosi bilan ota-onalar ajrashib ketishgan va ikkovlari ham oilali edilar.
Menda otam haqidagi xotiralar, otamni tanish jarayoni aynan Sho‘ralisoyda, dam olish kunlari – shanba-yakshanbadan boshlanadi. Ota-onam besh yoshlarimda ajrashib ketishgan bo‘lsa, besh yoshgacha bo‘lgan davrda ham ota-onam bilan yashamaganligim, buvilar qo‘lida katta bo‘lganligim bu borada oldimga bir qancha cheklovlar qo‘yadi. Sho‘ralisoyning men uchun qadrli ekani ham otam bilan uchrashadigan joyim bo‘lganligida edi. O‘sha ariq bo‘yidagi tepalikdagi uychada Sakina buvimning xokisor mehrini his qilish, otamni ko‘rish, suhbatlashish imkoniga ega bo‘lardim. Otamning keyingi turmushlaridan bo‘lgan singillarim Munojat va Sevinchni ham aynan o‘sha yerda taniganman.
Onamning aytishlaricha, Sakina buvim yagona farzandini Sho‘ralisoyda olib qolish uchun ulardan avval Muhabbat ismli jiyanlariga rasmiy uylantiradilar, ammo otam u ayol bilan bir kun ham yashamaydilar. 1967-yilda onam − Muhabbat opaga uylanadilar. 1968-yilda akam Shuhrat (asli ismi Abdullajon), 1970-yilda men dunyoga kelamiz. Afsuski, ikki qarama-qarshi qutb vakillari bo‘lgan ijodkor va iqtisodchi turmushda murosa qila olmasdan 1975-yilda ajrashib ketishdi…
“Hayhot, xiyonatning yetimi bo‘lib
Yig‘lab qoldi ikki qora ko‘z…”
Menda otam bilan bog‘liq Sho‘ralisoy xotiralari bo‘lgani holda, keyinchalik singillarimdan eshitib bilganim, otam ularni ko‘tarib yurganlari, maktabga chiqqanlarida ota-onalar majlisiga borishlari, kitoblarni oldilariga qo‘yib, “Bugun mana bu betdan mana bu betgacha o‘qib qo‘yishing kerak” degan talablari, men “Lenin-Lenin” deb yurgan bir paytda ular Cho‘lpon, Fitrat she’rlarini yodlaganliklari… va shularning menda bo‘lmagani alamli. Buvimnikiga bormay qolgan paytlarimda otam buvimnikiga kitoblar tashlab ketardilar, kitobga lotinchada “Qizim Muqaddasga” deb yozilgan bo‘lardi. O‘sha paytlarda lotin yozuviga hali o‘tilmagandi. Otam bilan bog‘liq xotiralar otamning yon-atrofidagi tanish-notanish, do‘st-birodarlaridagi kabi faqat uchrashuvlar asnosida saqlanib qoldi. Ular bilan keyingi birga o‘tgan damlarim, bevosita, mening Yangiyo‘ldan Toshkentga qatnashim, universitetga kirishim bilan bog‘liq holda kechgan. 1987-yil Yangiyo‘l shahridagi maktabni bitirib, ToshDUning O‘zbek filologiyasi fakultetiga hujjatlarimni topshirmoqchi bo‘lganimda otam “ToshDUga emas, Rus tili va adabiyoti intitutiga topshira qolgin, dushman tilini ham o‘rganish kerak”, dedilar. Hech esimdan chiqmaydi, u paytlarda nima uchun “dushman tili” ekanligini tushunolmaganman. Balki mubolag‘a tarzida aytgandirlar, noroziliklarini shunday bildirgandirlar deb o‘ylaganman. Buni keyinchalik angladim...
Shogirdlari Muhammad Yusuf (O‘zbekiston Xalq shoiri)ni chaqirib, meni Respublika Rus tili va adabiyoti pedagogika institutiga olib borishlarini iltimos qildilar. Shoir ham mamnuniyat-la o‘zi o‘qigan dargoh bilan tanishtirib keldi. O‘qishga kirdim. Toshkent va o‘qish bilan bog‘liq hayotim otam bilan ko‘proq muloqot qilishga imkon berdi. Bu davrlarda otam orqali ijodkorlarni ham tanidim.
