Nomoddiy aktivlar, brendlar, milliy filmlar, koʻngilochar soha va media – Oʻzbekiston Global innovatsion indeksda yana qaysi yoʻnalishlar boʻyicha oqsamoqda?


Saqlash
11:12 / 30.12.2022 1053 0

Bundan qariyb 5 yil avval tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi 2023-yil 1-yanvardan boshlab Innovatsion rivojlanish agentligi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Demak, nomi tarixga aylanayotgan vazirlikda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilishning ayni vaqti.

Xoʻsh, shu yillar ichida nima qilindi? Qanday natijalarga erishildi? Nimalar oʻzgardi-yu yana nimalarga eʼtibor qaratish joiz? Mamlakatimiz soʻnggi 5 yil ichida innovatsion nuqtayi nazardan qanday rivojlandi? Bunga haqqoniy bahoni kim bera oladi?

Kamina vazirlik tashkil etilganidan beri ushbu idoraning matbuot kotibi boʻlib kelaman. Shu bois ham vazirlik ishlarini maqtashim, kezi kelsa boʻrttirishim, qoʻlimdan kelsa, kamchiliklarini yashirishim tabiiy hol. Qolaversa, vazirlik saytida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida vazirlikning joriy 2022-yilgi ham, oʻtgan besh yillik faoliyati natijalari boʻyicha hisobotlarni ham joylaganmizki, qiziqqanlar oʻqib olaveradi.

Xolis bahoni esa dunyo mamlakatlari taraqqiyotiga baho beruvchi nufuzli xalqaro reytinglar beradi. Xususan, mamlakatlar innovatsion rivojlanish darajasi Global innovatsion indeks (GII) bilan oʻlchanadi. GII 80 dan ortiq koʻrsatkichlar boʻyicha 131 mamlakatning innovatsion sohadagi faoliyatini baholaydi – Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT), Fransiyaning INSEAD xalqaro biznes-maktabi va Kornel universiteti tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida mamlakatlarning innovatsion imkoniyatlari va innovatsiyalar sohasidagi faoliyati yillik reytinglari eʼlon qilinadi.

Global innovatsion indeks bir nechta kichik indekslar, ularning har biri esa yana tofalarga ham boʻlinadi, mazkur subindekslarni oʻrganish, tahlil qilish orqali mamlakat innovatsion rivojlanishida qanday jihatlarga ahamiyat berishi kerakligi aniqlanadi, xato va kamchiliklar ustida ishlanadi. Yaʼni, reytinglar shunchaki mamlakatning u yoki bu sohadagi oʻrnini belgilabgina qolmay, u rivojlanishida qaysi yoʻnalishlarga ahamiyat berishi kerakligini aytib beruvchi indikatordir.

Avvalambor, Oʻzbekiston mazkur reytingda 2015-yilga nisbatan 40 pogʻona koʻtarilganini taʼkidlab oʻtishimiz kerak. Hozirda yurtimiz mazkur reytingda 82-oʻrinni egallagan va Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish strategiyasida 2030-yilda mamlakatimiz mazkur reytingning 50 ta eng yaxshi davlatlari qatoriga kirishni maqsad qilgan.

Mazkur keng miqyosli tadqiqotning 2022-yilgi maʼruzasida yurtimizning ilmiy va innovatsion faoliyati tahlili ham keltirilgan. Aynan shu yili  ekspertlar mintaqalar kesimida 3 tadan mamlakatni “2022-yilda innovatsiyalar boʻyicha global yetakchilar” sifatida alohida qayd etdilar – Oʻzbekiston ilk bora mana shu eʼtirof etilgan mamlakatlar safidan oʻrin oldi. Yaʼni Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida Hindiston va Erondan keyin innovatsiyalar boʻyicha top-3 davlatlardan biri boʻldi.

2019-yildan beri kiritilgan GII reytingidagi muhim koʻrsatkichlardan biri – “Innovatsiyalar sohasidagi kutilgan natijadan yuqori yutuqlar” boʻlib, har yili GII ekspertlari tomonidan barcha toʻrt guruh mamlakatlari uchun jon boshiga daromad darajasi boʻyicha tuziladi. Ushbu roʻyxatga cheklangan imkoniyatlar va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar innovatsion rivojlanish boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishgan mamlakatlar kiritiladi.

 

 

 

2020-yildan buyon aholi jon boshiga oʻrtacha daromaddan past mamlakatlar guruhidan Oʻzbekiston ham ushbu roʻyxatga kiritilgan. Shu munosabat bilan aholi jon boshiga oʻrtacha daromadi past boʻlgan mamlakatlarni sarhisob qilish ushbu guruhdagi eng rivojlanayotgan mamlakatlarni aniqlash imkonini beradi. 2022-yilda Oʻzbekiston GII reytingi tarixida birinchi marta aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotda innovatsiyalarga sarflangan mablagʻlar darajasidan qatʼi nazar, innovatsion rivojlanish boʻyicha kutilganidan yuqori yutuqlarga erishgan davlatlarning top-10 taligiga kirdi.

 

 

 

2022-yilgi GIIdagi Oʻzbekistonning oʻrnini tahlilini koʻrarkanmiz, Ijodkorlik (Creative output) yoʻnalishi boʻyicha sezilarli ortda qolayotganimizni, yaʼni 102-oʻrinda egallaganimiz eʼtiborni tortmay qolmaydi. Ijodkorlik yoʻnalishi oʻz ichiga 16 ta subindeksni oladiki, ularning ayrimlari, masalan, Nomoddiy aktivlardan foydalanish intensivligi, Brendlar, Milliy badiiy filmlar, Koʻngilochar soha va media kabi boʻlimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli xalqaro tashkilotlar maʼlumotlar bazasiga kiritilmagan, ammo hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan kiritish boʻyicha ishlar qilinyaptiki, kelgusi reytingda ular ham inobatga olinib, pozitsiyalarimiz yaxshilanadi, deb umid qilamiz.

Onlayn ijodkorlik boʻyicha ham qattiq ishlashimiz talab etiladi, masalan, mobil ilovalarni yaratish boʻyicha 132 mamlakatdan 107-oʻrinni egallasak,  IT-loyihalarni xostingi sanalmish eng yirik GitHub veb-servisidagi faolligimiz ham oʻta past boʻlib, 104-oʻrinni egallaganmiz.

Ijodkorlik yoʻnalishining biz uchun  eng ogʻriqli boʻlimi bu Yuqori darajadagi umumiy domenlar boʻlimidir, afsuski,  umumiy domenlardan foydalanish boʻyicha dunyoda eng past – 132-oʻrinni egallaganmiz.  Oʻzbekistonda hozirda .uz domenini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilib, .com, .net, .org kabi  global domenlarda saytlar, axborot resurslarini tashkil qilinmay qolmoqda. Vaholanki, kompaniyalar, tashkilotlar, ilmiy muassasalarning aynan Internet tarmogʻining umumiy zonalarida joylashishi ularga investitsiyalar kiritilishiga, eksportining rivojlanishiga xizmat qiladi. Milliy domenimiz bilan bir qatorda kompaniyalar, tashkilotlar saytlarining turli domenlarda boʻlishi ularning mahsulotlarining dunyo bozorlariga chiqishiga yoʻl ochadi. Masalan, Folsvagen kompaniyasini internetda qidirsangiz, kompaniyaning volkswagen.uz, volkswagen.de saytlarini topasiz. Bu mazkur kompaniyaning turli bozorlarga keng kirib kelishini taʼminlaydi. Milliy brendlarimizdan Artel kompaniyasi, Oʻzbekiston havo yoʻllari, elektron kundalik sayti bu borada jahon trendlariga rioya qilgan holda .org, .com domenida oʻz caytlarini tashkil qilgani maqtovga sazovordir.

         Shunday qilib, yurtimiz innovatsion rivojlanishi koʻrsatkichlari keng qamrovli boʻlib, uni takomillashtirish uchun turli sohalarni rivojlantirish talab etiladi. Yangi yildan Innovatsion rivojlanish vazirligi  yangi vazirlik – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi agentlik boʻlib faoliyatini davom ettiradi. Oldinda qiladigan ishlar koʻp — 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish kerak. Mazkur  strategiyani amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlarining birinchisi ham Global innovatsion indeks reytingida Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilashdir.

 

Nazokat Abduqunduzova,

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16137
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi