Yapon olimining Mirzo Boburga maktubi


Saqlash
09:09 / 21.09.2021 2214 0

O‘n oltinchi asrning birinchi yarmida Hindistonda buyuk imperiyaga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur dunyo tarixida insonparvarligi bilan nom qozongan shaxslardan biri. Ulug‘ shoir, faylasuf va olim Zahiriddin Muhammad Bobur sarkarda va davlat arbobi, buyuk bobosi Amir Temurning munosib vorisidir. Bobur o‘zbek adabiyoti rivoji va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan benazir shoir va mutafakkir sanaladi.

Uzoqni ko‘ra oladigan davlat arbobi va sarkarda bo‘lgan Bobur “Boburnoma” deb atalgan, yanada aniqrog‘i, “Vaqoye” yoki “Voqealar bayoni” nomli ajoyib xotiranomasini meros qoldirgan.  Boburning ijod yo‘li ravon va aniq. Bu asarni hech ikkilanmasdan turkiy adabiyotning shoh asarlaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Betakror adabiy qiymati bilan birgalikda “Boburnoma” noyob tarixiy manba sifatida taxminan XV-XVI asrlardagi Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston hayotiga doir ko‘plab ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bevosita mazkur asar ta’sirida Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”si kabi bir qancha tarixiy asarlar bitilgan.

Hozirgi kunda Yaponiyada Bobur ijodi va “Boburnoma” ustida tadqiqot olib borayotgan yagona olim bo‘lganligim sababli Bobur shaxsi va “Boburnoma”ga qiziqqan yaponiyalik tadqiqotchilar kamligidan juda afsuslanaman. Aslida ular juda ko‘p bo‘lishi kerak. “Sulton Bobur – buyuk saltanat asoschisi” deb nomlangan birinchi maqolani yaponiyalik olim Keykichi Hukazava yozgan bo‘lib, bu maqola “Shigaku – Zasshi” va “Journal of History” jurnallarida 1910-11-yillarda qayta-qayta chop etilgan. Uning hajmi juda katta, ya’ni jami 237 sahifani tashkil etgan.  O‘z vaqtida juda katta e’tibor qozongan ushbu maqolada Boburning Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Hindistondagi harbiy harakatlari tahlil qilingan. Umuman olganda, bir qancha kamchilik va xatolariga qaramay, uning Bobur shaxsi va hayotiga bag‘ishlangan maqolalari yig‘ilib kitob holida chop etilganda, Boburning nomi Yaponiyada yanada mashhur bo‘lar edi. Afsuski, chop etilmadi. Hukazavaning mazkur maqolasidan keyin mamlakatda ellik yil mobaynida Bobur shaxsi va hayotiga oid tadqiqotlar to‘xtab qoldi. Toshiyuki Yetani 1962-yilda “Hindiston Bobur nigohida” nomli muxtasar maqolasini e’lon qilib, unda Boburning “Boburnoma”da keltirilgan Hindiston to‘g‘risidagi qarashlarini tahlil qildi. Yetani o‘z maqolasida Boburning Kobuldagi qabrini ziyorat qilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham keltirib o‘tadi. Yana bir olim Kyuzo Kato 1978–83-yillarda Boburning hayotiga bag‘ishlangan ikkita kichik maqolasini rus tilidagi tadqiqotlarga asoslangan holda yozdi. Shuningdek, olim 1995-yilda “Markaziy Osiyoning tarixiy o‘zligi” nomli kitobini nashrdan chiqarib, unda Bobur faoliyatiga to‘xtaldi. U o‘z kitobida Boburning rus tiliga o‘girilgan ko‘plab she’rlarini yapon tiliga tarjima qilgan. Ilmiy nuqtai nazardan yuqorida ta’kidlangan to‘rt maqola va bir kitobni asosiy manba, muhim va qiziqarli ma’lumotlarga boy deb bo‘lmaydi.

Shaxsan o‘zimga kelsak, Yaponiyada Bobur ijodini ilmiy o‘rganishga kirishib, bu to‘g‘ridagi maqolalarni 1981-yildan boshlab nashr ettira boshladim. Mana shunga ham o‘ttiz yildan oshdi. “Bobur va Hirot” deb nomlangan birinchi maqolamdan keyin 1983-84-yillarda “Boburnoma”ning Farg‘ona va Kobul to‘g‘risidagi bo‘limlarining yaponcha tarjimalarini nashrga tayyorladim. Bobur va “Boburnoma” to‘g‘risidagi tadqiqotlarimni davom ettirib, bu shaxs haqida ma’lumotlarni yig‘ish va “Boburnoma”ning chig‘atoy va fors tillaridagi qo‘lyozmalaridan nusxalar olish uchun Hindiston, Eron, Turkiya, Angliya, Shotlandiya, Fransiya va  Rossiya kabi mamlakatlarga sayohatlar uyushtirdim. Bu asarning qo‘lyozma nusxalaridan foydalanib, 1995-yilda “Boburnoma”ning arab yozuvidagi nusxasiga tahliliy  xulosamni yozdim. Bu “Boburnoma” yuzasidan muntazam izlanishlarimning birinchi marta kitob holidagi nashri bo‘lib qoldi. Ushbu kitob xalqaro Bobur fondi mukofoti bilan  taqdirlandi. Shuningdek, atoqli o‘zbek olimlari tomonidan kitobim yaxshi baholanganidan juda mamnunman. Bu ishimni 1960-yilda P.Shamsiyev va S.Mirzayev chop ettirgan o‘zbek tilidagi nashrga so‘zma-so‘z taqqoslab chiqishdi. Shunday sa’y-harakatlar natijasida 2002-yili Toshkentda “Boburnoma”ning yangi nashri paydo bo‘ldi. Yangi nashr asosida 2008-yilda “Boburnoma”ning o‘zbek va rus tillaridagi nusxalari chop etildi.

Shundan so‘ng tanqidiy matn sifatida 1996-yili “Boburnoma” bo‘yicha izlanishlarimning ikki jildligini chop qildirdim. Bu jildda izohlar alfavit tartibida joylashtirilgan edi. 1998 yilda “Boburnoma”ning keng qamrovli annotaеsiyasi va qo‘lyozma nusxalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan 3-jildini nashr qildirdim. Bu jild o‘ta ilmiy tilda yozilgani sababli oddiy yaponiyalik uni osonlikcha o‘qiy olmaydi. Shunga qaramasdan u hanuz sotuvda.

Nihoyat, 2001-yilda “Bobur va u yashab ijod etgan davr” deb nomlangan 4-jild nashrdan chiqdi. Bu jildga XIV–XVI asrlardagi Markaziy Osiyo haqida maqolalarni kiritdim. Bu jild Yaponiya akademik mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shundan keyin tanqidiy nashrimning qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilgan ikkinchi nashrini ommaga havola etdim. Bu kitob hali ham sevib o‘qilmoqda. Yaqinda “Boburnoma”ning asl nusxasini o‘rgandim va yapon tilida maqola yozdim. Shundan keyin Xoja Ahrorning forscha “Volidiya” deb nomlangan asari haqida ham maqola yozdim. Bu asarni Bobur o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Yuqorida keltirib o‘tilgan barcha kitob va maqolalarim ilmiy izlanishlarga asoslangan, lekin uning tili oddiy aholi uchun murakkabdir. 

Yana aytib o‘tishim joizki, 2013-yilda “Bobur – buyuk saltanat asoschisi” nomli moʻjaz kitobimni nashr ettirdim. Bu kitob muxtasar shaklda bo‘lsa ham, Yaponiyaning oddiy aholisi uchun Bobur haqida yozilgan birinchi kitobdir. Kitob sharhida yosh yapon olimi Junichi Nishimura “ushbu asar professor Manoning Boburga yozgan maktubiga o‘xshaydi” degan yaxshi fikrni bildirgan. Men bu fikrga qo‘shilaman, chunki men Boburni qadrlayman va mazkur kitobda Boburni ko‘klarga ko‘targanman.

Hozirgi kunda yapon xalqi uchun “Boburnoma”ning yangi tarjimasini chop ettirishni rejalashtirayapman. Tarjima uch jild hajmida shu yilning kuzida nashrdan chiqadi. Bu kitoblar unchalik qimmat bo‘lmaganligi sababli ularni sotib olish aholiga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Men judayam mamnunmanki, yapon xalqi Boburning qiziqarli va jozibali memuar asarini to‘laligicha o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umid qilamanki, “Bobur” nomli bu kitobim va yangi tarjimam (“Boburnoma”) yapon xalqiga Boburning ajoyib shaxsiyatini ochib beradi va nafaqat Boburga, balki O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. Agar yaponiyaliklar Boburni yaxshiroq va yaqindan bilishsa, uning ajoyib va jozibali shaxsiyatiga maftun bo‘lishlari aniq.

Eyji MANO,

Yaponiyaning Kiyoto universiteti professori;

Xolida Abilova tarjimasi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali 2014-yil 2-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 505
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19395
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16600
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi