Adabiyot
Xabaringiz bor, oyina.uz “Vatandosh” rukni ostida xorijdagi oʻzbekistonliklar bilan maxsus suhbatlar uyushtirib kelmoqda. Nashrning navbatdagi qahramoni AQSHda yashab, biznes qilayotgan sarmoyador, axborot-kompyuter texnologiyalari boʻyicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri Bobur Akilxanov.
Yilning eng yaxshisi boʻlganmiz
Xorijda istiqomat qilib, IT sohasida faoliyat yuritayotganimga 22 yil boʻladi. Oʻn yil Avstraliyada yashadim. “Charles Sturt University” taʼlim dargohini tamomlaganman. 20 yoshimda “Student Face” ijtimoiy tarmogʻini yaratib, 1 million AQSH dollari daromad qilgandim. Turli loyihalar tufayli, ozmi-koʻp yutuqlarga erishdim. 2006-yili “Anthill” jurnalida yilning eng yaxshi tadbirkori sifatida eʼtirof etildim.
Keyin faoliyatimni kengaytirish va yangi imkoniyatlar eshigini ochish maqsadida Rossiyaga yoʻl oldim. Olti yil mobaynida “Groupon”ga oʻxshash veb-sayt ishlab chiqib, bir yildan kamroq muddatda 8 million obunachiga ega boʻldik. Air B&B veb-sayti ishga tushirilib, 80 kishilik kompaniyaga asos solindi. Plov.com loyihamiz esa Forbes tomonidan “Yilning eng yaxshi biznesi” deb eʼtirof qilingan.
Mana, soʻnggi yetti yildan beri AQSHda yashayman. Bir qancha loyihalar boʻyicha ish olib boryapman. Ulardan biri autsorsing kompaniyasi boʻlib, 100 dan ortiq dasturchilar bilan mijozlarga xizmat koʻrsatamiz. AQSH, Lotin Amerikasi va Yevropadagi yirik kompaniyalar, davlat idoralari xizmatlarimizdan foydalanib kelmoqda.
Xatolardan saboq chiqarish lozim
Rostini aytay, avvallari yangi loyiha boshlashdan biroz choʻchirdim. Lekin vaqt oʻtgani sari odam chiniqib borar ekan. Oldingi xatolardan saboq chiqarilsa, kelgusida rivojlanish uchun zamin yaratarkan. Muvaffaqiyatlarim ortida omadi kelmagan loyihalarim bisyor. Masalan, Pavel Durov bilan shartnoma tuzish imkoniyatini qoʻldan chiqarganman. Lekin hozir bundan afsuslanmayman. Afsus sizga hech narsa bermaydi.
Biznes shunday soha – bir tushasiz, bir koʻtarilasiz. Oʻxshamagan ishlarni ham yaxshi tajriba boʻldi deb qabul qilish kerak. Ortiqcha oʻylab, siqilib, pushaymon chekishga arzimaydi. Afsus ortga tortadi, olgʻa yurishga halaqit beradi. Doim oldinga harakat qilish kerak. Bir imkoniyatni qoʻldan chiqardingizmi, undan ham yaxshirogʻini, undan ham kattarogʻini oʻzingiz uchun yarating.
Tramp uchun qilayotgan loyihamiz ham ijtimoiy tarmoq
Qoʻlimda 120 dan oshiq xodim ishlaydi. Kompaniyam moʻmay daromad keltiradi. Amerikada istiqbolli loyihalarga bosh qoʻshganmiz. Bir kuni qoʻngʻiroq boʻldi: “Ijtimoiy tarmoq qilishimiz kerak”, deyishdi. Rozilik bildirib, “Kim uchun?” desak, “Bitta mashhur odamga” deb, kimligini aytishmadi.
Loyihani boshladik. Oradan uch-toʻrt oy oʻtibgina, Donald Tramp uchun ishlayotganimizni bildik. Maʼlum boʻlishicha, avval oʻzlari unnab koʻrishgan, ammo oʻxshamagan. Shartnomaga koʻra, yaratilayotgan ijtimoiy tarmoq haqida boshqa maʼlumotni oshkor qilolmayman.
“Disney” bilan ham shartnoma imzolaganmiz. Yana mashhur amerikalik biznesmen Patrik Bat Devid bilan kelishuvimiz bor. U yaqinda kompaniyasini 160 million dollarga sotgandi. Quvonarlisi, loyihada oʻzbekistonlik bolalar ishlamoqda.
Mamlakatdan chiqmay, xorij tajribasini oʻrganishadi
Oʻzbekistonlik ekanimdan doim faxrlanganman. Misol, Avstraliyada oʻn yil yashadim, avstraliyalikman desam ham, hech kim eʼtiroz bildirmaydi. Lekin hamisha iftixor bilan “Oʻzbekistonlikman!” deganman. Mahallam, lanka oʻynagan koʻchalarim, somsa, osh, mahalladagi toʻylar, urf-odatlar, birinchi muhabbatim – hammasi Vatanni eslatadi.
Oʻzbekistonni yaxshi koʻraman. Insonning bolaligi qanday va qayerda oʻtishidan qatʼi nazar, eng esda qolarli va shirin davr boʻladi... Amerika yoki Avstraliyani yoqtirmayman, demoqchi emasman. Bu mamlakatlar menga koʻp narsalarni oʻrgatgan, koʻp tajribalar orttirganman. Ammo Oʻzbekiston doim qalbimda. Koʻp oʻylayman: Vatanim uchun qanday foydam tegyapti?
2005-yildan beri loyihalarimga iqtidorli oʻzbek yigitlarini jalb qilib, oflayn hamda onlayn tarzda aqliy mehnatidan foydalanaman va ishiga yarasha haq toʻlayman. Men bu yoshlar bilan faxrlanaman. Ular oʻz oilasiga yordam beradi, hayotda nimagadir intilmoqda. Mamlakatdan chiqmagan holda xorij tajribasini oʻrganishadi. Zamon bilan hamnafas boʻlib, malaka oshirishadi. Shuningdek, IT sohasiga oʻqitadigan “Bobir Akilkhanov Tech Academy” oʻquv markazi ochganmiz. Bu yerda ham koʻplab yigit-qizlar bilim olishadi.
Maqsadim – besh yilda loyihalarim qiymatini 100 million AQSH dollariga yetkazish
Ayni paytda barcha loyihalarim taxminan 10 million dollarga baholanishi mumkin. Besh yildan soʻng hozirgi yutuqlarimdan oʻn barobar ziyodiga erishishni, boshlagan ishlarim insonlarga koʻproq foyda keltirishini, loyihalarim qiymatini 100 million AQSH dollariga yetkazishni niyat qilganman.
Albatta, daromad haqida oʻylamagan tadbirkor chinakam tadbirkor emas. Oʻz oldimga Unicorn – “Yakkashox”, milliard dollarlik korporatsiya tuzish maqsadini qoʻyganman. Oson boʻlmaydi, albatta. Ammo mehnat bilan erishish mumkin. Odam qilgan ishni odam qila oladi. Muhimi – harakat. Balki qariganda erisharman niyatimga. Balki butun hayotim yetmas. Yetisha olmasam, “Taqdir emas ekan”, deyman-qoʻyaman.
Farzandlarimga pulni osonlikcha berib qoʻymayman
Katta oʻgʻlim bilan individual ishlashga harakat qilaman. Uni 14 yoshidan ishga solganman. Dasturlashni oʻrgatishga berganman. Hozir universitetda IT yoʻnalishi boʻyicha tahsil oladi. Shaxsiy kompaniyamda ishlaydi, lekin katta oylik toʻlamayman. Bonuslar qoʻshilishi ham oʻzining harakatiga bogʻliq.
Oʻgʻlim boʻlsa, nima boʻlibdi?! Tasavvur eting, siz biror kompaniya boshligʻisiz va men sizning ishchingizman. Har kuni ishxonaga kelsam-u, hech nima qilmasam – tezda javobimni berishga haqqingiz bor. Buni tabiiy holat deb hisoblayman. Oʻgʻlim shu xarakterim sabab choʻchib turadi. Hatto yaqinda uyga, onasiga qoʻngʻiroq qilib: “Vazifalarga ulgurmay qolsam, dadam meni ishdan boʻshatib yubormaydilarmi?! Urushmaydilarmi?!” deb soʻrabdi.
2006-yili Amerikaga, Nyu-Yorkka kelganimizdan soʻng oʻgʻlimda mustaqil pul topish tajribasini shakllantirishga harakat qildim. Xoʻsh, buni qanday amalga oshirdim?! Uy tozalash xizmati boʻyicha eʼlon tayyorladik. U xonadonlardagi ishlarni bajarar, evaziga 5–10 dollar topardi. Yana, kola idishlarini yigʻib topshirardi (bittasiga 5 sentdan toʻlashardi).
Menga kelib, “Sony Play Station” olib bering, degani uyalgan. Chunki 300 dollar turadi-da. Oʻgʻlim esa bir oy ishlab, 10–15 dollargina topgandi. Shunda pulning qadrini seza boshlagan. Aytgan narsasini sotib olish uchun otasi qancha koʻp ishlashi kerakligini, oʻzi qancha ter toʻkishi zarurligini tushunib yetgan. Asosiy maqsadim ham shu edi.
Ammo kichkinam... juda ayyorlik bilan aytganini qildiradi: “Dada, bu juda kerak-da. Dada, nima ish qilib beray?!” deb, chala-chulpa boʻlsa-da shartni bajarib, kerakli pulni oladi. Undan kelajakda yaxshi biznesmen chiqishiga ishonaman, shunga moyil xarakteri bor. Hali 9 yosh. Uch-toʻrt yilda sekin izga solamiz. “Qoʻlingdan nima keladi?! Youtubeʻga qiziqasanmi?! Video olsang, ol. Yoki tugʻilgan kunlaringda tushgan, yigʻib qoʻygan 300 dollar pulingni investitsiya qil-da, biror narsani olib, qimmatroq sotib, pul top”, demoqchiman. Shunaqa qilib oʻrganadi.
Katta oʻgʻlim juda sabrli. Hamma ishda toqat bilan natijasini kuta oladi. Ammo kichigi gʻirt aksi. Shu bois ularning tarbiyasiga ikki xil yondashaman. Bir narsa aniqki, har ikkisiga ham pulni osonlikcha topshirib qoʻymayman. Uy ham olib bermayman. Buni yaxshi bilishadi.
Baʼzan kichkina oʻgʻlim soʻrab qoladi: “Menga hechqursa 1 million atarsiz?”. “Senga hatto 5 dollar ham yoʻq”, deb javob qilaman. Men ularning oʻz yoʻlini topishiga yordam beraman, albatta. Lekin doimiy suyamayman.
Eng katta muammolarimdan biri
Ayolimning otasi qozogʻistonlik qozoq, onasi qozogʻistonlik rus. Lekin oʻzi Oʻzbekistonda katta boʻlgan. 1997-yili Rossiyaga koʻchib ketishgan. Asosan rus tilida gaplashishadi.
Bola hamma narsani asosan onasidan oʻrganadi, deganlari rost ekan. Oʻgʻillarim rus tilini biladi. Oʻzbekcha soʻzlasha olmasligiga esa men sababchiman. Chunki boshidan ular bilan oʻzimizning tilda gaplashmadim. “Ha, oʻrganadi, oʻrganadi”, deb yuraverdim. Oʻzbekistonga yuboraman, ikki-uch oyda biyron gapira boshlaydi, deb oʻyladim.
Yoʻq, aksincha, qoʻshni bolalar ruscha va inglizchani oʻrganib olishdi. “Bor, Mansur bilan oʻyna, bahonada chet tiling yaxshilanadi”, deyishar ekan ota-onalari. Hatto onam ham nabiralarini qiynamay deb oʻzbek tilida gapirishga majburlamaydilar... Bu mening eng katta muammolarimdan biri.
Shahnoza TOʻRAMURODOVA
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q