Vaqf pullariga maktablar qurib, bepul ta’lim va muallimlarga ilk bor yillik maosh berishni joriy etgan. Amir Olimxonning ta’lim sohasidagi islohotlari


Saqlash
22:23 / 10.01.2023 1776 3

Har bir davlat hukumati xalq farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga erishish uchun ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Buning uchun doimiy ravishda ta’lim tizimini isloh qilib, zamon talablariga javob bera oladigan kadrlarni tayyorlashga harakat qiladi. XX asr boshlarida Buxoro amirligining so‘nggi hukmdori Olimxon (1910–1920) ham ta’lim sohasida islohotlar o‘tkazib, maorif tizimida qator o‘zgarishlarni joriy qildi.

 

XX asr boshlarida dunyoda sodir bo‘layotgan texnikaviy yangiliklar va ilm-fanning jadallik bilan rivojlanib borishi yangi hukmdorni befarq qoldirmadi. U jamiyatning barcha sohalarida, jumladan, ta’lim tizimida ham qator islohotlarni amalga oshirdi. Maktab va madrasalar faoliyatini takomillashtirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, bu ishga qo‘shbegi (bosh vazir) va qozikalon (oliy qozi)ni mas’ul qilib qo‘ydi.

 

Amir Olimxon 1911-yil mart oyida “Ta’lim to‘g‘risida” farmon chiqardi. Unga ko‘ra, madrasa talabalariga turli hoshiyalar o‘qitilmasligi, tafsir va hadis rasmiy dars sifatida o‘qitilishi; davlat xazinasiga olingan vaqflardan yig‘ilgan pullarga shaharning turli yerlarida maktablar qurish hamda ularga muallimlar tayinlash; maktab muallimi olim, hushxat va xushqiroat bo‘lishi; ularga maktablarning vaqflaridan tashqari davlat xazinasidan yillik 120 tanga maosh tayinlash; tahsil uchun bolalardan pul olmaslik; maktablarga bir nozir tayinlash va u har oy maktabni taftish qilib, amirga hisobot berishi belgilab qo‘yilgan edi.

 

Ushbu farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida 1911-yil aprel oyi boshida Buxoro shahridagi barcha maktablar muallimlari Registonga chaqirilib, qo‘shbegi tomonidan har bir muallimga 15 tangadan maosh berilgan. Oylik tarqatilgach, Nasrullo qo‘shbegi muallimlarga qarata quyidagi mazmunda nutq so‘zlaydi: “Muallim afandilar, vatanimizning yosh bolalarining ta’lim-tarbiyasig‘a ko‘b ortiqcha diqqat etingizlar. Ularni hech vaqt urmangiz. O‘qimoqqa targ‘ib va tashviq uchun ularni doimo maktabga muhabbat etmog‘iga sa’y qilingiz. Bir soat o‘qitib, bir necha daqiqa tanaffus etdiringiz. Birdan 3-4 soat o‘qitub, ularning boshlarin qotirmangiz. Zeroki, bul tariqa qilsangiz, ularda o‘qimoqg‘a hech rag‘bat bo‘lmay, maktabdan chiqmoqg‘a shoshib tursalar kerak. Agar ularg‘a maktabni yaxshi ko‘rguzmakni xohlasangiz, maktabg‘a kelmoqg‘a o‘zlari shoshib turadurlar. Har o‘qitgan saboqni yengillik ila anglatib o‘qitingiz. Bola o‘qugan saboqni bilib tursa va bir oz foydasini fahmlab saboqni o‘qimoqg‘a shavqlik bo‘ladur. Agar birinchi soat qichqurub-qichqurub, hech bir narsa anglamasa, o‘qimoqdan bezor bo‘lur. Mana shul tariqa yaxshi o‘qitsangiz, yilning oxirida shogird bolalarda tahsil samarasi ko‘rinsa, ul vaqtda sizlar ham moddiy va ma’naviy mukofotg‘a yetsangiz kerak”.

 

Shuningdek, amir mamlakatning barcha bekliklarida maktablarni nazorat qilish va moddiy rag‘batlantirish uchun viloyat hokimlarini mas’ul qilib qo‘ydi. 

