Bugun Oʻzbekistonda Vatan himoyachilar kuni keng miqyosida nishonlanadi. Harbiylar mukofotlanadi, tabriklanadi, bayramlar uyushtiriladi ularning sharafiga. Aslida ular bundan ham koʻprogʻiga loyiq. Chunki vatan himoyachisi boʻlish bu halovatingdan, istaklaringdan, kezi kelsa oʻzingdan va hatto joningdan kechish degani. Harbiy boʻlish bu – sevimli hayotingni sevimlilaring uchun fido qila olish degani balki. Shu maʼnoda bugun Vatan himoyachilarining, barcha harbiylarning mudom yashirinib turguvchi ichki hislari, jasorati va matonati yorqin kadrlar, ranglarda ochib berilgan besh filmni tavsiya qilamiz. Asli vatan himoyachisi boʻlish bu shunchaki tanlov emas, balki jasoratlilargina tanlay oluvchi taqdir ekanini anglaymiz ularda.
Oddiy askar Rayanni qutqarish (Save Private Ryan) 1998-yil
Ikkinchi jahon urushida jang qilayotgan toʻrt aka-ukaning uchtasi deyarli bir vaqtda halok boʻladi. Kapitan Jon Millerga oiladan birgina oʻzi omon qolgan Rayanni uyiga qaytarish haqida buyruq beriladi. Va u sakkiz kishilik otryad bilan oddiy askar Jeyms Rayanni qidirish uchun dushman tomonga yoʻl oladi. Ammo bu oson boʻlmasligi aniq, askarni topib, qutqarish va uyga qaytarish uni jahannam ogʻzidan sugʻurib olishdek gap edi. Bir qancha yoʻqotishlar evaziga kapitan oddiy askarni topadi, ammo askar oʻz safdoshlarini tark etishdan bosh tortadi. Qiyin vaziyatda qolgan kapitan harbiylarga xos boʻlgan eng toʻgʻri qarorni qabul qiladi… Kartina tomoshabinga jasorat va vatanga sadoqat haqidagi tuygʻularni ich-ichidan his qilishiga imkon berishi bilan qimmatli.
Livan (Lebanon) 2009-yil
1982 yil iyun, Birinchi Livan urushi. Isroil tank komandiriga Livan chegarasini kesib oʻtish va Isroil samolyotlari tomonidan vayron qilingan chegara qishlogʻini egallash buyrugʻi berilgan. Ushbu oddiy vazifa toʻsatdan ekipaj uchun haqiqiy dahshatli tushga aylanadi. Urushning bemaʼni mantigʻiga oʻralashib qolgan yigirma yoshli toʻrt nafar yigit oʻz hayotlarini saqlab qolish uchun kurasha boshlaydi va shu bilan birga insoniylikni saqlab qolishadi... Film 1982-yil Livan urushi paytidagi Isroil tanki ekipaji haqida hikoya qiladi. Butun film faqat tankda yoki uning koʻrish moslamasi orqali suratga olingan. Tank ichiga toʻrtta ekipaj aʼzosidan tashqari, baʼzan otryad komandiri ham kiradi, shuningdek, suriyalik harbiy asir va jangarilar, vafot etgan isroillik askarning jasadi ham paydo boʻladi. Film urushda ham insoniylikni saqlab qola olgan jasoratli insonlar haqida hikoya qiladi.
Gʻazab (Fury) 2004-yil
1945-yil aprel oyi, nemislar ustidan gʻalaba qozonish onlari yaqin. Ammo bu ungacha askarlar oʻlmaydi, degani emas. Shuning uchun ham Afrika va Yevropada fashist qoʻshinlariga qarshi jang qilgan, tumshugʻiga “Gʻazab” soʻzi yozilgan tank ekipajining maqsadi bitta – urushda qanday qilib boʻlmasin omon qolish. Shunday kunlarning birida ekipajning pulemyot oʻq otuvchisi halok boʻladi. Uning oʻrniga kelgan askar esa insonlarni oʻldirishni istamaydi… Va hammasi shundan boshlanadi.
Askar otasi (Отец солдата) 1964-yil
Gruziyalik keksa dehqon Georgiy Maxarashvili tankchi oʻgʻlining yaralanib, kasalxonaga yotqizilganidan xabar topadi. U yarador oʻgʻlini koʻrish uchun yoʻlga tushadi. Ammo farzandini kasalxonadan topolmagach, uni front boʻylab izlashga tushadi. Qidirarkan, har soniya urushning rahmsiz holatlariga duch kelavergan ota askarlar safida jang qila boshlaydi. Va oqibat shunday janglarning birida ota oʻgʻli bilan uchrashadi. Ammo uzoq kutilgan uchrashuv fojiali yakun topadi – ogʻir yaralangan askar oʻz otasi qoʻlida jon beradi. Insoniylikning barcha qirralari mahorat bilan tasvirlangan ushbu film sizni befarq qoldirmaydi, bizningcha.
Vijdon amri (Hacksaw Ridge) 2016-yil
Vijdon amri – rejissyor Mel Gibson tomonidan yaratilgan harbiy dramatik film. Film real voqealarga asoslangan boʻlib, harbiy xizmatdan vijdonan voz kechgan birinchi amerikalik, oliy harbiy mukofot – “Shon-sharaf” medalini olgan Desmond Dosning “Okinava jangi”dagi ishtiroki haqida hikoya qiladi. 1920-yillarda Virjiniya qishlogʻida yosh Desmond Doss uydagi janjal paytida ukasi Xelni oʻldirishga sal qoldi. Bu voqea va xristian maktabida tarbiyalanish Desmondning “Oʻldirma” degan diniy amrga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi. Shu sabab keyinchalik taqdir taqozosi bilan harbiyga aylangan Doss jismonan baquvvat, lekin diniy sabablarga koʻra, miltiq olish va mashgʻulot oʻtkazishdan bosh tortgani uchun oʻz safdoshlari orasida hayratlanarli odamga aylanadi. Kartinani koʻrish davomida askarning oʻz eʼtiqodida qolishi oson boʻlmagani va qanday qilib, u qurolsiz holda 75 askarni qutqargani va millat qahramoniga haqida bilib olishingiz mumkin.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q