Bu kechagi armiya emas! Yildan yilga mustahkamlanayotgan Vatan Mudofaasida nimalar oʻzgardi?


Saqlash
18:01 / 09.01.2023 1145 0

Vatanni hamma yaxshi koʻradi, uning tinchligi, taraqqiyoti uchun oʻz ulushini qoʻshadi. Ammo harbiylar uchun eng oliy maqsad, umr mazmuniga aylanadi yurt xavfsizligi. Bu maqsad esa yildan-yilga yangi marralarga erishish, rivojlanishni talab qiladi. Xoʻsh, 2022-yilda milliy armiyamizda qoʻshinlar jangovar tayyorgarligi borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Mamlakat mustaqilligi, fuqarolar erkinligi garovi boʻlgan milliy armiyamiz hayotida qanday oʻzgarish va yangilanishlar yuz berdi?

 

 

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida jangovar shaylikni yanada rivojlantirish, zamonaviy jang koʻnikmalarini oʻzlashtirish maqsadida muntazam oʻtkaziladigan oʻquv va taktik mashgʻulotlar milliy armiyamizning chinakam kuch va qobiliyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, mintaqa va jahonda roʻy berayotgan harbiy-siyosiy vaziyat bugun qoʻshinlarimiz oldiga har qachongidanda sergak va hushyor, kuchli va matonatli, vazmin va mulohazali boʻlish talabini qoʻymoqda. Shu bois ham amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tayyorgarlik mashgʻulotlarini bugungi kun talablari asosida tashkil etish eng muhim masalaga aylandi. Harbiy qismlarda yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar, oliy harbiy taʼlim dargohlarida ofitserlik sir-asrorlarini oʻrganayotgan kursantlar va kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilar uchun barcha moddiy-texnik asoslar, zarur sharoitlar yaratilgan. Ularning tinimsiz oʻz ustida ishlashi, eng soʻnggi zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishi borasida rejali tadbirlar qoʻl kelmoqda.

 

 

 

Bu kechagi armiya emas

Bugun bu iborani bemalol aytishga haqlimiz. Boisi qoʻshinlarda olib borilayotgan mashgʻulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda aniq savollarga aniq javoblar topish asosida oʻtkazilyapti. Ilgʻor xorij armiyalari tajribasi oʻrganilib, boʻlinmalarning hamjihatlikdagi harakatlari, uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash va ularga qarshi vositalarni qoʻllash, boʻlinmalar joylashgan hudud va jangovar texnikalar joylarini yashirish va niqoblash, chalgʻituvchi usullarni qoʻllash boʻyicha taktik harakatlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

 

 

Shuningdek, harbiy qismlar va muassasalardagi qoʻshinlar taʼminoti, jangovar harakatlarni olib borishdagi oʻziga xosligi, harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik mashqlari dasturlarining oʻzlashtirilishini oʻrganish va baholash maqsadida muntazam ravishda nazorat va inspektorlik tekshiruvlari ham olib borilmoqda. Bunda topografiya, taktik va tibbiy tayyorgarlik, qurollarni yoyish va yigʻish, turli oʻqotar qurollarni jangovar holatga, artilleriya qurollarini meʼyor darajasiga hamda aloqa vositalarini soz holatga keltirish boʻyicha sinov mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Boʻlinmalar jipsligini tekshirish maqsadida esa turli murakkablikdagi mashqlar jamlanmalari bajarilyapti. Bu kabi sinovlar yurt posbonlarining harbiy tayyorgarligini har tomonlama oshirish, komandirlik boshqaruvi va favqulodda holatlarda xodimlarning toʻgʻri va aniq harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirishda qoʻl keladi.

 

 

Oʻziga xos maktab

“Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirib borishda katta ahamiyatga ega. Bu yerda Vatan himoyachilari togʻli hududlardagi qiyin sharoitlarda jang olib borish boʻyicha malakalarini mustahkamlab, tajribalarini oshiradi. Markazda oʻquv kurslari qishki va yozgi mavsumlar uchun moʻljallangan boʻlib, mashgʻulotlar professional yoʻriqchi mutaxassislar tomonidan zamonaviy metodlar asosida olib borilmoqda.

 

 

Markazda tashkil etilayotgan “Uzluksiz aloqa” yoʻnalishida guruh boʻlib harakatlanish va aloqa oʻrnatish qiyin boʻlgan togʻli hududda toʻgʻri yoʻnalish boʻylab olgʻa yurish, aloqani tiklash, shartli dushman joylashgan hudud boʻyicha aniq koordinatalar bera olish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. “Aniq moʻljal” oʻquv kursi togʻda vazifa bajaruvchi boʻlinmalarning hududda jang olib borish va u yerda xavfsiz harakatlanish koʻnikmasini oshirishga qaratilgan. Bunda merganlar togʻdagi atmosfera bosimi va ob-havoning aniq moʻljal olishga taʼsir etuvchi xususiyatlarini hisobga olishi zarur. Kurs davomida lochinni koʻzidan bexato uradigan yoʻriqchilar oʻz tajribalariga suyangan holda kunduzgi va tungi otish mashgʻulotlarini yuqori darajada tashkil etadi. “Yetakchilik huquqi” yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida qatnashayotgan yigitlar togʻ anjomlarini toʻgʻri ishlatish, ularga texnik xizmat koʻrsatish, toʻsiqlardan oʻtish, qoyada harakatlanish texnikasi va usullari kabi yoʻnalishlar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.

 

 

Bir soʻz bilan aytganda, “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi bugun Qurolli Kuchlarimizning togʻli hududlarda jangovar vazifalarni bajarishga jalb etiladigan boʻlinmalar mutaxassis va shaxsiy tarkibini tayyorlash borasida oʻziga xos maktab yarata olgan. Bu yerda tahsil olayotgan harbiy xizmatchilar, albatta, milliy armiyamizning kuchiga kuch, qudratiga qudrat qoʻshadi.

 

Xalqaro harbiy hamkorlik

Qoʻshinning jangovar tayyorgarlik borasidagi tajribasi ortishida, shubhasiz, xalqaro harbiy hamkorlikning oʻrni katta. Bu borada ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, jahon talablariga mos ravishda barpo etilgan “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi, shuningdek uning togʻ oʻquv bazalarida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya va Belarus davlatlari armiyalarining mutaxassislari, “Merganlar tayyorlash markazi”da esa Turkiya, Italiya va Fransiya Qurolli Kuchlari mergan-yoʻriqchilari ishtirokida hamkorlikdagi oʻquv kurslar va treninglar oʻtkazib boriladi.

 

 

 

2022-yil Mudofaa vazirligi harbiy jamoalarining xalqaro maydonlarda erishgan yutuqlari haqida bir-ikki misolni keltirmoqchimiz. Shuning oʻzi ham milliy armiyamizning jangovar qobiliyati haqida yetarlicha tasavvur bera oladi, nazarimizda. Birinchi misol: 2022-yil iyun oyida Turkiyaning Isparta shahrida “Eng ilgʻor merganlar jamoasi” musobaqasi oʻtkazildi va unda jamoamiz faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ahamiyatlisi shuki, mazkur bellashuvda NATO tarkibiga kiruvchi 12 ta davlat jamoalari ham ishtirok etgan edi. Ikkinchi misol: Xalqaro armiya oʻyinlari («ArMI – 2022») oʻyinlarida Mudofaa vazirligi terma jamoalari 34 ta davlatning 270 ta jamoasi orasida 7 ta oltin, 10 ta kumush hamda 5 ta bronza medallar bilan umumjamoa hisobida faxrli 2-oʻrinni egalladi.

 

 

Shuningdek, qoʻshinning jangovar shaylik darajasini oshirishda Qurolli Kuchlar va Mudofaa vazirligi miqyosida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Oʻz kasbining ustasi” unvoni uchun, “Eng ilgʻor mutaxassis”, “Eng ilgʻor mergan”, “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” kabi koʻrik-tanlovlar, “Dovyurak jangchi” nomli farqlovchi nishoni uchun sinovlar hamda harbiy xizmatchi ayollar oʻrtasidagi “Toʻmaris” koʻrik-tanlovlarining ham oʻrni beqiyos.

 

 

 

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, siz mana shu jumlalarni oʻqib turgan paytingiz ham milliy armiyamizda jangovar tayyorgarlikni oshirish, kasbiy mahoratni yuksaltirish borasida amaliy ishlar jadallik bilan davom etayotgan boʻladi. Zero, yurt sarhadlarini yanada sergak va ishonchli qoʻriqlash, ona Vatan oldidagi masʼuliyatli burchni munosib ado etishda katta yo kichik tanaffuslar, turli xil taʼtillar boʻlmaydi, bunda bir lahza ham kiprik qoqilmaydi.

Katta leytenant

Islomjon QOʻCHQOROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 43
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19142
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15912
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi