“Yosh buxoroliklar” fojiasiga nimalar sabab bo‘lgan, guruh a’zolari kimlar edi?


Saqlash
12:44 / 10.11.2022 2016 0

O‘tgan asrning boshlarida Turkiston mintaqasida keng yoyilgan jadid taraqqiyparvarlik harakati tariximizning kam o‘rganilgan sahifalaridan biri. Shuni inobatga olib, “Yosh buxoroliklar” qismati” mavzusida turkum maqolalar tayyorlab, e’lon qilib borishni niyat qildik. Unda asosan shu kungacha faoliyati kam o‘rganilgan “Yosh buxoroliklar” harakati vakillarining hayot yo‘li, faoliyati, ilmiy-ijodiy merosi va qatag‘on etilishi bilan bog‘liq materiallarga e’tibor qaratiladi.

 

Muhiddin Hakimov

Muhiddin Hakimov 1885-yili Eski Buxoroning Abduvakil guzarida tug‘ilgan. Muhiddinning otasi Kerki viloyati qozisi bo‘lib, amirlikdagi nufuzli insonlardan biri edi. 1908-1909-yillar – talabalik yillarida jadidchilik harakatiga qo‘shilgan Muhiddin Hakimov keyinchalik “Yosh buxoroliklar” partiyasining yirik arboblaridan biriga aylandi. Ayni paytda Buxoro madrasalarida mudarrislik qildi. Ravkat taxallusi bilan she’rlar yozib, xalqni ma’rifatga chorladi. Muhiddin Hakimov Ravkat 1917-yil bahorida Kogonda Fitrat va Fayzulla Xo‘jayevlar tavsiyasi bilan “Sho‘royi Islom” jamiyatiga a’zo bo‘ldi. 19171920-yillar amirning ta’qibi ostida Buxoro amirligini tark etgan “Yosh buxoroliklar” orasida shoir Ravkat ham bor edi.

 

1920-yil sentabrida amir saltanati ag‘darildi, biroq “Yosh buxoroliklar” orzusi ushalmadi. Barcha xayollar sarobga aylandi. Ko‘hna Buxoroga ko‘kdan va yerdan olov purkagan qonxo‘r Qizil armiya Fayzulla Xo‘jayev rahbarligidagi “Yosh buxoroliklar”ga hukumatni topshirishni paysalga soldi. So‘ng va’dasiga zid tarzda turli fitna va hiylalar bilan sho‘rolar o‘z mavqelarini mustahkamlab bordi. Fayzulla Xo‘jayev avvaliga o‘z safdoshlarini, so‘ng Toshkentdan Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon kabi ko‘plab hamfikrlarini Buxoroga taklif etdi. Biroq qizil mal’unlarga qarshi qo‘yishga qurolli kuch ham, iqtisodiyotni izga solishga yetarli mutaxassislar ham topilmadi. Vaziyat vaqt o‘tgan sari “Yosh buxoroliklar” zarariga ketar edi.

 

Muhiddin Hakimov Ravkat dastlab Buxoro Xalq Jumhuriyati Oliy sudi a’zosi bo‘ldi. 1921-yil Fayzulla Xo‘jayev tavsiyasi bilan besh-olti oy davomida BuxChK ga rahbarlik qildi. 1922-yil Anvar poshsho kelganida BXR ChK raisi Ravkat istiqlol kurashchilarini sovetlarga qarshi qo‘yib, Vatanni qizil armiyadan tozalashni niyat qildi. Uning ukasi Nosir Hakimov BXR Moliya noziri etib tayinlandi. “Yosh buxoroliklar” hukumati imkon qadar BXR mustaqilligini saqlab qolishga intildi. Xoh istiqlolchilar ko‘rinishida yashil bayroq ostida, xoh qizil bayroq ostida bo‘lsin, qizil armiyaning zulmiga chek qo‘yishga harakat qildi.

 

Ravkat Muinjon Aminov bilan 23 ta vintovka olib Xargushga, Jabbor xo‘jayinga yuboradi. Biroq sho‘rolar o‘z mavqe’ini mustahkamlash yo‘lida hech qanday tubanlikdan qaytmadi. Jumladan, Markazga bo‘ysungan maxsus bo‘lim Kogonda Umar Muhammadiyevni qamoqqa oladi. Go‘yoki, uning guvohliklari “aksilinqilobiy guruh” aniqlanganligi haqidagi fitna asosida Buxoroda mislsiz qirg‘inlarni amalga oshiradi. Shu jarayonda BXR hukumatining yuqori amaldori Usmon Xo‘jayev, Moliya noziri Nosir Hakimov kabi ko‘plab insonlar Afg‘oniston orqali Turkiyaga qochib, jonini asrab qoladilar.

 

Fayzulla Xo‘jayev Muhiddin Hakimov Ravkatni g‘urbatlardan asrab qolish maqsadida Ozarboyjonning Boku shahriga BXRning doimiy vakili lavozimiga tayinlaydi. 1923-yil yozida BXSR hukumatidan juda ko‘p sobiq “Yosh buxoroliklar” vakillari chetlashtirildi. Muhiddin Hakimov Buxoro Vaqf bo‘limi mudiri vazifasiga o‘tkaziladi. Biroq 1924-yil sho‘rolarning milliy-hududiy chegaralanish siyosati natijasida Buxoro davlatini tugatish masalasi o‘rtaga tashlandi. Juda ko‘p taniqli insonlar qatorida Ravkat ham bu siyosatga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Ayniqsa, ChK tomonidan Buxoroda azaldan birga yashagan o‘zbek va tojik xalqlari orasiga rahna solinishiga, o‘zbeklar yovvoyi, tojiklar madaniy” kabi bo‘htonlarning urchitilishiga chidab tura olmadi. Natijada u GPU tomonidan hibsga olinib, 45 kun davomida qiynoqqa solindi. Qutilib chiqqach, 1926-1927-yillar Buxoro o‘lkashunoslik muzeyida ilmiy xodim, so‘ng markaziy kutubxonada konsultant vazifalarida ish olib bordi. Bir nechta kitoblar bitdi. Biroq sho‘ro ta’qiblari kundan kun orta borgach, Afg‘oniston amiri Omonulloxonga ariza yozib, fuqarolik berishini, u yerda adabiyot bilan shug‘ullanish niyatida ekanini bildirdi.

 

1928-yil Moskvadan Samarqandga kelgan Omonulloxon bilan uchrashishga harakat qiladi, ammo imkon berilmaydi.

 

1932-yil Muhiddin Hakimov Ravkat otasi bilan birgalikda yana qamoqqa olinadi. Keksa otasi qiynoqlar ostida halok bo‘ladi. Muhiddin 3540 kunlik muttasil qiynoqlardan so‘ng bor oltinlarini davlatga topshirib, ozodlikka chiqadi. Biroq sog‘lig‘idagi muammolar tufayli boshqa biror mas’uliyatli joyda ishlamaydi.

 

1937-yil 10-iyul sanasida Muhiddin Hakimov qozining o‘g‘li, troskiychi, Germaniya va Yaponiyani maqtagan kabi ayblovlar asosida qamoqqa olinadi. Turmush o‘rtog‘i Saida aya (42 yosh), o‘g‘li Zuhriddin (26 yosh) hamda Visoliddin (16 yosh)lar ortida qoladi. Muhiddin Hakimov avgust-sentabr oylaridagi qiynoqli so‘roqlar davomida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasini tan olmaydi. Ammo 1937-yil 26-oktabr kuni sabri bitib, “Milliy ittihod” a’zosi ekanligini “tan oladi” va 1937-yil 5-noyabr kuni mash’um “uchlik” tomonidan, tuhmatchilarning ko‘rsatmalarini asos qilib, 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi.

 

1941-yil 14-yanvar kuni Saida Hakimova Buxoro viloyat IIXK idorasiga ariza yo‘llab, tirik qolgan yagona o‘g‘lining askarlikka olingani va o‘zining butunlay yolg‘iz qolganini yozadi. 1937-yil qamoqqa olinib, tuhmat bilan 10 yilga Sharqiy Sibirga konslagerga hukm etilgan va o‘sha vaqtda Buryat-Mongol ASSR, Ulan Ude shahrida nogironlar koloniyasida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Muhiddin Hakimov Ravkatni qaytarishlarini so‘raydi. Saida Hakimova “Yosh buxoroliklar” a’zosi, mudarris, shoir Ravkatni xalq dushmani emas, aksincha, butun umrini xalq xizmatiga baxshida etgan, 19201934-yillar BXSR hukumatida ham mas’ul lavozimlarda ishlagan, 1934-yil 60 yoshida davlat muzeyidan faxriy pensiyaga chiqqan insonligini ta’kidlaydi. Mazkur ariza ortidan 1941-yil 4-fevral kuni Ravkatning ishi qayta ko‘rildi. Biroq bo‘htonchilarning avvalgi ko‘rsatmalariga asoslanib ish e’tiborsiz qoldirildi. Muhiddin Hakimov Ravkat lagerdagi og‘ir mehnat va qiynoqlar oqibatida 1942-yil halok bo‘ladi...

 

Ismoil Sadriy

Ismoil Sadriy 1895-yil Eski Buxoro shahrida, Xodja Bulg‘or guzarida yirik ulamo va mudarris xonadonida dunyoga kelgan. Ismoil avval jadid maktabida o‘qidi. 1910-yil, otasining vafotidan so‘ng “Yosh buxoroliklar”ning “Trabiyai atfol” jamiyati ko‘magi asosida Turkiyaga borib tahsilni davom ettirdi. Buxoroga kelgach imom va mudarrislikka tayinlanadi. Ayni paytda “Yosh buxoroliklar” harakatining faollaridan bo‘lib, jadid maktablarida ham muallimlik qiladi. 1917-yil, Kolesov voqealari davrida Buxoro zaminini tark etishga majbur bo‘lgan. BXR hukumatida Maorif noziri o‘rinbosari bo‘lgan Ismoil Sadriy 1922-yil Turkiyaga yo‘llangan talabalar bilan Istambulga boradi. Sho‘rolarning milliy chegaralanish kampaniyasidan so‘ng Buxoro Xalq jumhuriyati tugatiladi. Ismoil Sadriy Buxoro shahrini tark etishni xayoliga ham keltirmaydi. Avval maktablarda o‘qituvchilik qiladi, biroq, shunga qaramay chekistlar Ismoil Sadriyga tinchlik bermaydi. Shundan so‘ng Dushanbega yo‘l olib, 1934-yilgacha u yerda istiqomat qiladi. Vatanga qaytgach Buxoro davlat muzeyida ilmiy xodim sifatida ish olib borgan.

 

1937-yil 9-iyul kuni Ismoil Sadriy ruhoniyning o‘g‘li, Hamroqulbek va Ochilovni qo‘llagan kabi ayblovlar bilan qamoqqa olinadi. Uning ortida turmush o‘rtog‘i Muqaddas Hakimova (28 yosh) va o‘g‘li Uchqun (11 yosh)lar qoladi. So‘roqda Ismoil Sadriy 1934-yil dekabrda Muhiddin Hakimov Ravkat va Shishkinlar bilan o‘tirganda “Mana Kirov o‘ldirildi, Stalinning o‘ldirilganini ham ko‘raylik” deb gaplashishgani, 1936-yil sobiq BXR Adliya noziri bo‘lgan Ziyovuddin Amin kelganida Devonbegi madrasasida o‘tirganda “Yejovga xalqni ayovsiz otgani uchun orden berildi” degani uchun hisob beradi. Qanchalik iroda bilan o‘zining aybsiz ekanligini isbotlashga harakat qilmasin 1937-yil 5-noyabr kuni Ismoil Sadriy ham mash’um “uchlik” tomonidan 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. Ismoil Sadriy 1940-yil 27-yanvarda Sharqiy Sibir o‘rmonlarida, konslagerda halok bo‘ladi...

 

Nozim Karimov

Nozim Karimov 1875-yil Eski Buxoro shahrida tug‘ilgan. Buxoro madrasalarida ilm olib, bir umr imom bo‘ldi. 1937-yil 21-iyulda O‘zSSR JKning 66-moddasi bilan aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib qamoqqa olingan Nozim Karimov 1937-yil 27-iyul kuni muttasil qiynoqlar ostida hayotdan ko‘z yumadi. Turmush o‘rtog‘i Po‘lotoy aya (50 yosh) va qizi Matlab (26 yosh)larga uning vafoti haqidagi xabar ham yetkazilmadi...

 

Habibulla Ibodillayev

Habibulla Ibodillayev 1900-yil Eski Buxoro shahrining Mulla Vafo guzarida tug‘ilgan. Buxoroda madrasani tugatib, avval imom bo‘lib ishlaydi. Buxoro Xalq Respubdikasida qozilik, mudarrislik faoliyatini olib boradi.

 

Habibulla Ibodullayev BXR tugatilib, diniy muassasalar faoliyatiga chek qo‘yilishi bilan markaziy kutubxonada ishlay boshladi. 1932-1933-yillar tilla savdosida ayblanib hibsga olinadi va 7 oy qamoqda saqlanadi. Bor oltinlarini topshiribgina tutqunlikdan qutiladi. 1937-yil 9-iyulda aksilinqilobchi deb yana qamoqqa olinadi. Bu vaqtda uning oilasi turmush o‘rtog‘i Mukarramaxon (32 yosh) va o‘g‘li Iskandar (6 yosh)dan iborat edi. Habibulla Ibodullayev uzoq davom etgan qiynoqli tergov va so‘roqlardan so‘ng 1937-yil 5-noyabr kuni mash’um “uchlik” tomonidan 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. 1938-yil 3-iyunda lager azoblari ortida halok bo‘lgan...

 

Mahmud Muhammadiyev

Mahmud Muhammadiyev 1895-yil Eski Buxoroning Mirmaqsudxo‘ja guzarida savdogar attor xonadonida tug‘ilgan. Mahmud Muhammedov 1908-yil rus-tuzem maktabini bitirib, mirzalik bilan shug‘ullanadi. 1914–1916-yillar Kogonda Nikolayev konsulligida mirza, 1916–1920-yillar Muhiddin Mansurovning mirzasi bo‘lib ishlaydi. 1920-yil amir saltanati ag‘darilishi bilan bir muddat Fayzulla Xo‘jayevning diplomatik kuryeri vazifasida faoliyat ko‘rsatadi.

 

Mahmud Muhammedov 1923–1937-yillar Fayzulla Xo‘jayevning inisi Ibod Xo‘jayev bilan hamkorlikda qator savdo idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlaydi. 1937-yilning iyul oyida qamoqqa olinib, 1937-yil 5-noyabr kuni mash’um “uchlik” tomonidan 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. 1943-yil sog‘ligi o‘ta og‘irlashgani tufayli lagerdan uyiga qaytariladi...

 

Habib Axundov

Habib Axundov 1888-yil Ozarboyjonning Naxichivan shahrida tug‘ilgan. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Habib Axundov 1922–1925-yillar Buxkinoga qarashli “Yulduz” kinoteatri oshxonasini yuritadi. 1937-yil iyulda Buxoro shahridagi 3-bolalar uyining mudiri Habib Axundov aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib qamoqqa olinadi. 1937-yil 5-noyabr kuni mash’um “uchlik” tomonidan 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi...

 

Diktator Stalin vafotidan so‘ng “iliqlik davri” boshlanadi. 1958-yil 5-may kuni uzoq vaqt davom etgan lager azoblaridan omon-eson qaytgan Habib Axundov arizasi asosida Muhiddin Hakimov rahbarligidagi 6 nafar “Yosh buxoroliklar”ning ishi ham qayta ko‘rib chiqishga topshiriladi. 1959-yil 20-iyun kuni qayta so‘roqqa chaqirilgan Hamid Qosimov va Fatxulla Karimovlar 1937-yil bergan guvohliklarini mutlaq rad etadi. Yana bir guvoh Umar Jo‘rayev: “Men 1907-yil Zominning Quduqchi qishlog‘ida tug‘ilganman. 1916-yil 8-9 yoshimda Buxoro shahriga onam bilan kelganman. Eshikma eshik xizmat qilib yurganimda Buxoro hukumati boshimni silagan. 1920–1924-yillar bolalar uyida o‘qib, yashaganman. So‘ng bilim yurtida tahsil oldim. Hozirda maktab direktoriman. Ammo qog‘ozlardagi, mening tilimdan yozilgan barcha ko‘rsatmalar yolg‘on. Birinchidan, u odamlar faoliyat olib borgan vaqtda men bola edim. Ularni tushunishim mumkin emasdi va ularning davrasini hech qachon ko‘rmaganman”, deydi.

 

1959-yil avgust oyida Po‘lotov qori Yo‘ldosh qayta so‘roqqa chaqiriladi. Qori Yo‘ldosh asli kerkilik bo‘lib, “Yosh buxoroliklar” harakatining yetuk vakillaridan, BXSR hukumatining Maorif noziri lavozimida ishlagan edi. U 1937-yil 10-yil mehnat tuzatish lageriga hukm etilib, muddat 1949-yil yana uzaytirilgan va faqat 1956-yildagina oqlanib vatanga qaytgan edi. Qori Yo‘ldosh Po‘lotov so‘roqda: “...Ismoil Sadriy juda mashhur jadid muallimi edi. Muhiddin Hakimov BXSRda vaqf mudiri edi. Yoshi mendan ancha katta bo‘lgani uchun juda yaqin bo‘lmaganman. Ammo markaziy kutubxonada konsultant bo‘lganida bilganman tengsiz bilimdon inson edi. U kishini ham tergovchilar tomonidan to‘qilgan narsalarga majburan imzo chektirib qamashgan ekan. U bilan Udeda, nogironlar lagerida birga bo‘lgan edik. Tergovchilarning so‘roq davomida qo‘llagan mislsiz qiynoqlarini aytib yig‘lagan edi. Lagerda qo‘limda o‘lgan”, deydi.

 

1959-yil 4-avgust. Guruhdan tirik yetib kelgan Mahmud Muhammadiyev tergovdagi qiynoq va nohaqliklar haqida so‘zlaydi. Qayta so‘roqlar davomida 1937-yilgi asosiy bo‘hton guvohliklar asosan bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar tomonidan yozilgani va imzolanganligi ma’lum bo‘ladi. Barcha sobiq “Yosh buxoroliklar” harakati ishtirokchilari 1959-yil 23-noyabr kuni Buxoro viloyat sudi tomonidan oqlanadi. 1961-yil 19-yanvarda Dushanbedan Uchqun Sadriyev O‘zbekiston hukumatiga otasi Ismoil Sadriyning qismati haqida so‘rab ariza yozadi. Agronomiya fanlari nomzodi Uchqun Sadriyevga otasining oqlanganligi to‘g‘risidagi xushxabar yo‘llanadi...

 

Bahrom IRZAYEV,

Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//