“Adabiyotni kimlar yangilaydi?!” degan savolga bir soʻz bilan “isteʼdodlar” deb javob berish ham mumkin, albatta. Ammo bu javobdan soʻng yana oʻnlab savollar paydo boʻladi. Xususan, adabiyotda yangilanish ehtiyoji qayerda va qay holatda oʻzini namoyon qiladi? U qachon oʻzida yangilanishga zarurat sezadi? Uning yangilanishi faqat isteʼdodlar bilan bogʻliqmi? Yangilanish degani uning bugungi mavjudligini inkor qilish, tan olmaslik orqali yuz beradimi yoki shu mavjudlik ustida paydo boʻladimi? Ongga, borliqqa, voqelikka munosabat yangilanmasdan turib ham adabiyot yangilanadimi? Xullas, koʻplab ilmiy ishlarga mavzu boʻladigan savollar kelaveradi.
Qanday savol boʻlmasin, sanʼat, xususan, adabiyot davr ruhini boshqa sohalardan koʻra ertaroq anglaydi, munosabat bildiradi. Bilʼaks, ana shu anglanma adabiyotni ham, isteʼdodni ham yangilaydi.
Bugungi dunyo sanʼatining asosiy ogʻriqlaridan biri bu – shaxsning yemirilishi, yolgʻizlanishi, mavjud universal xulosalardan oʻzligini topolmagan individning mavjudlikka oʻzi javob izlashi. Uning muhit bilan, qarshisidagi voqelik bilan til topisha olmasligi, voqelik oldida oʻzining ojizligini his qilishi, unga oʻzini begona va omonat sezishi.
Bizda haligacha bunday dunyoqarash, yaʼni olamni individ koʻzi bilan idrok qilish ildizini chetdan izlash anʼanasi, unga “import” toʻnini kiydirishga moyillik kuchli. Goʻyo shunday yoʻl tanlansa, bunaqa idrok qilish kasalligi bizga yuqmay qoladi, bizdan uzoqlashadi yoxud oldi olinadi. Ammo bugun dunyoning narigi chekkasida paydo boʻlgan oddiy elektron qurilma zudlik bilan dunyoning boshqa burchaklariga tarqalgani kabi, ayni shu elektron qurilmaning yaralishida his qilingan dunyoqarash ham maʼlum maʼnoda bizga koʻrinmasdan tarqalishini koʻp ham hisobga olavermaymiz.
Bugun taraqqiyotning maromi dunyoning barcha burchagida inson holati va sezimlarini, munosabat va qarashlarini globallashtirib boʻldi. Buni tan olmaslik ertaga yuz beradigan juda koʻp muammolarning tilini bilmaslikka olib keladi. Bashariyatda keyingi yuz yilda insonning bu olamdagi oʻrni borasidagi savollar bugun dini, irqidan qatʼi nazar, zaminning barcha burchaklarini qamrab boʻldi. Chunki aynan taraqqiyot rivoji, u duch kelayotgan toʻsiqlar, eʼtiqod, ruhoniyat, inson fitrati borasida javob izlanayotgan savollar bani basharga xos boʻlib qoldi. Aynan shu savollarga bugun dunyoning barcha burchagida adabiy-badiiy shakllarda ham javob izlanmoqda. Tadqiqotchilar tilida “postmodernistik dunyoqarash” nomini olgan bu kabi idrok yoʻsini bizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Faqat biz haligacha insonning bu ruhiy holatini tan olganimiz va eʼtibor berganimiz yoʻq.
Bugun dunyoda roʻy berayotgan voqealar va inson qoʻli bilan qilinayotgan yovuzliklar bu xil kayfiyatni yana murakkablashtirdi. Oxir-oqibat insonning muhit va voqelik oldida ojizligini, mavjudlikning xaos ekanini, javoblar oxirigacha toʻliq emasligini, borliqning hali anglanmagan qirralari koʻpligini, buni tushuntirishga inson oʻrni haqidagi bilimlar ojiz qolayotganini his qilish kuchaydi. Bugungi bashar tafakkuri inson va uning ruhoniyati haqida yangi javoblarga koʻproq ehtiyoj sezyapti, sanʼat esa shu yoʻlda oʻz izlamlarini taqdim qilmoqda.
Ana shunday holat va ruhoniyat bizning milliy voqeligimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Insonning oʻrni haqidagi universal savollar, universal javob izlashlar bugun milliy fitratimizda ham paydo boʻlmoqda. Bunda, baʼzi birovlar taʼkidlayotgandek, muammoga modernistik yoki postmodern, gʻarbcha yoki sharqcha yondashuvning aloqasi yoʻq. Agar bu hissiyot boshdan kechirilmasa, agar u yashalmasa, uni aks ettirgan xoh ilmiy, xoh falsafiy, xoh badiiy inʼikoslar ham paydo boʻlmaydi yoki milliy tafakkurga yuqmaydi.
Adabiyot insonshunoslik ekan, inson qarashlari-yu tutumlari bilan birga hamisha oʻzgarishda va oʻsishda boʻladi. Insonning ruhoniy talʼati ijtimoiy ongdan koʻra, eng avvalo, sanʼatda oʻzini koʻrsata boshlaydi. Chunki sanʼat, ato etilgan isteʼdodlar evaziga bu sezimlarni hammadan oldin his qiladi, uni anglashga va ijtimoiy muhokamaga qoʻyishga intiladi. Shu sababli ham har bir avlod insonga, olamga, arxetiplarga munosabat masalasida oʻz qarashlari va ifoda usullari bilan sanʼatga kirib keladi. Insonning qarashlari yangilanyaptimi, uning olam va falakdagi, jamiyatdagi, muhitdagi, qarashlardagi oʻrniga, umuman, jamlab aytganda, ijtimoiy ong va borliqqa nisbatan munosabati oʻzgaryaptimi, demak, uning badiiy akslanishi boʻlgan sanʼat, ajralmas va asosiy boʻgʻin boʻlgan adabiy did, munosabat va ifoda shakllari oʻzgarishi tabiiy hol.
Afsuski, yangilanishni ijtimoiy ong birdan qabul qilmasligi ham tabiiy. Shunday ekan, adabiyotdagi oʻzgarishlar hech qachon jamiyatdan yoki ijtimoiy hayotdan, borliqdan ayro, begona muhitdan koʻchirilgan, import qilingan holda paydo boʻlmaydi. Agar u milliy tafakkur bilan sintezlashmasa, oʻzining hosilasini bermaydi. Har qanday sanʼat asari, agar u chinakam sanʼat asari boʻlsa, shu muhitning, shu davrning, shu davr tiynatining aksi oʻlaroq oʻzini namoyon qiladi.
Tabiiyki, sanʼat sezgan, his qilgan, koʻrgan va oʻrtaga tashlagan koʻrimlarni anglash uchun yillar kerak boʻlishi mumkin. Shu sababli ham har bir avlod sanʼatga kirib kelganda, oʻzi mansub avlod va davr ruhiyatini taqdim qilganda unga har xil munosabatlar, xususan, salbiy munosabatlar koʻproq boʻladi, ijtimoiy ong asli oʻziniki boʻlgan bu haqiqatlarni birdan tan olishi ancha murakkab kechadi.
Birgina misol. XX asr boshida Anri Matiss, Albera Mark, Sharlya Kamuan, Robera Deborna, Anri Friyeza, Jana Pyu kabi fransuz yosh rassomlarining dastlabki koʻrgazmasiga kelganlar kartinalarni koʻrib, oʻsha davrning didi va qarashlaridan kelib chiqib, tasviriy sanʼatga nisbatan tuhmat deb baholashgan, anʼanaviy tasviriy sanʼatni buzishda, umumiy axloq va estetik talablarni mensimaslikda keskin ayblar qoʻyishgan, bu avlodga “sanʼatdan ayro yovvoyilar” degan tamgʻa ilishgan. Shu bois ular “yovvoyilar avlodi” nomi bilan sanʼat tarixiga kirgan. Qizigʻi shundaki, oʻsha paytda qabul qilinmagan qarashlar XX asrning barcha yangi oqimlariga turtki bergan va sanʼatda yangi uslublar yaratilishiga asos boʻlgan.
Bu rassomlar oʻzlari mansub avlodlardan farqli oʻlaroq, texnikalashayotgan va moddiylashayotgan insonga va uni tasvirlashga boʻlgan universal yondashuvlarda ichki sezimlarini aks ettirib, individual munosabatlarini namoyon qilishgan. Keyinchalik esa, oradan yillar oʻtib, bu avlod oʻsha paytdayoq inson ruhoniyatidagi oʻzgarishlarni oʻta sezgirlik bilan ilgʻagani va uni namoyon etgani dunyo miqyosida tan olingan. Buni XX asrning zabardast musavviri Anri Matiss ijodiga munosabatdan ham bilsa boʻladi.
