“Mening nazarimda, insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi –ma’naviyat chirog‘i bor. Bu chiroqning boshqalaridan farqi shuki, u insonning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbi, vijdonini uyg‘otadi, fidoiylik hissini kuchaytiradi”.
Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”
kitobidan.
Yaqindagina nashrdan chiqqan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobini varaqlar ekanman, davlatimiz rahbarining ona Vatanga cheksiz muhabbatini, xalqimizga g‘amxo‘rligi, yoshlarimizga otalarcha mehr-e’tibori, yurt ravnaqi yo‘lidagi izlanishlari, fidoiy va betinim mehnatlarini his qildim.
Keyingi yillarda “Davlat – inson uchun” tamoyili har birimizning ong-u shuurimizga singib bormoqda. Yangilanayotgan O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida nufuzi ortayotgani, jahon xalqlarining vatanimizdagi farovonlikka, har bir fuqaroning hayoti davlat muhofazasida ekaniga havasdaligi ko‘nglimizni ko‘taradi. Kitobning “Xalqparvar davlat”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma’naviy taraqqiyot” bo‘limlarida aynan bu haqiqat yorqin ochib berilgan.
Asarda ma’naviy yangilanish, imkoniyat va istiqbollar to‘g‘risida shunday hikmatlar keltirilgan: “Biz uchun ma’naviyat – insonlar o‘trasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha aytganda, ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir”.
Mustaqillikka erishilgach, xalqimiz o‘zining betakror tarixi, madaniyati, o‘ziga xos milliy qadriyatlari – katta ma’naviy boylik ekanini chuqur anglab yetdi. Ajdodlarimiz qoldirgan boy meros va milliy qadriyatlardan iborat kuchli ma’naviyat bugungi kunda ham inson kamoloti, yoshlar barkamolligi uchun xizmat qilmoqda.
Har bir insonning o‘z ma’naviy olami bor. Xuddi shunday, har bir millat, xalq ham o‘z milliy qahramonlari, adabiyoti va san’ati bilan faxrlanadi. Men o‘zim ulg‘ayib o‘sgan muhitda o‘zbek xalq ertaklari, qoraqalpoq xalq dostonlari, keyinchalik mumtoz adabiyotimiz durdonalari tafakkurimni boyitdi.
Istiqlol davrida qoraqalpoq xalqining baxshi-jirovchilik maktabi orqali dostonlar bilan qadim tarix yangi hayotga kirib kela boshladi. Bu jarayonni ma’naviyat tushunchasining bir qirrasi deb tushunamiz. Men elimga xos insoniy fazilatlar: ochiq ko‘ngillik, do‘st-birodarlik, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglikni alohida aytib o‘tgim keladi. Bu fazilatlar ham – ma’naviyatdir va xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurgan kishi bu yurtdagi tabiat bilan har bir inson qalbining uyg‘unligini his qiladi.
Kitobda yana shunday jumlalar bor: “Biz g‘ururi, oriyati, ma’naviyati baland xalqmiz. Bu, hech shubhasiz, katta boylik. Ajdodlarimiz asrlar davomida asrab-avaylab kelgan bu boylikni yo‘qotib qo‘ysak, kelgusi avlodlar bizni aslo kechirmaydi. Aksincha, bu fazilatni xalqimizni, millatimizni birlashtiradigan eng kuchli tamoyilga aylantirishimiz kerak. Negaki, milliy g‘ururi baland xalqning qadr-qimmati ham baland, ma’naviyati, irodasi kuchli bo‘ladi. Bunday xalq bilan har qanday buyuk maqsadlarga yetish mumkin”.
Jamiyatda ma’naviyat har bir insonning ong-tafakkurida, eng avvalo, tug‘ilib o‘sgan yurtiga mehri, ota-onasiga hurmat-ehtiromi, biradorlik, do‘stlik, bag‘rikenglik singari insoniy fazilatlarni qadrlashi va amal qilishi bilan mustahkamlanadi, deb aytish mumkin. Ayniqsa, bu masalada yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish ham muhimligi kitobga alohida mazmun baxsh etib turibdi.
Yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, islohotlarga daxldorligini oshirish yuzasidan ulkan ishlar olib borilmoqda. Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Prezidentimiz ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgach, yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari davlat siyosati darajasida e’tiborga olindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan alohida va uzluksiz e’tibor berilayotgan masala ma’naviyat va ma’rifat bo‘lgani holda, boy tarixiy-madaniy merosimiz qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yish, uni chuqur o‘rganish, undan ta’lim va tarbiyadek o‘ta zarur va nozik sohada unumli foydalanishga urg‘u berib kelinayotgani ham haqiqatdir.
“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi har birimizni yanada fidoiy, vatanparvar, yuksak ma’naviyatli bo‘lishga, xalqqa sidqidildan xizmat qilishga chorlaydi.
Guliston ANNAQILIChEVA,
“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri,
Oliy Majlis Senati a’zosi
Tarix
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q