Jahon kinosanʼatida hanuz dastxati yoʻq, xato, xulosa va saboq orasidagi oʻzbek kinosi haqida mutaxassis tahlili


Saqlash
22:56 / 21.12.2022 2185 0

“Mualliflik filmi” atamasining ildizi yigirmanchi asrning elliginchi yillariga borib taqalsa-da, bu tushuncha oʻzbek kinosiga ancha kech kirib keldi. Chunki bizda kino asosan hukmron mafkuraning targʻibot-tashviqot quroli, yakkafikrlikka koʻnikilgan ijtimoiy muhitning  solnomasi vazifasini oʻtagan. Oʻtgan asr boshlarida yaratilgan “Ajal minorasi”, “Ramazon” va “Qasam” kabi filmlarga qoʻyilgan talab bugun ham  davom etyapti. Shaklu ifoda har xil, biroq undan kutilayotgan maqsad bitta. Oʻzbek kinosi tarixi ilmiy-badiiy tadqiqotdan koʻra koʻproq sotsiologik tasnifga mos kelishining sababi ham shunda. Chunki biz ular orqali bosh siyosiy mafkuraning qaysi yillarda qanday evrilib turlanganiga amin boʻlamiz. Ehtimol, hanuz jahon kinosanʼatida oʻzbek kinosining oʻziga xos yirik dastxati yoʻqligiga sabablardan biri ham shudir. Yaʼni yondashuv, kinoga qoʻyilayotgan talablar notoʻgʻri boʻlib kelgan. Ijtimoiy buyurtma filmlar bilan mualliflik filmiga daʼvogar xos sanʼat asarlarining farqi nimalarda koʻrinadi? Sanʼatning markazida insonning individual dunyosi turadi. Mualliflik filmi ijodkorlarini mana shu oʻziga xos dunyo qiziqtiradi. Irland yozuvchisi Jeyms Joys “Navqiron sanʼatkorning siyrati” romanida “Soxta, haqiqiy boʻlmagan sanʼat paydo qiladigan tuygʻular — bu mayl, intilish va nafratlanish, hazar qilish. Mayl-ragʻbat bizni yaqinlashishga, qoʻlga kiritishga chorlaydi. Nafrat-hazar tuygʻusi tark etish, inkor qilishga undaydi. Bunday tuygʻularni uygʻotadigan sanʼat — pornografiya va didaktika — haqiqiy boʻlmagan, soxta sanʼatlar. Shu bois, bu holatda estetik tuygʻu harakatsiz, turgʻun holatda boʻladi. Fikr toʻxtab qoladi va mayl hamda nafrat tevaragida aylanadi, xolos ” deb yozgan edi. Shuningdek, soxta targʻibot ham notabiiy ovozda nimanidir inkor qilib, nimagadir daʼvat qiladi.  Propaganda  aralashgan nuqtada ham sanʼat mahv etiladi. Yot gʻoyani madaniy-maʼnaviy zugʻum bilan odamlar ongiga singdirishga urinish — intellektual hallollikni siyosiy matlab yoʻlida qurbon qilib yuborishdir. 

 

Yozuvchi soʻz orqali tafakkur qilsa, kinorejissyor – ekran mutafakkiri kadrlaru rangtasvir orqali, aktyorlar ijrosi bilan oʻz fikrini ifodalaydi. Oʻtgan asrda Shuhrat Abbosov, Uchqun Nazarov, Ali Hamroyev, Elyor Eshmuhammedov, Qamara Kamolova kabi kinorejissyorlar davlat kinosi uchun belgilab berilgan ijtimoiy hududni qisman kengaytirib berdi. Ular kamera nigohini muvaqqat gʻoyadan qiyalatib inson koʻngliga yaqinlashtirishdi. Bu rejissyorlarning kino sanʼatiga munosabati jahon mualliflik filmlaridan ulgu  olganini eslatadi.  Oltmishinchi-yetmishinchi yillarda voqea boʻlgan, bugun oltin fonddan joy olgan Ali Hamroyev,  Elyor Eshmuhammedov va Qamara Kamolovaning asarlari goʻyo madaniylashayotgan, biroq ildizlaridan uzoqlashgan oʻzbeklarning olamidan hikoya qiladi. Xoʻsh, zamonaviy oʻzbek kinosining bu boradagi izlanishlari qanday kechayapti?

 

2017–2019-yillarda yaratilgan tarixiy va mualliflik badiiy filmlari kinoijodkorlarga izlanish, xato qilish va undan xulosa chiqarish imkonini berdi. Albatta, har bir maktab xatolardan chiqarilgan saboqlar orqali yaraladi.

 

Ali Hamroyev va Uchqun Nazarovning filmlaridan bilamizki, ayollar huquqi muammosi ilgaridan kinoijodkorlarni befarq qoldirmagan. Zamonaviy oʻzbek filmlari ustasi Yolqin Toʻychiyev “Maʼsuma” filmida huquqlari poymol etilgan zahmatkash ayol obraziga hamdardlik bilan turli rakursdan qaraydi. Aktrisa Shahzoda Matchonova ijrosidagi Nasiba siymosida singan, parishon, maʼyus va dilbar oʻzbek ayoli gavdalanadi.

 

Film qahramoni Nasibaning qismatida bir necha ayol taqdiri mujassam. U bir vaqtning oʻzida eridan mujda kutayotgan rafiqa, oʻsmir yoshdagi oʻt-olov bolalarni ulgʻaytirayotgan yolgʻiz ona, injiq-dardmand qaynonaning mushfiq kelini, oniy tuygʻularni lahzada yashagan, sevilish epkini lip etib tegib oʻtgan mahbuba va raqiba qahriga yoʻliqqan boshi egik ayol. Aslida bu zalvorli yuklarning bittasi ham odam zotiga ogʻirlik qiladi, qaddini bukadi. Nasiba Alber Kamyu essesining qahramoni kabi “oʻz qismatining qarshisiga, toʻgʻrirogʻi, ustiga tushib borardi” . Taqdirini izdan chiqarishga qodir qay bir imtihonga yoʻliqmasin, u baribir maʼsumaligicha qolaveradi. “Sabr timsoli” taʼrifini ishlatishni xush koʻramiz. Lekin har qanday sabrning ham cheki bor. Film ijodkorlari “Hey, er yigit! Bas, ayol ayol boʻlib qolsin! Unga sevilish saodatini tuhfa et. Oʻzingning ogʻir yukingni maʼsum xilqat yelkasiga ortma” degan adolatli fikrni tomoshabinga uqtiradi. Taʼsirlanish hodisasi Yolqin Toʻychiyev ijodiga xos muhim xususiyatlardan biridir. Koʻhna Buxoroning tor koʻchalaridan mahzun alpozda ketayotgan maʼyusdan-maʼyus, kamsitilgan Nasiba doira-yu karnay-surnaylar sadosini qarshilashga, toʻy kayfiyatidagi omma oqimi aro yurib borishga majbur boʻladi. Aynan shu manzara “koʻngilga qil sigʻmaslik” kayfiyati qanday boʻlishini yaqqol ifodalaydi. Biroq bu kadr favqulodda topilma emasligi sinchilarga ham yaxshi maʼlum. Mazkur epizod yevropalik yana bir mashhur obraz – Jelsominani, yaʼni Fellinining “Yoʻl” filmi qahramonini eslatib yuboradi. Oʻzining keraksizligini anglagan, Zampanoning hayotida tariqchalik ham oʻrni yoʻqligini tushungan ayolni saksofonu fleyta kuyi katta tomoshaga – marosimga yetaklaydi, u izdihomga ergashadi. Xuddi shunday voz kechilganlik iztirobi Elyor Eshmuhammedovning “Nafosat” filmi finalidagi karnaval fonida ham aks etgan.   Dunyo toʻla shodlig-u, faqat  unga yetmayotgan   “yigʻlayotgan qiz” kadrini “Nafosat” filmidan toʻqqiz yil oldin ishlangan “Kabiriyaning tunlari” (rej. F. Fellini) filmida ham koʻramiz. 

 

Hayot va oʻlim mavzusi muhabbat kabi sanʼatning mangu mavzularidan. Sanoqli kunlari qolganini bilgan banda oʻlimni qanday qarshi olishi mumkin? Kinorejissyor Rashid Malikov 2017-yilda suratga olgan “Sabot” badiiy filmida hayot bilan mardonavor xayrlashayotgan kishining soʻnggi kunlaridan hikoya qilmoqchi boʻladi. Unda inson  oʻzi bilan kurashadi, inson inson bilan kurashadi va inson jamiyat bilan kurashadi. Film voqealari yigirmanchi asrning saksoninchi yillari soʻngida, Qoraqalpoq diyorida kechadi. Bosh qahramon Saydullani xotiralar taʼqib etadi. Urush koʻrgan odam emasmi, jamiyatdagi nohaqliklarga tik qarab, muammoni sabot bilan yechishga harakat qiladi. U maktab bolalari uchun suv keltirishga, ota bir, ona boshqa  nevaralarini tanishtirib, qondoshlik rishtalarini bogʻlab ketishga va afgʻon urushida halok boʻlgan safdoshining oilasidan xabar olib, boʻynidagi qiyomat qarzni uzib ketishga ulgurishi shart. U ulguradi ham...   Lekin nega shu paytgacha uza olmadi? Savol ochiq qolgan.

 

Film qahramonlari tomoshabinni oʻzining dardiga, hayotiga sherik qila olishga ojiz. Kinorejissyor Rashid Malikovning bu filmini inson haqidagi tasavvurning tasviri deyish mumkin. “Inson taqdiri”  kabi sanʼat asarlarining tomoshabini bu yerda matonat va sabotning oʻzini emas,  u haqdagi xomaki chizgilarni koʻradi. Kinokartinadan sizib chiqayotgan sovuq kayfiyat qahramonlardagi begonalikni yanada boʻrttirib koʻrsatadi. Tomoshabin bir qancha savollarga yuzma-yuz keladi. Filmning bir epizodida harbiy xizmatdagi Saydulla (Karim Mirhodiyev) doʻstiga (Seydulla Moldaxonov) “xotiningga yubkadan koʻra jinsi shim yarashadi” deya qoʻl harakatlari bilan Saltanatning belidan pastki qismini havoda “chizib” koʻrsatib beradi. Va bu nojoʻya holat joʻrachilik hazili oʻrnida oʻtadi-ketadi. Oqshom Saydullaning uyiga maktab direktori (Nigora Karimboyeva) ovqat koʻtarib kirib keladi. Mayli, bu marhamatni insoniylik yuzasidan deb tushundik. Biroq direktor xonim toʻsatdan Saydulla uning uyiga koʻchib oʻtishini, eridan ajrashgani va bolalari yoʻqligini hisobot ohangida aytib qoladi. Bu oʻrinda ayol hasbu holini koʻp yillik “karu koʻr” hamkasbi, hammaslagiga emas, tomoshabinga aytayotganini ilgʻab olish qiyin emas. Oddiy insoniy nizomlarga zid bu kabi nohayotiy lavhalar film muallifi xalq xarakterini teran tushunmasligini, milliy ruhiyatni yaxshi bilmasligini fosh etib qoʻyadi. Kartinada maktab hayoti koʻrsatilayotgan ayrim kadrlar huvillab yotibdi. Yaʼni maktabga xos qaynoq-joʻshqin muhit yoʻq. Film boshida uch-toʻrt bolaning hovlida koptok oʻynayotganini koʻramiz, xolos. Qolaversa, saraton kasaliga yoʻliqqan bemorga doʻxtirning ensaqotar, hissiz muomalasi kishini yanada taajjubga soladi. Goʻyo mijoz xunuk yuqumli kasallikka chalingandek taassurot uygʻotadi. Zulxumor Moʻminova talqinidagi beva ayolning Saydullaga taʼnali nigohi, oʻtkazib qoʻygandek iddaoli ovozi ham izohtalabdir. Oʻtmishda erining oʻrtogʻi bilan qandaydir xos munosabat boʻlganmikan degan nomaʼqul xayollarga yetaklaydi. Ehtimol, “erim oʻlib, sen tirik qoldingmi?” demoqchidir, biroq oradan har qanday dardga taskin beruvchi vaqt oʻtgan. Va bu asossiz taʼnani birgina nigoh bilan ham chiqarish mumkin aslida. Bedavo saratonning ogʻir bosqichi bilan kurashayotgan xasta Saydulla tik oyoqda bemalol yura turib, goʻyo kuchli yurak xuruji tutgan yoki qon bosimi koʻtarilib, bosh miyasiga qon quyilgan bemor misol toʻsatdan yoʻl yarmida jon beradi... Kinossenariy yasash texnikasini oʻzlashtirish, koʻp yillik tajriba boshqa masala, biroq hayotning qoq bagʻrida qovjirayotgan inson qiyofasini ekranda yaratib, odamlarni uning olamiga olib kirish sanʼatkordan yuksak insoniy-ijodiy eʼtiqodni talab qiladi.

 

Kinodagi qadamini qisqa metrajli filmdan boshlagan Umid Hamdamovning ilk katta rejissyorlik ishi “Issiq non” badiiy filmi 2018-yilda suratga olinib, 2019-yilning voqeligiga aylandi. Filmdagi voqea-hodisalar soʻlim bir qishloqda kechadi. Bir qaraganda mol-hol deb kuymalanayotgan oʻzbekning kundalik turmush tarzi namoyon boʻladi. Lekin shu tussiz, ivir-sivir hayot shoirona kayfiyat bilan ekranga koʻchgan. Ovozi siniq, sirtdan nimjon, zaif koʻringan yanga (Feruza Saidova) qismatning bor zalvorini nozik yelkasida koʻtarishga mahkum. Filmda “gapiradigan” ramziy topilmalar bisyor. Va har biri oʻrinli, tabiiy. Atay ishlatilmaydi. Ramz ramzligicha qolib ketmaydi, ular harakatda boʻladi va yashaydi. Ramzu timsollar oʻzini “men oʻziga xos topildiqman” deb taʼkidlamagani uchun ham kayfiyat yarata olgan, tomoshabinda tuygʻu uygʻotadi. Masalan, Yolqin Toʻychiyevning filmlarida ramzlar gohida boshqotirmaga aylanib ketadi. U boshqotirmani yechish jarayonida emotsional kayfiyat tomoshabinni tark etib ulguradi. Natijada hissiy taʼsir yoʻqolib qoladi. Yolqin Toʻychiyevning shafqatsiz tafakkuri timsollardan hayot yaratsa, Umid Hamdamovning  haqiqati timsollarni tovoni yerga tegib turgan insonning oʻzidan, hayotning qoq bagʻridan oladi. “Issiq non” filmida majoz hayot mohiyatini, inson iztirobini haqiqatning qaʼridan olib chiquvchi kino tiliga aylangan. Birgina misol: tom suvogʻi kadri. Uy tomini butlash – turmushning mushti hali oʻsmirlik ostonasiga yetmagan bolalarning yelkasiga tushgan.Ayni damda loysuvoq qilinayotgan tomga yonma-yon tepalikda qoʻshni bolalarning shoʻx-shodon qiyqiriqlari eshitiladi. Mazkur lavha qachonlardir muallim boʻlgan, millat bolalarini maʼrifatga yetaklagan, bugun ham soʻzini bermaydigan Laylo buvi xonadonidagi ichki vaziyat tarangligidan darak beradi. “Film uch ayol taqdiri haqida ramzlar tili bilan hikoya soʻzlaydi. Lekin hamma tomoshabin ham ilgʻamaydigan bir jihat bor. Roʻzgʻor, oila, qishloq va, umuman aytganda, vatan yukini yelkaga oladigan mardi maydonlar qayerda?” . Voqealar asnosida bor-yoʻgʻi birgina erkakni koʻramiz. U ham telba, sogʻ emas. Ayol oldidagi masʼuliyat nima, qiz bola shaʼni nima – bu tushunchalardan mutlaq mosuvo dardi bedavo kas. Ayolning shaʼnini ayol (yanga) qoʻriqlaydi. Film qahramoni Zulfiya ota tarbiyasini koʻrmay, erkak mahobatini tuymay oʻsayotgan, ayollik injaligini ayol boʻlmasdanoq boy bera boshlagan asov qiz. Unga hadiku hayiqishlar begona. Nozik xilqatlik nim afsona. Hayotni tushungani sari uni bolaligi ham tark eta boshlaydi. Farzandning yirtigʻiga yamoq boʻlib yashash – onalik qismati. Buvining boʻynidagi kalit onaning koʻksiga qulflangan oilaning koʻp yillik siridir. Onaxonning ruhiy ahvolini maqollarda momolarimiz ifodalab ketgan: “Oʻynaymanu kulaman, oʻynash bolam ichimda”. Yaʼni oʻynasa ham, kulsa ham musibati qiyomat qadar uni tark etmaydi, lekin bu sirni oshkor etish aslo mumkin emas! Tadqiqotchi Dilrabo Mingboyeva “Timsollar tilsimi” kitobida kalitni donishmandlik va vasvasa, sir va uning fosh etilishi hamda hokimiyat timsoli deb sharhlaydi. Qolaversa, soʻfiylar kalitni mushkul sinovlar ramzi deb ham talqin etar ekan. Shu maʼnoda “hokimiyat timsoli”– kalitni nega kelin qabul qilmaganini tushunish mumkin. Chunki qaynona – oilaning haqiqiy bekasi hali hayot! Biroq uchinchi avlodning isyoni kalitni “aziz taxti”dan – Laylo buvi boʻynidan mosuvo etadi.

 

Film boshida Zulfiya chiqqan avtobus qorongʻi tunnelga kirib ketadi, film soʻngida esa oʻsha avtobus zulmatdan chiqadi. Endi eshik qolib, derazadan kirib-chiqishga odatlangan, nuqul yangi soʻqmoqlardan yuradigan Zulfiya ham yangasi kabi hayot xamirini qorishga kirishib ketadi, nihoyat ayollikni, hamma boʻyin eggan qismatni boʻyniga olishga kirishadi. Film finalida Zulfiya sohilga yugurib kelardi. Toʻlqinlar mavjlanayotgan koʻlga – suv bagʻriga tushadi, lekin boshidayoq toʻxtaydi, qarshisida qiz hali yetib bora olmagan yana qancha toʻlqinlar mavj urardi... Aktrisa Feruza Saidova ijrosidagi yanga goʻyo erini nahang baliq yeganiga ishonadigandek tutadi oʻzini. Aslida ham uning erini nahangmisol nafs  yutib yuborgan edi. Yanga giyoh teradi, kulchadek qishloqdan keng shaharga giyoh tashiydi. U Zulfiyaning yarasiga ham malham surtmoqqa shaylanadi. Ayol jamiyatning jarohatlariga davo istayapti. “Darding oshsa daryo yoqala, shodlik oshsa mozor orala” deyishadi.  Nega yanga kabi Zulfiya ham mudom koʻlga – suvga intiladi? Suv harakatdagi jarayon, tiriklikning bosh unsuri. Ikki ayol ham bir-birini suv boʻyida anglaydi, ruhiy bir butunlikka aylanadi. Filmning xulosasi ham Zulfiyani toʻlqinlar tomon yetaklaydi. Adabiyotlarda yer singari suv ham ayol unsuriga qiyos qilinadi. Folklorshunos olim Shomirza Turdimov “Xalq qoʻshiqlarida ramz” kitobida yozadi: “Koinotda dastlab suv boʻlgan degan ibtidoiy tasavvurlar suvni yaratuvchi kult – osmon gʻoyasi bilan bogʻlaydi. Suvning ayol timsolida anglanishi, ayolning hosildorlik, onalik va bolalik topinchlariga bogʻlab talqin etilishi, qoʻshiqlarda ayol sevgisi, oila, farzand kechinmalarini ifodalashning ibtidosi ham ushbu ishonchlarga ulanadi”. Agar shu nuqtayi nazardan qarasak, Zulfiya asl oʻzligi tomon talpinayapti. Jamiyat nozik yelkasiga erkak missiyasini ming ortmasin, ular ilohiy fitratidan kecha olmaydi. Na oʻspirin qiz boʻlsin u va na yosh juvon. Ikkisi ham aynan koʻl boʻyida injalashadi, ayollashadi, uvol qolgan haqqining xayollarini suradi. Biroq tun – gʻor turmush bunga uzoq imkon bermaydi. Non Yer kabi aylana shaklida, tasvirchi nigohi bilan qarasangiz, qishloq ham tepadan shu koʻrinishda namoyon boʻladi, demak, qahramonlarning dardi tuganmas dard, avloddan-avlodga aylanib kelaveradi.

 

Filmni koʻrish davomida faqat bir savol odamni oʻylantiradi: tuproqli koʻchadan, sochlari toʻzib rolik uchib kelgan Zulfiyaga buvisi xamir qorishni buyuradi. “Sochingni yigʻ” yoki “qoʻlingni yuv” kabi dakkilar yoʻq. Holbuki, qishloqlarda ayollar qoʻlini supraga uzatishdan avval albatta chayib oladi. Ehtimol, bu arzimas detal boʻlib tuyular. Lekin mana shu “arzimaslar” tarixiy filmlarda ham uchraydi. Masalan, Yoʻldosh Aʼzamovning “Oʻtgan kunlar” filmida Otabek qoʻlini yuvganidan soʻng silkiydi, yaʼni suv tomchilari atrofga sachraydi. Holbuki, islomiy madaniyati kuchli Yusufbek hojining oʻgʻli uchun bu qoʻpol xato hisoblanadi. Masalan, eron rejissyori Majid Majidiyning “Jannat rangi” filmidagi kampirning qavargan qoʻllari va tirnogʻining ich-ichiga botib ketgan kir keksa onaning kuni tomorqada oʻtishini, uning kelini yoʻqligi bois roʻzgʻorning butun tashvishi zahmatkash buvi yelkasiga tushganini koʻrsatib turadi. Va qarshingizda aktrisa emas, haqiqiy qishloq ayoli, ona tabiatning mushtipar bir boʻlagi turganiga ishonch uygʻotadi. Bu taxlit oʻta hayotiylik, sinchilik rejissyor yaratgan muhitga tomoshabinni tez olib kiradi, oʻz-oʻzidan qahramonlarga hamdard boʻla boshlaysiz.

 

“Issiq non” filmi er yigitga ehtiyojmand muhitdagi ayollarning oʻrni haqida, oʻchogʻi vayron – boshi yoʻq uyning ahvoli xususida hikoya qiladi. Onaizor – oʻgʻilning qaynoq mehriga zor, jabrdiyda xotin – erning keng yelkasini qoʻmsar, murgʻak qiz – otaning issiq bagʻriga muhtoj. Uch avlod vakili oʻz yogʻida oʻzi qovurilib yotibdi. Filmning yutugʻi shundaki, undagi maishiy muammo milliy dard darajasida yuksaladi.

 

2019-yilda ishga tushib, 2020-yilda katta ekranga chiqqan “Rangsiz tushlar” filmi Ayub Shahobiddinovning Umid Hamdamov bilan hamkorlikdagi ilk katta ijodiy ishi hisoblanadi. Mazkur filmning ssenariy muallifi – Umid Hamdamov. “Rangsiz tushlar” psixologikdramasi tosh shaharning tosh koʻngli haqidagi mahzun film. Film voqealari poytaxtda kechadi. Tasvirchi Azizbek Arziqulov odamlar taqdiriga daxldor katta shahar qiyofasini boricha – realistik tasvir bilan koʻrsatgan. Muammolar zamonaviy, dard bugunniki, lekin tutumlar eski, ommaning tafakkur tarzi “odamlar nima der ekan”ga yoʻnaltirilgan. Umuman, Shahobiddinovning keyingi ijodiy izlanishlarida oʻzgacha tiynatli, ziyoli ayollarning dunyosini tadqiq etishga urinishlar bor.

 

Voqealar bir maromda sokin kechar, film qahramoni Kashmiraning qismati Hindiston va Pokiston orasida qolib ketgan jannatmakon vodiy – Kashmirni eslatadi. Aslida u oʻzining idroki, farosati, husni bilan boshqacha taqdirga munosib edi-yu, lekin yoshlikning bir beboshligi oqibatida jamiyatdan surilgan kimsaga aylandi-qoldi. Odam adashadi, qoqinadi, alaloqibat shaxsga aylanadi. Kashmiraning xatolari ham, qamoqda kechgan oʻn yetti yillik hayoti ham beiz ketmadi, uni ulgʻaytirdi, gunohlardan forigʻladi. Lekin “issiqxona gullari”ga koʻnikkan jamiyat ayolni qabul qilishga tayyor emas. Xoliqdan emas, baliqdan qoʻrqqan oila uchun odamlarning gapi muhim. Afsuski, bu hol oʻzbekona mentalitet deb ham xaspoʻshlanadi.

 

“Rangsiz tushlar” anʼanaviy uslubda tasvirga olingan. Uzun-uzun harakatsiz kadrlar intellektual-mualliflik filmlariga xos unsur. Bir fikrni hazm qilib olgan tomoshabinni keyingi kadrga – fikrga tayyorlashning yoʻli bu. Filmda koʻp muammolar koʻtarilgan, lekin katta-katta ogʻriqlar Kashmiraning birgina siri ochilishi fonida qolib ketadi. Finalda shu “sir” olib chiqiladi. Bu kinofilmning yukini biroz yengillashtirib qoʻygandek.

 

Zulfiqor Musoqovning 2021-yilda katta ekranda namoyish etilgan “Hayrat” (“Alvido, ssenarist”) filmi ijtimoiy buyurtmalarga  boʻyin bermagan ssenaristning iztiroblaridan  va soʻnggi asaridan hikoya qiladi. Bosh qahramon hayotidan shunday xulosa kelib chiqadi: sen qanchalik isteʼdodli boʻlma, ijodiy prinsipingdan kecholmas ekansan, yakkafikrga koʻnikib boʻlgan, avtoritar jamiyat uchun begonasan, hech kimsan! Davr doʻqlariga labbay deb javob bergan oʻrtamiyona ijodkorning  oshigʻi  hamisha olchi.

 

Film  sanʼat ideal yoʻlboshchiga muhtoj ekanini koʻrsatadi. Ideal rahnamo sogʻinchi Musoqovning “Abdullajon” filmi bilan birga tugʻilgan. Kattadir-kichikdir ijtimoiy ogʻriqlar bu rejissyorni doim bezovta qilib keladi.   Kinorejissyor   orzusidagi rahnamo qiyofasini Sharof Rashidov ( aktyor Saidkomil Umarov) siymosida gavdalantiradi. Film ichidagi filmda xiyonat — isteʼdod va muhabbatning yozugʻi, u hamon oʻzining munosib bahosini  topolmadi, degan fikrni uqamiz. Biroq kinokartinadagi syujetlar shu qadar tigʻiz va zichki,  kadrdan-kadrga sakrab oʻtayotgan tomoshabin bu “mozaika”dan asosiy oʻq tomirni topib olishga qiynaladi. Aktyorlar ijrosidagi qoliplashgan qiliqlar, notabiiy xatti harakatlar xarakter xosligini xiralashtirib, personajlarga bachkana boʻyoqdorlik tusini beradi. Filmdan-filmga koʻchib yuruvchi qaytariqlarni, chuvalashib ketgan mantiq ipini Z. Musoqovning faqat oʻziga xos dastxati deyish mumkindir, biroq bu “dastxat” filmning  badiiyatiga, undagi estetik kayfiyatga soya solayotganidan ham koʻz yuma olmaymiz.

 

Kinoshunos Soso Tugushi taʼkidlaganidek, “Mualliflik filmiga inson tabiati va uning mavjudlik mohiyatini ochib beradigan badiiy- falsafiy asar deb qarash lozim. Bu turdagi filmlar inson hayotining hamma  koʻrishi mumkin boʻlgan jihatlarini emas, uning ichki ruhiy mushkulotini, qoʻrquvini, oʻz-oʻzidan begonalashuvi va ularni yengib oʻtishdagi irodasi bilan bogʻliq mavhum jarayonlarni ifodalaydi. Tomoshabinni ekzistensial muammolarni, demakki, oʻz-oʻzining mohiyatini tushunishga chorlaydigan ijod shakli hisoblanadi” . Biroq soʻnggi yillarda yaratilgan “Tengiz”, “Tutqunlik”, “Vatan ostonasi” kabi filmlar bugungi oʻzbek kinosi kinoshunos aytgan mazkur mezondan, mualliflik filmlari maqomidan butkul uzoqlashib borayotganini koʻrsatdi. Oʻtgan asr xatolaridan xulosa chiqarilmagan. Ali Hamroyev, Qamara Kamolova va Yolqin Toʻychiyev kabi rejissyorlarning filmlari ham katta ekranga chiqdi. Lekin... Mayli, bu endi boshqa mavzu.

 

Iqbol Qoʻshshayeva,

 OʻzFA Sanʼatshunoslik instituti tayanch doktoranti

  “Maʼnaviy hayot” jurnali, 3-son.

Inson ruhiy dunyosining inʼikosi” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 87
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//