Taʼlim – mamlakatimizni rivojlantirish siyosatining ustuvor masalasi. Taʼlim tizimida uzviylik va uzluksizlik uning sifatini taʼminlashning asosiy tamoyili. Bu tamoyil taʼlimni tashkil etishdan uning mazmunigacha qizil ip bo‘lib o‘tadi. Ammo uzviylik va uzluksizlik quyidan yuqoriga pog‘onali ravishda amalga oshirilishi kutilgan natijani beradi. Buning tom aksini esa magistratura va doktoranturaga kirish talablarida ko‘rib turibmiz. “Zanjir” mantigʻining buzilishi qanday natijalarga olib kelganligiga guvohmiz.
Magistraturaga kirish uchun dabdurustdan xorijiy tilni bilish sertifikati talab qilindi. Natija nima boʻldi? Ajratilgan oʻrinlar toʻlmay qoldi. Birinchi xato natijasizlikka olib keldi. Buni oqlash uchun yana bir xatolikka yoʻl qoʻyildi – boʻsh oʻrinlarni toʻldirish uchun yana qabul eʼlon qilindi. Bu safar sertifikat talabi bekor boʻldi. Ikkinchi xatolik endi beburdlikka olib keldi. Zotan, “prinsip”ga darz ketdi.
Doktoranturaga qabulda ham shunday yoʻl tutildi. Yoʻl qoʻyilgan xatodan xulosa chiqarilmadi. Ayrim OTMlarda doktoranturaga qabul imtihonlari boshlanib ham ketdi. Ammo Innovatsion rivojlanish vazirligi bemahal buyruq chiqarib qoldi: “Xorijiy tilni bilish sertifikati boʻlmasa, talabgor qabul qilinmaydi”.
Bu bir nechta savolni tugʻdirdi:
1) Vazirlik qachon tashkil topdi, 2022-yil 15-noyabrdami?
2) Kechikib buyruq berishning sababi nima?
3) OTMlarda qabul qilingan imtihonlar qaysi asosda bekor qilinadi?
4) DSc doktoranturasi uchun ham sertifikat talab qilinadimi? Axir, bu talabgorlar umtihon topshirmaydi-ku?
Xullas, bu savollarga tegishli javobni kutgan holda jarayondagi mantiqsizliklarga toʻxtalamiz:
birinchidan, sertifikat talabiga qarshi emasmiz, hatto qoʻllab-quvvatlaymiz;
ikkinchidan, doktoranturaga kirish uchun sertifikat talab qilish, mantiqan, magistraturani bitirish uchun sertifikat talab qilishdan keyin qoʻyilishi kerak;
uchinchidan, magistraturaga kirish uchun sertifikat talab qilish bakalavriatni bitirish uchun serifikat talab qilishdan keyin qoʻyilishi kerak;
bakalavriat uchun sertifikat talab qilish maktab bitiruvchisi uchun sertifikat talab qilishdan boshlanishi kerak.
Koʻrinadiki, mana shu tizimga amal qilish ham taʼlimdagi mantiqiy uzluksizlik va uzviylikning bir koʻrinishidir. Mantiq ishlamagan joyda hafsala qariydi, tizimdan nolish, odamlarga kutilmagan jabr paydo boʻladi.
Baxtiyor MENGLIYEV,
professor
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Rasulbek Bobomurodov
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum. Menimcha xam maqolani toʻg’ri va oʻrinli yondashgansiz. Lekin rivojlanish uchun xamisha xam bardavom muvafaqqiyat boʻlavermaydi. Ularni sababchisi yangi inovatsiyalarni ishga solish, natijasini amalyot sifatida koʻrish, boʻlsa amalda, xato boʻlsa u xatolarni toʻg’ri xulosa qilish. Va yana siklni davom etishni jamiyatga katta zarari tegmagan holatda katta naroziliklarga sabab boʻlishidan tiyilib amalyotga tatbiq qilish kerak. Chunki til bilish kerak katta-katta xorijiy hamkorlarga azgina oʻzini sohasida bilim koʻnikmalarni tarjimonga koʻra oʻzi tez anglashga inyiladi