Sheʼrdan hayratlanmay qoʻygan XXI asr odamlari yoxud sheʼriyat faqat xoslar uchun hayratga aylanyaptimi?


Saqlash
20:18 / 30.11.2022 1619 0

Nega hozirgi davrda sheʼr oʻqilmayapti? Bu savol koʻpchilikni qiziqtirmasligi aniq. Sheʼr oʻqimaydigan odamning bu haqda oʻylab koʻrishga ham ehtiyoji boʻlmaydi. Xoʻsh, unda sheʼriyat bora-bora faqat shoirlarning oʻzi uchun yaratiladigan sanʼat turiga aylanadimi yo qachondir odamlar yana sheʼr mutolaasiga qaytishi mumkinmi? Eng qizigʻi, bu faqat bizning jamiyatda kuzatilayotgan holmi yoki butun dunyoning sheʼrga boʻlgan ehtirosi soʻnganmi?

 

Xuddi shu savollarga rus faylasufi va madaniyatshunosi, adabiyotshunosi Mixail Epshteyn oʻzining «Yuksak poeziya va alpodam» essesida javob qidirib koʻradi. Epshteyn odamlar sheʼr oʻqimay qoʻygan bu davr odamini “tobora poetik shaxsga aylanib boryapti” deb taʼriflaydi. chunki bunday odamning oʻzi “obrazli”, majoziydir. 21 asr odami bir mamlakatda tugʻiladi, boshqasida taʼlim oladi, uchinchisiga borib ishlaydi. Bunday kishi – poetik, majoz, uning hayoti esa koʻpqatlamli matn.

 

Epshteyn odamning oʻzi obrazlashib, majoziylashib borishi bilan birga, poeziya hayotimizning hamma sohasiga kirib boryotganini, faqat buning uchun endi unga soʻz kerak boʻlmay qolganini aytadi.

 

Poeziyaning bu turlari: antropoeyya va texnopoeyya, poeziya fizikasi, kosmopoeyya va biopoeyya, sotsiopoeyya va ekonopoeyya, noopoeyya kabilardir. Texnika taraqqiyoti natijasi siz qoʻlingizdagi smartfon orqali sizdan necha ming kilometr masofalardagi yaqiningiz yo yoringizni bir paytning oʻzida koʻrib, eshitib suhbatlasha olasiz. Endi siz uni sogʻinganingizda, uning xayoli bilan ovunishingizga hojat yoʻq. Tuygʻularingizni oʻsha onning oʻzidayoq yetkazish imkoniga egasiz.

 

Yana bir tomoni – avvallari odamlar nima uchun sheʼr oʻqirdi? Oʻzi istagan, koʻrmoqchi boʻlgan obrazini yozilgan asardan qidirardi va asardagi obraz uning chanqogʻini bosardi. Endi esa odamlar boshqa obrazlarni izlashmaydi, unga sigʻinishmaydi, ijtimoiy tarmoqlardagi profillari orqali oʻzining asli real hayotdan bir qadar uzoq boʻlgan virtual obrazini yaratadi. Bugungi inson endi sanʼatkor yaratgan obrazlar dunyosida yashovchi odam emas, u oʻzining obrazini oʻzi yaratayotgan va uni oʻzi taqdim qilayotgan odam. Instagram, Feysbuk, Tik-Tok kabi tarmoqlarda odamlar oʻz ichki dunyosini matn, kiyim, uslub, yurish-turish vositasida yaratib va oʻsha paytning oʻzidayoq taqdim eta olyapti. Sotsiopoeyyani ifodalagan bu jarayonda tarmoq tizimida “biz boshqa odamlar rolini oʻynaymiz, oʻzimizni «oʻzimiz emas” timsolida shakllantiramiz, … biz endi koʻp “oʻzga” ega shaxs boʻlib, unga bitta “men” torlik qiladi.» Ayni shu paytda xatti-harakatimiz shoirning oʻz lirik qahramonini yaratish jarayoni bilan bir xil. Shoir ham lirik qahramonlari yaratuvchisi edi, endi biz ham oʻz timsolimizni yaratuvchimiz.

 

Avvallari bolalar doston va ertak oʻqishardi va ulardagi uchar gilamlar, qahramoning kun emas, soat sayin ulgʻayishidan, oʻzga olamlarga sayohat qilishidan hayratga tushardi. Bugun esa ilm-fan taraqqiyoti tufayli, uchar gilam moʻjiza emas, masalan, Toshkentning qoq markaziga borib, siz uchar sharda uchasiz, zaminga tepadan turib qaray olasiz.

 

Yaqinda bir dugonam “Goʻroʻgʻli” dostonlarida qahramonlarning soat sayin ulgʻayishi degani yorugʻlik tezligidan ham tezroq vaqtning borligi tufayli shunday degan fikrini aytdi. Demak, endi ertak va dostonda bizga moʻjiza boʻlib tuyiladigan voqealarning ham qandaydir ilmiy izohi borligiga, u moʻjiza yo xayoliy tasavvur mahsuli boʻlmay reallikligiga ishonadi. Nega bunday? Chunki, bir asr davomidayoq biz uchar gilam tasavvuridan chekinib, uchar samolyotga ega boʻldik. Endi gilam va u haqda aytish, tinglash moʻjiza emas. Uchoqda uchib koʻrishning oʻziyoq sizga uchishdan tugʻiladigan zavq-shavqni taqdim eta oladi. Shuning uchun uchar mashinayu, boshqa mamlakatlar bilan bogʻlaydigan samolyot, nainki boshqa mamlakatlar, balki kosmosga uchirilayotgan raketayu kemalarni multfilmda tomosha qilayotgan bola bugun Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” ertagidan taʼsirlanishi qiyin. Bunda hech kimni ayblab boʻlmaydi, bolani kitob oʻqimayotganligida ayblashdan oldin poeziya hayotimizning hamma jabhasiga kirib borganini , tasavvur mahsuli boʻlgan hodisaning moddiylashgani va inson hayotining oʻzi majozdan chiqib majoziylashganini eʼtirof etish kerak.

 

Bugun ertak qahramonining nega soat sayin ulgʻayishi hayratlanarli emas? Mashhur «Intersteller» degan kino bor. Undagi voqealar rivoji Yerda apokalipsis boshlanganidan keyin boshlanadi. Oziq-ovqat tugayotgan, resurslar yoʻq, insoniyat bolasining taqdiri soʻroq ostida qolgan bir palla. Shu pallada kosmonavt yangi resurslar topish uchun boshqa sayyora va galaktikalarga uchadi. U ketayotganida qizi oʻsmir yoshiga yetmagan bola edi. Qahramon oʻz missiyasiga erishib qaytib kelganda esa Yerga, qiz kampirga aylanib oʻlim toʻshagida yotar, ota esa mutlaqo oʻzgarmagan, qarimagan, qizi bilan xayrlashganda qanday boʻlsa, qaytganida ham shunday ahvolda edi. Kinodagi bu voqelik ham tasavvur mahsuli emas, aksincha ilm-fan haqiqati, Eynshteyning mashhur “Nisbiylik nazariyasi” ga isbot. Yaʼni vaqt bizning sayyoramiz va boshqa sayyoralar, galaktikalar, kosmos uchun nisbiy hodisadir. Bugun buni biladigan inson soat sayin ulgʻayadigan qahramondan hayratga tushmaydi. Balki vaqt haqida savol berib koʻradi oʻziga. Bu ham poeziyaning – noopoeyya, ilm-fan sathlariga qay tarzda koʻchganini koʻrsatadi.

 

Yana bir qiziq jarayon – avvallari ertak yo dostondagi oʻlib-tirilish, narigi dunyoga borib kelish degan syujet chizigʻi oʻquvchini oʻylantirardi. Endi esa olimlar Yer va Kosmos oʻrtasida yorugʻlik tezligidanda tezroq muddatda “narigi olamlarga”, galaktikalarga borib kelish imkonini beradigan «qurteshiklar» deb ataluvchi vaqt-makon tunneli borligini nazariy jihatdan bashorat qilib boʻlishdi. Biz yozgan sms yo yuborgan rasmimiz bir daqiqadayoq okean ortidagi insonga yetib borishidan bugun hayratlanmaymiz. Ammo oʻsha vaqt-makon tunneli topilsa, biz oʻzimizni kelajakka, oʻtmishga ham teleportatsiya qila olishimiz mumkin boʻlishi bugun ilmiy-fantastik kinolarda koʻrsatilmoqda. Vaqt oʻtib hatto oʻtmishdagi oʻzimiz haqida oʻylashimizga hojat qolmasligi, u bilan borib yuzlashib, gaplashib kelishimiz mumkinligi poeziyaning aqlga sigʻmas darajada takomillashayotganini koʻrsatadi. Yoʻq, u aynan soʻz yordamida kengaymayapti, ammo bizning xayollarimiz, tasavvurlarimiz reallashishi, moddiylashishi natijasida dahshatli kengayib boryapti.

 

Kvant fizikasining ochilishi fizikaning mutlaqo poetik ekanini isbot etdi men uchun. Avvallari shoir “oyga qara va meni oʻyla, oʻsha mahali men ham seni oʻylayotgan boʻlaman” derdi. Har bir energiya bir-biriga tortishadi deydi kvant fizikasi. Bugun har bir moddada boʻlinuvchi atomdan ham kichik zarra - kvantning mavjudligi, eng muhimi u odamlar koʻziga aynan oʻz holatida koʻrinmasligi, nima bilan qarayotgan boʻlsangiz, sizga shu shaklda koʻrinishi avvallari shoirona gap boʻlib tuyiladigan “dunyoga qanday qarasang, shunday qaraydi u ham senga”, degan soʻz bilan barobar.

 

Darvoqe, yana bir hodisa. Hoshimjonning qalpoqchasi esingizdami? U orqali Hoshimjon koʻrinmas boʻladi, baholarini oʻzgartiradi va hokazo. Bugungi fizika, fizik olimlar koʻrinmaslik ham nazariy jihatdan mumkin boʻlgan hodisa demoqda, ehtimol ming yillar oraligʻidagi kelajak fizikasini insoniyat uchun koʻrinmaslikning ochilishi kutar.

 

Epshteyn poeziya hamma narsaning hamma narsaga kirishi, oʻtishidir deydi. Bugun hayotning hamma jabhasida shu jarayon ketyapti. Poeziya ijtimoiy tarmoqlarda koʻp oʻzliklarni namoyon qilyapti, fizika va poeziya tili allaqachon bir tilni eslatib yuborgan, kosmos, galaktikalar, osmondagi yulduzlar biz uchun xayol qilinadigan narsa emas, turli teleskoplardan olingan rasmlarda ularning suratini koʻryapmiz, hatto biz Katta portlashdan million yil keyin teleskoplarga kelgan nur sabab uning ham qismlarini koʻrdik. Bugun hech narsa hayrat uygʻotmasligi tabiiy, chunki turmush tarzimizda har bir hayratlanarli narsa moddiylashib, reallashib bormoqda.

 

Bu degani endi sheʼrga ehtiyoj qolmadi deganimi? Yoʻq, unday emas. Sheʼrga ehtiyoj hamisha mavjud. Birinchidan, bizga doim shoir kerak. Shoir kim? Shoir – sanʼatchi. Sanʼatchi esa doim individual shaxs, olam. Biz bugun koʻp jihatdan bir-birmizga oʻxshash odamlarmiz - taraqqiyot mevalarini isteʼmol qilishda, ishlab chiqaruvchi inson boʻlib taraqqiyotning bir boʻlagiga aylanishda. Bunda oʻz-oʻzidan individuallik yoʻqoladi. Shoir avvalo oʻzida oʻsha individualligini asrab qolgan odam. Va bunday individuallikka doim bizning ehtiyojimiz bor, nega deganda, voqelikka boshqa tomondan qarash uchun bizga doim oʻsha boshqa tomondan qaray oladigan, qaranglar, bu tomon ham bor, bu tomondan ham qarash mumkin degan odamlar kerak. Individuallik bizning yakrang, umumiy turmush tarzimizni buzib turadi. Eng muhimi individuallikni taʼriflab boʻlmaydi, u oʻz-oʻzidan sodir boʻladi, agar bunday boʻlmaganda hamma shoir boʻlishi mumkin edi.

 

Ikkinchidan esa, bugun poeziyaning boshqa sathlarga koʻchishi natijasida soʻzdagi poeziya ham oʻzgarishlarga yuz tutdi. Ayrim shoirlar poeziyaning bu tarzda hayotimiz sathlariga yoyilishiga isyon sifatida endi yuksak badiiy til bilan emas, balki ommabop til, hatto koʻcha tilida ham yoza boshlashdi. Bunday sharoitda shoir oʻylaydi - endi yozish uchun nima qoldi unga, xayol va tasavvurlar reallashayotgan bir pallada? Endi hayotdagi eng isqirt, eng koʻrimsiz, eng tuban deb bilinadigan narsalar, tushinchalarga ham maʼno berish vaqti kelgandir, poeziya hayotning doim chetda qoladigan qismi haqida ham gapirishga oʻziga ruxsat berar?! Bunday xususiyat Amerikaning Allen Ginzberg, Charlz Bukovskiy kabi 20 asrning soʻngi taniqli shoirlari boʻlmish “sindirilgan avlod” ijodida koʻrina boshladi. Keyinchalik bunday kayfiyat dunyo sheʼriyatiga ham yoyildi.

 

Uchinchidan, poeziyaning oʻzi ijtimoiy, biologik, fizik, kosmik va ilmiy hayot sathlariga yoyilgan ekan, qanday qilib soʻzli sheʼriyat bularning barchasini qamrab olmasligi mumkin?! Azaldan sheʼriyat barcha sanʼatning choʻqqisi boʻlgan, chunki u bir lahzani muhrlash orqali, bir lahza taʼrifi haqida ayta turib, butun borliq haqida gapirgan. Poeziyaning bu tabiatini tushunish hamma uchun oson emas. Salaflarimizdan biri aytganidek, buning uchun kamida “ikki vagon” kitob oʻqish kerak boʻladi. Agar siz oʻzingizni shunday kitobxon qilib tarbiyalamagan odam boʻlsangiz, sheʼrni tushunolmaysiz. Ayniqsa, bugungi hamma narsani qamrab olishga urinadigan sheʼriyatni.

 

Yana bir fikr, 20-asrdagi fransuz sheʼriyati sheʼr tili, strukturasi, fikr oqimi - barchasini tubdan oʻzgartirdi. Va ularning yozgani hamma uchun tushunarli emasdi, ular maʼlum xos odamlar uchun edi. Xoʻsh, ular nega bunday qilgan deb oʻylaysiz? Men oʻylaymanki, bunday sheʼriyat orqali ular insoniyatni mutlaqo boshqa fikr oʻlchamida qarashga oʻrgatmoqchi boʻlgan. Bu orqali ham sheʼriyat bashorat qilgan. Bilasizmi, nimani bashorat qilgan, hozirgi olimlar koinotning biz bilmagan galaktikalarida mutlaqo boshqa oʻlchamlar bor deydi, ehtimol u yerda sivilizatsiyalar bor va u yerdagi oʻlchamlar mutlaqo boshqa, biz uning qandayligini hatto tasavvurimizga sigʻdirolmaymiz deyishadi. Bu vaqt oʻlchami maʼnosida yo zamon oʻlchami maʼnosidami, xullas, hammasida shunday. Demak, haqiqiy sheʼriyat hamon mavjud va u oʻz davrining fikr oʻlchamlaridan oldinda yurmoqda. Ammo uni tushunish uchun siz istalgan sheʼrni olib oʻqib ketishingiz kifoya emas. Ha, endi sheʼrni oʻqish, anglash, his qilish uchun xos boʻlish har qachongidanda zarur. Hayotimizning hamma pallasi va jabhasi sheʼrga aylanganda sheʼriyatning oʻzi nima demoqda? Siz sheʼr voqeligiga ayni shu nuqtadan qaray olishingiz kerak.

 

Buning uchun esa yana oʻsha – xoslik muammosi. Sheʼr nega oʻqilmayotganiga sabab ham shu – oʻquvchining oʻzini xos darajada tarbiyalay olmasligi, mabodo xos boʻlish haqida gap ketsa, tezda burun jiyirishi. Toʻgʻri, bilmagan narsamizni birov bilmaysan deb aytsa, darrov egomizga tegib ketadi va oʻrnimizdan sakrab ketamiz. Lekin ikkinchi tomondan oʻylab qarasa, sizda imkon bor. Bilmagan narsangizni qachondir bilish yoki shu ego izmida hech qachon bilmay oʻtish. Xos boʻling, degan gapni ham kamsitilishdek qabul qilishingiz mumkin. Ammo unutmang, nega xos boʻling, desa jahlingiz chiqadi, bilasizmi, biz oʻzimizni hamma yuqori, yuksak narsalarga loyiq koʻrmay qoʻygan odamlar ekanimizdan. Biz oʻzimizni xoslikka loyiq koʻrmasligimiz va oʻzimizni xos qilib tarbiyalashga urinmasligimiz evaziga ham xoslikdan burun jiyiramiz. Ammo siz chinakam sheʼriyatdan zavq olishni istasangiz, xos boʻlishingizga toʻgʻri keladi. Agar siz buni tanlamasangiz ham, yuksak sheʼriyat doim yashayveradi, oʻzini xoslikka loyiq koʻradigan insonlar va xalqlar uchun. Ular sheʼriyat bergan tasavvur imkoni evaziga poeziyani hayotga tatbiq qilib boraveradilar.

 

Sheʼr oʻqing. Buning uchun oʻzingizni xoslikka loyiq koʻring. Xos boʻling!

 

Tillaniso NURYOGʻDU

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//