Mahalladagi hokim yordamchisi fuqarolarga qanday masalalarda yordam bera oladi?


Saqlash
12:11 / 28.11.2022 1634 0

Davlat rahbari tashabbusi bilan 2022-yilda respublikadagi barcha mahallalarda (10 000 ga yaqin) mutlaqo yangi tizim – “hokim yordamchisi” instituti joriy etildi.

 

Ma’lumot uchun, hokim yordamchilari lavozimi mahallalarda avvaldan mavjud bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan tashkil etilgan.

 

Hokim yordamchilariga yuklangan asosiy vazifalar:

1. Mahallada ishsiz aholini (o‘z istagiga ko‘ra) ish bilan band qilishga ko‘maklashish;

2. Mahallada oilaviy va yakka tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

3. Mahallada kambag‘allikni qisqartirish.

 

Keling, hokim yordamchilari shu 3 ta asosiy vazifani NIMANI EVAZIGA amalga oshirishi haqida imkon qadar qisqa tushuncha beray.

 

Mahalladagi ishsiz aholini (o‘z istagiga ko‘ra) ish bilan band qilishga ko‘maklashish maqsadida har bir mahallaga aholisi soni va ishsizlar ko‘rsatkichidan kelib chiqib ma’lum summada pul mablag‘lari har chorakda ajratiladi.

 

Masalan, Siz rasman ishsiz maqomiga egasiz (oilali, oilasiz bo‘lishingizdan qat’iy nazar). Agar aniq bir biznes rejangiz (tomorqada issiqxona yaratib, sabzavotlar, limonchilik, gul-ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish; xonadonda tikuvchilik qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish; gilamchilik yoki boshqa turdagi kasanachilikni yo‘lga qo‘yish; uyda pishiriqchilik yoki qandolatchilikni yo‘lga qo‘yish; tovuqchilik, baliqchilik, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish; avtoservis, sartaroshxona, go‘zallik salonlari xizmatlarini boshlash; sharbat, muzqaymoq tayyorlab sotish; yer haydash uchun mini motokultivator, aholiga xizmat ko‘rsatish uchun motoroller xarid qilish va boshqa 50 dan ziyod ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari) bo‘lsa, hokim yordamchisiga uchrashing.

 

Hokim yordamchisi biznes rejangizdagi kamchilik va nuqsonlarni ko‘rib chiqadi va xususiy tadbirkorligingiz uchun HECh QANAQA GAROVSIZ 33 million so‘mgacha (deyarli 3 000 AQSh dollari ekvivalentiga teng) bo‘lgan summani 3 yildan 7 yilgacha 14 % foizda (Markaziy Bank tomonidan qayd qilingan eng kam foizli kredit stavkasi) kredit olishingizga ko‘maklashadi!

 

Agar yangi tadbirkorlik yo‘nalishida tajribasiz bo‘lsangiz, unda hokim yordamchisi tavsiyasi bilan tumaningizda mavjud bo‘lgan Monomarkaz yoki O‘quv markazlaridan biriga aynan shu yo‘nalishda BEPUL o‘qishingiz, tajribangizni oshirib, o‘qish yakunida maxsus sertifikat olishingiz va ishingizni boshlashingiz imkoniyati yaratib beriladi.

 

Tanlagan tadbirkorlik faoliyatini boshlashingiz uchun sizga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna va xizmatlarning asl narxlari bozorda o‘rganib chiqib, TA’MINOTCHI orqali ushbu tovarlar (tikuv mashinalari, pishiriq uchun maxsus pechlar, motokultivator, motoroller va hokazo) yetkaziladi, xizmatlar (hovlingizda issiqxona, baliqxona qurib beriladi, asalari uyalari, tovuqlarni yuqumli kasallikdan himoya qilish uchun davolash va profilaktika ishlari) amalga oshiriladi.

 

Ta’minotchi tomonidan yetkazib berilgan kerakli asbob-uskuna va xizmatlar real bozor narxidan ko‘pi bilan 10–15% gacha qimmat bo‘ladi, chunki ta’minotchi har bir xizmat uchun soliq to‘laydi, bundan tashqari o‘z xizmat xaqi foydasini ham qo‘shadi.

 

Savol tug‘iladi, NEGA SUMMA FUQARO QO‘LIGA NAQD yoki PLASTIK KARTASIGA O‘TKAZILMAY, aksincha 10–15% gacha QIMMAT NARXDA ASBOB-USKUNALAR, XIZMATLAR KO‘RINISHIDA BERILYAPTI?!

 

Javobi oddiy, berilgan kredit pullarini MAQSADSIZ ISHLATILIB YUBORILISHINI OLDINI OLISH uchun!

 

Fuqaro qo‘liga pul berib, unga zarur bo‘lgan tovar yoki xizmatlarni QACHON sotib olishi, amalga oshirishini nazorat qilib turishning imkoni yo‘q!

 

Qo‘liga yoki plastik kartasiga pul tushishi bilan summa boshqa maqsadlarga (bolam, ota-onam kasal bo‘lib qoldi, oldingi qarzimni to‘lab yubordim, qizim-o‘g‘limni to‘yiga ishlatib yuborishga majbur bo‘ldim va hokazo sabablar) ishlatilib yuborilgach, berilgan kredit hali foizlari to‘lanmay turib MASALALI KREDIT toifasiga kiradi-qoladi! Fuqaro esa berilgan moliyaviy ko‘mak yordamida ijtimoiy holatini yaxshilash o‘rniga, bankdan qarz bo‘lib battar qashshoq holatga tushadi!

 

Marhamat, bozorni o‘rganing va ta’minotchini surishtirib, o‘zingiz toping (hokim yordamchisidan xizmatlari orqali tanilgan halol ta’minotchini so‘rasangiz, tavsiya qilishi mumkin) va birga sizga kerakli tovar va xizmatlarni rusum, narxi va muddatlarini kelishib olib, onlayn ariza bering!

 

Ariza onlayn platformada ko‘rinishi bilan, hokim yordamchisi ta’minotchi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan ishlar qiymatini tekshiradi (issiqxona necha sotix yerga qurilmoqda va qanday sifatli xom-ashyo, qancha miqdordagi qurilish materiallari ketadi – ya’ni so‘ralayotgan kredit summasiga mos ravishda ishlatilmoqda) yoki tovarlar fuqaroga (tikuv mashinalari, pishiriq uchun pechlar, motokultivator, muzqaymoq uskunasi va hokazo) to‘liq yetkazilib berilganini tekshirib, real vaziyatni fakt sifatida rasmga olib, bankka tavsiya beradi.

 

Pul tovar va xizmatlar 100% bajarib bo‘linganidan keyingina ta’minotchi hisob raqamiga tushiriladi!

 

Bu kredit mablag‘larini NAQDLASHTIRISH va BEMAQSAD (arizada ko‘rsatilgan tovar va xizmatlardan boshqa maqsadlarda) ishlatilib yuborilishini oldini olish uchun shunday TIZIMDA yo‘lga qo‘yilgan!

 

Ho‘p, hammani qo‘lidan ham tadbirkorlik kelavermaydi deyishingiz mumkin, marhamat, dehqonchilik bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lsa, tumaniga qarab 10–40 sotixgacha unumdorlik boniteti o‘rta hisoblangan dalalardan yerlar 10 yildan 30 yilgacha fuqaroga auksion orqali IJARAGA beriladi!

 

E-auksion.uz ga kiring, tumaningizda qayerdan, qanday yerlar qo‘yilayotganini o‘rganib chiqing, keyin Davlat xizmatlari markazi (Yagona darcha) dan elektron kalit sotib olib (18 ming so‘m), hokim yordamchisiga murojaat qiling, u sizga dalani qaysi konturidagi yerga egalik qilish huquqlarini beruvchi auksionga qatnashish uchun onlayn ariza topshirishga yordamlashadi, qo‘shimchasiga auksionda g‘olib bo‘lishingiz uchun sizga katta ballga ega tavsiyanoma ham beradi!

 

Inson omilini chetlab o‘tish maqsadida barcha ishlar onlayn tarzda amalga oshiriladi va fuqarodan tegishli platformalarda ariza berish uchun zarur bilim va texnika (android telefon, kompyuter, noutbuklardan biri) talab etiladi.

 

Ko‘pchilik fuqarolarda auksionga qatnashish uchun ko‘nikma va zarur sharoit bo‘lmagani tufayli onlayn ariza hokim yordamchisi tomonidan yordam tariqasida amalga oshiriladi.

 

O‘rnatilgan tartibda 280 ming so‘mni (Yoshlar va Ayollar daftarida rasman turganlarga BEPUL qatnashish ruxsati beriladi) auksionda qatnashish uchun o‘z elektron akkauntingizga garov puli sifatida qo‘yasiz, agar auksionda g‘olib bo‘lsangiz, bu summa sizdan xizmatlar uchun yechib olinadi, mabodo yuta olmasangiz, pulingizni plastik kartangizga qaytarib tushirib olishingiz mumkin!

 

O‘zbekiston fuqarosi dunyoning istalgan yeridan turib ushbu platforma orqali O‘zbekistonning o‘zi hoxlagan hududlaridan auksionga qatnashishi mumkin, istasa 10 ta lotga qatnashib omadini sinab ko‘rsin, barcha tafsilot va talablar platformada batafsil yozilgan!

 

Agar fuqaro sog‘ligi joyida bo‘lib, oilaviy tadbirkorlik yoki dehqonchilik qilish qo‘lidan kelmasa, ushbu mahallaning hokim yordamchisi tomonidan tumandagi birorta yaqin korxona, fabrika, ishxona yoki jamoat ishlariga mavsumiy, doimiy ishga qo‘yishga ko‘mak beriladi. Hamma ish fuqaroni sog‘ligi va qo‘lidan nima ish kelishiga qarab amalga oshiriladi!

 

Albatta, dunyoning hamma burchagida ham qo‘lidan biror ish kelmaydigan ishchiga katta oylik to‘lanmaydi! Boshlanishiga har qanday oylikka ishlab, keyin asta-sekin tajribasi oshib, boshqa ishlarni ko‘rsa bo‘laveradi! Shu arzimagan oylik puli yordamida, hech bo‘lmasa 1 qop un, ozroq yog‘, shakar olib, kommunal to‘lovlarini amalga oshirib tursa bo‘ladi.

 

Fikrimcha, umuman ish tanlab, oylik tanlab uyida ishsiz, bekor o‘tirgandan ko‘ra, kerak bo‘lsa ko‘ngli istagan joyda bepul ishlagan afzalroq, hech bo‘lmasa ish o‘rganib, tanish orttirib, yaxshi xulq bilan halol ishlasa – qayergadir albatta ishga ilinadi, mehnatkash, halol ishchi hamma joyda kerak!

 

Yakka farzandlarini tarbiyalayotgan ishsiz ayollarga qo‘lidan keladigan ishga qarab tikuv mashinasi, pishiriq, qandolatchilik uchun pechlar, hovlisida issiqxona qurib berish, tovuqchilik va boshqa ishlar uchun 10 million so‘mgacha zarur tovar hamda xizmatlar SUBSIDIYA (tovar yoki xizmat ko‘rsatish tariqasida bepul beriladigan yordam) asosida yetkazilib beriladi!

 

Xullas, fuqaro mahallasidagi hokim yordamchisiga o‘rnatilgan tartibda xoh o‘zi, xoh onlayn murojaat qilsin, albatta javob oladi!

 

Furqat QURBONOV,

Denov tumanidagi mahallabay ishlash tizimiga

Respublikadan biriktirilgan vakil

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19244
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16106
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi