Ilk sammit kelgusi taraqqiyotga tamal toshi boʻladi


Saqlash
15:11 / 10.11.2022 643 0

Joriy yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti xalqaro nufuzli tashkilotning yangi rivojlanish davrining debochasi boʻladi.

Ushbu sammitning ahamiyatlilik darajasini anglash uchun tashkilot tarixiga nazar solish zarur. 1992-yili Turkiy tilli mamlakatlar sammiti chaqirilib, bu Turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasidagi integratsiya uchun birinchi qadam edi. 1992-yildan 2009-yilgacha toʻqqizta sammit oʻtkazilgan boʻlib, soʻnggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish toʻgʻrisida Naxichevan bitimi imzolandi. 2021-yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb oʻzgartirildi. Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan bu yilgi sammit TDTning birinchi sammiti boʻlgani bois, ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan koʻra yuqoriroqdir. Alohida eʼtirof etish oʻrinliki, 2021-yildagi Istanbul sammitida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifini Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bildirgan.

 

Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni

Oʻzbekistoning tashkilotga aʼzo boʻlish tarixiga keladigan boʻlsak, 2018-yil 3-sentyabrda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Choʻlpon-Ota shahrida oʻtkazilgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtiroki bu boradagi tarixiy qadam boʻldi. Oʻzbekiston ushbu tashkilotga 2019-yilning oktyabr oyida aʼzo boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda oʻzaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga toʻla javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va taʼlim kabi sohalarda oʻzaro hamkorlik faol rivojlanmoqda” deb alohida taʼkidlagan. Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlishi tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini izchil roʻyobga chiqarish, moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirish maqsadida savdo-sotiq va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga, bojxona va tranzit tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi. Shu jihati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida ushbu tashkilot sammitlariga amalga oshiriladigan ishlar muhim hisoblanadi.

 

Tashkilot faoliyati yangi bosqichga koʻtarilmoqda

Bugun TDT beshta mamlakatni — Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Oʻzbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat — Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 160 millionga yaqin aholi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan koʻprogʻini tashkil qiladi. Ushbu mamlakatlar hissasiga sotib olish qobiliyati pariteti bilan hisoblangan dunyo YAIMning 3 foizdan ortigʻi toʻgʻri keladi. Turkiy davlatlar tashkiloti qoshida 6 ta tuzilma — Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday tashkiliy tuzilma TDT oldiga qoʻyilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan.

 

Umuman olganda, Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining asosiy mavzusi yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan savdo, investitsiya, yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiya, taʼlim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini qamrab oladi.

Jahongir DAVLETOV,

Qarshi davlat universiteti

mustaqil tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 25
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 9
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 666
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15370
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi