Adabiyot qachon san’atga aylanadi? Qachon u bozor dunyoning turfa nayranglari-yu o‘yinlari domiga tushib qolmaydi? Qachon adabiyot adabiyot bo‘ladi? Bu savollar bugun yoki kecha yangrab, ahli ijodni o‘yga cho‘mdirayotgani yo‘q. Olam ayvonida ilk asar paydo bo‘libdiki, ular mavjud – o‘shandan buyon tinchlik bermaydi.
Asar nega yoziladi? Kimga yoziladi? Shu savollar ham turfa bahs-munozaralarga sabab bo‘laveradi. Kimdir adabiyot xalq uchun, odamlar, shu qorako‘z el bolalari uchun yoziladi, desa, kimdir qat’iy: “Yo‘q, adabiyot adabiyot uchun!” deydi. Ya’ni, adabiy asar degani xalqning ko‘nglini olish, xalqqa yoqish uchun yozilmasligi kerak, aksincha, adabiyotning chinakam maqsadlariga, prinsiplariga xizmat qilishi lozim, deydi. Har ikki taraf ham o‘z asoslariga ega, o‘zicha haq. Biroq amalda adabiyot qaysi yo‘ldan boryapti? Nazarimda, shu savolning javobida juda ko‘p haqiqatlar, achchiq rostlar bor...
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam haqida so‘z borsa, ijodi tahlil etilsa, negadir shu savollar bilan kurashayotgan, shu savollar ijod stolida chiroqdek porlab turadigan adib ko‘z oldimga keladi. U biror asar qoralashdan oldin va yozish jarayonida, undan keyin ham shu savollarga to‘qnash kelaveradi – har bir so‘z bilan gaplashib, uning rentgen tahlilini o‘rganayotgan, boringki, to‘rt qator yozsa ham, bir qarich yozsa ham har safar igna bilan quduq qaziydigan adib ko‘z oldimga keladi. Ba’zan shoirlik yoki yozuvchilik mashaqqatini dushmaningga ham ravo ko‘rmay qolasan... Axir kimlardir sigaret qoldig‘idek duch kelgan joyga itqitayotgan so‘zni avaylab “qo‘lga olib”, undan gul yaratish oson ekanmi?
Bu yozuvchi ko‘p ham o‘zini ko‘z-ko‘z qilavermaydi, umuman, jimjimador bazmlardan, turfa festivallardan uzoq yuradi, hatto nahorgi oshga eng yaqinlari aytsa ham bormaydigan prinsipial adib... Yozganlari o‘ziga, o‘zi yozganlariga o‘xshash. Hikoyasimi, qissa yoki romanlaridami, albatta, biror joyida adibning o‘zini ham ko‘rasiz. Aynan o‘zini uchratasiz. Shunday xarakterli inson biror epizodda yarq etib ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ham Erkin A’zam ijodi mahsullarini mutolaa qilganda soxtalik, yasamalik, mujmallikni ko‘rmaysiz. Adib allakimlar kabi o‘zi ko‘rmagan, bilmagan narsalar bilan sizni ham, o‘zini ham qiynamaydi. Lekin bu Erkin A’zam ijodini silliq o‘qiysiz, bir tomchi suvdek yutib yuborasiz, degani emas. Yo‘q, “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Olam yam-yashil”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Pakananing oshiq ko‘ngli”, “Kechikayotgan odam”, “Jannat o‘zi qaydadir”, “Shovqin” kabi qissa va hikoyalardan iborat kitoblarini yoki sara publitsistik asarlari jamlangan “Ertalabki xayollar” to‘plamini o‘qish, mag‘zini chaqish uchun professional kitobxon bo‘lishingiz kerak. Agar hayotingizda ilk bora kitob o‘qigingiz kelib qolsa-yu, uni Erkin A’zam asarlarini o‘qishdan boshlamoqchi bo‘lsangiz, u fikrdan qayting. Erkin A’zamni mazza qilib o‘qish uchun havaskor kitobxonning qurbi kelavermaydi, toqati ham yetishi mushkul...
To‘garak bahona tashkil etilgan uchrashuvda ham bular haqida gap bordi. Muhimi, kecha samimiy ruhda, o‘ychan tarzda, chinakam adabiy o‘zanda o‘tdi.
– Meni yaqinda Toshkentda o‘tgan kinofestivalga aytishdi, – dedi adib do‘rillasa-da, o‘z ovozi ila. – Oldin ham shunday festival bo‘lgandi – mutasaddilar uni “Gepard” deb nomlagan. Men bir injiq odamman. Nomga e’tibor bering. O‘zing o‘zbek bo‘lsang, bir ish qilginki, u o‘zingga yarashsin. “Gepard”ga balo bormi? Bunisini “Ipak yo‘li durdonasi” deb nomlashibdi. Nima degani bu? Uning festivalga nima aloqasi bor? Albatta, qorin to‘ygandan keyin odamning o‘ynagisi keladi. O‘zini ko‘rsatgisi, bitta-yarimtani chaqirgisi keladi... Lekin kinofestivalning o‘z qonun-qoidasi, talablari bor. U pulni sochib tashlash degani emas. To‘g‘ri, qizil gilam ustidan o‘tish an’anasi bor. Kinochilar yilda bir yayrasa, hech nima qilmaydi. Xullas, men o‘sha ikkala festivalga ham bormadim. Biroq sizlar bilan uchrashgani, Nurafshon degan shaharni ko‘rgani, u yerdagi o‘zgarishlarni, mana bu Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosi va unga tutash kutubxonalarni ko‘rgani keldim.
Men tog‘lar oshyoni Boysunda tug‘ilib o‘sganman. Bolaligimiz juda bir mashaqqatlarga boy bo‘lgan. Erta tongda turib, tuproq tomli uyning tepasiga chiqib, tizzabo‘yi qorni kurab, keyin maktabga borardik-da, masalan... Bilaman, biz tengi odamlarning hammasi shunday deyishadi. Yo‘q, u davrlarning ham shirin, bugun topib bo‘lmaydigan o‘zgacha go‘zalliklari bor edi. Biz uchun telefon ham, televizor-u magnitofon ham, internet ham kitob edi. Kitob hammasining o‘rnini bosardi.
Keyin televizor paydo bo‘ldi. Dastlab shapaloqday keladigan televizorlar paydo bo‘ldi, ichiga suv solib qo‘yilardi. Bitta odamning uyida bo‘lardi u ham. Butun mahalla tomosha qilgani borardik... Bolaligimiz shunday dilgir lavhalarga to‘la. Lekin hech qachon kitobni qo‘limizdan qo‘ymaganmiz. Aslida chalg‘iy desak, boshqa qiziqroq narsa ham yo‘q edi-da.
Yana bir gap aytsam, bolaligimizda “pioner adabiyoti” degan jumla bo‘lardi. Juda hayot bejab-bo‘yalgan, hayotning jonli o‘choqlaridan ancha uzoq asarlardan iborat edi. Dastlab rus tilidan o‘zbekchaga o‘girilgan asarlar bilan tanishganmiz. Biz ularni o‘qib, hayron bo‘lardik – bu manzaralar, bunday baxtiyor odamlar qayerda ekan-a, derdik. Aniq Boysunda uchratmasdik ularni. Balki Farg‘onada shunaqadir, derdik.
Ularning ichida yaxshilari ham bor edi, albatta. Mark Tvenning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”, Pushkinning o‘sha “Kapitan qizi” kitoblari birinchi o‘qiganlarimiz. Yoki N.Gogolning “Taras Bulba”sini aytaylik... Keyin ulg‘ayib, shu “Bulba”ni yoki “Kapitan qizi”ni takror o‘qidim. Bilasizlarmi, bunaqa genial asarlar jahon adabiyotida yo‘q. Men o‘qigan eng yaxshi asarlar bular.
Bu “pioner adabiyoti”da “Vasyok Trubachev va uning o‘rtoqlari”ga o‘xshagan majburiy o‘qitiladigan asarlar ham bor edi. O‘qimasangiz, bo‘lmasdi. Bizning ko‘p vaqtimiz ana shunday bema’ni narsalarni o‘qish bilan o‘tdi. Sizlar esa bunday majburiyatlardan xolisiz. Tabriklayman. Xohlasangiz, Erkin A’zamdan ikki sahifa o‘qib, keyin kitobini bir chekkaga qo‘yib qo‘yishingiz mumkin. Bizga esa hatto yozgi ta’tilga chiqayotganimizda ham o‘sha “pioner adabiyoti” turkumidagi asarlarning ro‘yxatini yozdirib, o‘qib kelish buyurilardi.
Shunga qaramay, yaxshi asarlar ham yaratilgan. Mana, Chingiz Aytmatov boshqa davrda yashagan emas. Kolumbiyada yashagani yo‘q. Lekin u biz bilan bir muhitda, bir zaminda yashab, insonning fojiasini, davr fojiasini ko‘rsatib berdi. Inson ko‘nglining, muhabbatining tantanasini ham ko‘rsatib beroldi.
Sizlarga aytadigan gapim shu, yosh do‘stlarim, yaxshi asarlarni o‘qinglar. Yaxshi kitobning hammasini ham o‘qituvchidan so‘rayvermaysiz. O‘qib ko‘ring, tortsa, davom etasiz. Lekin bu bilan sizlarni yalqovlikka da’vat etayotganim yo‘q. Ha, endi sizlarga Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari yoqadi. Unda bolalarning quvnoq hayoti bor, bolalarcha shirin tilda yozilgan. Miriqib o‘qiysiz. Biroq katta, jiddiy adabiyot judayam sharillatib o‘qiladigan, qiziqib o‘qiladigan bir mashg‘ulot emas. Uning o‘ziga yarasha mehnati-mashaqqati bor. Davrangizda juda yosh qizlar o‘tiribdi. Ulardan ayni paytda men “Bu asarni o‘qi”, “Bunisini o‘qima”, deb talab qilolmayman. “Ulug‘bek xazinasi”, “Diyonat” romanlarini o‘qigin, deb aytolmayman ularga. Sizlar bu asarlarni tushunmasligingiz, yoqtirmasligingiz mumkin. Hatto ba’zi asarlar bois adabiyotdan bezishingiz mumkin. Shuning uchun masalahat – o‘zingiz istab kitob o‘qing, kitob o‘qing, kitob o‘qing.
Keyin birovning maslahati bilan... Albatta, ota-ona yoki ustozlar “Yomon bo‘l”, demaydi. Siz o‘zingizni kavlab ko‘ring. Axir birovning fikri bilan, birovga yoqish uchun, birovning e’tiborini tortish uchun kitob o‘qigan odam ertaga ijodkor bo‘lsa, xuddi shunday vajlar uchun asar yozadigan bo‘ladi. Oxir-oqibatda bunday qalamkashning yuzi bo‘lmaydi. Ijodiy qiyofasi bo‘lmaydi. Bizga bu kabi shoir-yozuvchilar kerakmas.
Albatta, ustozning gapini, ota-onaning gaplarini olish kerak, quloq solish lozim. Lekin mustaqil fikringizga ham ega bo‘ling. Bunga kitob o‘qish orqali erishasiz.
***
Men o‘quvchilik yillarimda bir qissa yozganman, sizlarga aytsam. Bir paytlar Parda Tursun degan yozuvchi bo‘lgan. Uning “O‘qituvchi” nomli asari bo‘lardi. Bilmayman, ayni paytda nima sabablarga ko‘ra bu asar adabiyot kitoblariga kiritilmayapti. Biroq unda ayrim sotsializm unsurlarini aytmasa, real hayot nafaslari bor edi. Sanoqli yaxshi romanlarimizdan bittasi shu edi.
Men uni 4-sinfligimda o‘qigan ekanman. Undan ta’sirlanib yozganman o‘sha qissamni. Boblarga bo‘lib, ularga sarlavha qo‘yib chiqqanman. 7-sinfda o‘qirdim o‘shanda. U paytlar qissa degan so‘z yo‘q, “povest” deb ataganman. Rahmatli otam ko‘rib: “Nima povest? Sen yozdingmi buni?” deya ishonmagandi. Esimdan chiqmaydi. O‘sha paytlar biz tomonlarga, o‘zi ham Boysunning farzandi, Shukur Xolmirzayev borib qoldi. Men o‘zimning asarimni unga ko‘rsatgani ko‘tarib borganman. O‘qi, dedi. Bir daftarni to‘latib borganman. Qissa bilan qisman tanisharkan, “O‘qituvchi”ni o‘qiganmisan, dedi. Men kam emas, ko‘p emas, boy va uning qo‘lidagi yetim bola haqida yozgan ekanman-da... “O‘qituvchi”da ham shunday. Yetim bola oxiri boyning uyidan qochib ketadi. Qizig‘i, men boyni ham ko‘rmaganman, yetimni ham. O‘ylaganmanki, adabiyot shunday bo‘lishi kerak. Kitob boshqacha yoziladi, hayot esa boshqacha bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Shukur aka menga bitta gap aytdi o‘shanda: “O‘zing yaxshi bilgan, yaxshi ko‘rgan narsalar haqida yoz”.
Ha endi, 7-sinf bolasi o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida turib, qanday qilib, yigirmanchi yillarning manzarasini chiza olsin? Keyin ulg‘ayib, ma’lum tajriba va mahoratga ega bo‘lgandan keyin hatto antik davrga oid roman yaratish mumkindir. Ulug‘bek yoki Amir Temur haqida asarlar bitsa bo‘ladi...
Albatta, adabiyotning qaysidir so‘qmoqlaridan o‘tasiz. Avval bu so‘qmoqlardan boshqalar o‘tgan bo‘ladi. Ulardan ta’sirlanasiz, taqlid ham qilasiz. Chunki tug‘iliboq, maktab o‘quvchisi birdan favqulodda narsa yozib qo‘yishi qiyin. Hech kimnikiga o‘xshamagan narsani qanday yozadi, qayerdan oladi. Hali ko‘nikma yo‘q, dunyoqarash to‘la shakllanmagan, prinsiplar sochilib yotibdi. Muhimi, qo‘rqmaslik kerak. Dastlab yaxshi asarlarni o‘qish kerak. Keyin ulardan ta’sirlansangiz, hatto taqlid qilsangiz ham mayli. Sekin-sekin ijodkor o‘zini topib oladi.
Men yana takrorlayman, bu to‘garakda o‘tirgan o‘g‘il-qizlarimizning hammasi ham albatta shoir yoki yozuvchi bo‘lib yetishmasa kerak. Lekin ularning orasidan yomon odam chiqmaydi. Chunki ular she’r o‘qiyapti, she’r yozishga harakat qilyapti.
***
Biz o‘qigan yili tasodifiy kurs bo‘lgan ekan. Bizgacha Toshkent davlat universitetida jurnalistika fakulteti bo‘lmagan. Balki filologiyaning bir bo‘limi bor edi. O‘sha biz talaba bo‘lgan yili avval 40 abituriyentga buyruq chiqqan. Keyin kursdan qolgan, armiyadan qaytgan va boshqalar jamlanib, katta fakultetga aylanganmiz. Qarang, Tog‘ay Murod ham, Halima Xudoyberdiyeva ham biz bilan o‘qigan. Xuddi kimdir saralab olgandek terma – yig‘ilgan kurs bo‘lgan ekanmiz-da. Bizdan keyingilar sal bo‘shashdi...
Umuman, shunday davrlar bo‘larkanki, shoir-u yozuvchilar avlodi gurillab kirib keladi. Ular qandaydir muddatda hamma yoqni adabiyot nafasiga burkab, juda baquvvat asarlar yozib tashlaydi. Adabiyotni yangilab tashlaydi. Shov-shuv bo‘lib ketadi. Yana shunday davrlar bo‘ladiki, o‘n, yigirma yil o‘taveradi, biroq bittayam shoir chiqmaydi, yozuvchi kashf bo‘lmaydi. Vaholanki, o‘shanda ham she’rlar, hikoyalar yozilaveradi. Ammo ular yo‘l-yo‘lakay yozilgandek, yo‘qdan ko‘ra bordek bo‘lib ko‘rinaveradi.
Bilasizmi, Nurafshonda shoir va yozuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar beqiyos va ayni paytda g‘animat. Ulardan unumli foydalanish kerak. Yozuvchi-shoirlar qismatiga bitilgan avvalgi xatolar takrorlanmasligi uchun ham bugun bu muazzam binolarni mahkam tutish kerak... Aytmoqchi bo‘lganim, Sizlardagi bugungi imkoniyatlar, sharoitlar uncha-muncha joyda topilmaydi. Sizlar uning qadriga yeting. Telefon degan, internet degan balodan qoching. Yoshman, hali hammasiga ulguraman, deb xomtama bo‘lmang. Umringiz shu baloga tikilib, bir zumda o‘tadi-ketadi. Bir pasda yetmishga chiqib qolasiz.
Ilgari biror joyga she’r yoki prozami ko‘tarib borsangiz, saralashdan o‘tardi. Keyin muharrir degan erinmagan odam bo‘lardi. Uni tuzatib chiqardi, tilini, tabiatini tartibga solib chiqardi. Shu narsa bo‘shashib ketdi. Chunki nashriyot ko‘payib ketdi. “Oynasi bor kishining bari Iskandar emas, Chehrasi kulgan go‘zalning barchasi dilbar emas”, deydi-ku Navoiy bobo. Kitob magazinlariga kirsangiz, u yerda turganlarning hammasi kitobga o‘xshaydi – chiroyli, nomlari undan-da yaxshi, ichidagi annotatsiyani o‘qib, yanada mahliyo bo‘lasiz, mualliflarining ism-sharifi-ku, kamida daho. Lekin ularda mohiyat yo‘q, iztirob yo‘q, haqiqat yo‘q. So‘z san’ati yo‘q, bir gapni eplab aytolmaydi.
So‘z san’ati nima degani? Muayyan voqelikni chiroyli shaklda, go‘zal so‘zlar bilan ta’sirchan qilib ifodalash degani. Yosh qalamkashlarimiz albatta, mana shu jihatlarga e’tiborli bo‘lmog‘i lozim.
***
Yozuvchining ijodiy parvozi prototiplarning darajasiga ham bog‘liq. Lekin bugun prototip degan tushuncha o‘z mohiyatini yangilayapti. Ya’ni bizga bir paytlar tipiklashtirish haqida uqtirishardi. Bu “har bog‘dan bir gul terish”, degani sodda aytganda. Yana ham oddiy tushuntirsak, akamning do‘ppilarini, bu kishining ko‘ylagini, mening shimimni va sizning bo‘yinbog‘ingizni olib, birlashtirish, ya’ni bitta odamga kiygazishga tipiklashtirish – umumlashtirish deymiz.
Bu ham shartli gap ekan, bugungi tendensiyalarga nazar solsak. Dunyo ochilib ketdi-da, adabiyot ochildi. Aslida bitta odamning hayotidan kichik lavhani yoki o‘sha odamning ko‘nglini ochib berolsangiz, ko‘rsata olsangiz, shu ham katta gap ekan. Tipiklashtirishga hojat yo‘q ekan. Men shuni anglaguncha yozganlarimni tipiklashtirish yo‘lida yozganman. Prototiplarimning qayeridir bir odamga, qayeridir boshqasiga o‘xshashining boisi shunda. Konkret bir odamni olib, aynan o‘shanga xos bo‘lgan jihatlarnigina qahramonlarimga tirkamaganman.
Boshqa tomondan, men kul sepishga usta bo‘lib ketganman. Bir asarda qahramonim “Adabiyot nadur?” degan maqola yozadi, hamma uni Cho‘lpon deb o‘ylaydi. Ammo u mutlaqo Cho‘lpon bo‘lmasligi ham mumkin. Usmon Nosirni yodga soladigan joylari ham bor, hatto uning tilidan she’r aytiladi, biroq u ham aynan Usmon Nosir emas!
Bir-ikkita hikoyam chiqqanida yoshlik chog‘larimiz, izimdan xat kelgan redaksiyaga. Ular rahbarlarimizga iddao qilib: “Buni haydang, u bizning mahallamizni yozgan!”, deyishgan. Masala viloyat rahbarlarigacha yetib borgan. Butun mahalla bosh ko‘tarib kelgan. Ustozimiz Asqad Muxtorga mendan astoydil shikoyat qilib kelishgan “Mahallamizni yomonlabdi”, deb. Vaholanki, men sira yomonlagan emasman. Keyin ko‘zim ochilib, bildimki, bunday janjalning hech keragi yo‘q. Yoki mana “Javob” degan bir narsam bor. Unda “professor Qoriyev” degan qahramonim bor. Umrimda ko‘rgan emasman. Qarangki, haqiqatan ham shunday unvoni va familiyasi bor rektor bo‘lgan ekan. Bor ekan.
Bir kuni Asqad aka kasal bo‘lib qoldi. Uyiga ko‘rgani borsam, ayoli birdan “Seni qamashmadimi?” deb qoldi. Hayron bo‘ldim. Ustimdan ustozga galdagi shikoyat xati kelgan ekan. Hatto, nazarimda, sudga chaqiruv qog‘ozi ham yuborilgan, biroq Asqad Muxtor hammasini o‘zi bosdi-bosdi qilgan, bildirmagan. Men janjallardan bezorman. Salbiy prototipning ortida, albatta, biror ishkal turadi-da...
