Toshkent MDH ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi qanday o‘tdi


Saqlash
19:12 / 19.12.2022 819 0

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi madaniyat va san’at, fan-ta’lim, adabiyot sohalari va yoshlar masalalari bo‘yicha tajriba almashish, istiqboldagi o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini belgilash uchun qulay fursat yaratdi.

 

Anjumanning xorijlik ishtirokchilari Toshkent forumi har tomonlama samarali kechganini e’tirof etdilar. Oyina.uz quyida ularning  fikrlarini taqdim etmoqda.

 

 

Po‘lat BULBUL O‘GʻLI, MDH Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo fondi boshqaruvi raisi, Gumanitar hamkorlik kengashida Ozarbayjon Respublikasi vakili, Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– Toshkent bizni bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik va alohida e’tibor bilan qarshi oldi. Aytish kerak, tadbirlar juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Shu bois Forum o‘tkazilishiga shaxsan qiziqish bildirgani uchun mamlakatingiz rahbariga va tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

 

Toshkentga ko‘p bor kelganman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotida ishladim, keyinchalik madaniyat vaziri bo‘ldim. Bu vaqtlarda ham O‘zbekiston, Toshkent bilan ijodiy hamkorligimiz davom etdi. So‘nggi yillarda, ayniqsa, xalqlarimiz madaniy aloqalarida jonlanish, faollik kuzatilmoqda.

 

Otam sobiq ittifoq xalq artisti bo‘lgan. U ko‘p qirrali san’atkor edi. Bir qancha xalqlar qo‘shiqlarini ijro etgan, mug‘omlar kuylagan, opera janrida barakali ijod qilgan. O‘tgan asrning 40–50-yillarida mashhur ijodkor Uzeyr Gajibekovning “Go‘ro‘g‘li” operasi yaratildi. Mazkur asar otam uchun maxsus yozilgan bo‘lib, undagi bosh rolni aynan otam ijro qilgan.

 

Nima uchun buni eslayapman? Gap shundaki, ushbu opera O‘zbekistonda, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri)da sahnaga qo‘yilgan. Otam shu sabab Toshkentda oylab yashagan. O‘sha davrda biz u bilan kunora, shaharlararo telefon stansiyasida soatlab navbat kutib, suhbatlashardik. Telegramma orqali xabarlashardik. Bilasiz, u paytlarda bundan boshqa aloqa vositalari yo‘q edi.

 

Toshkentdagi ijodiy safari xususida otam bizga ko‘p gapirib berardi. Bu yerda taniqli opera darg‘alari bilan birgalikda ijod qilgani, ular bilan hayotining so‘ngiga qadar qadrdon bo‘lgani haqida faxrlanib so‘zlardi.

 

Men betakror san’atkor Botir Zokirovning “Arab tangosi”ni juda ham yoqtirganman. Keyinchalik biz bu ulug‘ ijodkor bilan yaqindan tanishdik, do‘stlashdik. O‘zim ham san’atkor bo‘ldim, Botir Zokirov bilan televideniyeda ko‘plab dasturlar, ko‘rsatuvlarni birgalikda olib bordim. Qisqasi, qadrdon bo‘lib ketdik. Bu rishta uning vafotidan keyin to‘xtab qolgani yo‘q – men Farrux Zokirov bilan do‘stlashdim, ijodiy hamkorlik qildim. Bugungi kungacha munosabatlarimiz davom etmoqda.

 

1986-yilda O‘zbekistondagi teatrda “Qo‘shiqlarimga ishon” musiqali asarim qo‘yildi. Taqdimotda qatnashdim. O‘zbek san’atkorlari ijrosini ko‘rib, rosti, to‘lqinlanib ketdim. Bilasizmi, bu – juda yoqimli tuyg‘u. Men yozgan qo‘shiqlarni o‘zbek estradasining ko‘plab ijodkorlari kuylagan.

 

Men navbatdagi tashrifim mobaynida ko‘plab yangiliklardan boxabar bo‘ldim, katta taassurot oldim. Misol uchun, O‘zbekistonda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilib, uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uyg‘un va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar e’tirofga loyiq.

 

“Gumanitar hamkorlik: o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzuiga bag‘ishlangan anjuman doirasida turli mavzular bo‘yicha samarali munozaralar olib borildi. Zero, bugungi davr hamjihatlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda.

 

So‘zimning oxirida qardosh o‘zbek xalqiga cheksiz mehrim va ehtiromimni izhor etaman. Ezgu va xayrli ishlarni amalga oshishida insonlarning o‘zaro muloqot qilishi fikr almashishi juda muhim deb hisoblayman. Mazkur Forum va Anjuman ham shunisi bilan ahamiyatli.Toshkent ana shunday nufuzli tadbirning 15-soniga mezbonlik qildi va bu voqelik uzoq vaqt xotiramizda saqlanadi.

 

 

Anatoliy IKSANOV, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo fondi ijrochi direktori:

 

– Shubhasiz, O‘zbekiston juda mehmondo‘st, bag‘rikeng, qaynoq va ajoyib insonlar yashaydigan mamlakat. Biz uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi aynan Toshkentda tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega.

 

An’anaviy forum faoliyatida pandemiya sabab uzilish kuzatilgandi. Shu sababli u barcha uchun uzoq kutilgan voqea bo‘ldi. Men samimiy mehmondo‘stlik, iliq munosabat va yuqori darajada tashkil etilgan tadbir uchun juda xursandman va mamnunman.

 

Barchamizga ma’lum, O‘zbekiston o‘zining boy tarixi, qadimiy madaniy merosi, yuksak arxitektura namunalari, mumtoz adabiyotiga ega. Shu sababli ham mamlakatingiz ishtirokisiz gumanitar madaniy aloqalar haqida fikr yuritish mumkin emas. Biz yurtingiz, ayniqsa, so‘nggi yillarda MDH gumanitar hamkorlik loyihalarida juda faol ishtirok etayotganini ko‘ryapmiz va bu quvonarli.

 

Yana bir jihatni aytishim kerakki, MDH davlatlari madaniy poytaxti loyihasi biz uchun o‘ta muhim. Bunga aynan poytaxt bo‘lmagan shaharlarni tanlab olmoqchimiz. Albatta, ular go‘zal madaniy tarixga va bir vaqtning o‘zida zamonaviy turmush tarziga ega bo‘lishi lozim. Forum doirasida ushbu masalalarni ham turli yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan ko‘rib chiqdik. Nomzod shaharlar orasida Samarqand ham bor.

 

 

Chingiz ESENGUL O‘G‘LI, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari:

 

– Bugungi XV forum negizida ko‘plab ilmiy amaliy konferensiyalar o‘rin olgan. Toshkenda MDH davlatlar hamdo‘stligi xalqlaring bag‘rikenglik yig‘ini hamdir. O‘rta Osiyoda O‘zbekistonning tarixiy va madaniy davlat sifatida tan olingan. Buxoro, Samarqand, Toshkent shahri madaniyati negizida buyuk bir tarix yotadi. Bugungi forumni tashkil etgan Madaniyat vazirligiga minnatdorchilik bildiraman.

 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumida ishtirok etish jarayonida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik.

 

Yurtingizda alohida Yoshlar kuni belgilangani, bu sana har yili katta tantana sifatida nishonlanib, turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan shijoatli o‘g‘il-qizlar rag‘batlantirib borilayotgani mazkur sohada o‘ziga xos tizim yaratilganidan darak beradi.

 

Toshkent shahri mezbonlik qilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi XV ijodiy va ilmiy ziyolilari forumida yoshlar hamkorligi masalasi munozara maydonidagi yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani ham bejiz emas. Biz bu borada qator fikr-mulohazalar, tajribalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. O‘z navbatida, mamlakatimizdagi yangiliklar haqida ham ma’lumot berdik.

 

Shubhasiz, mazkur forum yosh avlod kelajagini ta’minlash yo‘lida rejalashtirilgan ijtimoiy loyiha va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, mintaqadagi intellektual salohiyatli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Mirgant SHABAZOV, Tojikiston milliy fanlar akademiyasi akademigi:

 

– Bu kelajakdagi rivojlanish uchun yaxshi bir turtki, ham ijodkorlar, san’atkorlar va ziyolilar o‘rtasida, ham davlatlar o‘rtasida muloqot uchun qulay platforma hisoblanadi.

 

Ijodkor va ziyolilarning XV forumida MDHning deyarli barcha davlatlari ishtirok etdi. Bunda biz o‘zaro iliq, do‘stona munosabatni his qildik. Buning uchun, albatta, o‘zbek qardoshlarimizga minnatdorlik bildiraman.

 

Joriy yilgi forumga Toshkent mezbonlik qildi. Kelgusi yilda u yana boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa davlatlar va xalqlar o‘rtasida munosabatlar mustahkamlanadi. Ushbu nufuzli anjumanni fan, san’at, madaniyat taraqqiyoti uchun muhim qadam, imkoniyat, deb atagan bo‘lardim.

 

Resul AMANGELDIYEV, Turkmaniston davlat konservatoriyasi rektori:

 

– Turkmaniston uchun O‘zbekiston yaqin qo‘shni, do‘st mamlakat hisoblanadi. Barcha jabhada o‘zbek-turkman munosabatlari samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, bu san’at, adabiyot sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Binobarin, bizning tarixiy ildizlarimiz bir. Bu esa o‘zaro do‘stona hamkorlik uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi.

 

Yaqinda Turkmanistonning Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘i barpo etildi va uning ochilishida ikki mamlakat Prezidentlari qatnashdi. Ushbu maskan poytaxtimizning diqqatga sazovor manzillaridan biriga aylandi.

 

Tashrifimiz davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘ldik. Mazkur oliy ta’lim muassasasida iqtidorli talabalarga mahoratli ustozlar dars berishayotir. Bizning ustozlarimiz ham konservatoriyada saboq olishgan, ilmiy tadqiqotlarni himoya qilishgan. Bu, albatta, uzoq yillar davom etayotgan do‘stona munosabatlarimiz samarasi. Biz umid qilamiz va ishonamizki, bunday aloqalar yanada rivojlanadi.

 

Men, albatta, bunday yuqori darajadagi forum tashkil etilgani va samimiy, iliq munosabat uchun tadbir tashkilotchilari, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati, Madaniyat vazirligi mas’ullariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

 

 

Leyla EFENDIYEVA, Boku jazz festivali direktori:

 

– Munozaralar juda qizg‘in. O‘zim uchun yangiliklarni kashf qildim. Muhokama qilinayotgan mavzularni barchasi muhim.

 

Biz Ozarbayjonning Boku shahrida ana’naviy jaz festivalini o‘tkazamiz. Panel yig‘ilishlarida ana shu festival haqida ishtirokchilarga ma’lumot berdim va barcha mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlar vakillarini unda ishtirok etishga taklif qildim. Har bir mamlakatda o‘ziga xos loyihalar dasturlar bor. Bildirilgan barcha takliflar e’tirofga loyiq.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Madaniyat vazirligi

Axborot va matbuot xizmati

xodimlari tomonidan yozib olindi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16292
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi