Biz borgan sari o‘z onasidan uyaladigan silliq oliftalarga o‘xshab qolyapmiz – tarixiy joy nomlarini ajnabiy so‘zlar bilan atashga majburmizmi?


Saqlash
19:54 / 23.11.2022 1616 1

O‘zbek tili kimningdir shaxsiy tamorqasimas. Til umummilliy meros. O‘zbekiston hech kimning onasining mahriga qolmaganidek, o‘zbek tili ham hech kimning xususiy mulki emas. Ming yillardan buyon tildan tilga o‘tib kelayotgan toponimlarjoy nomlari ham xalqning umumiy boyligi. Joy nomi qaysidir kattaga yoqmagani uchun uni o‘zgartirish o‘sha yerning aholisi uchun borib turgan hurmatsizlik hisoblanadi.

 

Bir paytlar O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf Mingtepani ataylik o‘z nomi bilan deb bekorga aytmagandi. O‘zbek xalqini azbaroyi sevganidan, o‘zbek tilini ardoqlagani uchun aytgandi.

 

Mustaqil davlat bo‘la turib, o‘z tilimizni mensimas ekanmiz, bizni hali ancha muammolar kutyapti. Sobiq Ittifoq davrida Ohangaronni Angren dedik, Sirg‘alini Sergeli dedik, Qirgulini Kirgili dedik. Eng yomoni esa, hamon shunday ataymiz. Undan ham yomoni, milliy tildagi joy nomlarini ajnabiy tildagi so‘zlar bilan atash urf bo‘lyapti. Odat bo‘lib ulgurdi, allaqachon.

 

Biror yurtdoshimiz o‘g‘liga Messi, Ranaldo deb ism qo‘ysa, kulamiz. Lekin kent (shahar) so‘zi o‘rniga city so‘zi hamma yoqni ishg‘ol qilsa, hayron bo‘lmaymiz.

 

Masalan, men Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Cho‘rindi (Chuvrindi emas!) qishlog‘ida tug‘ilganman.

 

Bog‘dodda Olchin, Uyrat, Kenagas, Do‘rmon, Qashqari-makey (kichkina Qashqar), Irg‘oli, Bolg‘ali, Katta Xitoy, Kichkina Xitoy, Qo‘g‘oli, Chuvalanchi singari qishloqlar ko‘p. Bu qishloq nomlari 92 bovli o‘zbek urug‘ining nomlaridir.  Cho‘rindi so‘zi ham xuddi shunday. Tarixiy manbalarga ko‘ra, cho‘ran (churan) degan turkiy urug‘ bo‘lgan. Cho‘rindi so‘zi ham xuddi shu urug‘ nomidan kelib chiqqan.  Chuvrindi so‘zidan emas!  Bu ma’lumotni yaxshi bilib qo‘yish kerak. Bir paytlar tumanimizda Buzoq qishloq (Buzovqishloq) bor edi. Yoshlar or qilib qishloqning nomini Mirzaobod deb o‘zgartirishdi. Aslida, qadim bu nom hayvonning emas, qadimiy turkiy qabilaning nomi edi. Umuman olganda, Bog‘dod tumani juda olis tarixiy ildizga ega. Tuman nomidan tashqari, yana Bog‘dod va Samarqand qishloqlari ham bor.

 

Buning o‘rniga, yurtimizda G‘alcha, Kalamush, Oqtovuq, Oshqozon, Ichak qishloqlari bor, shularning nomini o‘zgartirish kerak, aslida. Lekin bu jarayonda ham bir narsaga diqqatli bo‘lish kerak: bu so‘zlar biz o‘ylagan so‘zdan boshqa ma’no bildirishi yoki vaqt o‘tishi bilan fonetik o‘zgarishga uchragan bo‘lishi mumkin.

 

O‘zbekistonni qanday asrash kerak bo‘lsa, o‘zbek tilini ham shunday himoya qilish bugungi zamonning eng dolzarb masalasidir. Biz borgan sari o‘z onasidan uyaladigan silliq oliftalarga o‘xshab qolyapmiz. Onamizning yuzi oftobda nega kuyganini, nega ajin ekanini, uning qo‘llari nega erkaklarnikidek dag‘al ekanini esimizdan chiqarib qo‘yyapmiz. Bu xayollar meni juda ko‘p qiynaydi. Menga qattiq alam qiladi. Ona tilim, kechir meni, ona tilim!”

 

Davlatjon KARIMOV,

Mard o‘g‘lon davlat mukofoti sohibi

1 Izoh

Кеунимжай

12:01 / 01.01.1970

Дурыс айтасыз

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//