Aftidan, “Akademnashr” chop etgan “Izlam” turkumidagi toʻplamlar atrofida ham shunday munosabat paydo boʻlganga oʻxshayapti. Bu yoshlarning yuqoridagi fikrlarga uygʻun baʼzi satrlarini keltiraman.
“Eʼtiqod haqida toʻqimang ertak,
Bugun bu matallar kimga ham kerak?”
(Xurshid Abdurashid)
“...Borliqni yangidan nomlamoq uchun,
Ikkala koʻzini oʻyganlar bilar”.
“Xallojsifat talvasa yoʻlla,
Mening dorga ehtiyojim bor!”
(Jontemir)
“Na oldda koʻrinar togʻlar choʻqqisi,
Na ortda suyaydi bobomning yodi,
Hali oʻlmay turib qiynar doʻzaxday,
Muallaq qolmoqning alamli toti”.
(Feruza Xayrullayeva)
“Na boshim, na oxirim ayon,
Yashayapman, toʻrt taraf soʻroq”.
(Muhammad Siddiq)
“Bir anduh izlarman Arsh taraflardan”
(Mirzohid Muzaffar)
Bu kabi iqtiboslarni turkumdagi barcha yoshlardan keltirish mumkin. Koʻrib turganimizday, bu avlod “borliqni yangidan nomlash” istagida. Bu nomlash qay darajada oʻzini oqlashini hali vaqt koʻrsatadi. Mabodo sheʼr davrning hissiy bayoni, ong osti kechinmalarning namoyoni, individning ruhiy jazbasi ekan, keltirilgan satrlardan ayonki, bu yoshlar ijodida dunyo sanʼatini ogʻritayotgan bosh mavzular qamrab olinyapti. Individning Mavjudlik qarshisidagi oʻy-kechinmalari, holati, oʻrni koʻproq bezovta qilyapti, ayni shu jihati bilan yoshlar ham shaklan, ham mazmunan dunyo adabiyotining ilgʻor anʼanalari bilan uygʻunlashyapti. Bu nafaqat adabiyotning, balki falsafaning, sotsiologiyaning milliy tafakkurimizda sintezlashayotganini koʻrsatadi.
Avvalo, “Izlam” turkumi oʻz nomi bilan aytib turibdi, bu – izlanish, oʻzini izlash yoʻlidagi intilish. Soʻnggi manzil, xulosa, qatʼiy toʻxtam emas. Izlanish yoʻlida har xil saktaliklar, ogʻishishlar, ergashishlar, hali oʻzi ham oxirigacha anglab yetmagan sarhadlar haqida shoshib xulosa aytishlar yoki faqat shunday, men haqman, degan hayajonli iddaolar, sarkashliklar boʻlishi tabiiy. Sarkashlik – yoshlikka xos xususiyat. Bu nafaqat kimyoviy jarayon, balki tabiat qonuni ham.
Muhokamalarga sabab shuki, bu turkumda yoshlar oʻzlarining bizga erish tuyuladigan, baʼzan eʼtiroz uygʻotadigan qarashlarini, koʻrimlarini taqdim qilishgan. Shunday ekan, avvalo, turkumlikdagi har bir muallifning oʻziga xosligini alohida tahlil qilmasdan, ularni bir qolipga solib fikr bildirish unchalik toʻgʻri emas. Sababi shundaki, agar sinchiklab tahlil qilinsa, bu mualliflar bir avlod sifatida taqdim qilingan boʻlsa-da, ijodida, ifoda usullarida, tanlagan shakllarida bir-birini inkor etadigan darajada turli konseptual maqsadlar yotganini koʻrish mumkin.
“Izlam” turkumiga jamlangan yoshlarning koʻrimlari elementlar kimyoviy reaksiyaga kirishgan pallani eslatadi. Reaksiya jarayonidagi rang, tus, moddalar oʻzgarishiga qarab xulosa chiqarishga erta. Hali toki maʼlum bir element qiyofasini olguncha, biz koʻk deganimiz oq, qora deganimiz qizil, oq deganimiz qora rangga aylanib qolishi mumkin.
Yoshlar taqdim qilgan namunalar hamalda birdan potirlab chiqqan turfa nihollarni eslatadi. Hali oldinda qancha jalalarga, sellarga, izgʻirinlarga, erta bahorning ming bir toʻpolonlari, boʻronlariga dosh berishi kerak boʻladi. Faqat tomirlari zaminga mustahkam ildiz otganlari, oʻzi oʻsib chiqqan tuproq bilan til topisha olganlari kuzgacha yetib boradi. Biz har birining mevali daraxtga aylanishini istasa-da, baribir koʻp narsa, xususan, ularning gullab-yashnashi, avvalo, niholning irodasiga, keyin uni urugʻlantirgan quvvatga, u ungan zaminda qay darajada ehtiyoj va mineral borligiga bogʻliq boʻlib qolaveradi.
Yoshlar mavjudliklarini namoyish qilish uchun endi bosh koʻtargan pallada burnimizga biz koʻnikmagan va bizga hatto nojoiz tuyulgan hid taratayotgani uchun “Puf, sassiq ekansan!” deb xulosa qilishga haqqimiz yoʻq. Tabiat shunday qudratli kuchki, endi boʻy koʻrsatgan chogʻda yoqimli koʻkat isi taratgan alaf oʻsib ulgʻayganda chidab boʻlmas badboʻylik tarqatadi yoki baʼzi gullar borki, oʻsib chiqqanda irkit, xunuk, badboʻy boʻladi, ammo yetilganda uning ham chiroyi, ham boʻyi naq moʻjizaning oʻziga aylanadi. “Izlam” adabiyotimiz uchun taxminan mana shunday hodisa.
Turkumdagi har bir namuna mukammal, har bir sheʼr badiiy jihatdan yetuk, degan fikrdan yiroqman. Shaxsan menga baʼzi toʻplamlardagi ayrim sheʼrlar yoqqani yoʻq, hatto oʻta shaxsiy, badiiy universallashmagan, assotsiativlikdan uzoq, psixoanalitikada “faol tasavvurlar” deb ataladigan patoligik komplekslar boʻlib tuyuldi. Turkumdagi baʼzi mashqlar, xususiy va takrorligi bilinib qolgan, badiiy estetika talablaridan chiqib ketgan, badiiy ogʻriq sifatida hali pishib yetilmay, toʻplamni semirtirish uchun kiritilgan namunalardan voz kechish kerak edi, degan qarashdaman. Lekin oʻzimning didim va xohishimga boʻysunib, xulosa qilgim kelmadi. Mabodo bu shakl va usulni yoshlar qabul qilishayotgan ekan, demak, ularda dunyoqarash, did, Soʻz, estetikaga munosabat bizga nisbatan oʻzgaryapti.
Bir narsani tan olish kerak. Bu yoshlar allaqachon Soʻzning taʼmini bilishadi, ijodning eskirgan tasavvurlar va koʻnikmalarga isyon ekanini anglashadi. Aynan shuning uchun ham “Izlam”da norozilik, tushkunlik, qoniqmaslik, oʻzlaricha savol qoʻyib, oʻzlari javob izlash ruhi koʻproqqa oʻxshaydi.
Turli ifoda usullarini tanlagan yosh ijodkorlarni bitta umumiy xususiyat birlashtirib turadi. Bu ham boʻlsa, ular oʻzlari haqida ham, mayllari haqida, ehtiros-u qarashlari haqida ham, voqelik haqida ham Yolgʻon gapirishni, ommaviy koʻnikmalarga, ommaviy siyqaliklarga, mavjud qarashlarga boʻysunishni istamayotgani. Boshqacha aytganda, turkumning deyarli barcha namunasida voqelikka munosabat ehtirosli, baʼzan asosli, baʼzan zaif tarzda oʻzini namoyon qilib turibdi.
Mualliflarni voqelikdagi bunchalik tashvishga solgan, hayajonga keltirgan, ogʻrintirgan dard, ogʻriq nima? Agar biz ana shu savolga javob topolsak, bu turkumning, umuman, avlod boʻlishga daʼvo qilayotgan bu yoshlarning iddaolarini tushunamiz.
Karl Yung bugungi madaniylashgan, bashariyat taraqqiyotining va tafakkurining yuqori choʻqqisida turgan pallada ham Shaxs psixologiyasi olomon psixologiyasiga qulligicha qolmoqda, degandi. Taassufki, “Izlam” turkumi atrofidagi munosabatlarda koʻproq shu holatni koʻryapman.
Har bir adabiyotda avlod boʻlishni istayotgan avlod, oldingilari ham, bundan keyin ham mana shu vaziyatga duch kelishi tabiiy.
Choʻlponning hatto “Navoiy ham eski” degan noroziligini eslang. Yosh shoirning eʼtirozi bilan mumtoz mutafakkirning qadri tushib qolgani yoʻq. Ammo Choʻlpon “hammasi eski” degan daʼvosidan eski qoliplarni buzishga, yangi adabiyot yaratishga ijodiy quvvat oldi. Avlodlarning bizga odobsiz va nigilizm boʻlib koʻrinayotgan daʼvolari tagida aslida inkordan koʻra oʻz yoʻlini kashf qilishga harakatlari, ijodiy oʻziga xoslikka intilishga boʻlgan ahvol ruhiyasi yotadi. “Izlam” turkumi ortida turgan yoshlarda ham shunga oʻxshagan iddao borligini tabiiy qabul qilish kerak.
Taqdim qilingan namunalardan koʻrinib turibdi, bu yoshlar ommaviy illyuziyalardan voz kechib, oʻzlarini Shaxs va Individ sifatida koʻrishni, oʻzlarini olomon tasavvurlari bosimidan xalos qilishni, oʻrniga garchi hali tugal xulosaga shakliga kelmagan, hali zaif boʻlsa-da, narsa va voqelik haqida oʻz qarashlarini bayon etishni istayaptilar.
Shu sababli muhit haqida ham, munosabatlar haqida ham, oʻzlarining fitratlari haqida ham yolgʻon gapirishni ep koʻrishmagan. Qanday oʻylashsa, boʻyab-bejab, “pardalab” oʻtirmasdan, shunday holicha taqdim qilishgan. Bu esa bizga “odobsiz”lik boʻlib tuyulyapti. Umuman olganda, agar odob mutelik va qullikni, koʻr-koʻrona itoatni, oqni qora deyishga toqat qilishni bildirsa, millat tafakkuri maromiga cheklov qoʻysa, unda bu “odobsizlik”ka boʻlgan norozilikni tushunsa boʻladi. Xuddi shuningdek, hayo masalasida ham. Hayosi yoʻq odam nafsga berilgan, manfaatni birinchi oʻringa qoʻyadigan, xudbin, bezbet, zolim, yovuz, birovning haqini yeyishdan tap tortmaydigan, ojizni ezadigan, insoniylikni tan olmaydigan kishi boʻladi. Shunday ekan, hayoni faqat tashqi koʻrinishga bogʻlab tushunish toʻgʻrimikin?
Bu savollarni men berayotganim yoʻq. Bu yoshlarning sheʼrlarini oʻqiganda paydo boʻlgan, ular baʼzan ochiq, baʼzan sarkashlik, baʼzan iddao bilan qoʻygan savollar. Ularning qoʻygan savollarida jon bormi? Agar jon boʻlsa, biz birdan inkor qilishdan oldin bu savollarga ham javob topib koʻraylik.
Adabiyotda odob va hayo masalasi estetikaning muhim talablaridan biri. Men shunday oʻylayman. Yoshlardan ham estetikaning bu muhim talablariga, avlodlar ming yillardan beri tajribasidan oʻtkazgan xulosalarga hurmat bilan qarashni soʻrayman. Gap shundaki, agar siz bugun tizzaning yalangʻochligini tasvirlasangiz, buni ijtimoiy koʻnikmaga aylantirsangiz, ertaga keladigan avlod albatta boldir, keyin yuqoriroq aʼzolarning yalangʻochligini ham koʻnikmaga aylantirishadi. Bu masʼuliyat hamisha esda turish kerak.
Nima boʻlganda ham, “Izlam” turkumi bizni koʻpdan beri toʻnib qolgan masalalar haqida fikrlashga undayapti.
Psixologiya fanining taʼkidlashicha, ijtimoiy ong, xususan, muhitni oʻziga tobe qilib olgan, yoʻrigʻiga solayotgan ommaviy ongsizlik Yolgʻon va yolgʻonning ziynatlangan koʻrinishi boʻlgan illyuziya bilan birga yashashga majbur. Yolgʻon eng avval ommani oʻziga rom qiladi, uni oʻz changali va manipulyatsiyasida ushlab turishga urinadi. Yoki aksi. Ommaviylashish, Gasset aytganidek, voqelikni siyqalashtiradi, Yolgʻonga taxt tayyorlaydi, Yolgʻonni koʻnikmaga aylantiradi. Yoshlarda ana shu koʻnikmaga qarshi norozilik yaqqol koʻzga tashlanadi.
Agar turkumdagi asarlar qahramonlari koʻzi bilan qarolsak, yurt, ozodlik, shaxs, insonparvarlik, milliylik, eʼtiqod va hatto inson haqidagi qarashlarimiz zaminida qancha yolgʻon borligini tan ololsak, unda bu yoshlar oʻrtaga tashlagan, bizga beodoblik va hayosizlik boʻlib tuyulayotgan koʻplab munosabatlarimizga oydinlik kiradi.
Oddiygina “Vatan” deb koʻkragiga urishlar ostida qancha yolgʻon bor? Vatanga muhabbat bu baqirib, shou qilib aytiladigan tuygʻu emas. Muqaddas tuygʻular qancha shovqin qilinsa, shuncha yalangʻochlashadi, yaʼni yolgʻonlashadi. Ozodlik deb hayqirganlarning oʻzi ozodlik haqida tasavvurga egami? Uning nimaligini biladimi? Rostdan ham, daʼvo qilayotganday, oʻzini shunga bagʻishlay olganmi? Yoki koʻzimizga odobli, hatto eʼtiqodli boʻlib koʻringan, oʻziga bu borada rosa zeb berganlarning amali va tiynati qanday?
Vatanparvarlik, eʼtiqod va hatto odob tushunchalari xunuk va betamiz vujudimizni yopib turish uchun shunchaki kiyimga aylanib qolmaganmi?
Biz faqat koʻrinishda, oʻzimizni tutishda, tashqarimizda emas, ruhoniy jihatdan shu yuksak tushunchalarga mos yashayapmizmi? Ichki aʼmolimiz shunga mosmi? Agar mos yashayotganlar boʻlsa, otasiga rahmat. Ularga qulluq. Va shubhalarimiz uchun ulardan uzr soʻraymiz. Ammo qarshimizda mutlaqo boshqa bir manzara, boshqa bir voqelik turibdi, demoqda yoshlar.
Shaxsan men yoshlar oʻz asarlarida qoʻygan bu savolga qoniqish bilan “Ha” deya olmayman. Bunday koʻrinish bizning personamizga aylanib ulgurdi. Bu persona ichimizdagi “Men”ni oʻziga allaqachon qul qilib olgan. Bunday yashash ommaviy koʻnikmaga aylanmoqda. Shaxs yemirilishi butun boshli avlodga xos xususiyat boʻlib boryapti.
“Izlam”chilar bizning ichimizdagi ana shu Yolgʻonni va unga boʻlgan ommaviy munosabatimizni turli shakllar-u ifodalarda, tashbeh-u koʻrinishlarda ifodalashga urinishgan.
“Izlam” turkumi bizga qanchalik erish, hatto odobsiz tuyulmasin, bugungi yoshlarning, nafaqat yoshlarning, balki hammamizning tiynatimizga boqishga undayapti. Bizni Rost fitratimiz bilan yuzlashtirishni istayapti. Zotan, bu xususiyat deyarli barcha sheʼrlarga va deyarli barcha mualliflarga tegishli.
“Izlam” turkumi olomonchilik tasavvuri bosimidan oʻzlarining shaxs va individ tasavvurlarini xalos qilishni istayotgan bir avlod adabiyotimiz ostonasida turganini namoyish qildi. Shu sababli bu turkum va bu mualliflar haqida qolipdagi tasavvurlar, qolipdagi oʻlchamlar bilan emas, har birini bugungi avlodning ruhiy-maʼnaviy qiyofalarini aks ettirayotgan, oʻzlarini olomonchilik arxetiplaridan qutqarishni istayotgan sotsial individlar sifatida oʻrganish va fikr aytish, ijod namunalarini ham ana shu rakursda tahlil qilish maʼqulga oʻxshaydi.
Nazar ESHONQUL
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q