Adabiyot
“Addamslar oilasi” haqida eshitganmisiz? Koʻpchilik bu oilani 23-noyabrda premyera qilingan va favqulodda mashhurlikka erishgan “Wednesday” seriali orqali tanidi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Kutilmaganligi shundaki, qator rekordlarni zabt etayotgan ushbu film unutilgan oila haqidagi navbatdagi muvaffaqiyatsiz ish boʻlishiga ishonilgan edi. Ammo “Wednesday”, nafaqat “Addamslar oilasi»ning davomi yoki remeyki boʻlib qolmadi, balki u mutlaqo boshqacha ruhda suratga olindi.
Addams oilasi haqidagi ilk hikoya 1938-yilda paydo boʻlgan. Oʻsha yili amerikalik karikaturachi Charlz Addams “The New Yorker” jurnali sahifalari uchun komiks yaratadi va u muallif vafoti (1988-yil)ga qadar nashr etiladi. Rejissyor Berri Sonnenfeld 1991-yilda ushbu komikslarni filmga aylantirdi. Tajribali prodyuser va rassomlar sabab kartinaning saviyasi yanayam oshiriladi.
2022-yil remeyk va mashhur filmlarning davomlari yili boʻldi. Nostalji “Wednesday” ham shu xarakterni namoyon etganiga qaramasdan boshqalardan farqli film klassika va zamonaviylikni muvaffaqiyatli birlashtira olgan. Syujet oʻzining boshqa prototiplaridan koʻp ham farq qilmaydi – yolgʻizlikni xush koʻruvchi bosh qahramon tengdoshlari bilan munosabatlarni oʻrnatishi, doʻstlari orttirishi va jamiyatga moslashishi kerak. Bir soʻz bilan aytganda, gʻarbning asosiy muammolaridan biri boʻlgan oʻsmirlarning ijtimoiylashishi bilan bogʻliq voqealar.
Janr jihatdan esa maqtasa arzigulik jihatlar bor. Tragedik komediya va mistik fantastika janrlarining oʻzaro kombinatsiyasi mukammallik kasb etgan desa boʻladi. “Garri Potter”dan farqli gotika uslubi va detektiv intriga loyihani juda jozibali qilgan. Serialda ilmiy va tabiiy fantastikadan qochilgan, koʻproq eʼtibor gʻayritabiiylik (maxluqlar, mifik afsonalar va qasoskorlar)ga qaratilgan. “Nevermore” maktabi esa klassik gʻayritabiiy filmlarida boʻlgani kabi insonning eʼtiborini tortadi. Kichkina shaharcha, vahshiy hayvonlar, davomli qotilliklar va maxfiy jamiyatlar – hammasi birlashib, film intrigasini oshirgan. Kartinadagi romantik sahnalar, boʻyin egmas qahramonning muhabbat haqidagi qarashlari oʻziga xos “miks” hosil qila olgan. Shuningdek, serialning Yevropa va Amerikadagi mashhurligiga boʻrilar, vampirlar va sirenalar kabi epizodlarning kiritilishi ham katta hissa qoʻshdi.
Rassomlik ishi odatdagidan koʻra mukammalroq. Umuman olganda, filmdagi kostyumlar, grim, sahna dekoratsiyalari “Netflix”ga xos bequsur tayyorlangan. Shunga qaramay, serialning asosiy yutugʻi yaxshi kasting ekanini alohida taʼkidlash kerak. Ketrin Zeta-Jons va Luis Gusman (Wednesday ning ota-onasi) koʻp koʻrinish bermagan boʻlsada, oʻzlarining rollarini yetarli darajada ishonchli oʻynagan. Maktab oʻqituvchisi rolini oʻynagan Kristina Richchining ishtiroki esa ramziy maʼnoga ega. Negaki, u 90 yillarda suratga olingan Addamslar oilasi filmida Wednesday rolini ijro etgan edi. Bundan tashqari harakatlanuvchi qoʻl obrazi ham filmga juda yarashiqli tushgan deyish mumkin. Ammo afsuski, kartinadagi koʻplab isteʼdodli yosh aktyor va aktrisalar Jenna Orteganing soyasida qolib ketgan. Bosh qahramon shaxsiyatining nihoyatda gʻayritabiiyligi tomoshabin diqqat markazini Jennaning oʻzidagina toʻplanishiga sabab boʻlgan.
Filmning mashhurlashishiga anchagina taʼsir oʻtkazgan bosh qahramon – aktrisa Jenna Ortega 2002-yil 27-sentyabrda AQSHning Kaliforniya shtatida tugʻilgan. Yoshligidan koʻplab filmlarda oʻzini sinab koʻrgan Jennaning taʼkidlashicha, “Wednesday” serialida bosh rolni qoʻlga kiritish uchun qilichbozlik va nemis tilidan oʻrta darajagacha taʼlim olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan raqs sahnasi ham uning tashabbusi bilan epizodga kiritgan. Film nafaqat qahramonlar bilan balki oʻziga xos “oranjirovka” bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir. Ehtimol yaqin 10 yillikdagi eng yaxshi ovozlashtirish desak, yanglishmasmiz. Unda “The Rolling Stones” guruhining “Paint It, Black”, “Metallica”ning “Nothing Else Matters” kabi klassik musiqalardan Dua Lipaning “Physical”, “The Cramps”ning “Goo Goo Muck” kabi zamonaviy pop qoʻshiqlargacha oʻzining yaxshi xislatlarini namoyon eta olgan.
Serial mashhur reytinglarda anchagina muvaffaqiyatga erishgan boʻlsada, tanqidlarga ham uchramoqda. Masalan, rejissyorlar Alfred Gof va Maylz Millar serialda «Garri Potter»da boʻlgani kabi murakkab sport tadbiri qoʻshilgani, ayrim oʻxshash obrazlar, masalan, jinoyatchi professorning borligi, sahna dekoratsiyasining qamrovi kichkinaligini tanqid qilgan. Shunga qaramasdan, film haqida ijobiy sharhlar koʻproq. Ularning aksarida, Jennaning oʻziga xos raqsi tahsinga sazovor ekani aytilgan. Xususan, britaniyalik kino tanqidchi Geoff Endryu serialni shu raqssiz “oʻlik” degan. Serial haqidagi shu kabi qizgʻin bahslar dunyo boʻylab hamon davom etmoqda. “Wednesday” “Whip Media” tomonidan taqdim etiladigan reytingga koʻra, “The Witcher”dan soʻng ingliz tilida eng koʻp koʻrilgan ikkinchi filmga aylandi. Serial 83 mamlakatda 23-30-noyabr kunlarida koʻrilgan soatlar boʻyicha (jami 341,2 million soat tomosha vaqti bilan) rekord oʻrnatdi. Ayni kunlarga kelib esa, tomosha soati 1 milliarddan oshib ketdi.
Ana shunday “shovqinli” fonda navbatdagi faslga ham ssenariylar yozila boshlagan va uning kattaroq loyiha boʻlishi kutilmoqda. Xususan, Jenna Orteganing maʼlum qilishicha, ikkinchi faslda Tom Holland bilan partnyor boʻlishi kutilyapti. Suratga olish ishlari qachon boshlanishi hozircha maʼlum qilinmagan. Shunga qaramasdan, kinoshunoslar 2-fasl biz kutgandan tezroq tayyor boʻlishini taxmin qilishmoqda. Har qanday holatda ham “Wednesday” seriali bizni zeriktirib qoʻymaydi, nazarimizda
Sanjar MASHRIQIY
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Durdona
12:01 / 01.01.1970
Juda ajoyib maqola. Film hamda filmga tegishli maʼlumotlar yetarlicha ochib berilgan. Menimcha bu maqolani oʻqib filmni tomosha qilmaganlar qiziqish bilan tomosha qilishadi. Filmni koʻrib tomosha qilganlar esa yanayam oʻz savollariga javob olib xulosa qilishadi deb oʻylayman