Mirzo Ulug‘bekning ikki nodir surati


Saqlash
15:24 / 15.11.2022 1969 0

Sharq miniatyura san’ati tarixiy shaxslarning tashqi ko‘rinishini aniqlashda qimmatli ilmiy manba bo‘la oladi. Jumladan, buyuk temuriyzoda Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bekning (1394–1449) haqiqiy siymosini tasavvur qilishda o‘rta asrlarda yaratilgan miniatyuralar muhim o‘rin tutadi.

 

O‘rta asrlarda G‘arb va Sharq musavvirlari Mirzo Ulug‘bek siymosiga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, hozircha uning tiriklik vaqtida chizilgan suratlardan faqat ikkitasi aniqlangan. Ulardan biri Abdurrahmon as-Sufiyning ma’rifatparvar hukmdor ko‘rsatmasi bilan 1437-yilda ko‘chirilgan “Kitabi kavakib as-sabita” (“Qo‘zg‘almas yulduzlar kitobi”) qo‘lyozmasidagi tasvirdir. Ushbu asar somoniylar hukmdorligi davrida, aleksandriyalik olim Ptolemeyning “Almagest” asariga sharh sifatida bitilgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek ilmiy faoliyati davomida “Kitabi kavakib as-sabita”ga ko‘p bor murojaat qilgan, ushbu asar “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” jadvali uchun ham asos bo‘lib xizmat qilgan. Samarqandda ikki marta ko‘chirtirilgan qo‘lyozmada yulduz turkumlari insonlar va jonzotlarning tasviri yordamida aks ettirilgan. Qo‘lyozmadan jami 78 ta miniatyura o‘rin olgan (Moritz Steinschneider, “Uber die Mondstationen (Naxatra), und das Buch Arcandam”, Zeitschrift der Deutschen Morgenländischen Gesellschaft, 18 (1864), 118-201).

 

Sefey (Qayqovus) yulduz turkumi uchun chizilgan surat Mirzo Ulug‘bekning yuz tuzilishiga o‘xshab ketadi. Ma’lumki, saroy miniatyuralarida shohlik rutbasi sohibi yuz chizgilaridan qudratli qahramonni aks ettirishda keng foydalanilgan. Bu qo‘lyozmada ham musavvir Mirzo Ulug‘bek siymosini gavdalantirgan bo‘lishi mumkin. Sahifada hukmdor samo gumbazida, soyabonli oq kuloh kiygan, oyoqyalang holatda tasvirlangan.

 

 

Zamonaviy tekshiruvlarga ko‘ra, sefey yulduz turkumi 148 ta yulduzni o‘z ichiga oladi (ЗигельФ. Сокровища звёздного неба: Путеводитель по созвездиям и Луне. Москва, “Наука”, 1980). Biroq qo‘lyozmada podshoh tasvirining turli qismlarida belgilangan 13 ta yulduzni ko‘rishimiz mumkin. Demak, o‘sha davrda bu turkumdagi yulduzlarning faqat 13 tasi aniqlangan.

 

Mirzo Ulug‘bek hayotligida tasvirlangan yana bir surat Vashingtondagi Frir san’at galereyasida saqlanmoqda. Muallifi noma’lum surat tepasiga arab tilida “Buyuk sulton Ulug‘bek Ko‘ragon, Olloh uning saltanatini abadiy qilsin!” deb yozilgan. Mana shu jumlaning o‘ziyoq surat hukmdorning tiriklik paytiga oid deb xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Suratda sulton tabiat qo‘ynida – oq rangli bosh kiyim, moviy chakmon va yashil yaktakda, soyabon ostida, ko‘rpachada o‘tirgan holatda tasvirlangan. Miniatyurada ortiqcha hasham ko‘zga tashlanmaydi. Orqaroqda turgan kamon va sadoq hukmdorning yaqinda ovdan qaytganini ko‘rsatadi. O‘ng tomonda yerda o‘tirgan mulozimlar va tik turgan xizmatkorlar ko‘zga tashlanadi. Ikki mulozim lochin ushlab olgan. Ulardan quyiroqda, gilam va ko‘rpachalarda besh ayol tasvirlangan. Ulardan ikkisi malikalarga xos qizil libos kiygan. Teparoqda qora kiyimli beka yonida o‘tirgan ikki ayolga tanbeh bermoqda. Ayollarning shoh oila a’zolari, mulozimlar hamda xizmatkorlar davrasida ochiq yuz bilan o‘tirishi temuriylar davrida bu masalaga nisbatan erkin qaralganidan dalolat beradi.

 

 

Chap burchakda qora tanli ikki g‘ulom qo‘riqchilik qilmoqda. Sal beriroqda esa Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘illari Abdullatif va Abdulaziz bir-birini og‘alarcha quchib turibdi. Ularni 16 –19 yoshlarda deb taxmin qilish mumkin (Abduxoliqov F., Rtveladze E. Sharq miniatyurasi. Tarixiy shaxslar. Toshkent. “Zamon press info”, 2022. 132-bet).

 

O‘ng burchakda Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonidan 24 misra keltirilgan. Demak, bu sahifa Nizomiy “Xamsa”sidan olingan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘lyozma 1441-1442-yillarda Samarqandda ko‘chirilgan. Bu – Ulug‘bek oilasining eng baxtli damlari bo‘lsa ajab emas. Ko‘p o‘tmay ota va farzandlar o‘rtasida boshlangan nizo 1449-yilning oktabr oyida buyuk hukmdor Mirzo Ulug‘bek va uning kenja o‘g‘li Abdulazizning qatli bilan yakunlangan. Taxtni egallagan Abdullatif ham olti oy o‘tmay o‘ldirilgan.

 

Har ikki suratga xos bo‘lgan umumiy xususiyat bosh kiyimda ko‘zga tashlanadi. Hukmdorning oppoq bosh kiyimi soyabonli kulohni esga soladi. Kulohga shohlarga xos to‘g‘a (yoki ukpar) tikilgan. Har ikki miniatyurada ham hukmdor yengsiz moviy chakmonda. Tasvirlardagi yuz chizgilari ham bir-biriga o‘xshash. Ushbu tasvirlardan Mirzo Ulug‘bek cho‘zinchoq yuzli, qisiq ko‘zli, soqoli siyrak, qizg‘ish tusli, oq yuzli inson bo‘lganini bilish mumkin.

 

Firdavs ABDUXOLIQOV,

mustaqil tadqiqotchi

 

Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.

“Mirzo Ulug‘bekning nodir surati” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//