Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyiga tashrif buyurish uchun 5 sabab


Saqlash
20:25 / 16.12.2022 2190 0

 

Yurtimiz madaniy hordiq va kishi bilimini yuksaltirishga moʻljallangan maskanlarga boy. Shulardan biri boʻlmish sanʼat javohirlari saqlanuvchi va keng ommaga nodir kolleksiya namoyish etuvchi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi haqida gaplashsak. Xoʻsh, Sanʼat muzeyining qanday osori-atiqalari, qiziq tomonlari borki, siz tashrif buyurishingiz va tomosha qilishingiz zarur boʻlsa? Quyida u haqida bilishingiz kerak boʻlgan besh maʼlumotni keltiramiz.

 

1. Qadimgi dunyo madaniyati va sanʼati

 

 

Muzey ekspozitsiyasi Oʻzbekistonning qadimiy sanʼat yodgorliklari – Zarautsoy rasmlari, Xolchayondan topilgan haykallar namoyishi bilan boshlanadi. Yurtimiz hududida yashagan qadimiy xalqlar sanʼati aks etgan ushbu namunalar sizni beixtiyor tarix ummoniga chorlaydi. Bu yerdagi qadimgi dunyo sanʼat namunalari tomoshabin tasavvur sarhadlarini kengaytiradi, insoniyat tamadduni, eʼtiqodlar, olis oʻtmish odamlarining hayot tarzi haqidagi xayollarga gʻarq qiladi.

 

2. Mashhur rassomlarning noyob asarlari

 

 

1918 yili asos solingan muzeyda asosan Yevropa va Rossiya rassomlarining noyob asarlari saqlanadi. Buning sababi bor, muzey Toshkentda yashagan rus knyazi N.K. Romanovning shaxsiy toʻplami asosida tashkil etilgan. Ushbu kolleksiyada Gʻarbiy Yevropa va Rossiyada yashab ijod qilgan musavvirlarning portret va tarixiy kartinalari, grafika va haykaltaroshlik asarlari, bundan tashqari badiiy mebel, chinni buyumlar mavjud. Jumladan, bu yerda K. Bryullov, A.Kiprenskiy, I.Ayvazovskiy, I.Shishkin kabi moʻyqalam ustalarining bebaho asarlari namoyishga qoʻyilgan.

 

3. Markaziy Osiyo rassomlari asarlari

 

 

Muzey fondining katta qismini Oʻzbekiston tasviriy sanʼati asarlari tashkil qiladi. Taniqli rassom, tabiat kuychisi Oʻrol Tansiqboyevning betakror yurt kengliklari aks etgan manzaralari, Abdulhaq Abdullayev, Shamsiroʻy Hasanova kabi musavvirlarning ijod namunalari tomoshabinni ham zavqqa toʻldiradi, ham oʻyga toldiradi. Ayniqsa, Chingiz Ahmarovning nafis asarlari, Rahim Ahmedovning chuqur oʻylantiruvchi psixologik portretlari, Roʻzi Choriyevning betakror kartinalari muzeyga ijodiy kayfiyat beradi, ruhingizni koʻtaradi. Shuningdek, muzeyda Markaziy Osiyoda yashab ijod qilgan musavvirlarning ham 250 ga yaqin asarlari toʻplangan. Xususan, Oʻzbekistonda yashab, oʻzining yangi ijodiy qirralarini kashf etgan rassom – Pavel Benkov asarlari kishini maftun etmay qolmaydi. Yana A. Volkov, M.I. Kurzin, Usto Moʻmin (A. Nikolayev) va boshqalarning asarlariga alohida oʻrin berilgan.

 

4. Oʻzbek xalq amaliy sanʼati asarlari

 

Muzeyda nafaqat nodir rangtasvir asarlari, shu bilan birga xalq amaliy bezak sanʼati eksponatlari ham namoyish etiladi. Bu boʻlimda zargarlik, kandakorlik, gilamdoʻzlik, kashtadoʻzlik, kulollik namunalarini uchratishingiz mumkin. Bundan tashqari ganch, yogʻoch hamda tosh oʻymakorligi namunalari, zargarlik, gilamdoʻzlik, kashtadoʻzlik, kulollikka mansub qimmatli buyumlar orqali oʻzbek xalqining qadimiy va boy amaliy bezak sanʼati haqida toʻliq va qiziqarli maʼlumot olasiz.

 

 

5. Sharq oʻlkalari sanʼati asarlari

 

Ushbu maskan boy kolleksiyasi bilan boshqalardan ajralib turadi. Unda Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Vyetnam, Janubiy Koreya, Myanma kabi mamlakatlarning tasviriy va amaliy sanʼat namunalari ham namoyish etiladi. Sharq oʻlkalaridan keltirilgan suvratlar, bronza, chinni, fil suyagidan ishlangan yuzlab noyob eksponatlardan iborat toʻplamlar muzeyga tashrif buyuruvchilar eʼtiborini tortmay qolmaydi. Bu boʻlimda mittigina haykaltaroshlik namunalaridan tortib, ulkan va betakror Xitoy koʻzalarini ham koʻrishingiz mumkin.

 

 

50 mingdan ziyod eksponatga ega mazkur muzey Xalqaro muzeylar qoʻmitasi (IKOM) aʼzosi. Faoliyati davomida AQSH, Rossiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda uyushtirilgan katta koʻrgazmalarda oʻzining boy kolleksiyasi bilan ishtirok etgan muzeyga tashrif buyursangiz nafaqat vaqtingizga achinmaysiz. Balki oʻzingiz uchun juda koʻp maʼlumotlarga, yangi taassurotlarga ega boʻlasiz.

 

Shahzod SHOMANSUROV,

sanʼatshunos, fotojurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 86
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 274
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//