Dunyoning eng noodatiy maktablari haqida qiziqarli faktlar


Saqlash
12:09 / 19.01.2023 915 0

Har bir davlat taʼlim tizimining oʻziga xos qonun-qoidalari bor. Ular mamlakat anʼanalari, odamlarining dunyoqarashi, taʼlimga boʻlgan munosabati va yashash tarziga koʻra shakllanadi. Shunga koʻra, koʻpchiligimiz maktablarning anʼanaviy modeliga oʻrganib qolganmiz – bir necha qavatli bino, oʻquv xonalari, sport zallari, oshxona... Bu qulaylik bilan birga oʻquvchilar xavfsizligini ham taʼminlagani uchun maktablar boshqacha boʻlishi mumkin, degan oʻy xayolimizga kelmaydi. Ammo maktab suzib yo koʻchib yuruvchi yoki koʻprik ostida qurilgan boʻlsachi, bunda ham oʻquvchi sifatli taʼlim oladimi? Bugun biz har qanday sharoitda ham oʻqiyotgan bolalar va ishlaydigan maktablar haqida hikoya qilamiz.

 

Yangi Dehli xarobalarida bolalar koʻprik ostida taʻlim olishadi

Bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan bu gʻayrioddiy maktabga har kuni ellikka yaqin bola darsga keladi. Undagi yagona oʻqituvchi oʻsmirlar oʻqishi va koʻchada daydib yurmasliklari sharti bilan, mutlaqo tekinga oʻqitadi. Eng qizigʻi, bu maktabda oʻquvchilar dars qoldirmasdan, muntazam ravishda uy vazifalarini bajarib borishadi.

 

 

Dunyodagi eng baland joyda joylashgan maktab

Tibetdagi ushbu taʼlim muassasasi dunyo boʻyicha eng baland manzilda joylashgan maktab hisoblanadi. Uning binosi dengiz sathidan 5373 metr balandlikda boʻlib, hatto sportchilar koʻtarilishi oson boʻlmagan bunday choʻqqiga Phumachangtang bolalari har kuni oʻz partasiga oʻtirish uchun uzoq masofani bosib kelishadi. Tibetning kichik yoshli aholisi uchun na sovuq havo, na shamol va na qor bilim olishga toʻsqinlik qilolmaydi.

 

 

 

 

“Qayiq maktablar”

Koʻpgina davlatlarda tabiiy ofatlar sabab darslar bekor qilinsa, Bangladeshda musson yomgʻirlari yo daryo toshqinlari ham oʻquv jarayoniga xalaqit bermaydi. Chunki mamlakatdagi koʻplab qishloqlarda maktab binosi vazifasini katta qayiqlar yoki barjalar bajaradi. Baʼzi oʻquvchilar darsga ham qayiqlarda borishadi. Kattaroq qishloqlarda esa qayiq maktablar aholi punktlari atrofida suzib, oʻquvchilarni yigʻib chiqadi.