Islohotlar va ularning tezkor natijalari oʻz samarasini bermoqda


Saqlash
10:01 / 09.01.2023 693 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamdagi islohotlarni mamlakat taraqqiyotiga xizmat koʻrsatayotgan barcha sohalardagi tub oʻzgarishlar va ijobiy natijalarda koʻrmoqdamiz.

 

Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan hozirgi sharoitda Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaati muhim ahamiyat kasb etish bilan bir qatorda uning asosiy mazmun mohiyati, birinchi oʻrinda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani eʼtirofga sazovordir. 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim”, deb nom berilishi esa yurtimizda barcha islohotlar zamiri “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslanishini yana bir bor isbotlandi.

 

Murojaatnomada keltirilgan ustuvor yoʻnalishlar, dolzarb vazifalar va tashabbuslarni amalga oshirishda, albatta, yurtimiz fuqarolarini birdamligi va fidokorona mehnati juda zarur.

 

Bugungi Oʻzbekiston jahon arenasida oʻziga xos mavqeyiga ega davlatga aylandi. Islohotlar va ularning tezkor natijalari oʻz samarasini bermoqda. Lekin hali amalga oshiriladigan vazifalar koʻp va Prezidentimiz bu vazifalarning yechimini Murojaatnomada aniq belgilab berdi.

 

Xususan, Prezidentimiz Murojaatnomada Oʻzbekiston muzeylari faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtib, hozirda Fransiyaning Luvr muzeyidagi “Oʻzbekiston vohalari xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” nomli koʻrgazma davom etayotganini taʼkidladi.

 

Darhaqiqat, bu ham madaniyat sohasidagi islohotlar natijasi va muzeylarga ochilgan imkoniyatlarning birinchi qadami desak mubolagʻa boʻlmaydi. Koʻrgazmada hozirgi Oʻzbekistonning hududidan oʻtgan Buyuk Ipak yoʻli haqida hikoya qilinadi. Unda qariyb ikki ming yillik davrni qamrab oluvchi 169 ta eksponat, jumladan, Oʻzbekistonning 16 ta muzeyidan 138 dona osori-atiqa namoyish etildi.

 

Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan ushbu koʻrgazma oʻzbek xalqining jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi sifatida asrlar davomida dunyoda oʻz mavqeyiga ega boʻlgan davlatlardan biri ekanligini tarixiy artefaktlar asosida namoyish qilmoqda. Ajdodlarimizning ilm-fan sohasidagi yutuqlari, shaharsozlik anʼanalari, meʼmoriy obidalari, mahobatli sanʼat asarlari, irrigatsiya tizimi va hunarmandchilik sohalarining durdona asarlari tashrifchilar eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

 

Hukumatimizning Oʻzbekiston muzeylariga munosabat va eʼtibor tufayli tarixda birinchi marta shunday olamshumul ahamiyatga ega koʻrgazma ochildi. Bu anʼana, albatta, davom etadi.

Jannat ISMOILOVA,

tarix fanlari doktori, professor,

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16326
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi