Tarixdan maʼlumki, Sulton Husayn Boyqaro hokimiyatining soʻnggi yillarida, ayniqsa, Alisher Navoiy vafotidan soʻng boshqaruv tizimi ancha-muncha izdan chiqqan, Xurosonda turli firibgarlar, xalqni laqqa tushirib pul ishlovchi kazzoblar koʻpaygan. Hattoki, koʻp hollarda saroy amaldorlari, podshoh xonadoni vakillari ham ularga “chuv” tushgan. Bu haqda Husayn Boyqaro saroyida bir muddat faoliyat koʻrsatgan hirotlik shoir va tarixchi Zayniddin Vosifiy oʻzining «Badoyiʼul-vaqoeʼ» asarida eslab oʻtadi.
Misdan tilla “yasovchi” qallob
U paytlarda boshqa maʼdanlarni oltinga aylantirish ilmini “kimyo” deb atashgan. Gʻarbda ham, Sharqda ham ana shunday xomxayollar bilan umrini oʻtkazgan “kimyogarlar”u boshqalarni tuzoqqa tushirib yurgan qalloblar koʻp boʻlgan. Vafotidan bir necha yil avval Husayn Boyqaro bod kasaliga chalinib, yurolmay qoladi. Oʻsha paytlarda Hirotda nishopurlik bir tabib va “kimyogar” haqida mish-mishlar tarqaladi. U turli kasallarni davolash bilan birga misni oltinga aylantira olishi bilan ham el orasida shuhrat topgandi. Nihoyat u haqdagi gap-soʻzlar podshohning ham qulogʻiga yetadi va tabibni saroyga chorlashni buyuradi. Uning kelishi arafasida bozorlarda misning narxi bir necha baravar oshadi.
Podshohning maqsadi saroyda oltin “ishlab chiqarish”ni yoʻlga qoʻyish va salomatligini tiklash edi. Eng nufuzli mulozimlariga “kimyogar-tabib”ni kutib olish uchun munosib hozirlik koʻrishni amr etadi. Husayn Boyqaro hatto “agar oʻzimning ham oyogʻim ogʻrib, yurolmay qolmaganimda, bu ulugʻ allomaga peshvoz chiqardim” degan ekan. Xullas «allomai zamon»ni poytaxtda katta tantana bilan kutib olishadi. Uni saltanatning eng oliy qasrlaridan birida joylashtirishadi, turfa hadyalarga koʻmib tashlashadi. Podshohning oshpazlari esa tabib uchun har kuni lazzatli taomlar hozirlaydi. Boyqaro “alloma”dan ikki narsani: har kuni saroy ustaxonasida bir man (taxminan 850 gramm) misni oltinga aylantirib berishni va oyoqlarini davolashni iltimos qiladi. Tabiiyki, birinchi ishning iloji yoʻq, ikkinchisini bajarish esa bu qallobning qoʻlidan kelmasdi. Ammo agar firibgarligi ochilib qolsa, boshi ketadi.
Shunda “alloma” «Hozir misni oltinga aylantiradigan «Iksir» malhamim juda oz qolgan. Qolgan malhamni podshohi olamning muborak oyoqlari uchun sarflamoqchi edim. Qirq kun muolaja qilib, qirq birinchi kuni hammomda ul zotning oyoqlariga oʻsha malhamdan suraman. Nasib etsa, u yerdan oʻz oyoqlari bilan chiqib keladilar. Men oʻz yigitlarimni «Iksir» olib kelish uchun Magʻrib mamlakatiga yubordim. Olti oyda qaytib kelishadi. Shunda istagancha misni oltinga aylantirib beraman» deb bahona qiladi. Podshoh bu taklifga koʻnadi. Qirq kun kimyogar-tabib saroyda podshohga turli damlamalar ichirib, muolaja qiladi. Oʻzi ham shohona huzur-halovatdan bahramand boʻladi. Qirq birinchi kun shahar chetidagi hammomga olib borishni aytadi.
«Faqat shart shuki, podshohimiz va kamina qullaridan boshqa hech kim boʻlmasligi darkor. Boʻlmasa muolaja kor qilmaydi» deydi firibgar. Shohning Badana ismli bir gʻulomi uni yolgʻiz hammomga yuborishga rozi boʻlmaydi va ular bilan ergashib hammomga boradi. Gʻulomning koʻrsatmasi bilan har ehtimolga qarshi bir qancha qoʻriqchilar ham yashirincha ularning ortidan borishadi. Hammomning bugʻxonasiga kirgan chogʻda tabibning bir soni ikkinchisidan yoʻgʻonroq ekanini payqagan gʻulom darhol uning lungisini yulib oladi. Shunda haligi tabib soniga tasma bilan oʻtkir xanjar bogʻlab olgani maʼlum boʻladi. Aniqlanishicha, siri fosh boʻlib, juvonmarg boʻlishdan qoʻrqqan firibgar hammomdan podshohni oʻldirib, qochib qolishni maqsad qilgan ekan. Shu payt gʻulom tashqaridagi qoʻriqchilarga xabar qiladi. Tezlikda firibgarni qoʻlga olib, dorga tortishadi va jasadiga kamondan oʻq yogʻdiriladi.
"Milliy sirk"ning ilk kurtaklari
Vosifiyning yozishicha, u paytda shaharda turli xil tomoshalarni qoʻyib, kun koʻradiganlar ham koʻp boʻlgan. Masalan, sherozlik Hasan Shahriyor ismli bir pahlavon toʻrtta qoziq bilan Hirotdagi Gavharshodbegim madrasasi minorasining tashqi devoridan tepaga oʻrmalab chiqib tomosha koʻrsatgan. U minora devori boʻylab oʻrmalarkan, har doim oyogʻi ostidagi qoziqlarni chiqarib, teparoqqa qoqqan va ularga oyoq qoʻyib koʻtarilib boravergan. Nihoyat, shu yoʻl bilan u 60 metr balandlikka, minoraning eng yuqori nuqtasiga koʻtarilgan. Uning bu tomoshasini hatto sultonning oʻzi ham kelib tomosha qilar, yigitga qimmatli sovgʻa-salomlar berarkan.
Oʻsha paytda Bobo Jamol ismli iroqlik bir chol ham oʻzining eshagi, echkisi va lochini bilan turli tomoshalar koʻrsatarkan. Eshak egasining buyrugʻi bilan toʻrt oyogʻini uzatib oʻzini oʻlganga solib yotib olar, keyin uning ishorasi bilan sakrab oʻrnidan turib, shataloq otarkan. Bobo Jamol uzugini kimgadir berib, davradan echkisini olib chiqib ketar, haligi odam uzukni istalgan tomoshabinning qoʻliga berib qoʻyarkan. Echki qaytib kelib, hammaning mushtini hidlab chiqar va oxir-oqibat uzukni yashirgan odamni topib berarkan. Lochin esa osmonga irgʻitilgan tangani tumshugʻi bilan ilib, egasiga keltirib berarkan. Shuningdek, bu qush turli rangli qogʻoz doirachalar ichidan Bobo Jamol aytgan rangdagisini topib, egasiga keltirib bergan.
Burun kataklaridagi jinlar
Vosifiy yana bir qiziq voqeani hikoya qiladi. Oʻsha paytlarda Hirotda paydo boʻlgan Bibi Roʻshnoyi ismli ayol ham makr-hiyla bilan koʻpchilikni aldab, oʻz tuzogʻiga ilintiradi. U burnining ikki teshigidan ikki xil ovoz chiqarishni oʻrganib olgan, odamlarni “ikki nafar jinni oʻzimga asir qilib olganman, ularni burnimda olib yuraman” derdi. Ayolning maxsus joriyalari boʻlib, ular mahallalarni izgʻir, turli boy xonadonlardagi ikir-chikirlarni oʻrganib, Bibi Roʻshnoyiga xabar qilishardi. Ertasi kuni Bibi oʻsha xonadonga borib, ular haqida eshitgan gaplarni goʻyoki jinlarning tilidan oʻzlariga aytar, yaqin kunlarda ularni katta falokat kutayotganini, faqat bu falokatdan uning oʻzi “qaytarma” qilishini aytib, katta pul soʻrardi. Har zamonda oʻng yoki chap burnidan turli ovozlar chiqarib, “jinlarim xafa boʻldi”, “xursand boʻldi” deb turli naqranglarni ishga solgan. Uy egalari uning “karomati”ga laqqa tushib, ayolni naq avliyo sanab, poyiga bosh urishar, bor-yoʻqlarini unga peshkash qilisharkan. Hatto Husayn Boyqaroning sevikli ayoli, «Mahdi ulyo» Xadichabegim ham Bibining ajoyibu gʻaroyib xislatlariga tan bergan, uni oʻz yoniga chaqirib katta maosh tayinlagandi.
Shayboniyxonni alday olishmadi...
1507-yil Husayn Boyqaroning vafotidan soʻng taxtni egallagan Muhammad Shayboniyxon bunday firibgar, tovlamachilarni tutib, jazolashni buyuradi. Haligi ayolni ham Shayboniyxonning yoniga keltirishadi. Xon undan “karomati”ni koʻrsatishni soʻraydi. Bibi Roʻshnoyi burun kataklaridan turli ovozlar chiqarib, “jinlarining” gaplarini xonga “yetkazadi”:
“Jinlarim aʼlo hazratlarining taxtlari barqaror, saltanatlari bardavom boʻlishini tilashmoqda”.
Xon ayolga bir kosa suv berishni buyuradi.
“Qani mana shu suvni ogʻzingda tutib turgan paytingda, jinlaring ovoz chiqarishsinchi?”
Ayol suvni lunjiga tutib turganda, burnidan ovoz chiqmay qoladi. Shu tariqa ayolning firibgarligi fosh boʻladi va uni xonning farmoni bilan dorga osishadi. Shundan soʻng, xon shahar atroflarini chorlab, podshohning mana shunday tomoshalarga oʻchligi, shoh xonadoni vakillarining sodda va goʻlligi tufayli saltanat yemirilganini aytadi. “Oʻzingiz ayting, bir loʻttibozning gapiga ishonib, uni qirq kun parvarishlagan, oʻz sogʻligʻini yetti yil Isfahon zindonida yotgan bir nayrangboz qoʻliga topshirgan, misdan oltin yasash mumkinligiga chippa-chin ishongan odam saltanatni qanday boshqara olardi?”, deydi u.
Albatta, shuni ham unutmaslik kerakki, Vosifiyning bu mashhur asari Xuroson va Movarounnahrda temuriylar davlati parchalanib, hukumat shayboniylar qoʻliga oʻtgan davrda bitilgan. Har bir yangi hukumat davrida oldingilarni tanqid qilish hatto oʻsha davrda ham yangilik emasdi. Nima boʻlganda ham, Vosifiy oʻsha davrni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan, koʻplab ajoyib voqealarga guvoh boʻlgan alloma edi. Uning bitganlariga ishonish yo ishonmaslik oʻquvchilarga havola.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q