Tibbiyotni tanlab, ijodini sahnada davom ettirganlar, pedagogika yoʻnalishini tamomlab, jurnalist boʻlganlar faqat kino yoki asarlarda emas, hayotda, bizning atrofimizda ham koʻplab topiladi. “Oyina.uz” nashri “Tanlov va taqdir” loyihasi doirasida boshqa yoʻnalishni rejalashtirgan-u umuman boshqa sohada faoliyat koʻrsatayotganlar bilan suhbat qilib, ularning tanlovi va taqdiri qanday oʻzgarib ketgani haqida soʻz yuritadi. Bugungi qahramon — Rahmonjon Asirdinov poytaxtimiz aholisi bilan huquqlari teng boʻlmagani tufayli, bugun Polshadagi yirik kompaniyalardan birida mutaxassisligi boʻlmagan sohada faoliyat yuritmoqda.
1993-yil Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida tugʻilganman. Taʼlimning bakalavr bosqichini 2014-2018-yillarda “Singapur menejmentni rivojlantirish” institutining Toshkentdagi filialini “Accounting and Finance” (Buxgalteriya va moliya ishi) fakultetida oʻqiganman.
Xalqaro taʼlimda oʻqib, mahalliy kompaniyalarda ham ish topolmaganman
2018-yilda “IMZO” rom ishlab chiqarish zavodining Ishlab chiqarishni rejalashtirish boʻlimida ish boshladim. Chunki tamomlagan yoʻnalishim “Buxgalteriya va moliya”da, soha “bozori”da oʻzimga ish topolmaganman.
Holbuki, 2017-yil, toʻrtinchi kursligimdayoq ish qidira boshlagandim. Ammo, afsuski, u vaqtlarda viloyatdan kelgan talabalar uchun “propiska” olish imkonsiz edi. Bank yoki xalqaro moliyaviy tashkilotlarga ish qidirib borganingizda, birinchi soʻraladigan narsa — “Propiska” boʻlgan. Javobingiz “Yoʻq” boʻlsa, soha boʻyicha bilimlaringiz haqida soʻrab ham oʻtirilmasdi.
Propiskasi borlar oʻz yoʻnalishida ishlab yurganida, men ofitsiantlik qilardim
Bir davlatning fuqarosi boʻla turib, soliqlarni, toshkentliklar toʻlagan kontraktni bir xil toʻlab ham, bank yoki moliya sohalariga ishga kirolmaganim juda alam qilgan. Hatto, bankda ishlash xohishim ustunlik qilganidan, “Toshkentda propiskadan oʻtganman” deya yolgʻon gapirib, “Davr bank”da bir oy ishlaganman. Sohadagi ish jarayoni va muhit qandayligini bilishga boʻlgan qiziqishim balandligi uchun shunday yoʻl tutganman. U paytda fanga, oʻzim oʻqigan sohaga mehrim juda yuqori edi-da. Ammo baribir ishchilarni rasmiylashtirish, buyruq chiqarish uchun xujjatlarni olib kelishimiz soʻralganida, propiskam yoʻqligini bilgan bankning bosh yuristi u boʻlmasa, iloji yoʻqligini aytib, xonadan chiqarib yuborgan.
Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan kursdoshlarimiz esa “General Motors”da, nufuzli banklarda, katta supermarketlar tarmogʻida yoki xalqaro tashkilotlarda faoliyatini boshlagan. Men esa bu vaqtda “Torento” restoranida ofitsiantlik qilganman...
Oʻqishni tamomlashimga yaqin, 2018-yil boshida “IMZO”ga ishga taklif qilishgan. Suhbatda birinchi aytgan gapim – propiskam yoʻqligini, agar usiz ishga olish mumkin boʻlmasa, suhbatni davom ettirish mantiqsiz ekanini aytganman. Unga javoban, Moliya boʻlimining rahbari “Bizga propiska muhim emas. Asosiysi, bilim”, degan. Men ilk bor eshitgan mantiqli javob va berilgan ilk imkoniyat edi bu! Biroq, yoʻnalishimga mos boʻlimlarda ish boʻlmagani uchun yangi ochilgan “Ishlab chiqarishni rejalashtirish” boʻlimiga ishga qabul qilishgan.
Polshada ishga olish tartibi
“IMZO“dan keyin “Avtoprom”da 9 oy ishladim. Soʻng magistraturada oʻqish uchun Polshaga keldim. Joylashgach, ish qidirib hech qayerga bormadim. Shunchaki, LinkedIn – ish boʻyicha aloqalar oʻrnatishda yordam beruvchi tarmoqqa oʻzim haqimdagi maʼlumotlarni joylab, Polshadagi ish oʻrinlariga qiziqish bildirganman. Dekabr oyida Polshaga borgan boʻlsam, pandemiya sabab biroz kechikish bilan, mayda UNILEVERʼda aynan ishlab chiqarishni rejalashtirish ish oʻrni boʻyicha suhbatga taklif qilindim.
Avvaliga, kompaniyaning HR boʻlimidan qoʻngʻiroq qilib, Polshaga qanday kelib qolganim, qayerda oʻqishim, qaysi kunlari boʻsh boʻlishim kabi umumiy maʼlumotlar boʻyicha suhbat qilishdi. Keyinroq men bilan suhbatlashgan xodim, ish jarayonidagi toʻgʻridan-toʻgʻri menejerga “rezyume”ni yetkazadi. “Rezyume” maʼqullangach, aniq sana belgilanib, yuzma-yuz intervyuga taklif qilindim.
Bu yerda telefon orqali boʻlgan suhbat 15-20 daqiqa davom etsa, menejer bilan intervyu oʻrtacha 1 soatcha boʻlishi mumkin. Bunda avval nima ish qilganingiz va nima qila olishingiz haqidagi savollarga javob berishingiz zarur boʻladi. Bundan tashqari, yana uchta asosiy savollar beriladi:
Tajribangiz, Excel (va boshqa dasturlar)da ishlay olishingiz (avvalgi ish joyimda SAP dasturida ishlaganman. Bu taqqoslash uchun, taksichi izlayotgan kompaniyaga 10 yillik tajribam bor haydovchiman, deyishdek gap);
Ish jarayonida duch kelgan muammolaringiz va ularga oʻzingiz mustaqil bergan yechimingiz;
Jamoa bilan ishlash qobiliyatingiz (Masalan, ularga aqlli, biroq toksik, agressiv, yordam berolmaydigan va soʻrolmaydigan mutaxassislar kerak emas).
Xorij kompaniyalarida odatda, siz qayerda, qaysi fakultetda oʻqiganingizning ahamiyati yoʻq. Hali hech qayerda ishga kirish uchun diplomimni ham koʻrsatmadim. Hammasini intervyu hal qiladi. Soʻralgan savollarga ogʻzaki javobingiz yetarli. Uni koʻrsatib, isbotlab berishingiz shart emas.
Bu yerda ish jarayoni butunlay avtonom. Yaʼni, menejerlar savolingiz boʻlsa javob beradi, biroq, tepangizga kelib “Uni bunday, buni unday qil” deb oʻrgatmaydi, ishingizga aralashmaydi. Har bir mutaxassis oʻz ishini oʻzi qilishi, muammolarga mustaqil yechim topa olishi muhim sanaladi. Aytishim kerakki, Polshadagi ilk ishimda “IMZO” kompaniyasida orttirgan tajribalarim asqatdi. Xorij kompaniyalarida tajriba muhim ahamiyat kasb etarkan.
Bu yerda ishlab chiqarish nisbatan kengroq qamrovli boʻlim boʻlib, unda ishlab chiqarish boshlanishidan to oxirgi sikl, yaʼni soʻnggi nuqtasigacha rejalashtirish masʼuliyati mening vazifam sanaladi. Bu zavodlardagi har bir mahsulotni ishlab chiqarib, uni savdo nuqtalariga yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga oladi.
Sohamni oʻzgartirishimga sabab boʻlgan uch omildan minnatdorman
Shunday qilib, birinchidan oʻsha vaqtdagi ahmoqona siyosat, ikkinchidan, Toshkentda hech kim ish bermagani, uchinchidan, “IMZO” kompaniyasi yoʻnalishimda boʻlmasada, boshqa boʻlimga ishga olib, imkon bergani uchun shu sohaga kirib kelganman. Bugun shu uch omildan minnatdor boʻlaman.
Mana, oradan 4 yildan koʻproq muddat oʻtib ham, haligacha ishlab chiqarish sohasidaman. Hozir shu yoʻnalishda Polshada, “UNILEVER” kompaniyasida faoliyat yurityapman. UNILEVER Britaniya kompaniyasi boʻlib, oziq-ovqat mahsulotlari hamda maishiy kimyo tovarlari bozorida dunyoning yetakchilardan sanaladi.
Fevraldan boshlab, Germaniyaning kosmetika va parfyumeriya dunyo bozorida yetakchi kompaniyalardan biri – 150 dan ortiq mamlakatda faoliyat koʻrsatuvchi “Wella” kompaniyasida ish boshlayman.
Polshada mehnat qonunchiligi
Polshada 10 yillik ish tajribasi borlarga 26 kun, undan kamroq boʻlsa 20 kunlik mehnat taʼtili beriladi. Oʻqigan yillar ikki yildan hisoblanadi. Meni 4 yil oʻqiganim va 3 yil ishlaganim 26 kunlik ish haqi toʻlanadigan mehnat taʼtilini olish huquqini beradi.
Ishchiga necha kunlik dam berilishini aniqlash uchun ishxonadan sertifikat soʻraladi (work certificate deyiladi). Ularni Oʻzbekistondagi avval ishlagan ikki ishxonamdan olib berdim va tegishli taʼtilni oldim.
Sohamni oʻzgartirganimdan afsuslanmayman. Ortga qaytishga esa allaqachon kech
Bu yil 30 yoshga toʻlaman. Sohamni oʻzgartirish haqida oʻylamayapman. Faoliyat yuritayotgan sohamda “Senior” (yetakchi) darajasiga kelganman. Bunga esa aytganimday, 5 yilga yaqin muddat sarflandi. Karyera inersiya orqali, vaqt oʻtgani sari koʻtarilishda davom etyapti. Agar oʻzimni sohamga qaytadigan boʻlsam, barchasini noldan boshlashga toʻgʻri keladi. Bunga esa allaqachon kech boʻldi, menimcha. Shuning uchun, buni rejalarimga kiritmaganman. Bu sohaga oʻtganimdan ham afsuslanmayman, chunki, buxgalteriya va moliyada juda koʻp mayda detalli yozuvlar, bayonotlar, umuman, sabr talab etadigan ishlar koʻp. Ishlab chiqarishda esa har kuni yangi muammo va ularga yechim topish, yangi toʻsiqlarni bosib oʻtish, qandaydir degradatsiyadan asrab qolish kabi vazifalar, ishga boʻlgan qiziqishni soʻndirmaydi. Zerikarli boʻlmagan topshiriqlar, har kuni bir-birini takrorlamas vazifalarni bajarish, yaxshi energiya bilan ish boshlash — bu sohani yaxshi koʻrib, unda davom etishimda asosiy omillardan biri boʻlib qolgan.
Bugunimdan toʻliq minnatdorman. Biroq, oʻylashimcha, yuqoridagi kabi sistematik kamsitishlar — davlatga nisbatan nafrat uygʻotadi odamlarda. Bugun “propiska” masalalari tugatilgan boʻlishiga qaramay, hali ham davlatga, unda oʻz ertamizni koʻrishga boʻlgan ishonchsizlik darajasi yuqori. Chunki bunday nohaqliklar hali ham boshqacharoq koʻrinishlarda davom etmoqda.
Muqaddas MUSAYEVA,
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q