Ovqat Rumiyni o‘qiganmi yoki Rumiy ovqatni yeganmi? – Ona tilidagi so‘zlarni tushunishingizga aminmisiz?


Saqlash
19:12 / 22.12.2022 1316 0

Tushunish ham mahorat

 

Tushunish – kundalik hayotimizda qayta-qayta amalga oshiradigan vazifalarimizdan biri. Xuddi yurish kabi, yo‘q, xuddi nafas olish kabi, chunki biz insonmiz va jamiyat ichidagina to‘laqonli mavjudmiz. Jamiyat ichida yashash va faoliyat yuritish bu – boshqalar bilan muntazam axborot almashish degani. Kasbiy faoliyatim davomida ona tilidagi matnni tushunishni ilmiy jihatdan o‘rganganman. Ba’zan hamkasblar yoki atrofimdagilarning odam o‘z ona tilini juda yaxshi tushunadi, u yerda anglanmaydigan nima bor? Buning nimasini ilmiy o‘rganish, nimasini baholash kerak, degan savollariga duch kelaman. Ishoning, ona tilidagi matnni tushunish qiyin va o‘ta murakkab jarayon. Buni isbotlash uchun ilmiy tadqiqotimda kichik xabar matnini to‘rt marta o‘qib eshittirganimda 60 kishidan faqat to‘rttasi, o‘qish uchun qo‘liga berganimda 88 kishining atigi o‘ntasi to‘liq tushungani haqida yozmoqchi emasman. Shunchaki, tushunish jarayonida ongimiz qanday ishlashi haqida tajribamga asoslangan ayrim kuzatishlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

 

 Yurak xaritasi qanaqa bo‘ladi?

 

Bundan bir necha yillar avval televizorda bir klipga ko‘zim tushdi. Xonanda: “Yuragimni uzib berdim, qaramading. Xaritasin tuzib berdim, qaramading”, deb kuylayapti. Klip davomida tasvir aktyorlardan xonanda va cholg‘uchilarga ko‘chdi. Qo’shiqchi oldingi planda, orqada cholg‘uchilardan iborat kattagina jamoa va ularning ortidagi fonda… dunyo xaritasi. Hayron bo‘ldim: qo‘shiqda global masala emas, sevgi haqida kuylanyotgan bo’lsa, klipda dunyo xaritasiga nima bor?! Tarona naqorati  yangray boshladi yana: yuragimni uzib berdim, qaramading, xaritasin tuzib berdim, qaramading…” va “Evrika!” Shundagina dunyo xaritasining ashula matniga (mazmuniga emas) aloqadorligini anglab yetdim. Matnda ishlatilgan xarita so‘zi sababchi edi hammasiga. Matnning bir parchasi (ayni vaziyatda matndagi bir soʻz) taʼsirida yuzaga kelgan assotsiatsiya tushunishning boshlangʻich darajasida ongda hosil boʻladi va matn mazmuni toʻligʻicha qabul qilinganda u chetga chiqishi kerak.

 

Masalan, kishi “yuragim...xaritasin tuzib berdim” jumlasini eshitish jarayonida xarita soʻzini alohida qabul qilganda dunyo xaritasi tushunchasi unga assotsiatsiya boʻlishi mumkin. Ammo xarita soʻzini qoʻshiq matni ichida u bogʻlangan yurak soʻzi bilan birga qabul qilar ekan, koʻchma maʼnoda qoʻllanilganini anglaydi va dunyo xaritasi tushunchasi tushunish jarayonida boshqa ishtirok etmasligi kerak. Keltirilgan misolda dunyo xaritasi tushunchasi klipda orqa fongacha yetib borganidan bilish mumkinki, xaritasi soʻzining matn ichidagi maʼnosi retsipiyent tomonidan qabul qilinmagan, balki alohida soʻz sifatida qolib ketgan. Demak, matnni tushunish vaqtida tildagi so‘zlarning ma’nosini bilishning o‘zi yetarli emas. Ular boshqa jumlalar bilan birga kelganda mazmun qanday o‘zgarishi haqida ham bilimga ega bo’lish kerak. Shuning uchun ham ona tilida matnni tushunishni o‘rgatish bu – bolada so‘zlarga, til birliklariga nisbatan hushyorlikni tarbiyalash demak, menimcha.

  

Ovqat Rumiyni o‘qiganmi yoki Rumiy ovqatni yeganmi?

 

Savolni o‘qib, “bu nima jinnilik” degan gap xayolingizdan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ishonchim komilki, “Albatta, Rumiy ovqatni yegan bo‘ladi-da. Bu shubha ostiga olinadigan narsa emas-ku” degan javob xayolingizga keldi. Ammo boshqacha o’ylaydiganlar, aniqrog’i, so’zlarni yaxshi tushunmagani sabab xato qiladiganlar ham bor. Bir bloger blogida maxsus ovqatlanish dasturiga amal qilib ozayotganini yozib boradi. Yozishicha, maxsus firma tomonidan yuboriladigan ovqatga har kuni bir motivatsion gap yozib berisharkan. Bir kuni "Sen yurishni boshlasang, yo‘l o‘zi paydo bo‘ladi, deyapti bugungi ovqat" degan post qo‘ydi. Men izohga "Bugungi ovqat Rumiyni o‘qigan ekan-da" deb yozdim. Chunki avvalroq bu gapning muallifi Rumiy deb ko‘rsatilgan postni o’qigan edim. Keyinroq boshqa kuzatuvchi mening izohimga javoban "yegan ekan, deng" deb yozdi.

 

Fikrlar zanjiri qandayligini aniq his qilishingiz uchun ketma-ket keltiraman:

- Sen yurishni boshlasang, yo‘l o‘zi paydo bo‘ladi, deyapti bugungi ovqat.

- Bugungi ovqat Rumiyni o‘qigan ekan-da.

- Yegan ekan, deng.

 

Zanjir oxirgi gapga kelganda uzilib, har tarafga sochilib ketganini siz ham his qildingizmi? Nima uchun bunday bo‘ladi? Ovqat va inson tushunchasini bog‘laydigan birinchi harakat yeyish. Bunda odam harakat bajaruvchisi, ovqat esa harakat obyekti. Bu oddiy va boshqa bog‘lanishlarga asos bo‘ladigan bog‘lanish. Agar inson gapdagi leksik-grammatik vositalarni anglay olmasa, o‘sha asos bog‘lanishga murojaat qilib, mazmun haqida xulosa qiladi. Blogerning posti va mening izohim ovqat so‘ziga nisbatan jonlantirish badiiy vositasini qo‘llash asosiga qurilgan edi. Oxirgi izohni yozgan foydalanuvchi, aftidan, uni tushunmagan. Bu ham xuddi teparoqda so‘z yuritganimiz “xarita” so‘zining kontekstda ko‘chma ma’noda qo‘llanganini tushunilmaganiga o‘xshaydi. Inson ongi gapda kelgan tushunchalarning sintaktik bog‘lanishini hal qilishga qiynalganida so‘zlarning mazmunidan kelib chiqib, sintaktik strukturani o‘zi ijod qiladi.  Bu – gap o‘quvchi tomonidan umuman tushunilmadi, degani.

 

Til ham davlat ramzimi?

 

Bir gal boshqa o’qituvchining o’rniga ma’ruza o’tishimga to’g’ri keldi. Mavzu “Til – ramzlar tizimi” edi. Birinchi kurs talabalaridan shu mavzuni o‘qiganda nimani tushunganlarini, nimani tasavvur qilganlarini  so‘radim. Aksariyat javoblar “til millat/davlat ramzidir” mazmunida bo‘ldi. Endi tahlil qilib ko‘ramiz nima uchun yoshiga yetgan, ya’ni katta odam hisoblanadigan o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar “Til – ramzlar tizimi” ifodasini to‘g‘ri dekodlay olmadi? (Tushunish ifodaning til xususiyatlarini to‘g‘ri tahlil qila olish demakdir) Talabalardan tire gapda nima uchun qo‘llanilishini so‘radim, to‘g‘ri javob berishdi. Ya’ni ular gapda qo‘llangan birliklarning alohida holdagi ma’nosi va vazifasini bilmaydi emas, biladi. Unda muammo nimada?

 

Muammo “ramz” so‘zida. Birinchidan, bu so‘z tilimizda u qadar faol ishlatilmaydi, ya’ni chastotasi past so‘z.  Ikkinchidan, uni deyarli hamma bitta kontekstda “davlat ramzlari” birikmasida uchratgan. So‘z bitta kontekstdagina qabul qilinar ekan, uning mustaqil holdagi ma’nosi o‘zlashtirilmaydi (bu ilmiy jihatdan bir qator tadqiqotlarda  isbotlangan). Demak, “Til – ramzlar tizimi” ifodasini o‘qiyotgan talabalarda ramz so‘zi “davlat ramzlari” ma’nosi bilangina assotsiatsiyalanyapti. Uchinchidan, ramzlar so‘zining ma’nosi o‘zlashtirilmagandan keyin uning “ramzlar tizimi” birikmasida nimani anglatayotganini aniqlash ong uchun mushkul vazifa. Shu sababdan, tizim so‘zi dekodlash jarayonida hisobga olinmagan. Ya’ni u so‘zgacha chiqarilgan xulosa miya uchun qoniqarli javob bo‘lgan.

 

Ushbu maqolada kundalik hayotimizda yo‘l-yo‘lakay uchragan hodisalar – tushunish jarayonidagi kamchiliklar va ularning sabablarini tahlil qilishga harakat qilindi. Umid qilamanki, endi inson o‘z ona tilidagi gaplarni ham tushunishi oson emasligi va buni jiddiyroq o’ylab ko’rish kerakligi haqida mulohaza qilib ko’rasiz.

 

Iroda AZIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19263
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16179
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi