Shu hafta dunyoning nigohi koʻhna va navqiron Samarqand shahriga qaratiladi. 10-11-noyabr kunlari Samarqand yana bir muhim anjuman – Turkiy davlatlar tashkilotining I sammitiga mezbonlik qiladi. Sammitda Yevroosiyoning muhim strategik hududlarida joylashgan turkiy dunyo mamlakatlari rahbarlari ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Mazkur anjuman tashkilotning huquqiy maqomi va nomi oʻzgargandan keyin ilk sammit sifatida tarixga kirishi bilan ham ahamiyatli. Bugungi Samarqand barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish, mushtarak maqsadlarga erishish uchun siyosiy-diplomatik, maslahatlashuv, muloqot maydoni sifatida dunyoga namoyon boʻlmoqda.
Mazkur tashkilot tarixiga nazar tashlar ekanmiz, bugungi kunga qadar bir qator transformatsiya jarayonini oʻtkazganini koʻrishimiz mumkin. Turkiy tilli davlat rahbarlarining birinchi sammiti 1992-yil 30-oktyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Turgut Oʻzal tashabbusi bilan Anqara shahrida boʻlib oʻtgan. Ozarboyjonning Naxichevan shahrida 2009-yil 3-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlat rahbarlarining IX sammitida Naxichevan bitimi imzolanishi natijasida mazkur tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sifatida faoliyat koʻrsata boshladi va birinchi sammit 2011-yil 21-oktyabr kuni Qozogʻistonning Olmaota shahrida tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14-sentyabrda “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun imzoladi. Oʻtgan yili 12-noyabr kuni Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII sammitda ushbu tuzilmani Turkiy davlatlar tashkiloti sifatida oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu sammitda Turkiy Kengash nomi “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb oʻzgartirilishi qardosh davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Taʼkidlash lozimki, Tashkilotning istiqboli, kelajagi porloqligi haqida koʻplab mahalliy va xalqaro ekspert-tahlilchilar ijobiy fikr bildirmoqda.
Madaniy-gumanitar sohada aloqalarni mustahkamlash Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligining asosiy vazifalaridan sanaladi. Xususan, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish shular jumlasidan. Turkiy xalqlarning boy tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va targʻib qilishda OAV oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirish ham maqsad qilingan.
TDT shafeligida madaniy-gumanitar sohada qator tashkilotlar faoliyat olib borayotgani, mazkur yoʻnalishda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etish darkor. Turkiy tilli xalqlar oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash maqsadida 1993-yil 12-iyul kuni Turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TYURKSOY) tashkil etilgan boʻlib, shtab-kvartirasi Anqara shahrida joylashgan. 2010-yil 25-mayda turkiy dunyoni tadqiq etish maqsadida ixtisoslashgan markaz sifatida Ostona shahrida Xalqaro turk akademiyasi ochildi. 2012-yil 23-avgustda turkiy xalqlar tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish, targʻib etish, qayta tiklashga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlovchi Turk madaniyati va merosi jamgʻarmasi tuzilgan (shtab-kvartirasi Boku shahrida).
Mamlakatimiz TDTga aʼzo boʻlgach, oʻtgan qisqa muddatda davlatimiz rahbari oʻttizdan ortiq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, transport, turizm, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar, iqlim oʻzgarishi va ekologiya sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasida muhim tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Ularning aksariyati bugungi kunda amaliy ifodasini topganini taʼkidlash lozim.
Oʻzbekiston sherik davlatlar miqyosida turizmni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. 2021-yil iyunda Qoʻqon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻqon turkiy dunyoning ilk turizm poytaxti, deb eʼlon qilindi. Mamlakatlarimizdagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi boʻyicha tashabbusni yuqori saviyada tashkil etish, turizm sohasidagi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, Qoʻqon shahri 2022-yili “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan shaharning madaniy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini takomillashtirish hamda jozibadorligini oshirish maqsadida 2022-yil 29-iyul kuni Prezidentimiz “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mamlakatimizning xalqaro tashkilotlarda oʻzaro manfaatli ishtirok etishi masalasi qabul qilinayotgan strategiyalar va davlat dasturlarida ham ifodasini topganini taʼkidlash zarur. Shu yilning 28-yanvar kuni qabul qilingan, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 93-maqsadida “Mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish”, deb qayd etilgan.
“Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 349-bandida Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga Oʻzbekiston raisligini samarali va faol amalga oshirish vazifasi alohida belgilangan. Shuningdek, yirik tadbirlarda mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasi hamda global tashabbuslarini ilgari surish kabi faoliyatni tashkil etish alohida belgilanganini taʼkidlash oʻrinli. Bugunga qadar Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 20 dan ortiq yuqori darajadagi tadbirlarda Oʻzbekiston ishtiroki taʼminlandi.
Ishonchimiz komilki, Samarqand shahrida oʻtadigan sammit madaniy-gumanitar sohada xalqaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlari va mexanizmlarini ochib berishi bilan aloqalarni yangi bosqichga koʻtaradi. Butun turk dunyosini birlashtirish, siyosiy-iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishda muhim burilish davrini boshlab beradi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q