Kam taʼminlangan talabalarga stipendiya beradigan Serena, Gʻazodagi oʻquvchilarga tushlik tarqatadigan Messi va tatuirovkasi yoʻq Ronaldu. Xayriya bilan shugʻullanadigan sportchilar


Saqlash
17:11 / 08.11.2022 998 0

Bugungi kunda xayriya ishlari tez rivojlanayotgan dunyoning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Bu yoʻnalishda yirik fondlar, jamgʻarmalar faoliyat yuritadi. Shuningdek, mashhur shaxslarning oʻzlari ham alohida tartibda xayriya qilayotganiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Mashhurlik, yuqori daromad koʻzini koʻr qilmagan, aksincha, muhtojlar bilan birga boʻlishdan iymanmaydiganlar orasida sanʼat vakillari va siyosatchilar bilan bir qatorda nomdor sportchilarni ham uchratish mumkin. Quyida aynan shunday saxiy va insonparvar sportchilar haqida soʻz yuritamiz Ularning soni koʻpligi bois faqat nomdorlargagina toʻxtalishga qaror qildik.

 

Krishtianu Ronaldu

Portugaliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu har yili xayriya ishlariga katta mablagʻ ajratadi. U oʻzi tugʻilib oʻsgan Madeyra orolida saratonga qarshi kurashish markazi qurdirgan. Shuningdek, muntazam ravishda oʻz shahri rivoji uchun pul oʻtkazib turadi.

 

 

Ronaldu 2011-yilda “Yilning eng yaxshi toʻpurari”ga beriladigan maxsus mukofotini sotadi. Mukofot auksionda 1,5 million yevroga sotiladi. Bundan tushgan barcha mablagʻlar Gʻazodagi falastinlik bolalarga yordam berishga yoʻnaltiriladi.

 

 

2015-yilda u Nepaldagi zilzilada jabrlanganlarga 5 million funt xayriya qiladi. Bir yildan soʻng esa Chempionlar Ligasidagi gʻalaba uchun olgan bonuslarini (taxminan, 600 ming yevro) ham xayriya maqsadlarida sarflaydi.

 

 

Bundan tashqari, Ronaldu shaxsiy soʻrovlarga javob berishdan ham tolmaydi. Bir safar portugaliyalik ayol 10 oylik bolasini operatsiya qildirishga yetadigan mablagʻ toʻplash uchun undan butsi va formasini soʻraydi. Ayol bularni auksionda sotishni maqsad qilgandi. Futbolchi oʻz navbatida ham muolaja va undan keyingi reabilitatsiya uchun kerakli summa, ham formalarini beradi. Va bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

 

 

Futbol afsonasi koronavirus pandemiyasi davrida ham aholining muhtoj va xayriyaga ehtiyoji bor qismi haqida unutib qoʻymadi. Eng muhimi, Ronaldu puldan tashqari, muntazam ravishda donorlik (qon topshirish orqali) qilishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Shu bois ham uning tanasida birorta ham tatuirovka yoʻq. Bu esa futbolchilar orasida juda kam uchraydigan holat. Aynan shu xislatlar uchun ham Ronalduni maydon va uning tashqarisida birdek yaxshi koʻrishadi.

 

Mariya Sharapova

 

Dunyoning eng nomdor va eng boy ayol tennischilaridan biri boʻlgan Mariya Sharapova ham xayriya ishlari bilan shugʻullanishni kanda qilmaydi. Kort malikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus elchisi boʻlib, Chernobil fojiasidan keyingi tiklanish va rivojlanish kabi global muammolar bilan shugʻullanadi. Sharapova, shuningdek, Variety The Childrenʼs Charity va Sole 4 Shoes xayriya tashkilotlarining faol ishtirokchisi hisoblanadi.

 

 

Menni Pakyao

Filippinlik afsonaviy bokschi oʻzining birinchi katta miqdordagi gonorarini oʻz shaharchasida turar-joy qurilishiga sarflaydi. Pakyao shu bilan toʻxtab qolmagan. Filippinda muntazam ravishda yangi uylar, jamoat binolari, bogʻlar, koʻngilochar va sport markazlari barpo etilib kelinadi — bularning aksariyati Pakyaoning pullari evaziga amalga oshadigan ishlardir.

 

Bundan tashqari, Menni Filippin poytaxti Manilada shifoxona qurilishi uchun naq 5 million AQSH dollari ajratgan. 2014-yilda uning ringdagi libosini kimoshdi savdosida 40 ming AQSH dollariga sotiladi va bundan tushgan mablagʻ ham toʻliq xayriyaga sarflanadi.

 

 

Pakyaoning xayriya bilan bogʻliq ishlari faqat pul bilan cheklanmagan. Uning oʻzi koʻp hollarda Filippinning kam taʼminlangan aholisiga oziq-ovqat va kiyim-kechak tarqatishda ishtirok etadi.

 

Serena Uilyams

 

Tennis tarixidagi eng buyuk sportchilardan biri Serena Uilyams YUNISEFning maxsus elchisi hisoblanadi. Uning “Serena Uilyams fondi” Qoʻshma Shtatlaridagi universitet va kollejlardagi kam taʼminlangan talabalarga stipendiyalar berishni oʻz gardaniga olgan. Bundan tashqari, Serena OITSga qarshi kurash fondi bilan ham yaqindan hamkorlik qiladi. Shuningdek, u bir qancha kasalxonalar fondi va stipendiya jamgʻarmalarini toʻldirishda katta ulushga ega. Uilyamsning bir yilda xayriyaga sarflaydigan mablagʻining miqdori bir yarim million dollardan kam emas.

 

 

Lebron Jeyms

Milliy basketbol ligasi (NBA) qiroli Lebron Jeyms xayr-ehson qilishda ham maydondagi maqomiga mos tarzda harakat qiladi. AQSH terma jamoasi hujumchisi va “Los-Anjeles Leykers” oʻyinchisi oʻzi tarbiyalangan maktabning sport zalini taʼmirlatib bergan. Liganing toʻrt karra eng yaxshi oʻyinchisiga bu hashamatli sovgʻa 1 million dollarga tushgan. Bundan tashqari, Lebron roʻyxatdagi hamkasblari singari bemor bolalarning davolanishi uchun ham pulini ayamaydi.

 

 

Lionel Messi

 

Krishtianu Ronalduning xayrli ishlari yodga olingan joyda Messi ham eslanmasa, bu Leoning muxlislari uchun chinakamiga adolatsizlik boʻlardi.

 

 

Argentinalik ham xayriya borasida maydondagi asosiy raqobatchisidan umuman qolishmaydi. Lionel 2007-yilda oʻz fondiga asos solgan. Fond muhtoj bolalarga yordam koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Fondning eng katta loyihalaridan biri Barselonadagi onkologik markazning qurilishidir. Futbolchi ushbu markazning barpo etilishiga 2,5 million yevro ajratgan. Shuningdek, mazkur fond butun dunyo boʻylab taʼlimga qaratilgan bir qancha ishlarni ham yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻlgan. Bunga misol tariqasida Gʻazodagi maktablarda nonushta joriy qilinishi, suriyalik oʻquvchilarni oʻquv anjomlari bilan taʼminlash, Rosariodagi (Argentina) maktablarni toʻliq taʼmirdan chiqarish kabi loyihalarni keltirish mumkin.

 

 

Fonddan tashqari, Messi YUNISEFning maxsus elchisi hisoblanadi. Shuningdek, u tez-tez oʻtkazilib turadigan xayriya uchrashuvlarida qatnashishga ham erinmaydi. Messii kovidga qarshi kurashish uchun Kataloniya va Argentinadagi ikki kasalxona uchun 1 million yevro ajratgan.

 

Bilol NORQOBILOV 
oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19263
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16178
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi