Buxoro amiri tomonidan 14 yoshida zindonga tashlangan o‘smir, ilk o‘zbek matematigi va Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibiga aylangan Burhonovlar sulolasi vakillari qismati


Saqlash
15:45 / 20.01.2023 3027 3

“Yosh buxoroliklar” partiyasi haqida so‘z ketganda Burhonovlar sulolasini chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Bu xonadon vakillari orasidan yirik davlat arboblari, maorif, madaniyat xodimlaridan tortib, pedagog, jurnalist, mashhur kompozitorlargacha yetishib chiqdi. Sulola asoschisi samarqandlik ulamo Burhon Olim o‘g‘lidir. U Samarqand shahri chor Rossiyasi tasarrufiga o‘tganidan so‘ng Buxoroi Sharifga kelib ko‘p yillar davomida mudarris va mufti sifatida faoliyat olib borgan. Quyida mashhur Burhonovlar haqida hikoya qilamiz.

 

Mazhar Burhonov (1878–1937)

 

Mazharuddin Burhonov 1878-yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Dastlabki ta’limni otasidan olgan. 1908-yilda Buxoro madrasasini tugatib, o‘qishni Turkiyada davom ettiradi. Mazxar Burhonov 1914-yildan Istanbul universiteti matematika fakultetida o‘qiy boshlaydi. Qator yillar Istambul maktablarida o‘qituvchilik qiladi. Makkaga borib haj marosimini ado etadi. 1922-yilda oliy ma’lumotli matematika o‘qituvchisi diplomi bilan Buxoroga qaytib keladi. U 1922-1923-yillarda Buxoro Xalq Respublikasi Mehnat idorasi boshlig‘i va Maorif noziri o‘rinbosari vazifalarida ishlagan. “Nashri maorif” jamiyatining xorijda o‘qiyotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, maktab va kutubxonalar faoliyatini kengaytirish kabi tadbirlarini Buxoro maorifchilari orasida keng targ‘ib etadi. Mazhar Burhonov Buxoro Jumhuriyati tugatilganidan so‘ng hukumat ishlaridan butunlay voz kechib faqat ta’lim bilan shug‘ullanadi. U matematika sohasida ilk darsliklar yaratgan o‘zbek pedagog olimlaridan biridir. 1924–1930-yillarda Buxorodagi dorulmualliminda, so‘ng Samarqand shahrida Musiqa institutida matematika fanidan dars bergan. 1932-1933-yillarda Dushanbe (Stalinobod)da, 1933–1936-yillarda Toshkent shahrida yashab, bilim yurtlarda dars bergan. Samarqand shahriga ko‘chib kelib, maktab o‘qituvchiligidan nafaqaga chiqadi.

 

 

Mazhar Burhonov 1937-yil 19-iyulda “Milliy ittihod” tashkilotiga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa olingan. Bu vaqtda uning turmush o‘rtog‘i 34 yoshli Saodatxon Samarqand shahridagi o‘qituvchilar bilim yurtida ikkinchi kursda tahsil olayotgan edi. Mazhar Burxonov 1937-yil 27-avgust kungi so‘roqda: 1910-yil Turkiyadan kelganimda Fayzulla Xo‘jayev bilan tanishganman. U 13-14 yosh bola edi. Men uni siyosiy arbob emas, oddiy millionerning o‘g‘li sifatida tanigan edim. 1922-yil Turkiyadan qaytib kelganimda katta o‘zgarishlar bo‘lgan ekan. Albatta, Turkiyada milliy partiyalar ko‘p edi. Ammo, O‘zbekistonda birorta siyosiy partiya yoki “Milliy ittihod” nomli aksilinqilobiy tashkilot haqida eshitgan emasman. “Nashri maorif” kabi ma’rifiy jamiyatlar bo‘lgan. Ammo, u xalq maorifini qo‘llab-quvvatlovchi harakat edi, deydi.

 

Mazhar Burxonov 1937-yil 25-oktabrda ukalari va jiyani bilan yelkama-yelka turib shahid bo‘ladi.

 

Mukammil Burhonov (1884–1938)

 

Mukammilidin Burhonov 1884-yil dunyoga kelgan. Maktab va madrasa ta’limidan so‘ng, 1908-yilda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyati tomonidan Istanbulda tahsilni davom ettirdi. Buxoroga qaytgach, maktab va madrasa ta’limini isloh qilish, yoshlarga yangi usulda ta’lim berishga kirishdi. “Yosh buxoroliklar” partiyasiga kirib, Buxoro zaminiga taraqqiyparvarlik g‘oyalarini keng yoyishga intildi. 1912-yilda Ismoil Gasprali, Abduqodir Shakuriy maktablariga qiyosan o‘z uyida yangi usuldagi maktab ochadi. 1913-yilda katta yoshli savodsiz va chalasavodlar uchun kechki maktab tashkil qiladi.

 

Mukammil Burhonov 1917-yil apreldagi yoshlar namoyishidan so‘ng Buxoroni tark etib, Samarqandda yashagan. Amir hokimiyati ag‘darilgach, Mukammil Burhonov hamisha Fayzulla Xo‘jayev yonida tayanch va tirgak bo‘ldi. Olimjon Idrisiy inqilobgacha Buxoro madrasalarida tahsil olgan va keyinroq “Yosh buxoroliklar” tomonidan Turkiyaga o‘qishga yuborilgan edi. U Germaniyada vaqtida ham Abdurauf Fitrat bilan doimiy aloqada bo‘lgan. 1922-yil Fitrat BXR Maorif xalq noziri bo‘lgan vaqtida buxorolik yoshlarni chet el ta’lim muassasalariga yo‘llashni yo‘lga qo‘yadi. 1922-yil oktabrda Fayzulla Xo‘jayev RSFSRning BXSRdagi doimiy vakili Kojevnikov, Mukammil Burhonov va o‘g‘li Berlindagi feldsherlik bilim yurtida o‘qiyotgan Buxoro yahudiysi Edelmanlar bilan 25 kun mobaynida Germaniyada bo‘ladi. Ular Berlinda Abduvohid Burhonov, Olimjon Idrisiy va Badri Sayfulmulk bilan uchrashib, talabalar hayotidan xabar oladi. Ayni paytda Fayzulla Xo‘jayev Edelman bilan mashhur millioner Aminjon Sulaymonov, Potelyaxovlar orqali Germaniya hukumati vakillari bilan ham aloqa o‘rnatishga harakat qiladi. Bu vaqtda Mukammil Burhonov asosiy vaqtini turkistonlik talabalar tahsili masalasi bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazadi. Keyinchalik bu tanishuv do‘stlikka aylandi. Mukammil Burhonov 1923–1925-yillarda Germaniyadan ko‘plab xatlar oldi. Abduvohid Burhonov Munzim, Olimjon Idrisiy xatlarida asosan talabalarning iqtisodiy ta’minotdagi qiyinchiliklari haqida gap borsa, Ahmad Naim, Aziz Xo‘jalarning xatlari yorqin tuyg‘ularga boy, Buxoro zaminiga Ovro‘po ilm-fani, texnikasi yutuqlarini samarali jalb etish haqidagi o‘ylar va istiqlol orzusi bilan to‘lib toshgan edi. Qiyamiddin Kiromiddin, Abror Rashidlarning xatlari esa bolalarcha beg‘ubor sodda kechinmalardan iborat edi. Mukammil Burhonov 1920–1924-yillarda Buxoro Xalq Respublikasida Adliya noziri, BXSRning RSFSRdagi muxtor vakili vazifalarida faoliyat olib bordi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilgach poytaxt Samarqandda ham Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibi sifatida ish olib bordi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Mukammil Burhonov ham o‘zining siyosiy faoliyatini to‘xtatadi va faqat o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bo‘sh vaqtlarida maqom darg‘alari Ota Jalol va Ota G‘iyoslardan ta’lim olib, jiyani Mutavakkil Burhonovga dastlabki musiqiy tarbiya beradi.

 

1937-yil 23-mayda Mukammil Burhonov 1921-yildan “Milliy ittihod” a’zosi va 1921–1923-yillar tashkilotning g‘aznasiga mas’ul bo‘lgan, 1923-yilda xalqni qurolli qo‘zg‘alonga chorlagan kabi ayblovlar bilan O‘zSSR JKning 66-, 67-moddalari qo‘llanib qamoqqa olinadi. Mukammil maxsum Burhonovning xonadoniga 10 tacha qurolli kishi yopirilib kiradi. Hatto, ikki yoshli qizchasi Rakinaning o‘yinchoq-qo‘g‘irchoqlarining ham “qornini yorib” ko‘rishadi. Mukammil Burhonov xotini bilan ajrashgani uchun bu vaqtda yolg‘iz qizi bilan yashar edi. 1937-yil 2–5-iyul kunlari o‘tkazilgan tinimsiz tahqirli so‘roq-savollarning so‘nggida Mukammil Burhonov NKVD xodimlarini haqorat qilgan deb 3 kunga karserga hukm etiladi.

 

1937-yil 9-avgust kuni butunlay holdan toygan Mukammil Burhonov o‘ziga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar bilan to‘la qog‘ozlarga imzo chekishga majbur bo‘ldi.

 

Mutavakkil Burhonov amakilari Mazhar, Mukammil va Muammir Burhonovlarning 1937-yilda qamalib, 1989-yilda O‘zSSR prokurori tomonidan  to‘liq oqlaganganini ta’kidlab hamda ularga taalluqli hujjat va buyumlarni qaytarib berishlarini so‘rab  1991-yilda tegishli idoralarga xat yozadi. Burhonovlar, aslida, 1965-yil 2-dekabrda O‘zSSR Oliy sudi tomonidan nomiga bo‘lsa-da oqlangan edi. Arizada so‘ralgan – ularning qabrlari haqida ma’lumot aniqlanmadi. Faqat Mukammil Burhonovga 1922-yilning 24-oktabrida Germaniyadagi RSFSR doimiy vakili tomonidan berilgan №232 raqamli guvohnoma nusxasi 1991-yil 3-iyulda Mutavakkil Burhonovga topshirildi.

 

Muhammir Burhonov (1897–1937)

 

Muhammir Burhonov 1897-yil Buxoro shahrida dunyoga kelgan. Muhammir jadid maktabi va madrasa tahsilining ilk bosqichini tugatishi bilan, 1912-yil Turkiyaga o‘qishga yuboriladi. U “Yosh buxoroliklar”ning Turkiyadagi “Ta’mimi maorif” uyushmasi tashkilotchilaridan biri edi. 1914–1921-yillarda Turkiyaning Bursa, Eski shahar, Qostumaniya shaharlarida ta’lim oldi, o‘qituvchilik qildi. Buxoroda amir saltanati ag‘darilib, “Yosh buxoroliklar”ning hokimiyatga kelganini eshitib, 1921-yil Vatanga qaytib keladi.

 

Muhammir Burhonov 1921-yil kuzidan Buxoro shahar militsiyasi boshlig‘i bo‘ldi. 1921–1923-yillarda BXSR militsiya noziri o‘rinbosari, so‘ng uch oy davomida BXSR Nozirlar kengashi raisi kotibi vazifalarini bajaradi. 1923-yil sakkiz oy davomida Chorjo‘y viloyati militsiya boshlig‘i, 1923-1924-yillar olti oycha Shahrisabz viloyati militsiya boshlig‘i lavozimlarida ish olib boradi.

 

 

Muhammir Burhonov 1924-yil aprelda turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lini olib kelish maqsadida yana Turkiyaga yo‘l oladi. Biroq, o‘g‘lining sog‘lig‘i yomonlashgani va xotinining Buxoroga kelishni xohlamaganligi tufayli u ikki yildan ortiqroq Turkiyada qolib ketadi. Muhammir Burhonovning bu galgi Turkiya safari sho‘ro ma’murlari tomonidan Usmon Xo‘jayevga katta miqdordagi pul olib borganlik va Turkiyadan BXR hukumatini qo‘llab-quvvatlash yoxud jahon hamjamiyatidan uning istiqlolini saqlab qolishda yordam umidi edi deb talqin etiladi. Muhammir Burhonov 1926-yil iyunda Buxoroga qaytib keladi. Biroq, shundan so‘ng hukumat ishidan voz kechib, faqat muallimlik bilan shug‘ullanadi. Buxoro viloyat o‘qituvchilar uyushmasi a’zosi va Samarqand shahriga ko‘chib kelgach shahardagi 5-sonli maktabda o‘qituvchilik qiladi.

 

1937-yil 23-may kuni Muhammir Burhonovni “Milliy ittihod” a’zosi, militsiyada ishlab yurgan vaqtida qizil armiyaga qarshi qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlagan, 1924–1926-yillari Turkiyada bo‘lib, xorij mamlakatlaridan sovetlarga qarshi kurashda yordam so‘ragan kabi ayblovlar bilan qamoqqa olishga qaror chiqariladi. Ammo qaror kechiktirilib, faqat 1937-yil 2-iyun kuni uni qamoqqa olishga order berildi. Uning turmush o‘rtog‘i Mahfuzaxon (25 yosh) ham o‘qituvchi edi.

 

 

Muhammir Burhonov 1937-yil 13-iyun kuni so‘roqda o‘zining 1921-1922-yillarda Fayzulla Xo‘jayev va Usmon Xo‘jayevlar rahbar bo‘lgan “Ittihod va taraqqiy” partiyasining a’zosi bo‘lgani hamda Toshkentda Munavvar qori ochgan “Milliy ittihod” tashkiloti bilan yaqin aloqada bo‘lganligini tan oladi.

 

Muhammir Burhonov 1937-yil 14-oktabrda oliy jazoga hukm qilingan.

 

Misboh Burhonov (1905–1937)

 

Misboh Burhonov 1905-yil 26-dekabr kuni Buxoro shahrida dunyoqarashi kengligi va aniq fanlarni yaxshi bilishi bilan dong taratgan mudarris Muzainiddin Burhonov oilasida dunyoga kelgan. Ziyoli xonadonda ulg‘aygan Misboh jadid maktabi va zamonaviy ta’lim muassasalarida o‘qib o‘z davrining ilg‘or yoshlaridan biriga aylandi. Misbah Burhonov 14 yoshida Buxoro amiri tomonidan otasi Muzain bilan birga zindonga tashlanadi. 1919-yil otasi vafotidan so‘ng Buxoroni tark etadi. Misboh Burhonov Samarqand, Toshkent bilim yurtlari tahsilidan so‘ng Moskva davlat universiteti Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiradi. 1928-yil oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomni qo‘lga kiritgach bir muddat Samarqandga, shundan so‘ng Tojikistonning poytaxti Dushanbe (Stalinobod) shahriga ko‘chib borib 1933-yilgacha “Tojikistoni surx” gazetasining bosh muharriri bo‘ldi. Ayni paytda yosh yozuvchi sifatida o‘zining o‘tkir qalami bilan xalq va ijod ahli orasida tanila boshlaydi. Tojikiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘ladi. Biroq, 1933-yil 11-oktabrda chaquv ortidan aksilinqilobchi degan ayblov bilan qamoqqa olinib, shu yilning 2-noyabrida 5 yilga qamoqqa hukm qilinadi.

 

1937-yil 1-sentabr kuni Misboh Burhonovga yana O‘zSSR JKning 60-, 67-moddalari qo‘llanib ayblov e’lon qilinadi. 1937-yil 11-oktabrda hibsga olingan Misboh Burhonov qamoqning og‘ir sharoiti tufayli butunlay sog‘lig‘idan ayrilgan, zaif va kasalmand holatda edi. Uning oila a’zolari deb talaba ukasi Mutavakkil (20 yosh) hamda Samarqandda uy bekasi bo‘lgan singlisi Fotima (23 yosh)larning nomlari keltirilgan. Misboh bilan aytarli so‘roq ham, yuzlashtirish ham o‘tkazilmaydi. 1937-yil 25-oktabrda oliy jazoga hukm qilingan. Hech bir gunohini anglamagan iqtidorli Misboh hali oila qurib ulgurmay, 1937-yil 25-oktabr kuni qardoshlari yonida sho‘ro mal’unlarining o‘qidan halok bo‘ldi.

 

 

1960-yil 25-aprelda Fotima Muzainovna Burhonova Toshkent shahridan O‘zSSR DXQ boshlig‘iga ariza yozib akasi Misboh Burhonovning qismati haqida xabar berishlarini so‘raydi. Unda 1939-yil akasi taqdiri bilan qiziqib, Moskvaga borgani va u yerdan 1938-yil jazo muddatini yana 10 yilga uzaytirgani haqida xabar bilan qaytganini eslaydi. Bu gal esa mas’ul tashkilot Fotima Burhonovaga Misboh Burhonov 1937-yil 10-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan va 1943-yil 10-oktabrda jazoni o‘tash davrida vafot etgan degan yolg‘on xabar yo‘llash bilan cheklanadi.

 

Misboh Burhonov 1958-yil 16-yanvarda oqlangan.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

3 Izohlar

Баходир Мухаммад

06:01 / 01.01.1970

Рахмат жуда мухим макола ёзилибди, ажаб эмас халкимиз дуст душанни таниса. «Тарихини билмаган миллатни келажаги йук» Айнан тарихимизни билмаганимиз туфайли душманларни танимай дуст деб утябмиз, Уларни баъзилари асли мусулмон лекин иркчи нацист мусулмон, айнан Бухоро амири ушалр каторига киради. Лекин энг мухими буларни хар ким ажрата олмайди. Шундай маколаларни кириллицада хам ёзса бизга ухшаб кириллица укиган ёки кушни давлатдаги узбеклар хам укий олардилар.

Kamoliddin

06:01 / 01.01.1970

Maqola juda qiziqarli yozilgan, tariximizning ochilmagan qirralari yoritilibdi

Anvar

06:01 / 01.01.1970

Tarix xaqidagi bilmaganlarimni sizlardan o'rganib, tarixni siyosiy va falsafiy jihatdan ancha tizimli fikrlashga erishmoqdaman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//