Sharqiy Yevropadagi besh mamlakatning nomi turkiylardan oʻzlashtirilganmi?


Saqlash
18:12 / 30.12.2022 1429 0

Bugungi kunda madaniyati, fan va texnologiyada qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan dunyoga tanilgan davlatlar – Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Xorvatiya, Bosniya nomlarining kelib chiqish tarixi turkiylarga taqalishi haqida eshitganmisiz? Agar bu farazni biror turkiy elat kishisi aytsa, ochigʻi ishonish qiyin boʻlardi, biroq deyarli yuz yildan beri bolgar, venger, olmon va boshqa yevropalik bilim odamlari bu toʻgʻrida tinmay yozisharkan, mavzuni chuqurroq tahlil qilishga ehtiyoj paydo boʻladi o'z-o'zidan.

Masalan, Bolgariya – Bulgʻor eli, Vengriya yo boʻlmasa Xungari – Oʻnoʻgʻur, Xorvatiya – Qubrat,  Bosniya – Besenyo (Bajanak) eli, Serbiya – Savir oʻlkasi ekani haqida yevropaliklar koʻplab oʻrnaklar keltirib yozsa-yu, atamalarning egalari boʻlmish biz turkiylar “barchasi yolgʻon”, “bizda bunday soʻzlar yoʻq” deb tursak qanday boʻlarkan? Shu maʼnoda ushbu el-uluslarning turkiylarga bogʻliqligi, oʻzligini bildiruvchi etnik atamalar bizning tilimizga qanchalik tegishliliga toʻxtalib o'tsak, foydadan holi boʻlmaydi, nazarimizda.

Miloddan oldingi bir mingyillikning soʻnggi asrlarida Skif-Sak kabi yirik elatlar uyushmasining Volga – Urolboʻyidan kunbotar oʻlkalarga siljib, Qora dengiz qirgʻoqlari orqali Don, Dnepr, Dnestr, Dunay irmoqlarini kechib oʻtgan, Karpat togʻlari-yu Bolqon yarim orolida oʻrnasha boshlagan chogʻlarida, ular orasida eroniy, slavyan va boshqalar yonida turkiy elatlar ham oʻzlariga yangi yerlarni oʻzlashtirganliklari aytiladi. Bu qarash qanchalik toʻgʻriligi kelgusidagi izlanishlarda yanayam aniq boʻlar, biroq milodning ilk asrlaridan oʻninchi asrgacha “xun” va ularning izdoshlari “bulgʻor”, “oʻgʻur” (oʻgʻuz), “avar”, “xazar”, biroz keyinroq esa “qun”, “quman”, “qipchoq”, “uz” kabi turkiy yoki old-turk elatlarining Sharqiy Yevropaga borib oʻrnashishlari bu yerlarda turkiy qatlamning yanada oshishiga olib keldi.

Ushbu elatlarning ilk yoʻlboshchilari boʻlmish “xunlar” III asrda Oltoy oʻlkalaridan yoʻlga chiqib, IV – V asrlarda birgina Sharqiy Yevropada emas, bu qitʼaning qoq oʻrtasida uchray boshlashi sabab bu yerlarda “Xun-land”, Xunsberg (Xun oʻlkasi) kabi atamalar paydo boʻlishi va ularning bugungi kungacha saqlanib qolishi Yevropadagi ilk turkiy tamgʻa boʻldi. Oradan koʻp oʻtmay, “oʻgʻur”, “bulgʻor”, “avar” singari atoqli otlarning koʻrina boshlashi turkiylar salmogʻining qanchalik keng koʻlamli boʻlganini koʻrsatadi.

Xunlarning yirik izdoshlari boʻlmish venger eli va “Vengriya” atamasining “Xun-gari” (Xunlar oʻlkasi), yo boʻlmasa “Oʻn-oʻgʻur” (Oʻnta oʻgʻur/oʻgʻuz oʻlkasi) deb atalishi negiziga Sharqiy Yevropadagi xunlardan keyingi turkiylar toʻlqini edi, deb qaraladi.

