Tabiiy fanlar nega kerak?


Saqlash
21:15 / 03.01.2023 1699 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim borasida katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Har qanday mamlakat taraqqiyoti ilm, fan va taʼlimga bogʻliq ekan, bu masala barchaning diqqat markazida boʻlib qolaveradi. Shu kunlarda koʻzga koʻringan jurnalistlardan biri Sherzodxon Qudratxoʻja  bir koʻrsatuvda maktabda oʻtilayotgan darslarning oʻta koʻpligi va bu oʻquvchiga ogʻirlik qilayotgani bois ulardan ayrimlarini qisqartirish, ularning oʻrniga kreativ fanlarni qoʻshish taklifi bilan chiqdi, bu esa juda koʻp ziyolilarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi. Ziyolilar tabiiy fanlar hisoblangan fizika, kimyo, biologiya  fanining ahamiyatidan tortib, uning bugungi kun natijalarigacha eʼtibor qaratishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan izohlarda ushbu masala keng muhokamalarga sabab boʻldi va bu mazkur yoʻnalishdagi qator muammolarni ham koʻrsatib berdi.

 

Haqiqatan ham keyingi 15-20 yilda tabiiy fanlarga eʼtibor susaydi. Bu borada jiddiy kashfiyot, ixtirolar ham deyarli koʻzga tashlanmayapti.

 

Mamlakatimizda koʻpayib borayotgan ilmiy tashkilotlarning salohiyati ham quvonadigan darajada emas, ilmiy ish va ilmiy tadqiqotlar qilishga ragʻbat kuchaygandek, lekin bu ishlarning amaliy natijasi hamon past, doktorant va izlanuvchilarning aksariyati ilmni faqat stipendiya va obroʻ deb tushunadi, xolos. Ilmiy salohiyati yuqori boʻlgan yoshi katta ustoz olimlar yildan yilga kamayib bormoqda. Bundan bir necha yil oldin biolog olima Xolisxon Olimjonova oʻsimliklarni toʻlaligicha farqlay oladigan olimlardan faqat uchtasi qolgani haqida oʻkinib gapirgan edi. Bunday holat barcha sohalarda ham kuzatilmoqda. Holbuki, bizda dunyoga mashhur fiziklar, ximiklar, biologlar yashab ijod qilgan, mamlakat rivojiga hissa qoʻshishgan. Hatto biz faxrlanadigan Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiylarning asosiy izlanishlari ham shu sohalardagi masalalarni tadqiq etishga qaratilgan. Butun dunyodagi rivojlanish va taraqqiyot aynan ana shu tabiiy fanlar negizida amalga oshadi. Biz har kuni yuzlab fizik hodisalarga guvoh boʻlamiz, yuzlab fizik hodisalar kimyoviy jarayonlar asosida yuz beradi. Buni inkor qilib boʻlmaydi. Butun dunyo fizik, kimyoviy, kibernetik ixtiro va kashfiyotlarni amalga oshirib, fazolarga uchayotgan, energiya tejovchi mashinalar yaratayotgan, inson aʼzolarini yaratish ustida tinmay bosh qotirayotgan paytda bu fanlarni maktablarda qisqartirish qanchalik toʻgʻri? Bundan mamlakat yutadimmi, yutqazadimi?

 

Bugungi kunda maktablarda fizika va kimyoni oʻrganish qay darajada? 30 yil oldingi maktablarda kimyo, fizika, biologiya xonalari maxsus jihozlanib, oʻquvchilar turli maxsus asbob- uskunalar orqali laboratoriya ishlarini amalga oshirardi. Kimyo xonalariga maxsus kimyoviy moddalar ajratilar, oʻquvchilar laborator ishlarni oʻzlari bajarishi shart edi. Hozirgi maktablarda ahvol qay darajada? Haqiqatan ham ular amaliy ishlarni real bajarishyaptimi? Hech boʻlmasa, virtual koʻrish imkoniyati bormi? Fizika, kimyo va biologiyada amaliy ishlarni oʻzi koʻrib, bajarmas ekan, oʻquvchida bu fan haqida na tasavvur va na bu fanga ragʻbat uygʻonadi. Oʻquvchilarga ixtisoslik boʻyicha chuqur bilimlar berilgan taqdirda ham maxsus asbob-uskunalarsiz qiziqishi bor oʻquvchilarni yoʻqotish ehtimoli katta boʻlib qolaveradi. Bu masalaning yana bir ogʻriqli tomoni oʻqituvchilardir. Juda koʻp fizik va ximik oʻqituvchilar oʻz sohasini tashlab oʻzgartirib yuborishdi. Natijada, bu fanlardan astoydil dars beradigan oʻqituvchilar ham boy berildi. Fan tajribasiz oʻqituvchilar qoʻlida qolgani tufayli keyingi 20 yilda bu sohani tanlaganlar keskin pasayib ketdi.

 

Butun dunyo bilimlar jamiyati davrida yashamoqda va aynan tabiiy fanlar rivojiga, bu boradagi tadqiqotlarga eʼtibor har qachongidan kuchaymoqda. Chunki bu fan sohalari globallashuv davrida strategik ahamiyatga ega boʻlib bormoqda. Bunga pandemiya davrida ham guvoh boʻldik.

 

Taniqli fizik olim, futurolog Mitio Kaku oʻzining  “Kelajak fizikasi”, “Aql kelajagi” kabi kitoblarida tabiiy fanlar kelajak dunyoning manzarasini tamoman oʻzgartirib yuborishini bashorat qiladi. Bu bashoratlarning koʻpchiligini bugun biz amalda koʻrishimiz mumkin, elektromobillar va aʼzolarni yaratish bunga yorqin dalildir. Shunday ekan, butun dunyoda olamshumul kashfiyotlar va ixtirolar boʻlayotgan paytda mamlakatimizda ham tabiiy fanlar rivojlanishi, natija berishi kerak. Buning uchun taʼlim tizimida mazkur fanlarni sifatli oʻqitilishini taʼminlash, ushbu fanlarni oʻrganishga ragʻbatni kuchaytirish, tabiiy fanlardan dars berayotgan oʻqituvchilarni  ustamalar orqali ragʻbatlantirib borish, maktablarni eng yangi  kerakli jihozlar, asbob-uskunalar bilan jihozlash, zamonaviy kompyuterlardan foydalanishni jadal ravishda olib borish maqsadga muvofiq. Aksincha boʻlsa, Artur Shopengauer aytganidek, inson oʻz dunyoqarashi chegarasini olam chegarasi deb hisoblashda davom etadi.

 

Hulkar Abdullayeva

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:11 / 13.11.2024 0 368
Ibn Sinoning asl surati saqlanib qolganmi?

Ma’naviyat

12:11 / 13.11.2024 0 186
Ma’naviy ekspertiza kerakmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 21820
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//