Dunyo tamaddunini yoritgan xalqmiz


Saqlash
13:09 / 17.09.2021 1057 0

Bugun ma’rifiy dunyo bir haqiqat oldida, kimdir bosh egib, kimdir xatolarini tan olib va yana kimdir ne harakat qilishni bilmay turibdi. Bu haqiqat shuki, dunyoni na boylik, na qurol va na quruq gap qutqara oladi.

 Yagona haloskor kuch – ma’naviyat, ma’rifat, odob-axloq. Bu uch tushuncha mangu mash’ala yanglig‘ Inson zotini balo-qazolardan asraydi, Yer yuzida tiriklik, tinch-totuvlik, ahil-inoqlik hamda bag‘rikenglikni ta’minlaydi. Har bir avlod uchun shukrona keltirishga arzirli turmush tarzini yaratib beradi.

Bu yorug‘ olamda hayot paydo bo‘libdiki, inson o‘z uyida tinch-totuv, ahil-inoq yashashga, farzandlari iqbolini ko‘rishga, o‘zidan ezgu amallar, yaxshi xotira qoldirishga intiladi, bir umr shu niyat yo‘lida harakat qiladi, shu orzu bilan yashaydi.

Dunyoda shunday qudratli davlatlar borki, behisob tabiiy boyliklari hisobiga kundalik hayotda, turish-turmushda qiyinchilik, yetishmovchilik, muhtojlik nimaligini bilishmaydi. Qo‘llarini qaerga uzatsa yetadi. Ammo chinakam rohat-farog‘atga birgina boylik bilan erishib bo‘lmaydi. Hayotda inson qalbi, ma’naviy-ruhiy olami, iymon-e’tiqod, insof-diyonat, mehr-muruvvat degan tushunchalar ham borki, ular oldida behisob kuch-qudrat, boylik ham kezi kelganda ojiz qoladi. Insonning jamiki muammolarini beminnat hal qiladigan yagona kuch uning tarbiyasi, odob-axloqi, vijdoni, or-nomusi, tarixiy xotirasi, o‘tmish ajdodlar merosidan bahramandligi, aql-zakovati, fahm-farosati va yana boshqa ko‘p fazilatlari jamlamasi bo‘lmish ma’naviyatdir. Ma’naviyat inson qalbiga nur baxsh etadi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun, ruhini tetik qiladi, komillik sari intilayotgan kishi uchun hidoyat yo‘llarini yoritib turadi, o‘sib-ulg‘ayayotgan farzandlarimizni turli g‘arazli oqimlar, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan omon saqlashda ulug‘ najotkor kuchga aylanadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida aytilganidek, “Insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi – ma’naviyat chirog‘i bor. Bu chiroqning boshqalardan farqi shuki, u insonning onggi va tafakkurini yoritadi, qalbi va vijdonini uyg‘otadi, odamiylik hissini kuchaytiradi”.

Ha, shunday. Bu chiroq, to Quyosh yer yuziga nur sochar ekan, o‘z vazifasini bajarishdan tolmaydi. Negaki, “jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”.

Kitobda ma’naviyatning bosh funksiyalari g‘oyat keng ochib berilgan. Chunonchi, ma’naviyatsizlik va g‘oyasizlik har qanday davlatni tanazzul sari yetaklaydi, davlat siyosati va boshqaruvni kuchsizlantiradi, korrupsiya, jinoyatchilik va axloqsizlik illatlarining ildiz otishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, bugun hammamizning ko‘z o‘ngimizda qad rostlayotgan yangi O‘zbekistonda ma’naviy taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish g‘oyatda zarur. Chunki yangi O‘zbekistonning yuksalishi jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasiga bog‘liqdir. Bu strategiyani yaratish borasida hozirning o‘zidayoq juda muhim ishlar amalga oshirilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni keyingi to‘rt-besh yil ichida ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot va, umuman, ijodiyot sohalariga berilayotgan jiddiy e’tibordan ham bilsa bo‘ladi.

Har bir mamlakatning ma’naviy-axloqiy darajasini, shubhasiz, ilmiy-ijodiy ziyolilarga e’tibor belgilaydi. Dunyoning yetakchi davlatlari moliyaviy inqirozga yuz tutib, iqtisodiy muammolar girdobida qolayotgan bir paytda O‘zbekistonda Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi qad rostlagani, adabiyot olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani, ijod namunalari kitob holida chop etilayotgani bejiz emas, albatta. Chunki qadim-qadimdan ilm-ma’rifatga, ziyoga intilgan va bu borada dunyoni hayratga solgan xalqmiz. Dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlarning birlamchi sababi ham kitoblarga jo bo‘lgan bebaho ilmiy xazina bilan bog‘liq. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek, al-Beruniy, al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino kabi allomalar yoshlikdan kitob mutolaa qilishgan. Shunday ekan, xonadonlarimizni, farzandlarimiz ong-shuurini kitoblar va ular sahifalaridagi bebaho hikmatlar bilan bezash yanada farovon hayotimiz, ulug‘ kelajagimiz sari dadil odimlamoq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kitob insoniyatning buyuk ixtirosi hisoblanadi. Uning qudratini faqat quyoshning qudratigagina qiyoslash mumkin. Shunda ham, inson qalbini yoritish faqat kitobning qo‘lidan keladi, xolos. Shunday kitoblar borki, ular seni ohanraboday o‘ziga tortadi, umring yo‘llarida beminnat hamrohingga aylanadi, qayta-qayta o‘qiysan, o‘qiganing sari aql-shuuring to‘lishib boradi, o‘zing uchun muhim narsalarni kashf etaverasan va bu jarayon hech qachon nihoyasiga yetmaydi.

Davlatimiz rahbarining ushbu kitobi ma’naviyat strategiyasini ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq etishda hammamizga dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.

  Ahmadjon MELIBOYEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 561
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19405
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16624
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi