Adabiyot
Noam Xomskiy – Massachusets texnologiya instituti professori, lingvist, filosof, jamoat arbobi, siyosiy tahlilchi, hozirgi zamonning eng atoqli faylasuflaridan biri hisoblanadi. Uning kitoblari dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlarida nashr qilingan. Olimning ommaviy axborot vositalari va hukmron doiralar tomonidan inson ongini manipulyatsiya qilish usullari borasida tuzgan ro‘yxati butun dunyoda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Ro‘yxat quyidagicha tuzilgan:
1. Diqqatni chalg‘itish
Siyosiy va iqtisodiy doiralar tomonidan qabul qilinayotgan o‘ta muhim qarorlar va dolzarb muammolardan odamlar diqqatini chetga tortish, chalg‘itish uchun axborot makonini ahamiyatsiz xabarlar bilan to‘ldirish jamiyatni boshqarishning asosiy elementi hisoblanadi. Bunda axborot makoni inson aql-idrokini charxlashga qaratilgan mavzular o‘rniga sport, shou-biznes, mistika, erotika, maishiy turmush mashmashalari, oson va tez boyishga qaratilgan shubhali syujetlar bilan boyitilgan xabarlar ila to‘ldiriladi.
2. Muammo – munosabat – yechim
Odamlar ta’sirlanadigan va ommaviy munosabat bildirishiga mo‘ljallangan shunday bir muammo, «vaziyat» yaratiladiki, aholining o‘zi hukmron doiralarga kerak bo‘lgan choralar, qarorlar qabul qilinishini talab qila boshlaydi. Misol uchun, fuqarolar «grajdanlik» erkinliklarini cheklashga qaratilgan bo‘lsa-da, xavfsizlik choralarini kuchaytiruvchi qonun qabul qilinishini talab qilishsin, deb shaharlarda zo‘ravonliklarga ataylab yo‘l qo‘yiladi yoki qonli terroristik xurujlar uyushtiriladi.
3. Tadrijiylik (Bosqichma-bosqich)
Aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqaradigan chora-tadbirlar tadrijiylik asosida, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 1980–1990-yillardagi tamoyil jihatdan yangi global ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar (neoliberalizm) xuddi shu tarzda tiqishtirilgan edi. Oqibatda davlat funksiyalari minimum darajaga tushib qoldi, mamlakat mulkini xususiylashtirish ommaviy tus olib, jamiyatda ertangi kunga ishonch va barqarorlik yo‘qoldi. Ommaviy ishsizlik avj olishi bilan birga munosib turmush sharoitini ta’minlaydigan maosh yo‘qoldi. Agar bu ishlar bosqichma-bosqich emas, birdaniga amalga oshirilganda edi shaksiz inqiloblar yuz berardi.
4. Ijroni keyinga qoldirish, muhlatni cho‘zish
Aholining keskin noroziligiga sabab bo‘ladigan qarorning «taftini so‘ndirish»ning yana bir usuli – uni «og‘riqli va o‘ta zarur» muammo sifatida taqdim etish hamda fuqarolarni bu muammoni hal etishga qaratilgan qarorning kelajakda amalga oshirilishiga ko‘ndirishga erishishdir. Odamlar ayni paytda emas, kelajakda qurbon berishga tezroq va osonroq rozi bo‘lishadi.
Xo‘sh, odamlar nima uchun bunga rozi bo‘ladi? Birinchidan, norozilikka sabab bo‘ladigan qaror darhol qabul qilinmaydi. Ikkinchidan, xalqning juda katta qismi «ertaga hamma narsa yaxshi tomonga o‘zgaradi» va shu bois undan talab qilinayotgan qurbonlikdan qutilib qolish mumkin, degan sodda xomxayollarga berilishga moyildir. Bu usul vaqti-soati kelib o‘zgarishlarga o‘y-fikrlarida anchayin ko‘nikkan odamlar gardaniga og‘ir yuk bo‘lib tushadigan qarorni ham jimgina bosh egib qabul qilishiga yordam beradi.
5. Xalqni yosh bolaga aylantirish
Keng ommaga qaratilgan targ‘ibot ma’ruzalarining aksariyatida dalillar, personajlar, so‘z va uning ohangi shunday tanlanadiki, go‘yoki targ‘ibotchi maktab yoshidagi bolalar yoki aqlan rivojlanmay qolgan individlar davrasida ishtirok etayotgandek. Xo‘sh, nima uchun bunday usul qo‘llanadi? Kimdir odamlarga xuddi 12 yoshli bolakayga murojaat qilgandek so‘zlasa, tabiiyki eshituvchining munosabatida ham bolalarga xos bo‘lgan tanqiddan xoli baho va javobga ega bo‘ladi.
6. Hissiyotga urg‘u berish
His-hayajonga ta’sir ko‘rsatish – odamlarda voqealarni ratsional tahlil etish uquvini jilovlab qo‘yish orqali atrofda sodir bo‘layotgan voqelikka tanqidiy qarash ko‘nikmasidan mosuvo qilishga qaratilgan klassik neyrolingvistik dasturlash usuli hisoblanadi.
Boshqa tomondan esa hissiyotga berilish omilidan foydalanish ong ostiga fikrlar, istaklar, qo‘rquv, xavotir yoki jamiyatda o‘zini tutishning barqaror modellarini joylab qo‘yishga ham yo‘l ochadi. Natijada, ochlar va xo‘rlanganlarning chekayotgan azob-uqubatlari, hukumatning adolatsizligi, terrorizmning shafqatsizligini hissiyotga berilib la’natlash jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarning haqiqiy sabablarini parda ortiga berkitadi.
7. Aholini aqlan zaiflashtirish (dumbul odamga aylantirish)
Ommani boshqarish va hukumat irodasiga bo‘ysundirish uchun qo‘llanilayotgan usul va metodlarni anglolmasliklariga erishish – muhim strategiya. Bunda jamiyatning past tabaqasiga berilayotgan ta’lim sifati o‘rtamiyona bo‘lishi lozim. Toki jamiyatning quyi tabaqalarini oliy tabaqadan ajratib turuvchi jaholat yengib o‘ta olmaydigan darajada bo‘lishi shart.
8. O‘rtamiyonalikni urfga kiritish
Hokimiyat egalari zehni past, farosatsiz, hayosiz va tarbiyasiz bo‘lish hozir urfda degan qarashni ommaga singdirish payida bo‘ladi. Bu usul yuqoridagi metod bilan chambarchas bog‘liq, shu bois zamonaviy dunyoda o‘rtamiyonalik ijtimoiy hayotning barcha sohalarida – diniy sohadan tortib ilm-fangacha, san’at va siyosatda juda katta miqdorda namoyon bo‘lmoqda.
Janjallar, «sariq matbuot», jodugarlik va sehr, shubhali, bema’ni yumor va populistik aksiyalar – bularning barchasi yagona maqsadga erishishga qaratilgan: odamlar real, haqiqiy hayotning cheksiz bag‘ridagi chin haqiqatlarni anglash darajasida ongli bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik!
9. Aybdorlik hissini rivojlantirish
Yana bir vazifa – insonning shaxsiy baxtsizliklarida aqliy salohiyati pastligi, uquvsizligi va yetarli darajada sa’y-harakat ko‘rsata olmayotganligidir, shu bois bu uchun faqat o‘zing aybdor, degan hisni singdirish.
Natijada odam iqtisodiy tizimning noqisliklariga qarshi bosh ko‘tarish o‘rniga, har narsada o‘zini ayblab, kamsita boshlaydi. Oqibat tushkunlikka tushadi, bu esa ko‘pgina noxushliklar bilan birga harakatsizlikka olib keladi. Ayni muddao!
10. Inson fe’l-atvorini a’lo darajada bilish
Keyingi 50 yilda fan taraqqiyoti oddiy odamlarning bilimlari bilan hukmron sinflar ega bo‘lgan va foydalanayotgan ma’lumotlar o‘rtasidagi farqni nihoyatda kattalashtirib yubordi. Biologiya, neyrobiologiya va amaliy psixologiya tufayli davlat tuzilmalari insonning ham fiziologiyasi, ham psixikasiga taalluqli eng zamonaviy bilimlarni qo‘lga kiritdi. Davlat tizimi inson haqida uning o‘zidan ko‘ra ko‘proq narsani biladigan bo‘ldi.
Jaloliddin SAFOYEV
tarjimasi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q