Oʻzbekiston xalq artisti Berta Davidovani Olloh rahmat qilsin, qoʻshiqlari menga hamisha hamroh.Koʻpincha, mashinada viloyatlarga safarga chiqqanimizda yoʻl-yoʻlakay eshitib ketadigan sanʼatkorlarim bor. Botir Zokirov, Komiljon Otaniyozov, Sherali Joʻrayev, Tojiddin Murodov, Hasan Rajabiy, aka-uka Vahobovlar... Ulugʻ sanʼatkorlar qatorida albatta Berta Davidovaning qoʻshiqlaridan bahramand boʻlaman. Ayniqsa, bu sohir ovoz sohibasi ijrosidagi “Adashganman” (“Figʻon”), “Munojot”, “Jonimdan oʻzga yori vafodor topmadim” kabi qoʻshiqlar ruhimga juda yaqin. Goho tortinchoqlikni unutib ashulaga qoʻshilib ketganimni bilmay qolaman.
Oʻylanib qolaman, Berta Davidova qoʻshiqlariga oshuftalik menda qanday paydo boʻldi? Nima uchun eshitgan sari eshitgim kelaveradi? Qanday qilib bu sanʼatkor qoʻshiqlari bu qadar yuragimga yaqin boʻlib qolgan? Beixtiyor bolalik xotiralari bagʻriga shoʻngʻiyman.
Mahallamizda kimnikida magnitofon boʻlsa, albatta oʻzi sevgan sanʼatkorlari ham boʻlardi. Misol uchun bir qoʻshnimiz deyarli har kuni erta tongdan Tavakkal Qodirovning “Oʻxshaydi-ku”sini varanglatib qoʻysa, yana bir qoʻshnimiz Kamoliddin Rahimovning “Koʻchamdan jonon oʻtganda” qoʻshigʻini qoʻyardi. Biznikida esa magnitofon tinmasdi. Katta akam sanʼatkor boʻlgani uchun Sherali Joʻrayevning har bir yangi qoʻshigʻi butun mahallaga bizning hovlidan taralib turardi. Onam Ergashxon Yoʻldoshboy qizi ham, Olloh rahmat qilsin, koʻpincha Saodat Qobulovaning ashulalarini xirgoyi qilib yurardi. Opalarim-ku hovli supurib, kir yuvadigan boʻlsalar, kechgacha hindcha ashulalar tinmasdi.
Dadam, Olloh rahmatiga olsin, Mirzobek Abdulqosim oʻgʻli ertalabdan Berta Davidovaning ashulalarini qoʻyardi. Opaning ashulalari koʻp edi. Negadir men yuqorida tilga olgan uch ashulani boshqacha yaxshi koʻrardim. Ayniqsa, ulugʻ shoirimiz Furqat muxammasi asosida yaratilgan “Adashganman”ni:
Manam shoʻrida bulbul boʻstonidin adashganman,
Yuzi gul, qomati sarvi ravonidin adashganman,
Dilim hajri-la qondur dilistonidin adashganman,
Gʻaribi koʻyi gʻurbat xonumonidin adashganman,
Va yo bir murgʻi vahshiy oshyonidin adashganman.
Keyinchalik Berta Davidova ijodiga bagʻishlangan film-konsertni televizor orqali koʻp koʻrdim. Har gal bu qoʻshiqdagi “Junun bastu...” deb nomlanuvchi avj pardalariga kelganda opa qoʻlini yuragining tepasiga qoʻyib olardi. Mening nazarimda goʻyo “uv” tortib bu nidolarni yuragidan siqib chiqarayotganga oʻxshardi. Garchi yosh bola boʻlsamda mana shu joyi kelganda mening ham yuragim titrab ketardi. Hozir ham bu qoʻshiqni eshitsam, avjiga kelganda ana shu holatni boshdan kechiraman.
Oʻzbekiston radiosida ishlab yurgan paytlarim, “Maqom” ansambli biz ishlaydigan qavatda joylashgan boʻlsada, ming istamay opaning oldiga borishga tortinardim. Koʻpincha, ishga piyoda kelayotganini koʻrardim.
Oʻzbekiston televideniyesi “Yoshlik” bosh muharririyatida Bosh muharrir boʻlib ishlab yurgan kezlarim, ustozimiz betakror jurnalist, ajoyib shoira Hafizaxon Hayitmetova Berta Davidova haqida “Umr daftari” koʻrsatuvini tayyorladi. Shunda Berta opani yangitdan kashf qilganday boʻldim. Bu koʻrsatuvda men ham ikki ogʻiz boʻlsada opa ijodi haqida oʻz fikrlarimni aytdim. Oʻshanda koʻrsatuvdagi opaning bir gapi shunday qulogʻimda qoldi. Berta Davidova oʻzbek qizlariga xos ibo, sharmu hayo haqida soʻzlar ekanlar, bir mashhur qoʻshiqdagi ikki bandni tilga oldilar:
– Bu qoʻshiqdagi “Ketsang ketaver yorim, ketsang nima parvoyim, Bu jonim omon boʻlsa, Yana bitta sevgonim” satri oʻzbek qizlari ibosiga toʻgʻri kelmaydi, dedi opa qatʼiy. – “Aslida bu satr "Bu jonim omon boʻlsa, qaytib kelar sevgonim" boʻlishi kerak. Hozirgi satrda sadoqat yoʻq, sen boʻlmasang yana biri, degan maʼno bor. Oʻzbek qizlari hech qachon bunday demaydi, bu oʻzbekona odobga xilof, dedilar. Barchamiz bu qoʻshiqni koʻp bor eshitganmiz, lekin eʼtibor bermaganmiz-da. Qarang, gap birgina satr ustida emas, millatning maʼnaviyati, ruhiyati haqida ketyapti.
Hafiza opa Hayitmetova sabab opa bilan yaqindan tanishish sharafiga muyassar boʻldik. Bir kuni hofiz doʻstimiz Muhiddin, ularning ayoli, Hafiza opa boshchiligida Berta Davidova uyiga boradigan boʻldik. Nimadir sabab bilan Hafiza opam borolmaydigan boʻlib qoldi. Bizga manzilni berdilar, shunday radioning yonida ekan. “Bolalar dunyosi” savdo majmuasiga yetmay oʻngga burildik. Opa bizni juda katta hurmat, samimiyat bilan kutib oldi. Suhbat asnosida Muhiddin doʻstimizning ayoli Berta opadan ruxsat soʻrab “Figʻon”ni boshladilar:
Manam shoʻrida bulbul boʻstonidin adashganman,
Yuzi gul, qomati sarvi ravonidin adashganman...
Shunda beixtiyor Berta opa ham ashulaga qoʻshildilar. Bir paytlar davralarni hayratga solgan, dardchil, qoʻngʻiroq ovoz oʻrniga opaning zaif nolasi eshitildi. Toʻlib-toʻlib qoʻshiq aytgisi kelyapti, lekin ilojsiz, koʻzlari biroz munglanganday boʻldi.
– Qarang, ovoz ham mehmon boʻlarkan, dedilar oʻychan. Xayolidan nimalar oʻtayotganini qalban sezib turganday boʻldim. Shu kuni opaning aytgan yana ikkita gapi bir umr yodimda qoldi: “Men butun dunyoni oʻzbek qizi boʻlib atlas koʻylakda aylandim”, “Shukr, sanʼatkor boʻlib chakkam pul koʻrmadi” dedilar. Bu ikki gap haqida koʻp oʻylayman. Ayniqsa, bugungi kunda hayolimdan ketmaydi. Qarang, shu ikki gap mohiyatida eʼtiqod, sadoqat, sanʼatkor shaʼni, qadr-qimmati, milliy oriyat, vatanparvarlik, latofat bor.
Oʻsha suhbat chogʻida opadan avvalroq kimlardandir eshitganim bir jihatni soʻrashga oʻzimda jurʼat topdim. Eshitishimcha, opaning Amerikadagi qarindoshlari ularni Oʻzbekistonni tashlab “sehrli diyor” ga doimiy yashashga taklif qilishgan ekan. Opa esa “mening Vatanim Oʻzbekiston, bu joyni tashlab qayoqqa ketaman, butun umrim, taqdirim mazmuni shu joydaku. Men ketsam, oʻzbek xalqining menga boʻlgan cheksiz mehriga xiyonat qilgan boʻlaman. Vatanimda ostona hatlab koʻchaga chiqsam, butun xalq qoʻli koʻksida eʼzozlaydi. Men bu mehr va muhabbatni hech narsaga almashtirmayman”, degan ekan.
Opa soʻzlarimni eshitib biroz kulimsiradi. – Ha, shunday boʻlgandi, dedilar. Soʻngra oʻsha voqeaning davomini aytib berdilar. – Meni Amerikaga taklif qilishdi, har kuni mehmon qilishdi, sayr qildirishdi. Bir kuni yoshroq vatandoshlarimizdan biri shunday deb qoldi: "Berta opa, biz bilan qoling, qarang bu yerdagi hayotni, siz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib beramiz. Okean sohilida villa, tagingizda mashina xizmatda boʻladi. Axir Oʻzbekistonda nima bor, qolgan umringizni rohat-farogʻatda oʻtkazsangiz boʻlmaydimi?" Men ularga baribir rad javobini berdim. Qaytadigan kunimdan bir kun avval ular mening sharafimga ziyofat berdilar. Juda chiroyli oʻtirdik. Bir payt mendan qoʻshiq aytib berishimni soʻrashdi. Men mikrofonni qoʻlimga olib asta “Figʻon”ni boshladim. Bilmadim, ingrab aytdimmi, yigʻlab aytdimmi, butun umrim koʻz oldimdan oʻtdi.Yuragim tinmay Oʻzbekistonga talpinardi. Bir payt boyagi “Menga, Oʻzbekistonda nima bor, Amerikada qoling” degan yigit yonimga kelib meni quchoqlab oldi. Soʻngra boladay boshini koʻksimga qoʻyib hoʻngrab yigʻlab yubordi:
– Berta opa siz qanday baxtlisiz, Siz vatandasiz, vatandasiz, Oʻzbekistondasiz...»
Oʻzbekiston xalq artisti Berta Davidova chinakam maʼnoda xalqimizning dilbar farzandi edi. “Yaxshidan bogʻ qoladi” deyishadi. Oʻzbek sanʼati olamida Berta opa qoldirgan bogʻ bugun yashnab turibdi. Ilohim, ulugʻ qalb sohibasining oxiratlari obod boʻlsin.
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi rahbari
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q