Mehribon odamning shafqatsiz talabi – muvaffaqiyatga eltuvchi tarbiya usuli


Saqlash
17:17 / 12.01.2023 912 0

Baliqchi ota farzandini ovga olib chiqdi. Oʻgʻil qimirlayotgan qarmoqni shoshib, barvaqt koʻtarib yubordi. Lekin bir dovdir baliq qornidan ilinib qoldi. Oʻgʻil umrida birinchi marta oʻzi mustaqil natijaga erishganiga xursand, quvonchdan sakrayman deb turgandi, xoʻmraygan otasi baliqni ayirib, shart suvga otdi. Bola alamidan yigʻlab yubordi, "Otam bir necha soat urinib, erishgan mehnatimni yer qildi, menga zulm qildi», deb anchagacha xafa boʻlib yurdi. Lekin ota oʻgʻliga nihoyatda mehribon edi, shunaqa qilmasa boʻlmasdi...

 

Ishda, biznesda, sportda, ijodda ham shunday. Baʼzan tasodifiy yutuqlar, «durnoy shar»lar, “yengil pullar” kelib qoladi, «udachnыy partiya» chiqib qoladi. Birinchi urinishda «shedevr asar» chiqib qoladi. Mehribon ustozlar buni tan olmaydi. «Otstavit! Boshqatdan!» To yutuqlar takrorlanadigan qonuniyat darajasiga chiqmaguncha tindirmaydi. Tasodiflar, moʻjizalar? Ha, ruhan tayyormiz. Lekin, “Boshqatdan! Takrorla! Natijang tasodifiy emasligiga ishonch hosil qilishim kerak!” – Mehribon odamning shafqatsiz talabi bu.

 

Fiqhda ham shunga oʻxshash. Ustoz koʻrmagan, tartibli ilm olmagan, lekin fahmi oʻtkir odam, sharʼiy masalada taxmini va mantigʻiga suyanib, hukm chiqaradi. Xulosasi manaman degan ulamolarning (uzoq izlanib topgan) fatvosiga ayni mos kelib qoladi. Bu hatto ketma-ket oʻn marta takrorlanishi mumkin. Lekin shu toʻgʻri topgan odam oʻn marta «xatokor» deb hisoblanadi, qattiq malomat qilinadi. Agar tolibi ilm boʻlsa, mehribon ustozlaridan yaxshigina dakki yoki jazo oladi.

 

Boshqa ilmlarda ham shunday. Masalan, hind matematigi Ramanujan ning iqtidoriga, fahmiga Oksforddagi ilmiy rahbari lol qolardi. U nazariy matematikani bilmay turib, raqamlar ketma-ketligiga oid ajoyib formulalar kashf qiladi. Yuzlab marta tekshiradi, har safar bexato ishlaydi. Lekin madraslik yigit bu formulalarni ilhom bilan, intuitiv topgan edi. “Tushimda ayon boʻldi”, derdi. Qanday qilib boshqa formulalardan keltirib chiqarganini asoslab berolmasdi. Mehribon Oksford professori Xardi formulani tan olmaydi. “Formulaning kelib chiqishini ilmiy asoslab berasan”, deya shafqatsiz talab qoʻyadi. Chunki buni asoslash uchun, Ramanujan yuzlab boshqa formulalarni uzoq tadqiq qilib chiqishga majbur edi. Kambagʻallik va ochlikdan sil kasalini orttirib olgan yosh olim, uzoq mehnat qilib, axiyri tasodifan topgan formulasi, matematik qonuniyatlarga tushishini isbotini chiqaradi. Ana shundan keyin, Ramanudjan Britaniya tarixida, Qirollik akademiyasiga va Oksford professorligiga qabul qilingan ilk hind olimi boʻladi. “Zamonasidan 100-yil oldinni koʻra olgan ekzotik matematik”ning formulalari hozir qora tuynuklarga oid hisob-kitoblarda ishlatiladi.

 

Bu bilan oʻrni boʻlsa-boʻlmasa, shafqatsizlik, qahr bilan tarbiyalash kerak demoqchi emasman. Kezi kelganda, ichi achishib tursa ham, rahmdillikni “oʻchirib”, murosasiz talabchanlikni “yoqish” kerak boʻladi. Albatta, bunda yetarlicha pedagogik-psixologik tajriba talab qilinadi.

Bobur NIYOZOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//