1994-yili “Shoirning to‘yi” nomli qissa yozilgan. Bu asarning qo‘lyozmasini o‘qigan ehtiyotkorroq bir do‘stim “O‘zini bilgan-bilmagan birortasi g‘alva qo‘zg‘ab yurmasmikan?” degandek ishtiboh bildirgan edi. Shu gap sababmi, qo‘lyozmani talay yil tashlab qo‘ydim. Bir kitobimni nashrga tayyorlayotganimda, ittifoqo, ish stolim g‘aladonidan o‘zi chiqib qoldi. O‘qib ko‘rdim, nazarimda – “to‘yga borgudek”. Albatta, asardagi voqealar osmondan olib yozilmagan, ul-bul turtki bo‘lgan. Albatta, o‘sha davr adabiyotiga xos jangariroq bir ruh bor unda. Lekin badiiy asar kimnidir ranjitish yoki fosh etish maqsadida yozilmasligi ma’lum. Shunday deb o‘ylagan odam esa – yo adabiyotdan yiroq, yo… o‘zidan ko‘rsin. Qolaversa, yaqinda bu qo‘lyozma bilan tanishgan yana bir do‘stimning gapi menga nash’a qildi ham dalda bo‘ldi. “Nega shu choqqacha chiqarmay yuribsiz? – dedi u. – Badiiy asar-ku bu!”
Lekin bu qissa yozilayotgan paytlarda undagi prototiplar deymizmi, xullas, zukko o‘quvchilar taxmin qiladigan oqsoqol shoir va yozuvchilarning ko‘pi tirik edi. Meni ular ikkilanmay sudga berishlari muqarrar edi. Shuning uchun men prototiplar bilan ishlashning boshqa yo‘llarini o‘rgandim. Kuni kecha “Jahon adabiyoti” jurnalida yangi qissam chop etildi. Uni o‘qiyotganlarning hammasi hayron: “Endi taniy deb tursak, boshqa odam bo‘lib chiqadi!”, deyishyapti. Men bu prototip borasida boshim toshlarga urilaverib, usta bo‘lib ketdim, shunchalik o‘quvchini chalg‘itib tashlaymanki, qahramonimning hayotdagi ekvivalentini izlamay qo‘ya qoladi. Aslida professional yozuvchi so‘rab o‘tirmaydi, asardagi obrazlarning libosi qanday matolardan to‘qilishini u yaxshi biladi.
Afsuski, avvalgi adabiyot rahnamolari yozuvchi-shoirlardan yolg‘onchilikni, riyokorlikni talab qilgan. Ijodkorlarning aksariyati shu qolipda shakllangan. Bugun esa, o‘sha davrlarning xatosini takrorlamasligimiz kerak. Shuning uchun ham bu qissalar yozilgan, yozilayapti.
***
Yoshlar masalasi... Bugungi yosh qalamkashlarning ijodini kuzataman. Yoshlardan ko‘pini taniyman ham. Asosan qo‘limga tushgan yosh adiblarning asarlarini deymizmi, kitobini o‘qiyman. Juda shovqin-suron ko‘tarayotganlarini “Nima ekan?” deb kuzataman. Jontemir Jondor degan bolani o‘qiyman. Jurnalimizni kuzatayotgan bo‘lsangiz, shu bolani bera boshladim. Chunki uni ko‘rgan odam yoqtirmaydi, sochi, soqoli – ko‘rinishi yoqimsizdek, lekin shu bolada shoirqalb bor, otashqalblik bor. Shu yigitning atrofidagi bolalarni taniyman, ijodini baholi qudrat kuzatib boraman. “Tafakkur” – bu keksalarning jurnali, Jontemirlar esa butun jon-jahdi bilan kurashga kirgan bola. Shu nuqtai nazardan uning she’rlarini, fiqralarini berdik.
Bu yigitlar ijodida dunyoning nosozligini ichki dard bilan, tajribasizlarcha, lekin samimiyat bilan qabul qilib, unga qarshi kurashning motivini ko‘raman. Yana Kumush O‘sarova degan qiz bor ekan. Uning “O‘zAS”da bir kichkinagina hikoyasini o‘qib qoldim. Ey, ko‘plab katta-katta “Men yozuvchiman”, deb yurganlardan yaxshiroq yozibdi. Ularning ko‘pi yasama gaplarni yozsa, Kumush bir qishloqdagi oilaning bir kunlik hayotini ortiqcha bezaklar, zo‘riqishlarsiz, shundoq kesib olgan. Men u qizni tanimayman. Mana shunday kuzataman yoshlarni. Ammo izchil, batafsil ko‘rib bormayman. Bu mening katta armonim. Bilasizmi, uyimdagi – ijodxonamdagi kitoblarimning yarmini ham o‘qib bo‘lganim yo‘q. Bo‘lmasa, kitob o‘qishdan boshqa ishim yo‘q – ketmon chopmayman, beda o‘rmayman. Kitob o‘qib yotaman, kitob yozaman. Shu.