Uchinchi toʻlqin esa Sharqiy Yevropaga koʻchgan turkiy elatlarning bir boʻlagi – bulgʻorlar VI – VII asrlarda Kavkaz va Qora dengiz oʻlkalariga va undan yanada ilgariroqqa – Bolqon yarim oroliga siljib, bugungi Bolgariya davlatining tamal toshini qoʻyadilar. Bu kabi siljishlar faqatgina shu bilan tugamaydi. Bolqon va uning tegrasidagi slavyan xalqlari boʻlmish serb, xorvat, bosniyaliklar orasiga singib ketgan bir necha etnonim oʻrnagida ham oʻz izini qoldirishadi. 671-yilda Asparux yoʻlboshchiligida bulgʻorlar bugungi Bolgariya oʻlkasini qoʻlga kiritib, qoʻl ostidagi slavyanlar orasida erib, ona tilini yoʻqotsalar-da, oʻz nomlari va ayrim etnik belgilarini saqlab qoladi.

Vizantiya yozmalarida bulgʻorlarning VII asrgacha Qora dengizning shimolida – Azov dengizi yuqorisidagi qir-adirlarda yashagani, boshqaruvchisi Qubratxon oʻlgach, tushkunlikka yuz tuta boshlaganliklari tilga olinadi. Qubratxon toʻngʻich oʻgʻli Batboy Azov tegrasida, ikkinchi oʻgʻli Qotragʻ Don daryosi qirgʻogʻida, uchinchi oʻgʻli Asparux esa Dunay boʻylarida bulgʻorlarga boshchilik qila boshlaydi. Azov boʻyidagi Batboy boshchiligidagi bulgʻorlar yunon (Vizantiya) va rus yilnomalarida “Qora-bulgʻor” atamasi ostida eslatilib, bugungi qorachoy-bulgʻorlarga ularning izdoshlari, deb qaraladi.

Qizigʻi shundaki, bulgʻor turklari boshqaruvchilaridan birining oti Sharqiy Yevropadagi el-uluslardan biri – xorvat atamasining oʻrtaga chiqishiga turtki boʻladi. Qubrat soʻzidan “xorvat” (Qubratxon – Sharqiy Yevropadagi Buyuk Bulgʻoriya davlati boshqaruvchisi, oʻl. 650 y.) atamasi kelib chiqqan degan qarashlar buning misollaridan biridir.

Yevropaning kunchiqar tomonlarida yuz bergan yana bir katta turkiy toʻlqin VI asrning oʻrtalarida yuz bergan. Bu vaqtda Avar turklari Karpat togʻlari va uning tegralarida oʻz boshqaruvini oʻrnatadi. Xunlardan birmuncha keyin – 558-yilda Kavkazga kirib kelgan avarlar xunlarning bulgʻorlarga yaqin bir tarmogʻi boʻlib, biroz muddat bu yerda yashagandan soʻng bulgʻorlar bilan birga Bolqondagi Dunay oʻlkasiga koʻchib oʻtishadi va oʻz boshqaruvining negizini oʻrnatadi.

Avar xoqonligi 562-823-yillarda Sharqiy Yevropada yashab oʻtgan, kelib chiqishi osiyolik boʻlgan koʻchmanchilar davlati ekani tan olingan. Ushbu xoqonlik eng kuch-qudratga erishgan kezlarida bugungi Vengriya, Ukraina, Slovakiya, Chexiya, Polsha, Xorvatiya, Sloveniya, Avstriya, Ruminiya va Serbiya tuproqlarini oʻz ichiga olgan yirik saltanat edi. Avar tili boʻyicha yevropalik, ayniqsa, Vengriyalik tilchilar koʻplab izlanishlar olib borgan. Biroq bu tilga tegishli deb sanaladigan soʻz va atamalar oz saqlanib qolgani uchun aniq bir toʻxtamga kelinmagan. Ayrimlar avarlarni turkiy, boshqalar esa moʻgʻul yoki tungus-manjur tillaridan birida soʻzlashgan, deya taxmin qiladi. Vizantiya yozma manbalarida ular bilan bogʻliq “Bayan”, “Xoqon”, “Xotun”, “Tudun”, “Yugʻrush”, “Tarxon” singari atamalar yetib kelgan boʻlib, koʻpchiligi turkiy unvonlar bilan bogʻlanadi. Shuningdek, Qam-savchi, Koʻk, Soʻloq kabi atamalar ham saqlanib qolgan boʻlsada, ularning biror atoqli ism yoki so'z boʻlgani toʻgʻrisida bir yechimga kelinmagan. Ayrim izlanuvchilar ulardan birinchisi – Qam-savchini eski turkcha “qam” (shomon) va “savchi” (soʻzchi, elchi) soʻzlari bilan tenglashtiradi.

Avarlar bilan deyarli bir paytda yoki birmuncha keyin va yo oldin Sharqiy Yevropada koʻrina boshlagan turkiy elat “savir”lar hisoblanadi. Yunon, amran, arab, fors, turkiy tilli qoʻlyozmalarda “savir”, “sabir”, “suvor” koʻrinishlarida tilga olingan ushbu el oʻsha chogʻlardagi qipchoq, oʻgʻuz, xoqoniya turkchasi (oʻzbekcha, uygʻurcha)dan birmuncha ajralib turib, bugungi chuvashchaga yaqin boʻlgan, deyiladi. Qizigʻi shundaki, qanchalik toʻgʻri ekani bugungacha toʻlaqonli aniqlanmagan farazlarga koʻra, slavyanlarning bir tarmogʻi boʻlmish “serb” atamasi eski turkcha “savir / sabir / suvor” bilan bitta negizdan deyiladi. Shuningdek, Xitoyning shimolidagi Ordos oʻlkasi (ichki Moʻgʻuliston)da yashagan turkiy elatlardan biri Chin qoʻlyozmalarida “syan-bi” koʻrinishida uchrab, uning turkcha aytilishi “serbi” boʻlgan.

“Vengriya” va “Xungari” atamalari boʻyicha esa turlicha qarashlar bor. XX asrning boshlarida venger va boshqa yevropalik izlanuvchilar Xungari (Hungary) atamasini koʻproq xunlar bilan bogʻlab tushuntirgan boʻlsalar, bugungi kunda bu soʻzni ogur (oʻgʻur) deya turklarining bir tarmogʻi boʻlmish Oʻn-oʻgʻur (On-ogur) bilan bogʻlash keng yoyila boshladi. “Oʻnta oʻgʻur urugʻi birlashmasi”ga tegishli maʼlumotlar yunon va lotin yozma manbalarida uchrab, Vengriya tuproqlariga ilk qadamini qoʻygan turkiy elatlar orasida ogur (oʻgʻur)lar yetakchilik qilgan. Ular bel-ogur (besh oʻgʻur), qutrigur / toʻqurgur (toʻqqiz oʻgʻur), onogur (oʻn oʻgʻur) kabi ichki boʻlinishlarga ega boʻlgan. Qizigʻi shundaki, ushbu koʻchishlardan biroz soʻng ichki Osiyo siyosatida yetakchilik qilgan turkiy elatlarning bir boʻlagi oguz / oʻgʻuz atalib, eski turk bitiktoshlari, arab va fors yozma manbalarida ularning sakiz oʻgʻuz “sakkiz oʻgʻuz”, toʻquz oʻgʻuz “toʻqqiz oʻgʻuz”, oʻtuz oʻgʻuz “oʻttiz oʻgʻuz” singari yon tarmoqlari boʻlgan.

