O‘zbek tili bilan bog‘liq barcha manba va xizmatlarni qamragan yaxlit onlayn portalimiz yo‘q – internetning o‘zbek segmenti “dinozavr”laridan biri Davronbek Tojialiyev


Saqlash
22:43 / 28.10.2022 1741 1

Maqsad-u maslak

 

Men o‘zbek internet makonida ilk imorat qurganlardanman desam, o‘quvchilar maqtanchoqlikka yo‘ymasinlar. 2000-yillarning avvalida ko‘pchilik internet taraqqiyotini bu kunlardek tasavvur qilmas edi. Tarmoq narxi juda qimmatligi bois O‘zbekistonda internetdan foydalanish kam sonli kishilargagina nasib qilgan zavqli mashg‘ulot edi. Butunjahon “o‘rgimchak to‘ri”, ayniqsa, ingliz, rus, ispan, olmon va fransuz tilli saytlar o‘z kontenti bilan dunyoni qoplab borardi. Bu paytda internetning qariyb 70 foizi ingliz tilidagi ma’lumotlardan tashkil topgan, tarmoqdan o‘zbekcha kontent izlash esa somon ichidan igna qidirish bilan barobar edi.

 

Mediamakondagi o‘zbekcha matnlarga bo‘lgan talabni qondirish, tarmoqni ona tilimizdagi kontent bilan to‘ldirish fikri o‘sha davrlarda tug‘ilgan edi. 2001-yildan ma’lumotlarni elektronlashtirishga kirishdim. 2004-yili esa Ziyouz.com saytini ochdim. Bir yil ichida saytdagi sahifalar soni 1000 dan ortdi. Nufuzli qidiruv tizimlarida o‘zbek tilidagi ma’lumotlar izlanganda, sayt ilk qatorda ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

 

2005-yillarda runetda bir nechta elektron kutubxona faol bo‘lib, rus tilidagi aksar adabiyotlarni topish mumkin edi. Onlayn kitob forumlaridagi muhokama, bahslarda kitobxonlar va mualliflar ishtirok etar, adabiy davralar qizigandan qizir edi. Bizda esa hali aksar ziyolilar internetga kirmas, lekin yosh kitobxonlar virtual olamda faol edi. Nazarimda, o‘sha vaziyatda Ziyouz.com onlayn kutubxonasi tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi.

 

Kitoblarni elektronlashtirish oson yumush emasdi. Nodir kitoblarni topish, ularni sahifama-sahifa skanerdan o‘tkazish, qayta ishlov berish, matnlashtirish, texnik xatolarni tuzatish uchun ko‘p vaqt va mehnat talab qilinar edi. Lekin inson o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullansa, mehnatlari ortida katta maqsadlar yotganini his qilsa, barchasi oson kecharkan.

 

Ma’rifat manzili

 

Ma’lumki, til va adabiyot mudom mushtarak holda rivojlanadi, qo‘sh qanot bo‘lib parvoz qiladi. Onlayn makonda mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz namunalarini taqdim etish ham aksar ijodkorlarimizni mamnun qildi. Ammo bundan 15–20 yil avval internetni bosma adabiyot, an’anaviy jurnalistikaning kushandasi deguvchilar ham ko‘p edi. Asar namunalarining internetda e’lon qilinishi ularning bosma nusxasi bozorini kasod qiladi deb hisoblaydigan noshirlar ham anchagina edi.

 

Yangi avlod mualliflari, zamon taraqqiyoti bilan hamnafas ziyolilar esa aksincha, internetdagi ma’rifatchilikni qo‘llab-quvvatlardi. O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron shaxsiy kutubxonasidagi 30 dan ziyod kitobni menga hadya qilar ekan, o‘zining barcha kitoblarini saytga joylashga ruxsat berganini unutib bo‘ladimi! O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ham kaminaga qo‘ng‘iroq qilib, hikoyalarini joylashga izn bergan, ayrim katta kitoblarini esa portalga keyinroq kiritgan ma’qul ekanini aytgan edi.

 

Dastavval saytda chop etilgan materiallarning necha kishi tomonidan o‘qilgani haqida statistika e’lon qilinardi. Buni qarangki, ayrim uddaburonlar sahifaga kirishlar sonini sun’iy oshirish yo‘llarini ham topishdi. “Falon muallifni buncha odam o‘qibdi, meni esa shuncha!” deb maqtanib ijtimoiy tarmoqlarda yozadigan, saytdagi statistikani adabiy mezon sifatida ko‘radiganlar ham paydo bo‘ldi. Keyinchalik o‘quvchilar statistikasini olib tashladim.

 

Yaratganning marhamati bilan sidqidildan qilingan mehnatlar e’tirof qozona boshladi. Ziyouz.uz portali 2012–2014-yillarda UZ milliy domeni  internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi, 2013-yili o‘tkazilgan “Milliy internet tanlovi” – MIT.Uz`da g‘olib bo‘ldi. Kamina portal muharriri sifatida AQSh, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan ilmiy-adabiy anjumanlarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etdim, ma’ruzalar qildim.

 

Ana shunday ilmiy mashvaratlardan birida Yevrosiyo yozuvchilar uyushmasi raisi Yakup O‘mero‘g‘lu “Ziyouz – turkiy dunyo havas qilgulik adabiy manba. Hali bironta turkiy tilli davlatda bunday ko‘lamdagi sayt yaratilmagan” deya portalimizga yuksak baho bergan edi. Bunday e’tiroflar shunchaki hobbidan hayotiy maslakka aylangan mashg‘ulotimga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undadi.   

 

Ma’nolar maxzani

 

Ma’rifiy portalimizdan 15000 dan ortiq elektron kitob; ilm-fan, adabiyot va tarixga oid 5000 dan ortiq ilmiy-publitsistik material; jadidlar, sovetlar, qayta qurish davri matbuotidan 1500 maqola; 30000 dan ortiq aforizmlar, naqllar, ibratli hikoyatlar; o‘zbek xalq ertaklari (500), maqollari (10000), topishmoqlari; mumtoz va zamonaviy o‘zbek she’riyatidan 1000 ijodkorning 15000 she’ri; o‘zbek nasridan 450 dan ortiq ijodkorning 3000 dan ortiq hikoya, qissa va romanlari; jahon she’riyati bo‘yicha 120 millatga mansub 1300 ijodkor qalamiga mansub 15000 she’r; jahon nasridan 600 dan ziyod ijodkorning 1700 dan ortiq hikoya, qissa va romanlari; 600 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalar o‘rin olgan.

 

Ziyouz.uz portalining ruscha versiyasiga O‘zbekiston adabiyoti, tarixi va madaniyatiga oid 1500, inglizcha versiyasiga 200 ta maqola joylangan. Ayni kunlarda portalga kuniga 30 ming o‘quvchi kirmoqda.

 

Portal o‘zbek adabiyoti va madaniyatini jahonda targ‘ib qilish borasida ham bir qancha amaliy ishlarga hissa qo‘shdi. 2009-yili Ziyouz.uz tahririyati bilan hamkorlikda Xoja Ahmad Yassaviyning yangi topilgan hikmatlari hamda eski hikmatlari yig‘ilib, turk tiliga tarjima qilindi va “Divan-i Hikmet” nomi ostida (doktor Hayati Bije tayyorlagan) Anqarada chop etildi. 520 sahifali ushbu kitob Turkiyada har yili qayta bosilmoqda. Shuningdek, saytimiz bilan hamkorlikda Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Yusuf Hamadoniy asarlari turk tiliga tarjima qilindi, bir qancha ilmiy ishlar yoqlandi.

 

Ziyouz.uz bilan hamkorlikda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida “Ona Vatan ertaklari” nomli kitob o‘zbek va koreys tillarida chop etildi. Sharqiy Turkistonda bir qancha o‘zbek asarlari tarjima qilindi. Jahon adabiyoti asarlari ham o‘zbek tili orqali uyg‘urchaga o‘girildi. Afg‘onistonda ham bir qancha o‘zbek hikoya va qissalari eski o‘zbek lahjasida, arabiy alifboda chop etildi. Shuningdek, jahon adabiyotidan hikoyalar ham o‘zbek tili orqali Afg‘onistondagi o‘zbekzabon o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

 

Saytimiz taqdim etgan bir qancha she’r va hikoyalar 20 dan ortiq tilga tarjima qilinib, 30 ta mamlakatda chop etildi, bayoz – antologiyalarga kiritildi.

 

Muhim ma’lumotlar

 

Mamlakatimizda 1990-yillar boshidan internetning ayrim oddiy imkoniyatlaridan foydalanilgan. 1996-yildan esa butunjahon tarmog‘iga chiqish imkoni tug‘ilgan.

 

UZ domenidagi ilk sayt 1995-yili ochilgan. 2007-yilga kelib, O‘zbekiston milliy domenidagi saytlar soni 5000 taga yetgan. 2022-yil 10-sentabr holatiga ko‘ra, UZ zonasidagi faol domenlar soni 107 191 tani tashkil etmoqda. Milliy domendagi saytlarning 50 foizdan ortiqrog‘i rus tilida faoliyat yuritadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 27,3 million kishidan oshgan. Ularning 25,3 millioni internetdan mobil telefon orqali  foydalanadi. Taqqoslash uchun: mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 2000-yili 7500, 2005-yili 675 000, 2010-yili 6 500 000, 2015-yili 10 200 000 kishini tashkil etgan.

 

 

2022-yil sentabr oyi ma’lumotlariga ko‘ra, butunjahon internetidagi resurslarning 61,3 foizi ingliz, 5,5 foizi rus, 3,9 foizi ispan tilida. O‘zbek tilining ulushi esa 0,1 foizdan kamroqdir. Eng katta elektron ensiklopediya sanalgan Vikipediyada o‘zbek tili maqolalar soni bo‘yicha 55-o‘rinda turadi.

 

Mavjud muammolar

 

Millatning taraqqiyoti uning tili, yozuvi va adabiyotiga bog‘liq ekani sir emas. Internet makonida ona tilimiz maqomini oshirish ham mana shu uch omil bilan aloqadordir. Bu boradagi muammolar va qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarning asosiylarini sanab o‘tsam:

 

1. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarining mukammal emasligi, imlo lug‘atlarida tafovutlarning ko‘pligi. Bu – butun boshli avlodning savodiga ta’sir etadigan darajadagi, darhol hal qilinishi shart bo‘lgan muammodir.

 

2. O‘zbek tili uchun imlo va grammatikani mukammal tekshiradigan onlayn xizmatlarning mavjud emasligi. Tarmoqda alif.uz, matn.uz, savodxon.uz kabi transliteratorlar va imlo tekshirgichlar bor, lekin ular bir qancha cheklovlar bilan ishlaydi. Bunday dasturlar ilmiy-tadqiqot institutlari va dasturchilar bilan hamkorlikda mukammal tarzda ishlab chiqilishi, onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi davr talabidir.

 

3.  O‘zbek tilida chop etilgan asosiy ensiklopediya va lug‘atlarning onlayn bazasi yo‘qligi. Til taraqqiysi uchun bunday manbaning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda foydalanuvchi bir qidirishda ma’lum atamaning turli lug‘at va ensiklopediyalardagi ta’riflarini qiyoslash imkoniga ega bo‘ladi.

 

4. O‘zbek tili bilan bog‘liq bo‘lgan barcha manba va xizmatlarni o‘z ichiga olgan yaxlit onlayn portalning yo‘qligi. Bunda o‘zbek tilidagi asosiy lug‘atlar, ensiklopediyalar, til manbalari bo‘lgan asarlar, matnlar, adabiyotlar, ilmiy jurnallar, grammatika, stilistikaga oid manbalar, maktab darsliklari, testlar, olimpiada materiallari, tilga oid yangiliklar, viktorina va ko‘rik tanlovlar, audio va video mahsulotlar, kutubxona va muzeylarning to‘liq onlayn kataloglari jamlanishi mumkin. Masalan, rus tiliga bag‘ishlangan gramota.ru sayti 2000-yili tashkil etilgan bo‘lib, Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

 

5. O‘zbek adabiyotining boshqa tillarga tarjima qilishda markazlashgan tizim mavjud emasligi. Hozirda ko‘plab o‘zbekcha asarlar xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda. Lekin akademik daraja, yuksak saviyadagi tarjimalar barmoq bilan sanarli. Tarjimalarni baholaydigan ekspertlar guruhi mavjud emas. Nazarimda, jahon kitobxonlari o‘zbek adabiyoti haqida kam biladi. Chunki jahon tillaridagi manbalar juda oz. O‘zbek adabiyotini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, dunyo trendidagi asarlarni tarjima qilish va ommalashtirish uchun davlat ko‘magidagi tarjimonlar jamiyatiga ehtiyoj bor. Yaxshi mukofot jamg‘armasiga ega xalqaro tarjima tanlovlarini tashkil etish orqali ham xorijdagi o‘zbek adabiyotiga qiziquvchi mahoratli muallif va mutarjimlarni kashf etish mumkin.

 

Davronbek TOJIALIYEV,

Ziyouz.uz portali asoschisi

 

“Maʻrifat” gazetasi, 2022-yil 19-oktabr, 41-42-son.

Milliy ma’lumot makoni manzaralarimaqolasi

1 Izoh

Bexruz

12:01 / 01.01.1970

Assalomu aleykum. Olloh sizdan rozi bo'lsin! Bu saytdan juda ko'p foydalanaman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//