Dolg‘ada qolgan kema yoxud burch haqida mushohada


Saqlash
10:09 / 22.09.2021 1060 0

Ushbu maqolaning yozilishiga ijtimoiy tarmoqdagi bir post turtki bo‘ldi: emishki, Shveytsariya davlatining hukumati atigi 7 vazirdan iborat; hukumatning ikki a’zosi bir yil davomida mamlakat prezidenti va vitse-prezidenti vazifasini ado etadi.

Bu ma’lumot ko‘pchilikda hayrat-u havas uyg‘otdi: shu qadar ixcham, o‘ta kamxarj hukumat bilan ham davlatni boshqarib bo‘lar ekan-da?!

Bizningcha, bu o‘rinda havas qilish kerak bo‘lgan muhim omil – burchga sadoqatdir.

Ijtimoiy tarmoqda mavzumizga daxldor bir suratga ko‘zim tushdi: olti qatorli yo‘lning bir yo‘nalishida avariya sodir bo‘lib harakat vaqtincha to‘xtab qolgan. Chapga buriladigan avtomobillar chap qatorda, to‘g‘ri ketadigan va o‘ngga buriladiganlari – o‘ng qatorda tizilib turibdi, o‘rta qator esa tez yordam mashinalari uchun bo‘sh qoldirilgan. Hech kim navbatning oldirog‘iga suqilayotgani yo‘q! Biror kishi “qachongacha kutamiz?” deya signal chalayotgani ham sezilmaydi! Ajablanarlimi? Aslo! Ko‘chada intizomga rioya qilib yo‘l bo‘shashini sabr-toqat bilan kutayotgan haydovchilar aslida o‘zining jo‘ngina burchini ado etmoqdalar, xolos.

Xo‘sh, bunday holatni o‘zimizning yo‘llarda hech kuzatganmisiz?..

Achchiq, ammo Arximed qonuniday kuchga ega haqiqat shuki, har bir xalqning hukumati shu xalqning o‘ziga munosib bo‘ladi. Shveytsariya ko‘chalarida birorta yo‘l nozirini ko‘rmaysiz – ularga hojat yo‘q. Xo‘sh, agar bizning ko‘chalarda yo‘l noziri umuman bo‘lmasa, qanday hol kuzatilar edi? Har bir chorrahada qiyomat to‘s-to‘polon ro‘y bersa kerak!..

 

* * *

Burch aslida nomiki tirik mavjudotga xos deyilsa, xato bo‘lmaydi. Oynayijahon orqali ko‘p bora ko‘rsatiladigan lavhani eslaylik: qush o‘z polaponlarini himoya qilishiga to‘g‘ri kelganda, bir necha barobar katta va kuchli yirtqich bilan yakkama-yakka jang qiladi. Biologlar buni “instinkt” deb ataydi. Holbuki, instinkt qushni o‘z jonini saqlashga undashi kerak: onasi o‘lsa, polaponlari baribir omon qolmaydi, o‘z jonini asrab qolgan qush esa yana jo‘jalayveradi. Sirasi, ona qushning xatti-harakatida instinkt tushunchasi bilan tushuntirib bo‘lmaydigan nuqta mavjud. Yoki osmono‘par binoning beton devoridagi yoriqdan unib chiqqan lolaqizg‘aldoqni olaylik. Uning gullab, urug‘ tugishi, quyoshga talpinishiga nima deysiz? O‘simlikda instinkt yo‘q-ku! Bu safar endi fanning javobi: lolaqizg‘aldoqning geniga yozilgan.

Qiziq holat: nega unda odamzodning o‘z burchiga sadoqati uning geniga yozilmagan? Bugun dunyoda kayf-u safoni farzand ko‘rishdan afzal ko‘rayotgan ayollar yoki farzandini himoya qilish o‘rniga uning umriga zomin bo‘layotgan erkaklar ozmi?

Navoiy yuqoridagi kabi hodisalarga o‘z nuqtayi nazarini bunday ifoda etgan:

Lolaning tuxmicha g‘ayrating yo‘qmi?

Ipakning qurticha himmating yo‘qmi?

G‘ayrat, himmat – odamzodga xos tushunchalar aslida. Burch ham!

Tabiiyki, burch xilma-xil bo‘ladi: vijdon oldidagi burch, oiladagi burch, shogirdlik burchi, ustozlik burchi, “Gippokrat qasamyodi” deb ataladigan burch, davlat xodimining o‘z vazifasini ado etishdagi burchi,  yigitlarning vatanni mudofaa qilish burchi, qizlarning ibo bilan kiyinish burchi...

Bu o‘rinda ijtimoiy burchning muhim bir turi bo‘lmish kishining kasbiy burchi haqida mulohaza yuritmoqchimiz. Sabab shuki, buni yashirishgahojat yo‘q, jamiyatimizda kasbiy burchgamunosabatmutlaqo qoniqarsizdarajada. Dalil kerak bo‘lsa, u – har qadamda.

Holbuki, jamiyatning har bir a’zosi o‘z kasbiy burchini halol bajarmas ekan, bunday jamiyat yuksak taraqqiyotga erisha olmaydi. Yana Shveytsariya misoliga qaytsak, ushbu mamlakat BMT tomonidan e’lon qilib kelinayotgan HDI ko‘rsatkichida (inglizcha Human Development Index, so‘zma-so‘z tarjimada: inson rivojlanishi indeksi. Inson umrining o‘rtacha uzoqligi, ma’lumotlilik darajasi hamda aholi jon boshiga yalpi milliy mahsulot kabi ko‘rsatkichlarni o‘zida jamlaydi) eng yuqori uch orindan birini egallab kelmoqda. Shveytsariyada ham o‘z burchini mensimaydigan “o‘yin­buzuqilar” bordir, ammo juda kamligi tayin. Qolaversa, ularni muhit tezda qayta tarbiyalaydi. Harqalay, Shveytsariyada yashayotan hamyurtlarimiz avtomobilda boya eslangan holatga duch kelsa, navbatni buzish yo o‘rta qatordan oldinga o‘tishga urinmaydi. Taqiqlangani uchun emas, bunday qilishga uyaladi.

Albatta, yurtimizda ham kasbiy burchga sadoqat borasida namuna bo‘ladigan zamondoshlarimiz ko‘p. Aynan shu tufayli jamiyat binosi tik turibdi, axir. Hatto o‘z burchini muqaddas deb biluvchilar ham borki, ularni qahramon sanamoq kerak. Televideniye ekranini estrada shamchalari bilan yoritishni bas qilib, jurnalistlar ana shunday zamondoshlarimizga ko‘proq e’tibor qaratishi lozim. Ana shunda yosh avlodni burchga sadoqat ruhida tarbiyalash mumkin bo‘lar.

 

* * *

Mavzuni teranroq tushuntirish maqsadida bir misol keltirmoqchimiz. Bu hayotiy misol arzimas ko‘ringan e’tiborsizlik dahshatli fojiaga olib kelishi, o‘z kasbiga sadoqatning oliy namunasi esa qahramonlikka aylanishini ko‘rsatadi. 

1912-yilning 10-apreli. Mahobati bilan falakka musht do‘laytirgan “Titanik” layneri 2208 kishini olib Angliyaning Sauthempton portidan Nyu-York tomon yo‘lga chiqadi. O‘sha davr matbuotining yozishicha, kema – 10 balli dovul bo‘ladimi, 20 metrli sunami bo‘ladimi, okeanga meteorit kelib uriladimi – pisand qilmaydigan darajada mustahkam yasalgan. Ammo taqdirning o‘yinini ko‘ringki, kema birinchi suzishdayoq g‘arq bo‘ladi. 