 

Amir Olimxon madrasa ta’lim tizimida ham o‘zgarishlar qilishga kirishadi. Uning buyrug‘iga ko‘ra, 1913-yilda Buxoro shahrida yangi madrasa quriladi. Madrasaning kirish darvozasi yuqori qismida quyidagi  jumlalar yozilgan bo‘lib, hozirgacha saqlanib qolgan:

 

“Allohga hamd-u sanolar bo‘lsinkim, Jahonni yaratgan parvardigorning lutfi karamidan fiqh, tafsir va hadis kabi fanlar kiritiladigan bu benazir makon (joy)ni barpo etish, jahon sultonining amri bilan nihoyasiga yetdi.

 

Xayol ko‘zgusining yaratilishi, ya’ni qurilish sanasini oxirgi jumladan izlang.

 

Bu bilim dargohini bino qiluvchi adolatli shoh (amir) Sayyid Olimxondir”.

 

Madrasaning bosh mudarrisi etib toshkentlik Xolmurod afandi tayinlangan, mudarris Sadriddin maxdum hisob, handasa, faroiz, mudarris Ibodulla Maxdum fatvo fanlaridan dars o‘tgan. Shuningdek, tafsir, hadis, kalom, fiqh, usuli fiqh, hisob, tajvid, tarix fanlaridan ham ta’lim berish belgilab qo‘yilgan.

 

Madrasaning nizomnomasida bu o‘quv muassasasida tahsil olayotgan o‘quvchining ikkinchi madrasada o‘qishi taqiqlanib, har yili tahsilning oxirida talabalarni imtihon qilish qat’iy belgilab qo‘yilgan. Madrasa tashkil etilgan vaqtda unda faqat buxoroliklarning ta’lim olishiga ruxsat berilgan bo‘lib, keyinchalik chetdan kelgan o‘quvchilar ham qabul qilingan (“Vaqt” jurnaliga Buxorodan kelgan bir maktubda 1915-1916-o‘quv yilida tataristonlik Is’hoq Sayfiddin madrasaga tahsil olish uchun qabul qilinganligi qayd etilgan).

 

Amir Olimxon bu madrasani tashkil etish haqida qo‘shbegi nomiga buyruq chiqarganida konservativ qarashdagi mulla Qamariddinning ta’siri ostidagi bir necha mufti va beklar madrasaning tashkil etilishiga qarshilik qiladilar. Ular madrasada dunyoviy fanlarning o‘qitilishiga keng o‘rin ajratilganidan norozi bo‘lib, bu masalada Burhoniddin qozikalonga murojaat qilishgan. Qozikalon bu ishning boshida shaxsan amirning o‘zi turganini aytib, ularning noroziligiga chek qo‘ygan.

 

Amir Olimxonning madrasa ta’lim tizimiga oid islohotlari haqida keyinchalik Fitrat quyidagilarni yozadi: “Millatimizni kishanlab, ortga tortayotgan, bee’tiborlik, xorlik tomir-tomiriga singib ketayotgani, bularning barchasi beilmligimizdan ekanligini minglab dalil va isbot bilan aytdik. Bu beilmligimiz o‘z navbatida madrasa va maktablarimizdagi dars usullarining buzilishi, beintizomlikni keltirmoqda. Qo‘limizdan kelgancha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdikki, bundan buyon hozirgi ijtimoiy qonunlar, zamon taqozosicha maktab va madrasalarimizni isloh qilmas ekanmiz, hayot muhofazasi, milliyat sharafimizdan ojiz qolamiz. Kamoli shukr aytish bilan shuni iqror qilurmizki, bu barcha xolisona faryod ko‘tarishlarimiz tamoman beta’sir ketmadi.

 

...Shu kunlarda janobi oliy shikoyatlarimizning boshqa bir qismini nazari e’tiborga olib, Buxoro madrasalari islohi uchun lozim bo‘lgan dastlabki qadamni lutfan qo‘ydilar. Shu tariqaki, lozim ilmlar tadrisi uchun yangi bir madrasa bino qildilar... Bundan buyon Buxoroga iqtido qilib, o‘z madrasalarini isloh niyatidalar. Bugungi kungacha biz diniy ilmlarni hosil qilmoq uchun uzoq shaharlarga safar qilgan bo‘lsak, endi o‘z vatanimizda o‘qiydigan bo‘ldik. Binobarin, bu in’om janobi oliylarining dindorona in’omlarini qalb samimiyati bilan muborakbod etamiz”.

