Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari o‘zbek adabiyotidagi birinchi roman bo‘lishidan tashqari “eng kir, qora kunlari” bo‘lsa-da, tariximizning aniq bir davrini muhabbat qissai vositasida o‘ziga xos uslubda ifoda etgani bilan e’tiborlidir. Eng muhimi, asar, unda aytilgan fikr, syujet kuchli, tili ravon. Havoyi, ishonarsiz, balandparvoz gaplar yo‘q. Roman asosida 1969-yilda olingan badiiy film esa ko‘plarning ko‘ngil mulkiga aylangani-da rost.
Kitob asosidagi kinoda ma’lum o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Asar har qancha buyuk va mashhur bo‘lmasin, rejissyor uni tasvirga muhrlarkan, tomoshabin istaydimi-yo‘qmi, baribir o‘z “imzo”si bo‘lishini istaydi va bunga astoydil harakat qiladi. Masalan, Pyer Paolo Pazolini “Shoh Edip”ni kino qilarkan, asosiy g‘oya va voqealar zanjirini buzmagan holda filmga zamonaviy Edip obrazini kiritadi va takrorlanayotgan ko‘hna fojiani ta’kidlaydi (Pazolini olgan “Shoh Edip” o‘zimizning Shukur Burhonov o‘ynagan Edipdan farq qilsa-da, birini ikkinchisidan kamsita olmaymiz).
Ba’zan rejissyorlarning asar mazmun-mundarijasi, doirasidan u qadar chiqa olmaganini yoki hatto ungacha yetib borolmaganini ham ko‘rish mumkin. Deylik, Kamyuning “Begona”, Markesning “Oshkora qotillik qissasi” yoki Joysning “Uliss” asari asosida olingan filmlarda kitobning soyasi ko‘ringan, xolos (vaholanki ular ustida taniqli rejissyorlar, aktyorlar, ijodkorlar guruhi ishlagan). Ya’ni bu filmlarda, deylik, faqat yo‘l ko‘rsatilib, unga eltadigan xayol, taassurotlar ko‘rinmasdan qolgan. “Chol va dengiz”ning kitobi bo‘lak, kinosi boshqa. Kitobni o‘qib, buyuk hislarga, ulug‘ insonga oshno bo‘lasan, kinoni ko‘rib, o‘sha buyuklik jimgina osmondan yerga tushadi, yoningga, hatto sendan quyiroqqa o‘rnashadi. Insoniyat kurashini ifoda etgan buyuk baliqchi kunini zo‘rg‘a o‘tkazadigan qashshoq va boqimanda kimsaga aylanadi-qoladi (bola pivo, baliq keltirganda qiladigan xushomadini eslang).
Demak, rejissyorning oldida qiyin vazifa turadi: asarni to‘la-to‘kis tomoshabinga yetkazib berolsa – baxti, aksincha bo‘lsa, shunchaki urinish sifatida e’tibordan chetda qoladi.
Xo‘sh, “O‘tkan kunlar” filmi bu vazifani nechog‘lik ado etgan? Roman mazmun-mohiyati qanchalik to‘g‘ri va to‘kis ochib berilgan?
Eng avval shuni aytish kerak, kitob asosida kino qilingan ekan, tabiiy ravishda uni badiiy asar bilan solishtirib ko‘ramiz. Agar kitob biz uchun qadrdon bo‘lsa, kinoda xayolda gavdalanganlarini ko‘rishni istaymiz. O‘z navbatida har kimning o‘z Kumushi va Otabeklari, mushovuru qutidorlari bo‘ladi. Chunki kitob shunga imkon beradi: qaysi qahramonni qanday tasavvur etish odamning o‘ziga bog‘liq (harholda tomoshabin “Alpomish” multfilmidagi kabi “Shatakka olaymi?” degan gapni kutmasligi aniq).
“O‘tkan kunlar” filmi boshidayoq romandan farqli jihatlarga duch kelasiz. Misol uchun, roman voqealari dalv (yanvar)da, qishki kunlarda boshlanadi. Xo‘sh, nega? Yuqorida aytganimizday, asar tariximizning eng kir, qora kunlari haqida. Buni ifodalash uchun yon-atrof ham zimiston, ko‘ngilga u qadar o‘tirishmaydigan holda bo‘lishi kerak. O‘z navbatida shu zimistonda Otabek o‘z sevgisini topadi va ko‘ngliga bahor keladi. Shunda asar uchun muhim ziddiyat paydo bo‘ladi.
Kinoda esa issiq, quyoshli bir kun. Otabek, Homid, bir ko‘rinib kino oxirigacha qayta bo‘y ko‘rsatmaydigan Ziyo shohichi o‘zaro gurunglashib boradi. Bir qarashda Otabekning uncha katta tashvishi yo‘qday – beg‘amu bedard, Homid aytgan “Azizbachcha” degan gapga o‘ziga yarashmagan bir holda pismiqlarcha kulib qo‘yadi.
Keyingi sahna esa birdaniga to‘yga ulanib ketadi. Endi romanda Otabek “ma’naviy otam” deb sanaydigani – Xasanalidan yashirib chekkan oh-vohlarni, Xasanali Ziyo shohichi bilan sovchilikka borgani, qutidorni xotini ra’yiga qarab ko‘ndirgani xususidagi lavhalarni esga olsak, “O‘tkan kunlar”ning kitobini o‘qimay kinosini ko‘rgan odam ko‘p “sirlar”dan bebahra qolishini anglaymiz.
Kitobni o‘qimaganlar yana shu narsada yutqazadiki, kinoda aniq Otabek, aniq Kumush havola etiladi. Otabekni qancha mard, tanti, yurt va yor ishqi bilan yongan yurakli tasavvur qilmang, kinodagi sal bo‘shangroq, orqayinroq qahramonni qabul qilishga majbursiz. Romanda tasvirlanishicha, Otabek savdogarlik qilib, Semipalatinsk (Shamay)gacha borgan, dunyoqarashi keng, davr siyosatini, uning oqibatlarini tahlil qila oladigan yigit (rus bosqini haqida ham aynan u aytadi. Biroq kino ayni sovetlar davrida ishlanganki, bu fikrlarni tasvirga ko‘chirishning imkoni yo‘q edi). Kinoda esa u lanj bir ahvolda yuradi, agar uning o‘zi Xudoyorxon huzurida savdogar ekanini aytmaganida, tomoshabin Otabekning jo‘shqinlik talab etiladigan kasb egasi ekanini zinhor xayoliga keltirmaydi.
Kumush romanda beg‘ubor, ma’sum va erka, o‘rni kelganda, qat’iyatli tasvirlanadi, Otabekning sog‘inch to‘la maktublari, uni deb odam o‘ldirgan Homid, erdan chiqqan, deya “nom” orttirgan bo‘lsa-da, eshigidan sovchi arimasligi... Biroq kinodagi Kumush... tasavvurimizdagi Kumush emas baribir. Ba’zan Gabriel Garsia Markes “Tanholikning yuz yili” asarini kinochilarga bermay to‘g‘ri qilgan, degan o‘yga borasan kishi. “Ursula – mening onam, uni qaysidir aktrisa qiyofasida ko‘rishni xohlamayman”, degan ekan adib. Shu ma’noda tasavvurimizdagi Kumush yo Otabekni qandaydir artist (qani edi o‘sha ijrochi shu rol bilan umrbod kifoyalansa) ijrosida ko‘rish biroz erish tuyular balki.
Ma’lumki, romanda Kumush o‘n sakkiz yoshda ekani aytiladi. Biroq kinodagi Kumush bu yoshdan ancha ilgarilagan, ko‘zlari ham faqat ayollar bo‘ladigan ichki hovlidan chiqmagan, yot nigohlardan avaylab-asralgan qizning chashmi emas. Uning onasi Oftob oyim esa naq ellikni urib qo‘ygan xotinga o‘xshaydi. Aslida Oftob oyimning yoshi o‘ttiz beshda bo‘ladi – bugungi kundagi 1986–1987-yillarda tug‘ilgan xotin-qizlarning yoshida.
To‘g‘ri, eskining odamlari yoshi birmuncha ulug‘roq ko‘ringan, deyish ham mumkin. Biroq Mirzakarim qutidor xotini ko‘ngliga qarab (Otabekning ichkuyov bo‘lib qolishi ham Oftob oyimning xohishi bilan bo‘lganini unutmaslik kerak), uning inon-ixtiyoriga qarshi bormay, nima desa bajarishini hisobga oladigan bo‘lsak, u xotin kishi qaritib qo‘yiladigan xonadonda yashamaydi. Aksincha Oftob oyim yosh va hayotga nekbin qarashi kerak. Kinoda Oftob oyim qaysi o‘rinda ko‘rinish bermasin, me’daga uradigan bir tarzda yig‘lab turadi. Qolaversa, u – Otabekni Marg‘ilonga tinimsiz qatnatgan Kumushning onasi, kinodagi Oftob oyimdan esa biz tasavvur etgan go‘zal malakning tug‘ilishi mumkin emasday tuyuladi.
Yoki Otabek qutidor xonadonidan haydalganda, unga joy bergan usta Olim asarda nihoyatda ko‘ngilchan ekani ko‘rinadi. Boshiga baxt qushi qo‘ngan chog‘da, yori bevaqt vafot etib, umidi butkul so‘nganiga qaramasdan odamlarga mehr-muhabbatini saqlab qolgan. Otabek har gal kelganda, oshga unnaydi, hatto qo‘shnisinikida aza bo‘layotgan chog‘da ham (Kumushni o‘g‘irlashga borganda, Otabek tomonidan o‘ldirilgan Sodiq – o‘sha, soxta taloq xatini keltirib bergan qora xotinning o‘g‘li) osh pishirishga kirishib ketadi (shu o‘rinda usta Olimning Otabek jasoratidan lolu xursandligiga kirishib, Qodiriy bobomiz ham sal hayajonga berilib ketganday tuyuladi menga. Chunki hech bir o‘zbek, ming dushman bo‘lsin, yon qo‘shnisinikida aza bo‘lib turganda, dimoqlarni qitiqlab, o‘z uyida osh tayyorlamaydi).
Kinodagi usta Olim ham ko‘ngilchan, biroq ancha qari. Holbuki uning ham yoshi bir joyga borib qolgan emas, “qirq yoshlar chamali, qonsiz yuzli, siyrakkina soqolli” bir odam. Kinodagi yuziga ajin tushgan, qalin soqolli kishi esa kitobdagi usta Olim tasavvurini bermaydi.
Qahramonlar yoshi asar mohiyatini ochib berishga u qadar keskin ta’sir ko‘rsatmaydi, biroq, yuqorida aytilganiday, bilib turgan narsamiz kinoda qandaydir o‘zgarishga uchrasa, qabul qilish sal qiyin kechadi.
Misol uchun, Kumush romanda birinchi marta tasvirlanganda, qanday libosda bo‘ladi? Sovuq havo tegdirib, bosh og‘rig‘i bilan uyda yotgan Kumush (Otabekni ariq bo‘yida uchratishi ham aynan shu bosh og‘rig‘idan boshlanadi. Ko‘ngli siqilib, tashqariga chiqqani uchun ham Otabek uni ko‘rib, ishqi tushadi) erka va tantiq qiz qiyofasida namoyon bo‘ladi va egnida sariq atlas ekani aytiladi. Biroq kinoda Kumushni birinchi marta faqat to‘y munosabati bilan ko‘ramiz. Uzoq ayriliqdan so‘ng O‘zbekoyimning ruxsati tekkach, Toshkentga borganida-chi? O‘shanda Kumushning egnida qanday kiyim bo‘ladi? Kinoda aktrisaga yarashadigan rang tanlangan, chamamda. Kitobda esa Kumush Toshkentga qora atlasda boradi – chunki Otabek uning shu libosini yaxshi ko‘radi. Avvalo Otabek, shu orqali o‘quvchi uchun muhimmi, demak, kinoda ham bunga e’tibor berilishi o‘rinli bo‘ladi.
Kinoda Otabek dor ostiga borarkan, Mirzakarim qutidorga “Kumushga avval uch yigit sovchi qo‘ygan ekan. Shu rostmi?” degan savolni beradi. Qutidor bunday savolning boisini so‘raganda, “Kumushni birinchi marta ko‘rganidagi ruxsorini unutolmayman” deb javob beradi. Bu suhbat go‘yo Otabek xayolidan bir zum bo‘lsin Kumushning ketmayotganini ifoda etsa-da, aslida hech narsaga xizmat qilmaydi. Chunki qutidor uning oshnasi yo bir sirdosh tanishi emaski, xotinining ruxsori xayolidan ketmasligini aytib o‘tirsa.
Bundan tashqari, kinoda voqealar zanjirining asosiy ulovchisi – Homidning qiyofasi ochilmay qolgan. U faqat taloq xati uyushtirgani va Kumushni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani uchun o‘ldiriladi. To‘g‘ri, u Otabekka nisbatan yomonlik qildi, biroq uni shu uchun o‘ldirish nechog‘lik adolatdan?
Kitobni o‘qigan odam Homidning o‘ldirilishi naqadar to‘g‘ri bo‘lganini anglaydi, his qiladi. Misol uchun, kinoda Homidning usta Olimning qaynisi Sayfiga tegajog‘lik qilgani, bachchaboz ekaniga biror ishora yo‘q. Aslida u shunday past kimsa edi. Uning uchun birovning xotiniga ko‘z olaytirish tabiiy hol sanalardi (“Qamchiningdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilolasan! Men bu kungacha ikki xotin o‘rtasida turib janjalga to‘ygunimcha yo‘q, ammo xotinni uchta qilishga ham o‘yim yo‘q emas!” degan ham Homid bo‘ladi).
Buyam yetmaganiday, Otabek taloq qildi, deb Kumushga xaridor chiqqanida, kuyov, ya’ni Salim sharbatdorning o‘g‘li Komilbekni to‘yi bo‘ladigan kunda og‘ilda so‘yib ketgan ham shu – “o‘zimizning” Homid edi.
Hamtovoqlari bilan Kumushni o‘g‘irlashga kelgan Homidning qilmishlariga chek qo‘yish sahnasi esa kinoda juda oddiy. Otabekni, uning otasini xoinga chiqarib, hatto dor ostiga olib borgan, taloq xati uyushtirib, xotinini tortib olmoqchi bo‘lgan kas bilan hisob-kitob butkul boshqacha bo‘lishi kerak edi. Bu kitobda juda chiroyli va ishonarli tasvirlanadi.
“Siz mendan ham yaxshiroq bilasizki, – deydi Otabek Homidga, – shu uyda sizni allaqancha mashaqqatlarga solgan, cheksiz jonivorliklar ishlatgan va hisobsiz tillalar to‘kdirgan, nihoyat shu daqiqaga keltirib to‘xtatgan birov uxlaydir. Agarda sizning mening tilimdan yozib bergan taloq xatingiz durust hisoblanmasa, bu uxlaguvchi mening halol rafiqam bo‘lib, ikki yildan beri men ham uning ko‘yida sargardonman. Demak, siz bilan mening oramizda shu birov uchun kurash boradir. Lekin siz shu choqqacha mening ustimdan muvaffaqiyat qozonib keldingiz: qorachoponchi, deb dor ostlarigacha olib bordingiz, Musulmonqul qo‘liga topshirdingiz, bu ishlaringiz foydasiz chiqqach, ismimdan taloqnoma yozib, ikki yillab rafiqamdan ayirib turishga muvaffaq bo‘ldingiz, bu orada gunohsiz bir yigitni ham o‘ldirdingiz. Nihoyat, o‘g‘irlik yo‘liga tushib ikki yigitingizni ham mening qo‘limda halok qildingiz... Endi menga javob beringiz-chi: bu yomonliklaringizda siz haqlimi edingiz?”
Biroq Homid nomard edi, “Haqli edim” deb, qo‘lini siltab tortadi. O‘sha ondayoq Otabek qo‘lidagi xanjari bilan Homidning qornini shir etdirib yorib yuboradi.
So‘ng Otabek yana qayta “haqlimi eding” deb so‘raganida (ikkinchi marta sensirab aytadi), yana “haqli edim!” degan javobni oladi, kamiga Homid unga qarata qo‘lidagi xanjarini ham otadi...
Kitobdagi bu dramatik, qaysidir ma’noda kulminasion sahna kinoda aksini topmagan. Homid o‘z gumashtalari – joni yo‘q, qattiqroq qo‘l tegib ketsa, yerga cho‘ziladigan Mutal (kitobdan uning kuchli ekani ma’lum!) va tashqi qiyofasiga ko‘ra ilgari xo‘roz so‘ygani dargumon Sodiq (Homidga odam tinchitganini, agar yana zarurat bo‘lsa, bunga tayyorligini bildiradi) bilan Kumushni o‘g‘irlashga borarkan, ularning Otabekka munosib raqib emasligi aniq ko‘rinib turadi. Boz ustiga Kumush uxlab yotgan xonaga kirish uchun lahm kavlashda teshani bor kuchi bilan urishadiki, go‘yo u xonada hech kim yo‘qday, birov zarb bilan urilayotgan tovushni eshitmayotganday. Bu zarbdan aslida kar odam ham uyg‘onib ketishi, xavfni anglashi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Biroq Kumush ko‘chaga yondash xonada bir o‘zi uxlaydiyu, uyg‘onmaydi.
Kinoda yuqorida aytganimiz kabi Otabekning Homidga aytar so‘zi yo‘q. Sheriklarini tinchitib, Homidni ham osongina narigi dunyoga ravona qiladi.
Kitobda kurash oson kechmagani, Sodiqning xanjari bir-ikki marta uning orqasiga kelib tekkani, Homid qo‘lini siltab tortganida, xanjar uning bosh barmog‘i orasini suyakka yetguncha shipirib ketgani yoziladi.
Kinoda battol Homid osongina jon taslim qilarkan, “o‘ziga xos” so‘kinish tarzi bilan “Yeding-ku, ablah” deydi, xolos.
Keyin kinoda Homid birdaniga jon taslim qiladi. Romanda esa ertasi kuni uning o‘lim bilan kurashayotgani, biror og‘iz so‘z aytolmayotganini Otabekka Homidning jiyani Rahmat aytadi. Xo‘sh, nega? Baribir tirik qolmas ekan, Homidning o‘limini cho‘zish adibga nima sababdan kerak edi?
Chunki Homid qiynalib o‘lishi kerak edi. Shuncha g‘arazgo‘yligi bilan u osongina o‘lib ketaverishi mumkin emasdi. Shu o‘rinda bir chekinish: Nazar Eshonqulning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida Bayna momo Zamon otboqardan qasos olarkan, uning o‘nta barmog‘i bilan birga, boshqa yerini ham kesib oladi. Aslida Bayna momo uchun intiqom kifoya edi. Biroq xojasini o‘ldirgan Zamon otboqarning taqdiri shunday xorlik bilan yakun topsa, adolat qaror topgan bo‘lardi.
Kinoni ko‘rib, tomoshabinda ham savol tug‘iladi: xo‘sh, esini taniganidan buyon savdogarlik qilib, ko‘plab masalalarga nozik diplomatiya bilan yondashgan Otabek (asar boshida rus bosqini, Azizbek yuritayotgan siyosat haqidagi fikrlari) qanday qilib, birdaniga uchta jinoyatchini tinchita oldi? Buning javobi Otabekning Kumushga yozib qoldirgan maktubida oshkor etiladi.
“Mening uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko‘pdan beri g‘oyam edi, – deb yozadi Otabek. – Shu sababli yaqinrog‘ingizda o‘lmoq uchun, o‘lar ekanman, so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilgan tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizning bo‘yingizni oldim, hafif tin olgandagi latif uxlagan tovushingizni eshitdim... Shu vaqt, subhonollo... o‘zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobila etishga o‘zimda qudrat ko‘rgan edim...”
Bundan tashqari, kino ko‘proq Otabek va Kumush sevgisidan, shu sevgi atrofidagi mojarodan hikoya qiladi. Romanda rus bosqini arafasidagi o‘zaro ziddiyatlar, fitnalar, qipchoq qirg‘ini, yurt og‘alarining manfaatparastligi, xudbinligiyu boshqa illatlari ham qalamga olinadi.
Yurtga soliq solib, ikkiyuzlamachilik qilgan Azizbekning xarakteri ochiladi, biroq uning taqdiri qanday yakun topgani kinotomoshabinga mavhumligicha qoladi. Kitobdan ayonki, xalqini qadrlamagan Azizbek otga oyog‘idan bog‘lanib, sudratma qilinadi.
Kitobda aniq tarixiy voqealar keltirilgani bois tarixiy shaxslar ham boricha ko‘rsatilishi kerak edi. Misol uchun, Musulmonqul obrazi. Abdulla Qodiriy bu shaxsga izoh berarkan, kuyovi Sheralixonni o‘ldirgan, gunohsiz Murodxonni shahid etgan, qo‘y kabi yuvosh Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekni Toshkent hokimi qilib qo‘ygan, deb yozadi. 1853-yilda Musulmonqul qo‘qonliklarga asir tushib, uni to‘pdan otib o‘ldirmoqchi bo‘lishganida, “Endi qalaysan, cho‘loq” deyishganda, dordek narsaning ustida balandroqda turgani uchun “Alhamdulilloh, hali ham sizlardan yuqori bir yerda o‘tiribman!” degan javobni berganini qayd etadi.
Ko‘rinyaptiki, Otabek ta’rif berganiday Musulmonqul – “tulki”, “siyosiy o‘yin”larning bosh tashkilotchisi. Biroq kinoda u ikkiyuzlamachiligini darhol bildirib qo‘yadi, chaquv bilan saroyga tasodifan kelib qolgan savdogar yigit – Otabek bilan adi-badi aytishib o‘tiradi. Ya’ni katta bir davlat boshida turgan odamga xos qiliqlar qilmaydi.
Kitobda qipchoq qirg‘iniga ham alohida urg‘u beriladi. Ya’ni Niyoz qushbegi o‘z o‘rniga Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi mingboshi bo‘lganini qabul qilolmay, fitna qo‘zg‘ab, qipchoq qirg‘iniga ruxsat beradi. Har qadamda begunoh qatl etilganlarga duch kelgani tufayli, Otabek shunga jahl qilib, otasiga achchiq-achchiq gaplar aytadi. Bu kinoda ham bor, biroq qipchoq qirg‘ini qachon, nima munosabat bilan yuz berdi, degan savollar ochiq qoladi.
Umuman olganda, “O‘tkan kunlar” romanining kinoga ko‘chmagan qismlari ko‘p. Balki umumiy mazmunga favqulodda ta’sir etgan, deb bo‘lmas, biroq ulardan unumli foydalanish asar mohiyatini yanada ochishga, uni o‘quvchi-tomoshabinga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilardi. Bu kitob asosida olinadigan galdagi filmlarda ko‘rinsa ajab emas. Demak, “O‘tkan kunlar” yangi talqinlarga, yangi yondashuvlarga munosib.
Bekzod SAYFIYEV
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q