Hayotni anglash, tafakkur qila olish uchun oʻnta kitob kifoya. Biroq oʻsha oʻntani topish uchun esa yuzlab, minglab kitoblarni oʻqib chiqishga toʻgʻri keladi. Dunyoda shu paytgacha chop etilgan asarlarni oʻqib tugatishga bir insonning umri yetmasligi aniq, shu boisdan ham imkon qadar zarurati yuqori boʻlgan sara kitoblarga vaqt ajratish toʻgʻri qaror nazarimizda.
Ushbu tavsiya qilayotganlarimiz qatʼiy roʻyxat emas, keling, bu ketma-ketlikni nisbiy tushunamiz. Biroq shunga aminmizki, yoshlarimiz aql qudugʻining toʻlishi, dunyoqarashi va maʼnaviy qiyofasining ijobiy tomonga oʻzgarishida bu asarlarning qiymati boʻlak.
Yoshlar, fikrlashdan toʻxtab qolmaslik, tafakkur qilish baxtidan mosuvo boʻlmaslik, muvaffaqiyat qozonish uchun ham kitob oʻqing, mutolaa qiling! Zero, oʻz soʻzi, mustaqil pozitsiyasiga ega haqiqiy shaxsga aylanishingiz uchun bu gʻoyat muhimdir! Demak, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Saʼdullayev yoshlar oʻqishi uchun 10ta kitob tavsiya qiladi.
1. “Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur
Turkiy elning buyuk farzandi, shoh va shoir – Zahiriddin Muhammad Boburning buyuk istigʻfori va iqrorlari oʻrin olgan asar. Haqiqatning koʻziga tik qaray olgan joʻmard Boburning shaxsiyatini, oʻsha davr va zamon ruhini bu asar orqali taniy olamiz. “Boburnoma” adabiyot, tarix, falsafa, geografiya, psixologiya, harb sanʼati, umuman, deyarli barcha sohani qamrab olgan eng unikal, sara kitoblardan biri hisoblanadi. Bobur shoir, kuchli sarkarda va shu bilan birga jahon tarixida katta iz qoldirgan siyosatchi. “Boburnoma”dek biografik asarlar esa bobomiz hayoti, tajribasini oʻrganish uchun juda qimmatli manbadir.
2. “Asrga tatigulik kun”, Chingiz Aytmatov
Asarda manqurt boʻlmaslik, odam hamisha oʻz shaxsiy qarashi va qadriyatlariga ega boʻlishi lozimligiga urgʻu berilgan. Dunyodagi hech bir gʻoya insonni qurbon qilishga, insonning insonligidan judo qilishga arzimaydi, degan ulkan gʻoya ilgari surilgan. Inson oʻzligini bilishi, tanishi qanchalar muhimligi va oʻzlikdan ayrilish naqadar dahshatli oqibatlarga olib kelishini bilish, tushunish uchun ham mazkur asarni oʻqishingizni istardim.
3. “Kecha va Kunduz”, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon
Oʻtmishdan toʻgʻri xulosa chiqarish, davr zulmiga qurbon boʻlgan yoshlarning achchiq qismatidan saboq olib, doim oldinga intilishga daʼvat qiladigan bu roman hozirgi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Romanda ayniqsa, menga juda yoqadigan jihat u millat qizlarini taʼlim olishga, ilm-maʼrifatli boʻlishiga undaydi.
4. “Otamdan qolgan dalalar”, Togʻay Murod
Asar oʻzbek xalqining buyuk bardoshiga qoʻyilgan haykaldir. Romanda har bir oʻzbek yoshi oʻqishi kerak boʻlgan oʻtmishimiz, mohiyatimiz, gʻoyamiz, ildizimiz bor. Bu asarni, albatta, oʻqing va mustaqillik naqadar oliy neʼmat ekanligini yana bir bor chuqur anglang.
5. “Martin Iden”, Jek London
“Martin Iden”da yosh isteʼdod egasining qismati, yaltiragan har narsa oltin boʻlavermasligi, jumladan, muhabbatga ham yengil qarab boʻlmasligi haqida gʻoyalar bor. Jahon adabiyoti durdonalari ichida ushbu kitobga mehrim boʻlakcha. Muvaffaqiyatga erishish uchun sinovlarda toblanish, maqsaddan ogʻishmay manzilga yeta olish borasida mazkur badiiy avtobiografik asar orqali bilish mumkin.
6. “Urush va Tinchlik”, Lev Tolstoy
Romanda Borodino jangiga sabab boʻlgan voqealar va unda ishtirok etgan shaxslar, arboblar tilga olinadi. Zamon va makon chegaralaridan oʻtib kelgan bu asar insoniyat tinchlik, muhabbat va saodat uchun yaratilgani haqida ulugʻ yozuvchi va faylasuf Tolstoyning zamon va makon chegaralaridan oʻtib kelayotgan hayqirigʻidir.
7. “Usta va Margarita”, Mixail Bulgakov
Romanda asli kiyevlik boʻlgan yozuvchining oʻz davridagi bolsheviklar siyosatiga oʻzining haqqoniy qarashlari ifodalangan. Oʻqish, tushunish, anglash va xulosa chiqarish birmuncha murakkab boʻlgan ushbu asar hayotning asl mohiyatini, insonning oʻzligini anglashga boʻlgan chorlovdir.
8. “Puankare”, Abduqayum Yoʻldoshev
Ushbu asar ilm yoʻlini tanlagan yoki oldiga katta maqsad qoʻygan yoshlar uchun hayotning ikir-chikirlariga oʻralashib, oʻz yoʻlini yoʻqotib qoʻymaslik, harakatlarini kechiktirmaslik, maqsadga bugun intilib, bugun erishish lozimligi haqidagi eng taʼsirli kitoblardan biridir.
9. “Baxt yetkazish” (Milliard dollarlik internet doʻkon tarixi), Toni Shey
Asar inson oʻz faoliyatida yangiliklarni sinab koʻrishdan qoʻrqmaslik, asl sevgan kasbini izlab topishda qatʼiyatli boʻlish, qadriyatlarni toʻgʻri qoʻyish, har kim muvaffaqiyatli va boshqalarga baxt ulasha oladigan inson boʻla olishi mumkinligi haqidagi hayotiy kitobdir. Yoshlarimiz bu asardan ham katta taassurotlar olishi aniq.
10. “Kichkina shahzoda”, Antuan de Sent Ekzyuperi
Qissa – insonning oʻzi va hayot haqidagi haqiqatlarini ulgʻaytirishi, qarashlarini oʻzgartirishi, yangi gʻoyalar va ixtirolarga ilhom bagʻishlashi bilan har qaysi davr shaxs uchun qiymatli va muhimdir. Ayrimlar ushbu asarni faqat bolalar, yoshlar uchun deb hisoblaydi. Yoʻq u barcha yoshdagilar, tili, dini, millatidan qatʼi nazar butun insoniyat uchun yozilgan va ular oʻqishi kerak boʻlgan asardir.
Matn: Inobat Ahatova
Manba: “Yosh kuch” jurnali
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Maftuna
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum. Haqiqatan, bu asarlar insonning o'zligini anglab yetishda ahamiyati beqiyos. "Puankare" va "Baxt yetkazish" asarlari men uchun yangilik. O'qib chiqaman inshaalloh Tavsiyalar uchun rahmat.
Ōğiloy
12:01 / 01.01.1970
Juda zor bu kitoblar inson oʻqigan sari oqigisi kelaveradi