 

Amir Olimxonning buyrug‘iga ko‘ra, 1913-yil sentabr oyining boshida Buxoro shahrida yangi tipdagi 3 bo‘limli: yozish, hisob xonasi va qiroatxonadan iborat maktab binosining qurilishi boshlanib, unga birinchi g‘ishtni qozikalonning o‘zi qo‘ygan. O‘sha yilning oktabrida Nasrullo qo‘shbegi va Burhoniddin qozikalon barcha madrasa mudarrislarining faoliyatini o‘rganib, axloqiy jihatdan yetuk va bilimli mudarrislarni madrasalarda tahsil berishga loyiq deb topganlar va noloyiqlarini ishdan chetlashtirganlar.

 

1913-yildan boshlab, Turkiyada tahsil olib qaytgan Usmon Xo‘ja, Otaulla Xo‘ja, Abdurauf Fitrat, Hamidjon Mehriy va boshqalar Buxoro amirligi hududida jadid maktablari ocha boshlaydilar. Dunyoviy bilimlar berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bunday maktablar tez orada xalq orasida shuhrat qozonadi. Ammo an’anaviy maktablar faoliyati tarafdori bo‘lgan ulamolar yangi usul maktablariga qarshi chiqadilar. Buning uchun amir Olimxonning shikoyatlarni qabul qilish kunidan ustamonlik bilan foydalanadilar.

 

Buxoro amiri Sayyid Olimxon hukmronligining dastlabki kunlaridanoq xalqning shikoyatlari va takliflaridan xabardor bo‘lib borish maqsadida Arkning kirish darvozasi yonida shikoyatlar qutisi tashkil qilgan edi. Ammo bu yetarlicha natija bermagach, har juma kuni Masjidi Kalonga juma namozini o‘qishga borish hamda qaytish paytida xalqning arzlari yozilgan xatlarni shaxsan qabul qilgan. Xatlarni birma-bir ko‘rib chiqib, uning ijrosini ta’minlashni tegishli amaldorlarga yo‘naltirgan. Yangi usuldagi maktablarni yopishni so‘rab yozilgan ariza ham shulardan biri edi. Amir Olimxon xatni ko‘rib chiqib, Nasrullo qo‘shbegiga Buxoro shahrida ochilgan 3 ta jadid maktabini vaqtinchalik yopib qo‘yishga buyruq beradi. Bu maktablarning yopib qo‘yilishidan xalq norozi bo‘ladi. Shunda amir: “Bog‘lanish maktablarining muallimlarig‘a va bularda o‘qiyturg‘an bolalarning ota-onalarig‘a e’lon etilsunki, maktablarning bog‘langanligig‘a hazin bo‘lmasinlar! Men avval maktablarni hukumatdan ruxsatsiz holda ishlagani uchun vaqtincha yopdurdim. Tezdan Buxoroda yangi maktablarni ochdirmog‘ligimga amin bo‘lsunlar!” deb, qo‘shbegiga bu gapini xalqqa yetkazishini amr qiladi.

 

Ammo amir yangi usuldagi maktablarni ochishga rasman buyruq bermasa-da, tez orada Buxoro amirligida bunday maktablar soni 45 taga yetadi.

 

Amir Olimxon davlat rahbari sifatida ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratib, maktab va madrasalar o‘quv dasturlariga dunyoviy fanlarni kiritishni shart qilib qo‘ygan. Ta’lim tizimini davlat xazinasi hisobidan moliyalashtirib, muallimlarga maosh berishni joriy qilgan. Yangi maktab va oliy ta’lim beruvchi madrasa ochdirib, ularning faoliyatini shaxsan o‘zi nazorat qilgan. U Yevropa va Osiyoning rivojlangan davlatlaridan mamlakat hududiga kirib kelayotgan ta’lim tizimiga oid o‘zgarishlarga ijobiy munosabatda bo‘lib, dunyoviy fanlarning o‘qitilishiga qarshilik qilmagan. Har bir davlat hukmdori kabi Amir Olimxon ham qo‘l ostidagi mamlakatining tanazzulidan emas, taraqqiyotidan manfaatdor bo‘lgan.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

O‘zFA Tarix instituti doktoranti

3 Izohlar

Дилноза

02:07 / 02.07.2023

Ўзбекистон Миллий архивида сақланаётган ҳужжатлар, "Таржимон", "Вақт", "Туркистон вилоятининг газети", "Бухоройи шариф" газеталари ва "Ойина" журнали мақолалари асосида ёзилган.

Abror Abdullayev Hasan o'g'li

12:01 / 01.01.1970

Juda ajoyib maqola boʻlibdi! Muallifga koʻpdan-koʻp rahmat!

Suxrobjon

12:01 / 01.01.1970

Ajoyib ma'lumot. Ma'lumotlar qaysi manbalar asosida yozilgan.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//