O‘qishdan chiqib ba’zan uylariga, ba’zan ishxonalariga (Navoiy ko‘chasi 30-uy) borardim. Otam oilasi (Dilorom opa, singillarim Munojot, Sevinch) bilan “G‘uncha” kinoteatri orqasidagi 3 xonali uyda istiqomat qilishardi. Uylariga borganimda otam kitoblar bilan mashg‘ul va albatta, shogird-ijodkorlar bo‘lardi. Keyin bilsam, ular oylab, yillab birgalikda yashagan (shogirdlar xotiralaridan) ekan.
Ajoyib uchrashuv joylarimizdan yana biri ishxona yonidagi oshxona edi. Bu oshxonaning ijodkorlarga yaxshigina ma’lum bo‘lgan “Mo‘minxona” degan nomi ham bor edi. U yerda ham tabiiy ajoyib, ham otamning tanishlari, ijodkorlar, suhbatiga kelguvchilar talaygina bo‘lardi. Otam bilan qaysi davraga kirib bormaylik, “Rauf aka tanishtirmaysizmi, kim bu?” deyishsa, “Muqaddas − mening qizim − shaxsiy qizim”, derdilar.
Yillar o‘tdi… Otam Dilorom Is’hoqova bilan ham ajrashib ketganlaridan so‘ng Sulhida opa bilan turmush qurishdi, ular Yangiobodda, zavod orqasidagi to‘rt qavatli, yotoqxonaga o‘xshash bir binoning 3-qavatida turishardi (Aslida, otamga Do‘rmondan uy berilgan bo‘lib, qaysidir bir boshqa ijodkor o‘g‘lini uylantirishi kerak bo‘lgan-u, otam Do‘rmondan berilgan uyni unga berganlar va o‘zlari umumiy yotoqxonaga o‘xshash uyga ko‘chib o‘tgandilar). Eslayman, qorong‘u va tor yo‘lakdan kirib boraman, o‘ng tomondagi eshikni taqillataman. Eshik ortidan otamning “Kim bu, yaxshi odam?” degan ovozi keladi. Men go‘yo otam men – qizlari kelganimdan g‘oyat xursand bo‘lib shunday desalar kerak deb o‘ylardim. Keyin bilsam, eshik qoqib kelgan barchaga “Yaxshi odam keldi“ deyilar ekan. Uylariga kiraman, kichkinagina oshxona. Gaz, shkaf joylashgan. Muzlatgich o‘rniga ham uning vazifasini o‘tovchi sovuqxona bor edi, lekin otam ta’biri bilan aytganda jazirama issiqda “jon saqlovchi xona” edi. Kichkina oshxona otamning xonalari bo‘lib, xontaxta atrofiga ko‘rpacha to‘shalgan. Xontaxta usti qalin-qalin kitoblarga to‘la bo‘lar, chetdan qarasam, bu kitob-u qog‘ozlar qurshovida o‘tirib og‘ir o‘yga cho‘mib qolgan bo‘lardilar.
Bir odatlari bor edi: biror narsani yozyaptilarmi yoki o‘qiyaptilarmi, to uni o‘zlari yopmagunlaricha o‘shanday holatda stol ustida ochiq turishi kerak edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, stollarining usti yoyilib turardi. Devorda esa Sulhida opaning qizlari Sevara chizgan – “Bizning oila” deb yozilgan rasm osib qo‘yilgandi. Rasmdagi tasvir hanuz yodimda, oq varaqda to‘rt kishining qiyofasi: ota-ona, aka va singil. Otam yoshligida Yangiyo‘l shahridagi kechki maktabda o‘qiganlar va bosmaxonada ishlaganlar. Kitoblarining nashr qilinishi taqiqlangan, o‘zlari ham hech qayerda ishlamayotgan bir paytda sotish uchun daftarcha (bloknot) yasardilar. Xontaxta ustidagi ana o‘sha qalin-qalin, katta-katta kitoblar presslash vazifasini o‘tardi. Aynan shu jarayon otamni iqtisodiy tang kunlarda qutqarib qolgandir. Otam o‘zlari ham aytardilar: “Qayerga bormay, qayerga ishga kirmay, yopilib ketadi. U yoqqa bordim − yopilib ketdi, bu yoqqa kirdim − birpas ishladi-da, u ham yopilib ketdi”. Yengil hazil ostida biz anglab-anglamagan ma’noli, g‘aroyib gaplari ko‘p edi. “Ada, yaxshi yuribsizmi?” degan savolimga “Yuribman, lallayib”, degan javobni olardim yoki “Ada, yolg‘on gapirmang”, desam “Yo‘q, men yolg‘on gapirmayman, yolg‘on yomon, hech qachon yolg‘on gapirmaganman, lekin aldaganman”, derdilar jilmayib. “Yolg‘ooon… yolg‘on dahshatli, men aldayman”. Otam uchun aldash bilan yolg‘on gapirish boshqa-boshqa mazmun edi.
“Alda meni, sevgilim, aldab yashash oson…
Mardi maydon deb ayt, saxovatli deb aytgin.
Hattoki, zo‘r shoir deb ham aytaver, mayli,
O, yo‘qdan bor qilursan deb aytgin, ishontir,
Mayliga, dunyoda tenging yo‘q deb ayta qol!
Alda meni, sevgilim, aldab yashash oson…
Dunyodagi eng go‘zal sensan, deyman-ku men ham,
Dunyodagi eng shafqatli sensan, deyman, sen, sen,
Deymanki, dunyodagi sensan eng vafoli yor,
Deymanki, yo‘q narsalarni talab qilmassan…
Alda, meni aldayver,
Aldab yashash oson?!”
Har bir harakatlariga yengil xirgoyi hamroh edi. Bu Sakina buvimda ham bor edi. Ehtimol, men borganimda xursandchilikdan o‘zlarini shunday tutgandirlar… Lekin ishoning, biror marta ham otamni ichgan (mast) holatda ko‘rmaganman. Hattoki, yonimda chekkanlarini ham eslayolmayman. Tasodifan borib qolganimda ham bu holat hech qachon kuzatilmagan, ammo uyda tamakining hidi sezilardi.
Otam ilmiy ishimning himoyasigacha bo‘lgan jarayonlarda ham yelkadosh bo‘ldilar. Tadqiqotim mavzusi turk tili bilan bog‘liq bo‘lgani uchun tarjimalarda maslahatchi edilar. Shu bahonada do‘stlari, tilshunos olim Baxtiyor Isabek bilan tanishganman. Ularning uyiga ko‘p borganmiz. Uchrashuv dasturxonida, albatta, millat, xalq, ijod, adabiyot to‘g‘risida gap ketardi, bir otamga, bir olimga qarab qizg‘in suhbatlaridan bahramand bo‘lib qaytardim. Himoyaga chiqishimga ikki haftacha qolganda otamning oldilariga bordim. O‘sha paytlarda himoya Akademiklar shaharchasidagi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida bo‘lar edi. Himoya kuni belgilanganini aytdim. “Yur, himoya qiladigan joyingni ko‘rib kelamiz”, dedilar otam va biz institut tomon yo‘lga chiqdik. Sovuq va yomg‘irli kun edi, bo‘ynilarida qizil-oq rangli sharflari, oz-oz yo‘talib ham turgandilar. Uylaridan institutgacha avtobusda otam bilan yonma-yon o‘tirib suhbatlashib ketdik. Institutga bordik, darvoqe, adamning qo‘llarida daftar bor edi (qo‘lyozma), uni do‘stlari adabiyotshunos olim N.Rahimjonovga berib keldilar.
Ushbu suhbat suhbatlarimizning, avtobusda birga yurishlarimizning so‘nggisi ekanini o‘shanda bilmagandim. Yaxshi ham taksiga emas, avtobusga chiqqan ekanmiz – yo‘limiz bir qadar uzoqroq cho‘zilgandi. Oradan hech qancha o‘tmay, otam kasal bo‘lib yotib qolgan ekanlar. Vaholanki, himoyada otam keladilar deb rosa kutgandim (onamni himoya jarayoniga keltirmagandim, ularning tasodifiy uchrashuvidan qo‘rqqandim). O‘zimcha otamdan xafa bo‘ldim. Uylariga bir muddat bormadim. Mart oyining boshlarida to‘satdan, negadir ko‘rgim keldi. Sog‘inch va yoqimli suhbat meni ular tomon chorladi. Uyga kirdim, bu safar eshikni taqillatishimning hojati yo‘q edi, oshxonada, ijodxonalarida yotgan edilar. Go‘yo bahaybat bir insonning kichkina gavdasi biroz kasallangan ko‘rinishda menga tabassum bilan yuzlandi. Himoyamga va’da berib kelmagan otamga gaplarim ko‘p edi… Sulhida opa “Otangiz kasalxonaga bormayaptilar, davolanishga rozi bo‘lmayaptilar”, deganida “Vahima qilmang, yaxshiman”, dedilar. Uyga kelib turmush o‘rtog‘im (shifokor) bilan qaytib bordim. Bu ularning birinchi va so‘nggi uchrashuvi edi. 2005-yilning mash’um 28-mart kuni Tursunali polvon qo‘ng‘iroq qildilar. Zulxumor opam (Sakina buvimning jiyani)larnikiga Shuhrat akam bilan tez yetib kelishimni aytdilar. Bu orada Tursunali akalar otamni Yangioboddagi uylaridan shoir Chorsha’m Ro‘ziyev (kuyovlari)ning hovlisiga olib kelishgan ekan… Uyga kirib borganimizda Tursunali polvon, Chorsha’m aka, Zulxumor opam, Dilorom opa, Munojat, Sevinch o‘sha yerda edi. Otam esa ko‘p dard chekkanlaridan ozib ketgan, nafas olishlari qiyinlashib, tomoqlarida hirqiroq bor edi. Tursunali polvon “Rauf aka, farzandlaringiz, yaqinlaringiz yoningizda turubdi. Ulardan rozi bo‘ling, ular ham sizdan rozi”, dedilar. Ko‘zlari ochildi, bu ko‘zlar kimnidir kutgandek titrab ochildi-yu, Tursunali polvonning “Shuhrat ham shu yerda” degan gaplaridan so‘ng xotirjam, manguga yumildi…
“Xayr, dada,
Biz endi ko‘risha olmaymiz dunyoda.
Bilamanki, sen tuproqda,
Bilamanki, sen qalbimning bag‘rida ochilgan yaproqda…”
…Otamning so‘nggi yashagan uylariga to‘rttadan oshiq odam sig‘masligi, ko‘ngil qadrdonlarning suyukli shoiri shunday uydan chiqishini xohlamaganliklari uchun Chorsha’m akalar otamni tez yordam mashinasida uylariga olib kelishgandi. Ularning uyida ham otamning o‘z ijodxonalari bo‘lgan ekan. Aynan shu ijodxonadan so‘nggi manzillari, chin makonlari bo‘lgan “Minor”ga kuzatildilar. Nazdimizda, otam har qanday kasallikni yenga oladigan, go‘yo hech qachon o‘lmaydigan odam edilar. Hamisha o‘limga tik qaragan, o‘limdan qo‘rqmagan odam edilar.
“Inson doimo o‘lim bilan yonma-yon yuradi. Toshbaqa kosasini bir umr ortib yurganidek, inson o‘z o‘limini doimo ko‘tarib yurishga mahkum. Menimcha, o‘z o‘limini ko‘tarib yurgan odam Allohga, o‘ziga, birovga xiyonat qilmaydi…” Umrining so‘nggi daqiqalarida, betob bo‘lib yotganlarida ham shifokorga borishni xohlamadilar. Qancha urinmaylik, buning uddasidan chiqa olmadik. Butun umr o‘zlarining haqiqatlari bilan yashab o‘tdilar. Dilorom opa “Rauf Parfi yaxshi umr yo‘ldosh bo‘lmagandir, yaxshi ota bo‘lmagandir, lekin u millatning Odami edi…”, derdilar. Moddiyat tushunchasi hech qachon qiziqtirmadi, o‘zlarining iboralari bilan aytganda, “kichik vatan” uchun emas, “katta vatan” uchun, she’riyat uchun, xalq, millat uchun yashadi. Otam uchun “Xalq shoiri” unvoni ham bir “qog‘ozcha” edi. Kitoblari nashr etilmayotgan, hech narsa, hatto nonga zor bo‘lgan kunlarda Turkiya, Germaniyadan yashash uchun borishga takliflar bo‘ldi. Ammo barchasiga rad javobini berdilar. Hech kimga hech qachon qila olmaydigan ishlari uchun va’da bermaganlar.
Otam bilan birga yashamaganim holda, xotiramda faqat shanba-yakshanba – dam olish kunlaridagi va undan keyingi, uzog‘i bilan bir kunga cho‘ziladigan uchrashuv va suhbatlar qolgan bo‘lsa-da, menga bir Ustoz, bir Ota sifatida ko‘p narsalarni o‘rgatib ketdilar. Esimda, oyim (onamning onalari) olamdan o‘tganlarida motamni anglatuvchi kiyimda ishga borardim, shunda otam “Bo‘ldi, o‘lgan o‘lib ketdi, sening atrofingdagilar sening azadorliginga aybdor emas, ayniqsa, talabalaring. Sen auditoriyaga bunday kirib borishing mumkin emas, talabalaring bilan muloqot qilishingga xalal beradi”, dedilar va bu haqiqat edi. Talabalar meni ko‘rib har doimgi darsdagi erkinliklarini yo‘qotishdi, ularda menga nisbatan uyg‘ongan hamdardlik hissi har doimgi erkinliklarini chekladi. Shundan buyon har gal auditoriyaga kirar ekanman, otamning gaplari yodimga tushadi, hayotimdagi hamma muammolarni, voqealarni auditoriya eshigidan ortda qoldirishga harakat qilaman va go‘yo otamning niyatlari mening ham hayotimga ko‘chib o‘tgan-u, shiorga aylangandek bo‘ladi:
“Niyatim:
Tinish belgilari singari sodiq bo‘lmoq −
Kasbimga, darslarga va orzularga…”
Anglaganlarim: inson hayotga moddiyat uchun kelmaydi, insonda qalb bor va u qalb har safar o‘zinikini gapirishi kerak emas, shart. Ichingda, qalbingda nima deyotgan bo‘lsang, u hayotingda o‘z aksini ko‘rsatishi kerak. Qalbingdagi haqiqating ichingda qolib ketishi mumkin…
“Avtobus derazasidan qarab ketsang
Uzoq-uzoqlarga…”
Muqaddas ABDURAHMONOVA,
filologiya fanlari nomzodi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
5 Izohlar
Барака Боқий
12:01 / 01.01.1970
Сиз ҳам тарихий шахссиз, Абдураҳмонова!
Nilufar
12:01 / 01.01.1970
Ustoz, yozganlaringiz ko‘nglimning eng tubiga bordi. Yig‘lab o‘qidim. Balki, mening ustozim, hamdardim-u eshitguvchim otam bo‘lganligi sababdir. Ustoz, men o‘qigan kitoblarda Rauf Parfi haqida ma'lumot juda kam edi. Bu yoziqlaringiz men uchun topilmas manba bo‘ldi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin...!
Shaxro'z Daryo
12:01 / 01.01.1970
Shunchaki Ajoyib !!
Madina Abduhoshimova
12:01 / 01.01.1970
Ustoz, sizni birinchi bor ko‘rganim, kimning qizi ekanligingizni anglaganim, ilk bor savolingizga javob berganim ondadagidek hayajon bilan o‘qidim... menga aytgan shioringiz mangu qalbimda... Niyatim: Tinish belgilari singari sodiq bo‘lmoq, kasbimga. darslarga va orzularga...
Nigora
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum. Muqaddas opa, dunyodagi eng yaxshi otaning farzandisiz!!!!!! Halollik doimo yo'ldoshingiz bo'lsin. Sizga havasim keladi......