Abdulla Qahhorning bolalik yillari Farg‘ona vodiysining ko‘pdan-ko‘p qishloqlarida kechgan. Abduqahhor aka temirchi bo‘lgani bois oilasi bir yerda muqim yashay olmadi. U qishloqdan bu qishloqqa tirikchilik sababli yoki boshqa sabablarga ko‘ra ko‘chib yurishga majbur edilar. “O‘tmishdan ertaklar”ga quloq tutsak, shunisi eng maqbuli: “Mening bolalik yillarim Farg‘ona vodiysining Yaypan, Nursuq, Qudash, Buvayda, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on degan qishloqlarida o‘tgan. O‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida bolaligimni o‘ylaganimda chalakam-chatti tush ko‘rganday bo‘lar edim; dumli yulduz chiqqan edi; qo‘shnimiz juda sershovqin odam edi; otqorovul Babar (Bobir bo‘lsa kerak) degan yigitni miltiq bilan otganda yigit o‘lmagan edi, shunda otqorovul odamlarga yuzlanib: “Umrim bino bo‘lib, bunaqa battol o‘g‘rini ko‘rgan emasman, ustidan oshirib o‘q uzsam kiprik qoqmadi-ya!” degan edi”.
Bo‘lajak adib Abdulla Qahhor hayoti va uning dunyoqarashi, ruhiyatida bu ko‘cha-ko‘chlar, haqoratlar, azob-uqubatli kunlar o‘z izini qoldirmasdan iloji yo‘q edi. Ikkinchi tomondan esa bo‘lajak adib qora xalqning ich-ichida yurib, haqiqiy ahvolni, avom xalq hayotini yaqindan o‘rgandi, kuzatdi.
Oilaviy musofirchilik tufayli yosh Abdulla bolaligidan “ichimdagini top”, “odamovi”, “uyatchan” bo‘lib o‘sdi. “O‘tmishdan ertaklar” qissasining ikkinchi hikoyasi “Indamas” deb ataladi. Unda yozuvchi Yaypan qishlog‘ining “Qo‘shariq” mahallasida kechirgan voqealarni yodga oladi. Yosh Abdulla ko‘chada bolalar bilan “Oq terak, ko‘k terak” o‘yinini o‘ynashgani, uni ham “kerak” deb tanlashlarini, yugurib borib, safni buzishni orzu qilib, yuragi hapriqganini yozadi. Ammo bolalar uni “Kelgindi” deb haqorat qilishadi. Bu so‘z yosh Abdullaning jon-jonidan o‘tib ketadi. Mana, yozuvchi nima deb yozgan bu haqda: “Kelgindi, kelgindi it”, degan gapni Olim buvodan eshitganimda buning haqoratdan tashqari yana odam hazar qiladigan ma’nosi ham borligini bilmagan edim. Cholning bu gapi boshimdan kirib, tovonimdan chiqib ketdi”. Abdulla Qahhorning bolaligida unga va uning oila a’zolariga nisbatan bildirilgan mana shunday sovuq munosabatlar bo‘lg‘uvsi adibning kamgap, vazmin, indamas bo‘lib qolishiga sababchi emasmikan, deb o‘ylaymiz. Zero, yozuvchi qissada yana shunday yozadi: “Hovliga kirdim. Bu gapni ayamga aytmadim. Ichimga soldim. Shundan keyin ko‘chadan, bolalardan ham, odamlardan ham ko‘nglim qoldi; ayam tuqqandan keyin dardga chalinib, “uy qizi” bo‘lib qolganim ham chandon malol kelmadi”.
Abdulla Qahhorning zamondoshlari ham uning uyatchan, vazmin, kamgap insonligini ta’kidlashadi. Masalan, K.Simonov yozadi: “Qahhor uyatchan edi. U hech qachon suhbatdoshiga o‘zining zakiyligini ko‘rsatishga oshiqmas, buni asosan, adabiyot uchun, oq qog‘oz ila yolg‘iz qoladigan pallasi uchun asrar edi. Qahhor o‘zining qadrini bilardi, ayni choqda, uyatchan, vazmin va kamtarligicha qolardi”. Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, Abdulla Qahhor tabiatiga xos uyatchanlik, kamgaplik, vazminlikning asosi BOLALIKda kechirilgan mushkul shart-sharoitlar bilan bog‘liq.
Abdulla Qahhorning bolalik yillari eng qiyin zamonlarga 1917-yil voqealari, Birinchi jahon urushi, mardikor olish voqealari, ocharchilik, ishsizlik, xullas, jamiyatda u tuzumdan bu tuzumga o‘tish davriga to‘g‘ri keldi. Nafaqat Abduqahhor akaning oilasi, umuman, Turkiston aholisi jaholat va razolatga botib yotgan, og‘ir mushkul sharoitlarda kun ko‘rayotgan paytlar. Mana shunday ijtimoiy-siyosiy, maishiy hayotning ich-ichida yashab ko‘rgan bir bola Abdulla yozuvchi bo‘lib tanilganida asarlarida o‘z xalqining qiynalgan, jabrlangan, xo‘rlangan, toptalgan nomus-ori, haq-huquqsizligi haqida yozmasligi kerak edimi? Abdulla Qahhor bu ko‘rgan-kechirganlari haqida albatta yozishi, xalqining o‘tmish tarixini tiriltirib, kelajak avlodga qoldirishi kerak edi. Yozuvchi shunday qildi ham. Ammo afsuski, uning bu uslubini ba’zi kitobxonlar, hatto tuppa-tuzuk olimlar noto‘g‘ri talqin qilishga urinishmoqda. Biroq bunday noo‘rin, adolatsiz baholar o‘tkinchi.
Abdulla Qahhorning zamondoshi Oybek ham “Bolalik” qissasini yozgan. Har ikki qissani yonma-yon qo‘yib fikrlab ko‘radigan bo‘lsak, Abdulla Qahhor asaridagi shafqatsiz muhit, xo‘rlangan, haqoratlangan, ezilgan odamlar qismati bilan Oybek asaridagi xuddi shunday tasvirda fojiaviylik bilan liro-romantik uslub ajib tarzda birikib ketganini kuzatib yoqangizni ushlaysiz. Ikki asarda ikki xil uslub kuzatiladi. Oybek o‘zbek xalqining XX asr boshlaridagi murakkab turmushini, xususan, kosiblar va hunarmandlar hayotini (mahsido‘z, baqqol, chegachi, to‘quvchi, do‘ppido‘z, temirchi, bo‘zchi, tunukasoz) Abdulla Qahhor singari real tasvirlarda bersa-da, unda liro-romantik tasviriy uslub, romantik kayfiyat ustun. Sahifalar osha go‘zal peyzajlar o‘rin oladi. Kamida yarim, bir, bir yarim sahifalik tabiat manzaralarini o‘qish mumkin. Abdulla Qahhor esa peyzajga keng o‘rin bermaydi. Qisqa-qisqa peyzaj tasvirlari ham dahshatli voqea, chuqur insoniy dard, fojiaviy bir situatsiyaga ishora etadi. Masalan: “Yaqin ikki haftadan beri ko‘z ochirmayotan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, g‘uvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi”. Bu parcha “Dahshat” hikoyasining ekspozitsiyasi. Hikoya mana shunday “chiyilab”, “g‘uvillab”, “vishillab” esayotgan kuzak shamoli tasviri bilan boshlanar ekan, hikoyada bayon etilmoqchi bo‘layotgan dahshatli bir voqeaga, qismatga ishora etadi. Ya’ni, o‘n gulidan bir guli ochilmay xazon bo‘lgan Unsin qismatiga ramziy ishora beradi.
Yana bir misol. Bu “O‘tmishdan ertaklar”dan, albatta: “Qo‘qonning bo‘ri bo‘lib uliydigan va mushuk bo‘lib vag‘illaydigan kuz shamoli boshlanib ketdi”. Mazkur parcha qissaning “Xudo” deb nomlangan qismidan olindi. Adib Qo‘qon shamoliga ayricha ta’rif beradi. Nazarimizda, bunday badiiy ifoda boshqa ijodkor asarida uchramaydi.
Ikki tengqur yozuvchi ijodidagi ikki xil uslub sabablari haqida o‘ylab qoldik. Bizningcha, Oybekning bag‘ri butun. Chunki uni erkalab suyuvchi bobo-buvisi, xotirjam yashab kun kechirishi uchun hovli-joyi bor. Oybek bolaligida sho‘x-shaddod bo‘lib o‘sadi. Ammo yosh Muso qissaning boshidan oxirigacha bog‘i bor hovlida yashashni orzu qiladi. Uning oilada degani-degani. Bobo bilan buvi yoki ota-ona bolaning istaklarini qanday bo‘lmasin vojib qilishadi. Abdulla Qahhorning esa bag‘ri butun emas. Dahshatli darajada og‘ir sharoitda, kambag‘allikda kun kechirgan. Ota-onasining yakka-yu yagona farzandi bo‘lishiga qaramasdan, usti yaltirab kiyim kiymagani “O‘tmishdan ertaklar”da yozilgan. Abdulla Qahhorning mehribon bobo-buvisi ham, muqim uy-joyi ham yo‘q. “O‘tmishdan ertaklar”da buvisi tasvirlanadi, lekin biz o‘zbek momolariga xos mehr, issiq bag‘ir, bolajonlikni ko‘rmaymiz.
Abdulla Qahhor “O‘tmishdan ertaklar”da Oybek kabi cho‘ziqlikka, romantik tasvirlarga berilmaydi. Oybek kabi akademik nigoh bilan hayotni, voqealarni tahlil qilmaydi. Balki qisqalikka, voqealarni kitobxonga “xolis hikoyachi” maqomida turib ko‘rsatadi, xulosa-hukm chiqarmaydi. Qahhor qissasida har qadamda fojia, har qadamda iztirob, har qadamda kambag‘allik, qashshoqlik, johil hayot qurbonlari hayotiy lavhalarda ochiladi.
Ikki avtobiografik qissaning muhim badiiy xususiyatlari haqida Umarali Normatov shunday yozadi: “O‘tmishdan ertaklar” – muallifning bolalikda ko‘rgan-kechirganlari haqidagi avtobiografik asar. Biroq o‘zbek adabiyotidagi mavjud avtobiografik asarlardan, jumladan, zamondoshi Oybekning “Bolalik” qissasidan keskin farq qiladi. “Bolalik”da lirik talqin, hodisalarni poetik idrok etish ustun. Bola obrazi Oybek qissasida birinchi planda ko‘rinsa, uning ko‘rgan-kechirganlari, sarguzashtlari, shu kechinmalar tufayli murg‘ak qalbda tug‘ilgan rang-barang tuyg‘ular ifodasi asar asosini tashkil etsa, “O‘tmishdan ertaklar”da bola Abdulla obrazi guvohligi orqali oilada, oila tevaragida yuz bergan voqealarni – turmushning obyektiv lavhalarini chizishga qaratilgan”.
Oybek tug‘ma shoir, hassos qalb egasi edi. Hatto nasrda ham uning shoir qalbi sezilib turadi. “Bolalik” qissasining ba’zi sahifalari Mashrab, Fuzuliy g‘azallari va uning akademik Oybekka xos tahlil va talqinlari bilan boyitilgan. Bu esa bola Muso obrazidan qissaning mavzusi uzilib, aqli to‘lishgan Oybek shaxsiyatiga yaqinlashganini ko‘rsatadi. Abdulla Qahhor bosiq, tabiatan vazmin bo‘lgani bois “O‘tmishdan ertaklar”da uning donishmand nigohi bo‘y ko‘rsatadi. Tug‘ma nosirga xos xolis, shafqatsiz realistik tasvir yetakchilik qiladi. Abdulla Qahhor bilan Oybek bir xil og‘ir sharoitda yashagan bo‘lsa-da, voqealarga, kishilar taqdiriga yondashuvda ikki xil yo‘ldan ketadi. Birisida behad qayg‘u-g‘am, cheksiz iztirob hukmron bo‘lsa, birisida qayg‘u bag‘ridan romantik hissiyot o‘sib chiqib kelaveradi.
Abdulla Qahhor “O‘tmishdan ertaklar” qissasi kompozitsiyasini yaratishda o‘zigacha bo‘lgan realistik proza namoyandalari Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi yirik adiblar va mumtoz sharq adabiyoti an’analari, hamda rus-yevropa adabiyoti an’analarini davom ettirdi. Yozuvchi o‘tmish voqeligini jonlantirishda bola nigohi, bolalik motividan unumli foydalandi. Akademik Matyoqub Qo‘shjonov adib uchun adabiy maktab bo‘lgan ijodkorlar uslubini shunday ta’riflaydi: “Abdulla Qahhor fojiali voqealar tasviriga qo‘l urmoqchi bo‘lgan vaqtlarda adabiyotimiz ancha tajribaga ega edi. Alisher Navoiy poemalarida romantik bo‘yoqlar asosiy o‘rin tutsa-da, yetakchi obrazlar tasvirida fojia elementlari ustun turar edi. O‘zbek sovet adabiyotida fojianing klassik namunasini Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanida yaratib bergan edi. Otabek va Kumushning fojiaviy taqdiri o‘zbek adabiyotida realistik fojianing asosi bo‘ldi... Alisher Navoiyda fojia romantikani ulug‘lasa, Abdulla Qodiriyda romantika fojiadan kelib chiqadigan ma’noni ulug‘laydi.
Abdulla Qahhor bu har ikkala ustozdan o‘rgangan bo‘lsa ham, u tasvirlagan fojialar na uni va na buni takror qiladi. Abdulla Qahhor yaratgan fojialar faqat uning o‘z ijodiy uslubiga mos”.
Abdulla Qahhor bolaligida ko‘rgan-kechirganlari asosida nodir asarlar yaratdi. Jumladan, “Boshsiz odam”, “Tomoshabog‘”, “Anor”, “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Dahshat”, “Qabrdan tovush” kabi original hikoyalar yozdi. Ularning real, tarixiy zaminini, obrazlarning prototiplari “O‘tmishdan ertaklar” qissasida qalamga olinganini anglash mumkin. Demak, fojiaviy hayotiy lavhalar tasvirining asosi aslida yozuvchi yashagan, bolaligi kechgan makon va zamon, ijtimoiy-maishiy turmush bilan chambarchas bog‘liq. To‘g‘ri, yozuvchi badiiy shartlilik talabiga muvofiq biroz oshirib yuborgan yoki biroz kamaytirib tasvirlagan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, yozuvchi badiiylik mezonlaridan kelib chiqib, shaxsan o‘zi ko‘rgan-kuzatgan voqealar va kishilar taqdiri, muammolarini professional yozuvchilik qalami bilan tarixga muhrladi.
Marhabo QO‘ChQOROVA,
filologiya fanlari nomzodi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q