Eski turkchada oʻgʻur (keyinchalik oʻgʻuz) “urugʻlar birlashmasi”, “urugʻ-qabilalar” anglamidagi bu soʻzning negizi old-turkcha ogʻ “oʻgʻ” (nasl)ga soʻzi toʻgʻri keladi, deb qaraladi. Oʻrxun bitiktoshlaridagi ogʻush “oʻgʻush” (oila), ogʻul “oʻgʻul” (bola) soʻzlari shu oʻzakdan oʻsib chiqqan. Bundan koʻrinadiki, vengerlarning bosh etnonimiga aylangan on-ogur (oʻn oʻgʻur – oʻn oʻgʻuz) soʻzining eski turkchadagi maʼnosi “oʻnta urugʻ”, “oʻn urugʻ birlashmasi”dir. Keyinchalik bu soʻz vengerlarga qoʻshni slavyanlar tilida biroz oʻzgarishga uchrab “venger, venger” koʻrinishini olgan boʻlsa, uzoqroq qoʻshnilari tomonidan esa “hongur, hungar” oʻlaroq ishlatila boshlagan.

Vengerlar Sharqiy Yevropaga borib oʻrnashgach ham turkiylarning kunbotardagi oʻlkalarga koʻchishi toʻxtab qolmaydi. X-XII asrlarda “qun”, “quman”, “qipchoq” kabi qipchoq tilli turkiy urugʻlar bilan birga “pecheneg”, “bajanak” deb ataladigan oʻgʻuzlarning bir tarmogʻi Sirdaryo boʻyi va Xorazmdan koʻchib, Yevropaning kunbotar tomonlarida yerlashadi. Ayrim bosniyalik izlanuvchilar pecheneg (vengerchasi besenyo)dan “Bosniya” atamasi kelib chiqqan ham deyishadi.

E'tiborlisi, ushbu turkiy elatlar dastavval Xitoyning terskay tomonlari – shimolidagi Ordos oʻlkasida yashab, IV – V asrlarda yoppasiga kunbotarga koʻcha boshlaydi. Xunlarga qoʻshilib yoki ularning izidan Sharqiy Yevropaga borib qolgan bu elatlar yillar oʻtib, tillarini yoʻqotgan boʻlsalar-da, oʻz etnik atamasini, ayrim til koʻrsatkichlarini saqlab qoladi. Shu o'rinda keyingi yillarda Ordos oʻlkasida yashagan syan-bi (savir)lar va ularga qoʻshilib Sharqiy Yevropaga koʻchgan bir qator turkiy elatlarning nomi bilan Xitoyning terskayida yashagan elatlar otining uyqash kelishini keltirib o'tamiz: Hsien-pi “savir” (särbi. Bu yerda undoshlar oʻrin almashinuvi yuz bergan: särbi > säbir / savir), Mu-lu-hui / Pu-lu-ken “bulgʻor” (turk. bulğa- “aralashtirmoq, bulamoq”, Mu-jung / Mu-yü-kên “mojor”, Wu-huan / Hu-a “avar”.

 

Umid qilamizki, Yevropaning kunchiqarida joylashgan Vengriya, Bosniya, Xorvatiya, Serbiya, Bolgariya, Ruminiyaga yoʻlingiz tushib, oʻnlab, balki yuzlab turkiy tilni eslatuvchi soʻz va atamalarga duch kelsangiz hayratlanmaysiz. Ularning salmoqli qismi u yerlarni bir necha yuz yillab boshqargan Usmonli turklariga tegishli boʻlgan har tugul. Biroq ular orasida shunday soʻz va atamalarni uchratasizki, ular Usmoniylardan deyarli besh yuz – ming yil oldin Sharqiy Yevropani egallagan turkiy ota-bobolarimiz bilan bogʻliq soʻzlardir, desak adashmaymiz.

 

Gʻaybulla BOBOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi