Kriptovalyuta, bitkoin, vatsmayner, maynerdan topilgan pul halolmi? – qaltis savollarga nozik javoblar


Saqlash
17:43 / 08.11.2022 2537 0

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mudiri G‘ulomiddin Xolboyev javob berdi.

 

Assalomu alaykum, e-auksion internet sayti orqali har xil turdagi yer, bino va avtomobillar sotuvga qo‘yiladi, unda narxlar oshirib borish usulida bo‘ladi. Kim yuqori narx taklif qilsa, mulk unga sotiladi. Xullas, mulkni shunday savdo orqali olish joizmi? Biz bunday savdo boshqa bir savdogarning savdosini buzish bo‘lib, haromga ketib qolmasmikan degan shubhadamiz. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.

 

– Vaalaykum assalom, agar siz kimoshdi savdosi haqida so‘rayotgan bo‘lsangiz, bu savdo shariatimizda joiz. 

 

***

Kriptovalyuta, bitkoin, vatsmayner, maynerdan topilgan pul halolmi?

 

So‘nggi vaqtlarda bitkoin deb ataladigan elektron pullar, ya’ni kriptovalyutalar paydo bo‘ldi. Ularni dollar, yevro kabi boshqa valyutalar bilan taqqoslash mumkin bo‘lsa-da, ular o‘rtasida ayrim farqlar bor. Eng asosiysi, ushbu pullar elektron pul bo‘lib, faqat internet tarmog‘idagina aylanadi va haqiqiy vujudga ega emas.

 

Bitkoinlar orqali tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida moliyaviy muomala, elektron imzolar yuritilib, ushbu muomalani tartibga soluvchilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifrlash orqali amalga oshiriladi. Bunda valyuta bir foydalanuvchining hisobidan boshqa foydalanuvchining hisobiga birdaniga, hech qanday to‘lov xizmatisiz, hatto bank va unga o‘xshash vositachilarsiz o‘tadi.

 

Bu xizmatlar butun dunyoda mavjud bo‘lib, har xil shart va talablardan xoli hamda hech qanday to‘siqlarga yo‘liqmaydi. Qachon pulga ega bo‘linsa, u elektron hamyonda saqlab qo‘yiladi. Keyin uni turli internet xaridlariga ishlatish mumkin. Dollar, yevro kabi valyutalarga ayirboshlash ham mumkin. Bunda bitkoinga ega bo‘lgan foydalanuvchi uni sotib olmoqchi bo‘lgan, haqiqiy valyutasi bor boshqa foydalanuvchi bilan bitim tuzadi. Bitim o‘zaro kelishuv asosida tuziladi. Demak, kelishuv narxini foydalanuvchilar belgilaydi. Shuning uchun bitkoinning narxi xuddi haqiqiy valyuta kabi bozorga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi.

 

Bitkoinning an’anaviy valyutalardan farqli ravishda oltin yoki kumush kabi qimmatbaho metallardan tayanchi bo‘lmaydi. Balki uni foydalanuvchilarning o‘zlari ishlab chiqaradi. Foydalanuvchi deganda internet tarmog‘iga ulangan kompyuterga ega bo‘lib, bitkoin bilan muomala qilish istagida bo‘lgan shaxs tushuniladi. Bu ish kompyuterga maxsus ilova yuklab olingandan so‘ng sekin-asta kriptovalyuta chiqarishni (mining) boshlash orqali yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu jarayonni ishlatish vositasida foydalanuvchi ma’lum miqdordagi elektron pulga ega bo‘ladi. Bu pullar unga kompyuteriga o‘rnatilgan ilovaning hisob imkoniyatidan yangi valyuta ishlab chiqarishda foydalana olishi natijasida keladi.

 

Shunday qilib, har bir foydalanuvchi qoshida muayyan miqdordagi kriptovalyuta tug‘iladi. U foydalanuvchilar o‘rtasida ma’lum algoritm asosida taqsimlanadiki, bunda bozordagi bitkoin valyutalarining umumiy qiymati 21 million bitkoindan ortib ketmasligi kerak. Shuningdek, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan kompyuter egalariga valyutalardan jihozlarining ishlab chiqarish limitiga mos ravishda ko‘proq tegadi.

 

Bu yo‘l bilan mol orttirish, ya’ni maynerlik ortidan pul topish masalasiga kelsak, vasilaga (ya’ni bir maqsadga olib boruvchi narsaga) maqsadning hukmi beriladi degan fiqhiy qoidaga binoan uning hukmi bitkoinni ishlatish hukmidan kelib chiqadi. Bitkoinlar borasidagi hozirgi zamon ulamolarining fikrlariga qaralsa, Misrdagi Dorul-ifto”ning (fatvo uyining) fikriga ko‘ra, bitkoin haromdir. Chunki mazkur pul haqiqiy asosga ega bo‘lmagan virtual pul bo‘lish bilan birga shaxslar va hatto davlatlar miqyosidagi xatarlardan xoli emasdir.

 

Saudiya Arabistonidagi Hay’ati kiboril-ulamoga (Katta ulamolar hay’atiga) ko‘ra ham mazkur valyutalar bilan muomala qilish harom. Chunki islomda harom qilingan qimor va turli xatarga asoslangan o‘yinlardagi aldanish darajasi bitkoin bilan muomala qilishdagi xatardan kam.

 

Yuqoridagilardan bugungi kunda olimlarimiz tomonidan bitkoin bilan muomala borasida ruxsat yo‘qligi ma’lum bo‘lmoqda. Vallohu a’lam.

 

* **

Men ustaman, prorablar ish topib beradi va shu ish topgani uchun ma’lum miqdorda haq olib qoladi. Shu olayotgan puli halolmi?  

 

– Avvaldan ish topib berishi uchun muayyan miqdordagi pulni va’da qilish mumkin.

 

* **

Men blogerman. “Telegram” kanalimda qimorga oid reklamani berdim va mo‘maygina haq oldim. Lekin halovatim yo‘qoldi, chin dildan tavba qildim, qimorni reklama qilib olgan pulimning hammasini bironta kasalga yoki nogironga berib yubormoqchiman, shu joizmi? Halol ishimga harom pul aralashib qoldi. Endi bundan buyog‘iga topadigan har bir pulim harom hisoblanadimi?

 

– Dinimizda harom qilingan ishga targ‘ib qilish – o‘sha ishni amalga oshirish kabi qattiq gunoh sanaladi. Buning ortidan daromad ko‘rish ham halol emas. Shunday ekan, siz qilgan ishingizga chin dildan tavba qiling. Qimorga oid reklamalardan topgan daromadlaringizni muhtoj va faqirlarga sadaqa qiling. Shunda inshaalloh, oxiratdagi mas’uliyatdan qutulishingiz umid qilinadi.

 

***

Bukmekerlik kompaniyalariga pul tikish qimorga kiradimi?

 

Hozirgi kunda garov va qimorga asoslangan juda ko‘p kompaniyalar faoliyat yuritadi, ular bukmekerlik kompaniyalari deyiladi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kishilar sport o‘yinlari, masalan, futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning jamoasi yutsa, o‘sha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni olishi bilan bog‘liq o‘yinlar e’lon qilib boriladi. Bu faoliyatning barchasi qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yinga qimor deyiladi.

 

Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilgan.

 

Alloh taolo Moida surasining 90-oyatida bunday marhamat qilgan:Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz.

 

Xudo bu oyatda qimorni ifloslik va shaytonning ishi deb marhamat qilgan. Aynan shu oyatda xamr ichish va qimor o‘ynash kabi gunohlarni butga cho‘qinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan ma’naviy jinoyatlarga tenglashtirgan.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Kim o‘z sohibiga Kel, sen bilan qimor o‘ynayman desa, sadaqa qilsin degan.

 

Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali o‘ynamagan bo‘lsa ham, o‘ynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor bo‘lib qolar ekan. Shu bois uning kafforatiga o‘ynamoqchi bo‘lgan pulini sadaqa qilib yuborish kerak ekan.

 

Dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik bilan uning mulkiga ega bo‘lib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir.

 

Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. O‘rtada adovat, nafrat, janjal paydo bo‘ladi. Yutqazgan taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pulini qaytarib olishga, buning uchun hatto o‘sha yutgan kimsani o‘ldirishgacha borib yetadi. Xullas, qimor sababli insonlar o‘rtasida dushmanlik, bir-birini yomon ko‘rish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning o‘ziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zarari nechog‘li ayanchli ekanini ko‘rsatadi.

 

Odamlardagi mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topish istagi ularni mana shunday jirkanch ish qimor o‘ynashga, qimorga yo‘naltirilgan kanallarga a’zo bo‘lishga undaydi.

 

Qimor o‘ynovchi kimsa borib-borib hamma narsasidan judo bo‘ladi. Kim qimor o‘ynab pul yutib olgan bo‘lsa, o‘sha yutgan pulini darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Agar egasi o‘lib qolgan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga beradi. Bordi-yu, merosxo‘rlarni ham topa olmasa, egasining nomidan biror faqirga beradi. Alloh yanada biluvchidir. Vallohu a’lam.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20455
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//