Milliy taʼlim tizimimiz jar yoqasida emas, jarning eng tubida – maktab oʻquvchilari yana tajriba quyonchasiga aylantirilyapti(mi?)


Saqlash
21:02 / 22.11.2022 1564 0

Bugun taʼlim haqida gap ketsa, aksar yurtdoshlarimiz tanqidiy munosabat bildirishadi. Ota-onalardan tortib soha mutaxassislarigacha oʻz salbiy qarashlarini asoslab bera olishadi ham. Rostdan, maktabgacha taʼlimdan to oliy taʼlimgacha boʻlgan yoʻlga nazar solishning oʻzi xulosa chiqarishga kifoya qiladi. Men ham tajribamdan kelib chiqib, sohada islohotlarga ijobiy baho bera olmayman. Ayniqsa, xalq taʼlimi ayanchli ahvolda. Nafaqat jar yoqasida, balki jarning eng tubida, deyish mumkin.

 

Agar oʻtgan oʻttiz yildan ortiq davrni bosqichlarga boʻlib olsak, birinchi oʻn yillikdagi izlanishlarni toʻgʻri tushunsa boʻladi. Ikkinchi va uchinchi oʻn yilliklarda dastlabki bosqichda toʻplangan tajriba asosida tanlagan yoʻlimizni yanada mustahkamlash talab etilardi. Ammo bunday boʻlmadi. Har bir bosqich yangiliklar joriy etiladigan laborotariyaga aylanib qoldi. Eng achinarlisi, bu jarayonda hamon oʻz uslubimizni topa olmadik. Goh u davlat, goh bu davlat taʼlim tizimiga havas bilan taqlid qilish, andaza koʻchirish asosiy ishimiz boʻlib turibdi. Ha, bu juda alamli. Yanada alamlisi, mana shu tajriba jarayonida kelajak avlod qurbon boʻlyapti.

 

Har safar yangidan iqtidorga kelgan Xalq taʼlimi vaziri avvalgisiga oʻxshamaydigan oʻz falsafasini tatbiq etish harakatida boʻladi. Oxirgi oʻn yillikka nazar solsak, uch vazir almashdi. Ulugʻbek Inoyatovdan keyin sohaga qutqaruvchi sifatida olib kelingan Sherzod Shermatov ilk damlarda chindan ham yangi ruh baxsh etishiga ishona boshladik. Vazir sifatidagi chiqishlarida oldiga qoʻygan maqsadlari bizga yoqdi. Ammo bu gaplarning aksariyati shunchaki gap boʻlib qoldi.

 

Agar kimdir oʻsha yillarda sohani isloh qiluvchi qadamlarni vazirga bogʻlasa, toʻliq qoʻshilmayman bu fikrga. Masalan, oʻqituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilingani, dars yuklamalarni kamaygani, oylik ish haqlarini oshirilgani aslo Shermatov shaxsiga bogʻliq emas. Birinchidan va eng asosiysi, vaziyat shunday qaror qabul qilishga pishib yetilgandi. Taʼlimning ayanchli ahvoli shaxsan Prezidentni tashvishga solayotgandi. Ayni shu vajlar sabab tizim isloh qilina boshladi. Buning uchun zarur meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, huquqiy asoslari yaratildi.

 

Tan olish kerak, Sherzod Shermatov davrida rivojlangan davlatlar tajribasi tatbiq etila boshlandi. Jumladan, Prezident maktablari tashkil etilishi ortidan Kembrij taʼlim dasturi kirib keldi. Nega aynan bu tizim tanlandi, degan savolga mutaxassislar eng foydali ekanini taʼkidlashgandi. Eng muhimi, ayni dastur keyinchalik barcha maktablarga ham tatbiq etiladigan boʻldi. Buni Prezidentning shaxsan oʻzi ham alohida taʼkidlagan edi.

 

Eslasangiz kerak, davlatimiz rahbari ilk bor Toshkentdagi Prezident maktabi ochilishida ishtirok etgan va Prezident maktablari kelgusida mamlakat taʼlim tizimi lokomotivi boʻlishini aytgan. Mazkur taʼlim maskanlarida xalqaro tan olingan Kembrij oʻquv dasturi orqali oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Demak, barcha maktablar shu dastur asosida oʻqitishi koʻzlangan. Aytilganidek, bugun Prezident taʼlim muassasalari tarmogʻi kengaydi. Barcha viloyatlarda shunday oʻquv dargohlari ish boshladi. Shu yildan Xalq taʼlimi tizimidagi IDUMlar Prezident taʼlim muassasalari agentligiga oʻtkazildi. Tabiiyki, ularda ham Kembrij oʻquv dasturida oʻqitish aniq boʻldi.

 

Ammo bugun Xalq taʼlimi vazirligi oʻz tasarrufidagi maktablarga Finlyandiya taʼlim dasturini tatbiq etishni boshlagan koʻrinadi. Rasmiy telegram kanalida shu haqda maʼlum qilindi. Bu hamkorlikning kelgusidagi oqibatlari menda savollar tugʻdirmoqda. Masalan, Finlyandiya taʼlim dasturi bizda toʻliq ishga tushgach, bitiruvchilari qaysi dastur boʻyicha oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlarini topshiradi? Test savollari qaysi dastur asosida tuziladi? Nega Kembrij oʻquv dasturidan voz kechildi? Pedagogika universitetlari kelgusida qaysi dasturlari uchun mutaxassis tayyorlaydi? Hozirgi holatda milliy umumtaʼlim tizimimiz ikki oyogʻini ikki kemaga qoʻyib turgan odamdek tasavvur uygʻotyapti. Taʼlim, ayniqsa, xalq taʼlimi uzluksiz ravishda tajriba maydoniga aylanmasligi kerak.

 

Fin moʻjizasi haqida ilk bor 2000-yili gapirila boshlagan. Bunga oʻquvchilarning taʼlimdagi koʻrsatkichlarini baholash boʻyicha xalqaro dastur – PISAning birinchi natijalari sabab boʻlgandi. Yaʼni, Finlyandiya oʻqish savodxonligi boʻyicha tadqiqotda qatnashgan 32 mamlakat orasida 546 ball bilan (oʻrtacha ball – 500) birinchi, matematik savodxonlik boʻyicha 536 ball bilan (Gonkong, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiyadan keyin) beshinchi va tabiiy-ilmiy savodxonlik boʻyicha (Janubiy Koreya, Yaponiya va Gonkongdan keyin) toʻrtinchi oʻrinni egallagan edi.

 

PISAning keyingi reytinglarida natijalarning pasayish va Osiyo mamlakatlari (Shanxay, Gonkong, Tayvan, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya)ning koʻrsatkichi oʻsishi kuzatilgan boʻlsa-da, Finlyandiya ham yuqori oʻrinlarni band etib kelgan. Ammo bugun finlarnikidan samarali taʼlim tizimlari koʻp. Shunday boʻlsa-da, biz soʻnggi yillarda PISA reytingida Finlyandiyani ortda qoldirib ketgan davlatlarning emas, aynan Finlyandiyaning modelini tanladik?

 

Bu borada Komil Jalilov ham fikrini bildirib, qator savollar bilan masʼullarga murojaat qilgandi. Jumladan, “Finlyandiya taʼlim tizimi” deganda aynan nima nazarda tutilmoqda? Finlyandiya taʼlim tizimining aynan qanday jihatlari bizda tatbiq etiladi? Masalan, 11 yillik taʼlim tugatilib, oʻrniga “9 3 3” tizimi joriy qilinadimi? Mahalliy taʼlim organlari va maktablarga Finlyandiyadagidek avtonomiya beriladimi? Xuddi ulardagidek maktab va oʻqituvchilarni nazorat qilish va tekshirishlardan voz kechamizmi? Xuddi Finlyandiyadagidek barcha bir xil taʼlim xizmatlaridan foydalana olishi uchun prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarni yopib, moliyaviy resurslarni teng taqsimlash tizimini joriy etamizmi? Barcha oʻqituvchilar xuddi Finlyandiyadagidek magistr darajasiga ega boʻlishi shart boʻladimi? Oʻqituvchilarga ulardagi kabi eng yaxshi oylik maosh bera olamizmi?

 

Yoki darsliklarning fincha standarti deganda nimalar nazarda tutilmoqda? Fin darsliklarining aynan qanday xususiyatlari, masalan, bugun prezident maktablarida foydalanilayotgan Kembrij darsliklari yoki boshqa mashhur nashriyotlarning darsliklaridan yaxshiroq? Yana muhim bir savol oʻrtaga chiqadi. Agar bizda toʻliq fin dasturiga oʻtilsa, prezident maktabi dasturidan voz kechamizmi? Agar voz kechmasak, unda fin tajribasidan andoza olganimiz qayerda qoladi? Yoki ikki xil dasturda taʼlim olgan bitiruvchilar oliy taʼlimga imtihonlarni qaysi dastur asosida topshiradi? Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutaxassislari bu savollarga javob topishganmi?

 

Tibbiyotda davolashning 90 foizi toʻgʻri tashxisga bogʻliq, deyiladi. Agar shu jihatdan qarab, maktab – shifoxona, oʻqituvchi – shifokor, oʻquvchi – bemor, sifatli taʼlimni muolaja deb tasavvur qilsak, hali-hamon farzandlarimizga tavakkalga asoslangan tashxis qoʻyyapmiz. Shuning uchun ham bemorlarimizning aksariyati qurbon – mehnat migranti boʻlyapti, xolos.

 

Oʻn yillar avval darslarni noanʼanaviy tarzda tashkil etish urfga kira boshlagandi. Qayerni qaramang, mashgʻulotlarni interfaol metodlar yordamida oʻtish targʻib qilinardi. Lekin ulardan foydalanishda ham aniq mexanizm yaratilmadi. Qaysi oʻqituvchi xohlasa, oʻz bilganicha joriy qildi. Bugun mana shu tajriba ham oʻzini toʻliq oqlamaganini koʻrish mumkin. Ammo aksariyat maktablarda oʻqituvchilar ushbu metod orqali oʻz bilganicha dars oʻtmoqda. Afsuski, hech kim oʻqituvchi pedtexnologiyalarni toʻgʻri qoʻllayaptimi, degan savolga javob izlamayapti. Vaholanki, bu usullarni aniq tartibda, kerakli vaqtda ishlatish talab etiladi. Agar hamma dars vaqtini oʻzicha taqsimlab tashlayversa, DTS nega kerak?

 

Alqissa, har qancha ilgʻor, innovatsion tajribani tatbiq etsak-da, mexanizmni toʻgʻri yoʻlga qoʻya olmasak, bari befoyda. Biror yil soʻngra yana bir urinishimiz bekor ketdi deb, bundan-da ajabtovur, jozibador metodikalarni izlab qolamiz. Avval tizimning oʻzini bir tizimga solib olish kerak. Soʻzim soʻngida aytishim kerakki, Finlyandiya taʼlim dasturida barcha bosqichlar bir-biri bilan uzviy bogʻlangan. Oʻrtadagi uzilish yoki biror boʻgʻin qolib ketishi teskari natija keltirishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, bugungi avlod boy bergan imkoniyat uchun kim javob beradi?

Xayrulla ABDURAHMONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//