Lekin jurnalda yoshlarning urinishlarini berdik. Ehtimol uni katta shoirlarimiz o‘qib, ensalari qotishi mumkin: “Bu nima, shuyam modern bo‘ldimi?”, deb. Ha, endi, yoshlarimizni ham beraylik, odamlar ko‘rsin, bilsin, tanisin. Olti-yettitasini berdik. Ularning ichida o‘sha Kumush Abdusalomova, Madina Norchaeva, Tillaniso deganiyam bor. Masalan, Tillaniso qizimizning yozganlarini hech tushunolmadim. Biroq ularning paypaslab-paypaslab, bir kuni o‘z yo‘lini topib ketishiga ishongim keladi.
***
Erkalik... Mening erkaliklarim haqida o‘zimdan ko‘ra, do‘stlarim yaxshi bilsa kerak. Qolaversa, qaysi odam o‘zining erkaliklarini aytib o‘tiradi. Nazarimda, ijod olamida erkalikni ko‘proq shoirlar qiladi. Bizning “Tafakkur”da bir Nasrullo Ergash degan yigit ishlaydi. Uning xonasiga kirayotib aytaman: “Shuhrat va she’riyat qondosh-egizak”. Chunki u manovi telefonda har kuni she’r yozadi va ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi. Keyin u postning tagidan she’rxon qizlar, muxlislari “Ofarin”, “Uxlay olmadik she’ringizni o‘qib...”, “Buncha go‘zal...” degan izohlarni qoldirishadi. Men aytaman: “Shoir, jimgina yursang bo‘lmaydimi? Xo‘p, xotining bor, uylantirdik. Oldin yozarding, yoshlik – sho‘xlik, derdik. Bir qizing ham bor. Jim yur-da, endi”... Ana shunday, erkalik shoirlarga yarashaveradi. Men – yetmishga kirgan yozuvchiga erkalikni kim qo‘yibdi.
Ha, uyimda erkaman. Axir odam bir joyda erka bo‘lishi ham kerak-ku. Kennoyingiz uyda juda siylaydi. Unga birta erka, menga esa bir suyanadigan mehribon qo‘l lozim, deyman.
***
Ish, ijod tartibi... Oldin juda intizom, tartib zo‘r edi. Hozir betartib bo‘lib qolganman. Yosh o‘tgandan keyin odam sal erinchoq, dangasa bo‘larkan. Avval ishdan kelib ham tinmasdim – ijod stolimga o‘tirib, soat kechki birgacha yozardim. Vaholanki, kun bo‘yi ijod bilan kurash kechgan, do‘stlar bilan bahslar, idoraning ishi! Biz hech qachon ishga vaqtida, ya’ni sahar borgan emasmiz. Albatta, soat 11 da borardik. Shunday joylarda ishlaganman: “Guliston”da ham, “Yoshlik”da ham holat shu edi. Nega? Chunki rahbarlarimiz ham shoir-u yozuvchilar edi-da. Ular ham ishga vaqtida kelmasdi.
Bugun esa saharxezman. Tongda, to‘rtda uyg‘onib olaman – u yog‘iga qani uyqu kelsa. Shunga qaramay, erta turib, oshga borish odatim yo‘q. Hozir ancha erkinman. Bu keksalikning shart-sharoiti bo‘lsa kerak: istalgan paytimda yotaman, istalgan paytimda turaman. Yozuv-chizuv ham shunday – ko‘ngil tusasa, qo‘limga qalam olaman. Qolaversa, bizga hech kim bola boq, demaydi, ular katta bo‘lib, o‘zlari bolalik bo‘lishgan. Ayolimiz ikkimiz bir-birimizga suyanib yashayapmiz.
***
“Tafakkur” jurnalidagi “Muharrir minbari”... Bu ko‘pchilikka manzur va ma’qul bo‘lgani qatori kimlargadir yoqmadi. Bir tomondan, keksayib qolyapmiz. Shunday deb qo‘ya qolay-da. To‘g‘risini aytsam, baloga qolaman. Bu fiqralarni to‘xtatganimga bir o‘n yilcha bo‘ldi, adashmasam. Lekin hamma keyingi paytlarda “Muharrir minbari”ni tashlab qo‘ydingiz deyishadi. Unga ancha bo‘lgan. Qayerga borsangiz, “Tafakkur” haqida gap borsa, oldin yozardingiz, endi jimsiz, degan gap, albatta, bir yangraydi. Men shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi, deb mavzuni yopib qo‘ya qolaman. Bugun fikrlarimni jurnaldagi boshqa materiallarga, mualliflarning maqolalariga singdiryapman. Nima farqi bor – fikr aytilsa bo‘ldi-da! Ularni, albatta, men aytishim shartmi?!
***
G‘oyibona ustozim... Aniq aytsam, Asqad akani yaxshi inson sifatida yaxshi ko‘rardim. U kishining qo‘lida ishlaganman, dedim. Bilmasam, men el qatori o‘qib-o‘rganganman. Endi meni ko‘pincha Abdulla Qahhor bilan solishtirishadi... Abdulla akani ko‘rganman, uylariga ham borganman. Mening tengdoshlarimdan boshqa birortasiga bu nasib qilmagan, boisi o‘shanda men 17 yoshga ham to‘lmagandim.
Keling, shuni aytib beray. Biz oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirib, imtihondan ham o‘tdik. Dadaxon Nuriy degan yozuvchimiz bor edi. Shu kishi “Guliston”da hamshahrim Shukur Xolmirzayev bilan birga ishlardi. Biz Usmon Azim ikkimiz redaksiyaga ko‘p borib yurganimiz uchunmi, Dadaxon aka “Bular zo‘r yigitlar”, deb aytgan ekan. Yosh bo‘lsak-da, aka bizga “Begona” degan qissasini bergan o‘qishga. Keyin buni Xadradagi uyimga borib, bir muhokama qilamiz, dedi. Biz Usmon ikkimiz asarni o‘qib, Dadaxon Nuriyni rosa tanqid qilganmiz. To‘g‘ri, maqtagan joylarimiz ham bo‘lgan. Keyin bir kuni shu odam aytyapti: “Sizlarni Abdulla Qahhor chaqiryapti”. Hayronmiz: “Bizni mutlaqo tanimasa, qanday qilib chaqiradi?”. Aka ham: “Yo‘q, shu yoshlar bir kelib ketsin”, deyapti, dedi. Usmon, men va Muhammad Rahmon uchchovimiz bordik ustozning uyiga. Ikki soatcha suhbatlashganmiz. O‘shanda u kishi 60 yoshlarda ekan-u, biroq bizga saksonga borgan juda qari choldek ko‘ringan. Keyin bilsam, ustozda qand kasali bo‘lgan ekan. Ochig‘i, biz o‘sha kezlar o‘spirinligimizga borib, o‘zbek adabiyotining eng zabardast, kurashchan vakilining uyiga borganimizni, suhbatlashganimizni chuqur his qilmaganmiz. Ustoz esa xuddi tengdoshlari bilan gaplashgandek gurung bergan. Keyinchalik ham Kibriyo opa menga “Abdulla aka ustozingiz”, deb aytgan. Ehtimol, g‘oyibona ustozim deb Abdulla Qahhorni aytsam bo‘lar... Yana Anton Chexovni unutib bo‘lmaydi. Uning qisqa umri davomida qilgan ulug‘vor ishlariga, ijodiga havas qilmay iloj yo‘q.
***
Shogirdlar... Men kimlarningdir nomlarini aytsam-u, keyin ular “Mening bunday ustozim yo‘q”, desa xijolatda qolaman. Qolaversa, bir paytlar yaqin ko‘rib, bag‘rimga bosib yurgan ukalarim bor edi. Uyimning to‘ri ham ularniki edi, qayerga borsam, shularni shogird demay, ukalarim derdim. Keyin pushaymon qildim. Nazarimda, bu mavzuda bundan ortiq va bundan to‘liqroq javob berib bo‘lmas...
Yo‘l-yo‘lakay qanchasining yozganlarini o‘qiymiz, fikrimizni aytamiz, kitobi chop etilishiga yoki asari biror jurnalda chiqishiga ko‘maklashamiz. Boshqa tahririyatlarga tavsiya etayotganda “Bizning maktabdan chiqqan”, deb qo‘yamiz. Bunda “Tafakkur” jurnali maktabini nazarda tutamiz. Lekin “sen mening shogirdimsan”, demaymiz. Yozuvchi degani sipo bo‘ladi. Buni Asqad akadan o‘rganganmiz. Baxtimizga shogirdlar omon bo‘lishsin.
Suhbatni
Zohidjon OLOV
oqqa ko‘chirdi.
“Adabiyot ziyosi” gazetasi, 2022-yil 37-38-sonlar.
“Bugungi imkoniyatlarni qadrlang” suhbati.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q