O‘z davrida “Titanik”ning halokati G‘arb dunyosida shu qadar shov-shuv ko‘targanki, uning oldida Chernobil va “Chellenjer” falokatlari hech narsadek. Oradan qariyb yuz yil o‘tgach, Jeyms Kemeron “Titanik” nomli film ishladi, qolaversa, falokatning “yubileyi” munosabati bilan ko‘plab kitob-u maqolalar chop etildi. Demak, jurnalxonlar ham fojia tafsilotlari bilan yaxshi tanish va buni eslab o‘tirishga hojat yo‘q. Ammo kema halokati vaqtida yuz bergan bir ibratli voqea diqqatga molik.

“Titanik” butunboshli shahar bo‘lgan. Jumladan, uning pastki qavatlari – kambag‘allar uchun ajratilgan kayutalari juda tor “mahallalar”dan iborat, yuqori palubalari esa boy-badavlat kibor yo‘lovchilarga mo‘ljallangan edi. Yuqori qavatda serhasham sayohat uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilingan – chuchuk suvli basseyn, tennis korti va trenajor zallarigacha mavjud, maxsus ziyofat zali va bir necha restoran xizmatda. Bizni qiziqtiradigani – ana shu zallardan birida ikki ansambl kuy ijro qilib, xonimlar va janoblarning ko‘nglini chog‘ etmoq bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Mana endi tasavvur qilaylik: kema ulkan aysbergga urilib, biqinida halokatli yoriq paydo bo‘ldi; ikki soatga borib-bormay ummon tubiga g‘arq bo‘lishi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Xo‘sh, kemadagilar nima qiladi? Albatta, nima qilib bo‘lsa ham jonini saqlab qolish payiga tushadi. Haqiqatan ham shunday bo‘lgan – erkag-u ayol, zodagon-u farrosh, boy-u faqir – hamma-hamma qiy-chuv ko‘tarib, qiyomatni eslatuvchi holat vujudga kelgan.

Dengizchilarning muqaddas qoidasiga amal qilgan, kema darg‘asi – kapitan jonini qutqarib qolishga intilmagan. Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, kapitandan boshqa kemakashlar, hatto uning o‘rinbosarlari ham vos-vosdan chetda qolmagan – yo‘lovchilarni qutqarishga bosh-qosh bo‘lish bahonasida qutqaruv qayiqlariga chiqib olishga harakat qilgan.

Besh qo‘l barobar emas – izdihom orasida turli toifadagi odam bo‘ladi. Jumladan, o‘z nomusini jonidan yuqori qo‘yuvchilar! Qarangki, “Titanik” cho‘ka boshlagach, kiyimiga gard yuqtirmagan jentlmenlar yuztuban ketganida, sakkiz nafar oddiy mashshoq inson irodasining buyukligini namoyish eta bilgan (“Titanik” filmidagi lavha – Jekning o‘z jonini qurbon qilib bo‘lsa ham, ma’shuqasi Rozani qutqarib qolishi – ssenariy muallifining badiiy to‘qimasi, biz hikoya qilayotgan voqea esa tarixiy hujjatlar bilan tasdiqlangan).

Mashshoqlarning asosiy guruhi – kvintet (5 kishilik ansambl) eng hashamatli zalda kuy ijro etgan. Bu guruhga 34 yoshli Uolles Henri Hartli ismli skripkachi rahbarlik qilgan. Triodan iborat ikkinchi guruh esa kemadagi bir necha restoranda navbat bilan xizmat qilgan. Barcha mashshoqlarning ismi ma’lum: U.Hartli, J.Hyum va J.Krins – skripka, R.Brikvis va J.Vudvort – violonchel, T.Breyli va P.Teylor – fortepiano, J.Klark esa alt chalgan. Ularning ismlarini sanashdan murod – har biri orzu-niyatlarga ega real shaxslar bo‘lganiga urg‘u berish. Misol uchun: Hartli unashtirib qo‘yilgan bo‘lib, “Titanik” Nyu-Yorkka borib qaytgach, to‘yini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Qallig‘i unga ham nikoh, ham dongdor kema ansambliga rahbar etib tayinlangani munosabati bilan qimmatbaho skripka hadya qilgan (kema halokatidan keyin qutqaruvchilar tomonidan topilgan ushbu cholg‘u “Titanik” musiqachilarining Sauthempton shahridagi xotira muzeyida saqlanadi; unga “Uollesga, nikohimiz munosabati bilan. Mariya” degan so‘zlar o‘yib yozilgan).

Kema muz qoyaga urilganda musiqachilar o‘z vazifasi bilan mashg‘ul edi. Falokat xabari tarqalgach, odamlar qayiqlarga chiqarila boshlaydi. Mashshoqlar ham qayiqlarning birortasidan joy olishga intilishi tabiiy va ular san’atkor sifatida bunga haqli ham edi. Ammo o‘sha pallada misli ko‘rilmagan voqea ro‘y beradi – avval kvintet, uning ortidan trio eng yuqori palubaga o‘rnashib, baland pardalarda kuy ijro etishga kirishadi va... sozandalar to kema cho‘kkuncha joylarini ham, ijroni ham tark etishmaydi (bu voqea ham filmda aks etgan, ammo tomoshabinning butun diqqat-e’tibori qahramonlar taqdiriga qaratilib, musiqachilarning jasorati nazardan chetda qoladi).

Mashshoqlar balandda bo‘lgani uchun to kema belidan sinib ketguncha joylarida tura olganlar. Qutulib qolganlarning guvohlik berishicha, musiqachilarni to‘lqin birin-ketin olib keta boshlagan, navbat Hartliga kelganda, u “Janoblar, yaxshi boringlar, alvido!” deya qichqirgan.

Bir haftalik safar davomida odamlarning ko‘nglini yozish uchun yollangan mashshoqlar qiyomatni eslatuvchi falokat yopirilganda, o‘z jonini o‘ylamay, yo‘lovchilarga musiqa bilan bo‘lsa ham ruhiy dalda berishni lozim topgani chindan ham buyuk jasorat edi. Kema cho‘ka boshlaganiga qaramay, ularning kuy ijro etishdan to‘xtamagani vahimaning birmuncha bosilishiga, qayiqqa o‘tirish jarayoni batartibroq davom etishiga va shu tufayli ko‘proq yo‘lovchilar omon qolishiga sabab bo‘ladi.

Mashshoqlar qutqarish kamzulini kiyib olgani uchun ummon tubiga cho‘kib ketmagan, suvda suzib yurgan jasadlari keyin qutqaruvchilar tomonidan yig‘ib olingan va ona tuprog‘ida dafn etilgan.

Savol tug‘iladi: mashshoqlarni jasoratga undagan kuch manbai qayerda? Kema cho‘kkuncha cholg‘uni qo‘ldan qo‘ymay kuy chalish uchun chidam va irodani ular qayerdan olgan? 

U kuch, u qudratning manbasi BURChga SADOQATda! Xo‘sh, u qay tariqa namoyon bo‘ladi? Bolalikdan – oilada, keyin maktab va mahalla-ko‘ydagi muomala-munosabatda, oshna-og‘ayni davralari-yu katta-kichik izdihomlarda. Qolaversa, kitoblarda, kino, teatr, radio va televideniye dasturlarida. Masalan, bir-biri uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan mushketyorlarning shiorida: “Bir kishi – hamma uchun, hamma – bir kishi uchun!”. Xullas, jamiyatning har bir hujayrasida.

Taassuf ila qayd etishga majburmiz: burchga sadoqat yonida uning aksi ham hamrohlik qiladi. Yana o‘sha “Titanik” misoliga qaytsak, kemani boshqaruvchi jamoa a’zolaridan bir nechasining o‘z burchiga mas’uliyatsizligi, bir qarashda arzimas tuyuladigan e’tiborsizligi ulkan fojiaga olib keldi.

Kapitan va yordamchilarining javobgarligi-ku ravshan. Kema yuqorisidagi ko‘prikchadan chor-atrofni kuzatib turishi lozim mas’ullarni ham aytib o‘tirishga hojat yo‘q – muz qoyani besh daqiqa avvalroq payqashganda ham chap berishga ulgurib qolinar, kema aysbergga urilgan taqdirda ham, yoriq kichikroq bo‘lib, yordam yetib kelishiga qadar cho‘kmay turar edi. Qarangki, ularda durbin bo‘lmagan ekan – dengizchilar uchun juda muhim bu asbob solingan g‘aladonning kaliti nimadir sabab bo‘lib kemadan Sauthemptonning o‘zida tushib qolgan xizmatchining cho‘ntagida ketgan, kalitni surishtirish birovning xayoliga ham kelmagan.

Halokatga yana bir sabab. Arzimagan detal tufayli asosiy ratsiya ishlamay qolgan, radistlar uni tuzatish bilan ovora bo‘lib, aysberglar yaqinligi to‘g‘risidagi boshqa ratsiyalarga kelgan xabar kapitan yordamchisiga yetib bormagan.

Hozir mutaxassislar “Titanik” halokatiga o‘nlab omillar sabab bo‘lgan, deyishyapti. Qay tomondan qaramang, u sabablar ichida odam omili – kimningdir o‘z burchini sidqidildan bajarmagani baribir birlamchi sanaladi. Axir, o‘sha mash’um aysbergni boshqa kemalar sog‘-salomat aylanib o‘tgan-da.

* * *

Ha, kichik bir xodimning mas’uliyatni his etishi muqarrar falokatning oldini olishi va, aksincha, arzimas bo‘lib tuyuladigan mas’uliyatsizligi halokatga yetaklashi mumkin – buni ko‘plab tarixiy misollar tasdiqlaydi. Yetakchi va darg‘alarning mas’uliyati haqida esa ortiqcha so‘zlashga hojat yo‘q!

Bu o‘rinda “kemaga tushganning joni bir” degan xalq hikmatiga “Titanik” voqeasi juda mos tushadi: kema sog‘-salomat suzishi uchun har kim o‘z burchini sidqidildan ado etishi lozim!

Kema timsolidan o‘zimiz uchun dolzarb jamiyat mavzusiga o‘taylik. Bugungi alg‘ov-dalg‘ov zamonda jamiyat taraqqiyoti, to‘g‘rirog‘i, ana shu taraqqiyotning sur’ati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qaysi xalq, qaysi davlat buning uddasidan chiqayotgan bo‘lsa, uning kemasi poyganing oldingi safida.

Albatta, taraqqiyotning omillari ko‘p: tabiiy boyliklar, okeanga chiqadigan portlar mavjudligi, qulay iqlim sharoiti va hokazo. Ammo, bizningcha, bularlarning bari BURCh degan omil oldida hech narsa emas. Yaponiya, Janubiy Koreyaning ulkan tabiiy boyliklari yo‘q; Shveytsariya, Avstriya okean sohillaridan ancha olisda; Norvegiyaning tabiiy sharoitini havas qilarli deb bo‘lmaydi. Shunga qaramay, bu davlatlarda hayot farovon, ilm-u ma’rifat havas qilarli darajada nash’u namo topgan. Qat’iy ishonch bilan aytamizki, bu aynan odamlarning o‘z burchiga mas’uliyat bilan qarashi natijasidir. Ayni choqda burchga mas’ullik yetishmasligi sababli badastir tabiiy sharoitga ega o‘nlab mamlakatlarda iqtisodiy qaramlik, siyosiy beqarorlik hukmron, shahar-u qishloqlar notinch, aksar aholi turmushi nochor.

Ko‘pincha, mamlakatdagi muammolarga davlat boshlig‘i va yuqori mansabdorlar sababchi qilib ko‘rsatiladi. Bu omil, ayniqsa, Sharq mamlakatlarida nihoyatda muhim, albatta. Ammo u yagona omil ham emas-da. Misol uchun, shu yilning oxiridan AQShda prezident saylovi kampaniyasi boshlanadi. Amaldagi prezident ham, uning jamoasi ham asosiy e’tibori va vaqtini saylovoldi targ‘ibotiga yo‘naltirishga majbur bo‘ladi. Bu vaziyatda esa davlat go‘yo boshsiz qoladigandek. Aslida esa bu hol Amerika jamiyatining barqaror ravnaqiga ta’sir etmaydi, chunki hamma o‘z burchini sidqidildan ado etaveradi.

Xulosa ravshan: har kim o‘z burchini to‘g‘ri ado etsagina, jamiyat kemasi bexatar suzadi. To‘g‘ri ado etibgina qolmay, burchga sadoqat tamoyili jamiyatda ustuvor bo‘lsa, ya’ni vazifadorlar “o‘lsam o‘lamanki, burchimga xiyonat qilmayman” degan aqidada yashasa, bunday jamiyat taraqqiyot cho‘qqisiga albatta chiqadi; iqtisodiy darajasidan qat’iy nazar, uni buyuk deb atash mumkin. Bunday jamiyatda bir foiz odamlarning ityalog‘i tilla-yu, 90 foiz raiyat non topish ilinjida o‘zini har ko‘chaga urmaydi – taraqqiyot hosilidan hamma baravar bahramand bo‘ladi. Aks holda jamiyat kemasi tarix ummonida siyosiy fitna degan “aysberg”, korrupsiya degan “suvosti qoyasi”ga urilib, iqtisodiy qoloqlik degan o‘pqonda qoladi.

Oilada, ta’lim muassasalarida o‘sib kamol topayotgan avlodda vijdon, el-u yurt va Yaratgan oldidagi burchga mas’ullik tuyg‘usi shakllantirilsagina jamiyat yuksaladi. Burch nimaligini bilmaydigan, bilsa ham uni ado etmaydigan, hatto “burch-murchingni yig‘ishtir, avvalo o‘z manfaatingni o‘yla, imkon boricha yulib qol” qabilidagi qarash ustuvor olomon nafaqat buyuk bo‘la olmaydi, balki buyuklikka nomunosibdir.

“Titanik” halokati balki istisnodir? Yo‘q. Aysbergga duch kelmagan bo‘lsa ham, kimlardir o‘z burchiga xiyonat qilgani, hatto shunchaki befarq bo‘lgani uchun falokatga uchragan kemalar ozmi?!

Xo‘sh, biz “kemaga tushganning joni bir” degan, mohiyatan olganda muqaddas aqidaga amal qilib yashayapmizmi?

Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, O‘zbekiston deb atalgan ulkan kemaning darg‘asi har bir chiqishida “Endi orqaga qaytish yo‘q” deya hayqirmoqda, boy berilgan imkoniyatlarni ishga solib, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini yaqin yillar ichida ikki barobar ko‘tarish maqsadida jon kuydirmoqda. Agar har birimiz o‘z burchimizni ado etsak, bu niyat yaqin yillarda amalga oshar edi! Holbuki...

Nima uchun Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining dastlabki davrida maxsus Davlat xizmatlari agentligini tashkil etdi? Axir, nomiki davlat tashkiloti bor, barining vazifasi aholiga xizmat ko‘rsatish emasmi? Nomiki davlat idorasining xodimi bor, murojaat etuvchilar oldida burchli emasmi? Nazariyada shunday, amaliyotda esa... amaliyotda murojaat etuvchini sarson qilish, tamagirlik urf bo‘lgan. Uch-to‘rt xodimdan bittasi o‘z burchini bajarmasa ham chidash mumkin edi – mijozning biri bilan bitmagan ishi boshqasi bilan bitar edi. O‘z xizmat vazifasini burch sanamay ish tutish shu qadar keng yoyildiki, ularning hammasini almashtirishga ham, qayta tarbiyalashga ham imkon yo‘q edi.

Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilishi esa ildiz otib ketgan muammoni hal qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Izlanganga tole yor. Boshqa sohalarda ham yechimlar topilgay, inshoolloh. Buning uchun esa har bir yurtdoshimiz o‘z burchini his etishga, uni a’lo ado etishga odatlanishi zarur.

Har birimiz o‘zimizni bir kemada his etmog‘imiz shart. Ana shu najot yo‘lidir!

Abdulla A’ZAM,

fizika-matematika fanlari doktori, professor,

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi a’zosi

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 572
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19405
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16629
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi