Qodiriyni oqlashga undagan Avezov, Oybekka sovg‘a qilingan xarsang, Oripovni sog‘ingan O‘ljas – o‘zbek va qozoq adabiy aloqalari


Saqlash
15:56 / 28.10.2022 1873 0

1

 

Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadigan “Muxtor Avezov adabiy merosi va jahon tamadduni” mavzusida xalqaro anjumanga taklifnoma oldim. 

 

Toshkentdan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Qoldibek Seydanov bilan Olmaotaga uchdik.  Qoldibek og‘ani sirtdan tanir edim. Safarda odamning ichu tashi bilinadi. Juda dilkash, sokin, toza, to‘g‘riso‘z odam ekan domla. Olmaota uchargohida Azamat degan yigit bizni asil qadrdonlardek kutib oldi. Shaharning tog‘ tomoni – Medav tog‘i biqinidagi Royal Tulip mehmonxonasiga joylashdik.

 

Safar salomatlikka ta’sir etadi – betob odam tuzaladi.  “Safar qiling – salomat bo‘lasiz” degan gap hikmatini safar qilganlar o‘z tanasida his etadi. Garchand kuz boshlanib qolgan bo‘lsa ham, Olmaotaning orasta ob-havosi, shaharning fayzi odamning ko‘ngliga orom bag‘ishlaydi. Tog‘, daraxtlar, sarg‘aya boshlagan so‘lim go‘shalar, odamlarning samimiyati,  ulkan miqyosda tashkil etilgan xalqaro anjuman – bari ajoyib...  To‘g‘risi, shundaygina qo‘shnimiz bo‘lgan qozoq tuprog‘iga shu pallagacha oyog‘im yetmaganiga afsus ham qildim. Har ishning o‘z vaqti-nasibasi bo‘larkan-da...

 

Kechqurun shomdan keyin anjuman tashkilotchilaridan biri dosent To‘rali Kidir keldi. Birgalikda shahar markazidagi “Sidiq” oshxonasida ovqatlandik. “Sidiq” – benihoya g‘aroyib, milliy o‘ziga xos va chin ma’noda qozoqlarning milliy oshxonasi. Har kimning e’tiborini tortadigan jihati eshikdan kirish bilanoq yotgan-turgan uchta tuyaning qo‘ng‘ir tusli haykali bor. Bu maskandagi yeyim, ichim, kiyim – hamma narsa  tuya  bilan bog‘liq. Suti qurutilib qo‘yilgan, tuya yungidan to‘qilgan, tikilgan nimcha-yu paypoqlar. Tuya etidan unoshi, qovurilgani ham, ichishga tuya suti, boshqa taomlari ham tuya, tuya, tuya. Oshxona egasining yayloqda besh mingta tuyasi bormish... Bazm, mundayroq haqiqatni aytganda,  jinday qorin g‘ami bilan mashg‘ul bo‘ldik. Dasturxon ustidagi suhbatning gashti bo‘lakcha. To‘rali Qidir fors tilini biladi. Amaliyotini Eronda o‘tagan, turkchasi yaxshi, o‘zbekchasi yomon emas. Ahmad Yassaviy ijodi bilan shug‘ullanadi. Bizdagi Abdurauf Fitratdan tortib Nodirxon Hasangacha  barcha yassaviyshunoslarni biladi, yozgan kitoblaridan boxabar. Adabiyot tariximi yoki zamon adabiyotimi – istalgan bir mavzu muhokamasiga erkin kirisha oladigan juda istarasi issiq va kirishimli yigit. Qozog‘iston Fanlar akademiyasi Muxtor Avozov nomidagi Adabiyot va san’at ilmiy tadqiqot institutida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Bizdagi  bir qancha olimlar bilan hamkorlik, muloqotlari bor.

 

Davrada Qoldibek Seydanov qozoqchalaydi. To‘rali Qidir o‘zbekchalaydi. Qo‘l qo‘lga uzatilsa, til tilga, fikr fikrga ulanadi. Odam odamni anglab quvonadi, quvonib e’zozlaydi. Suhbat asnosida oliy o‘quv yurtlaridagi turkiy xalqlar adabiyoti tarixi bo‘yicha olib boriladigan saboqlarda  ayni millat tilida bo‘lishi ham kerak, degan gap o‘yimda ko‘p aylandi. Bir birovlarimizni bilish va anglash uchun qardosh tillarning tabiatiyu ohangini o‘rganmoq kerak...

 

Gurung orasida Olmaotada istiqomat qiladigan O‘ljas Sulaymonning Muxtor Avezovga bag‘ishlangan xalqaro anjumaniga kelish-kelmasligidan gap ochildi. Mehmonxonaga qaytishda ham bu xabar xayolimdan ketmadi... E-he, O‘ljas Sulaymon... Hayratim oshdi. Xayollandim.

 

2

 

90-yillarning talabalari  – biz uchun O‘ljas Sulaymon mifodam edi. Afsonaviy qahramon, turkiy xalqlar shoni-shuhratini dunyoga olib chiqqan benihoya baland shoir.  “Insoniyat tarixi so‘zlarga muhrlangandir. So‘zlarda insoniyatning butun bilimi, tafakkuri, hayoti mujassam. So‘z insoniyat bosib o‘tgan barcha yo‘llarni xuddi mayoq singari yoritib turadi...”. So‘zi o‘tkir, so‘zga muhabbatli O‘ljas Sulaymon gapi bu. O‘zbek tilida nashr bo‘lgan “Aylanayin” to‘plamini hali hanuz qunt bilan o‘qiyman:

 

“...Aylanayin sendan,

Zamin – onajon!

Bag‘ring dog‘lanmishdir bu kun shunchalik,

hech kim tushunolmas seni menchalik –

dardlaringni olay,

bo‘lma g‘amga g‘arq,

kezgum yo‘llaringda

mudom urib charx…”

 

Ona Zamin dardini, g‘amini, tili va dilini shoirlar tushunadi. O‘ljas Sulaymon geolog o‘laroq Ona Zaminni ikki karra chuqur angladi, his etdi. “Qoyilmisan insonga, zamin!” dostoni   ezgulik yo‘lida, insonlararo do‘stona munosabat, dunyoni parchalamaslik, dunyo xalqlarini bir butun ko‘rish orzusida bitilgan dil so‘zlaridir.

 

“Odamlar,

Koinot grajdanlari,

Fazo mehmonlari,

Yer xo‘jalari,

Qalb bilan,

Qalb bilan,

Qalb bilan yashang...”

 

Shoirning undovi shunday. Har qanday  inson ma’naviy darajasi qalbidan bilinadi. Go‘zal qalb egalari tezda o‘zaro til topishadi. Zero, Yerning holiga boqish, uni avaylab-asrash, yer bilan ehtiyotkor muloqot, yerning orastaligini saqlash  – bu bitta xalq yoki bitta qavmning ishi emas, bu umuminsoniyat zimmasidagi mas’uliyat va burch. Garchand inson o‘z tafakkuri quvvati bilan Yer sharidan tashqarida, turli samoviy tajribalar o‘tkazayotgan bo‘lsa ham, baribir odam tuproqqa qaytadi; uning abadiy qo‘nim topadigan joyi tuprog‘idir. “Asling bilsang obu gil, yana gilga qaytar-o” (Yassaviy). Shoir dostonida hayrat, hayajon va hissiyotlarini  badiiy talqin qilar ekan, o‘z yoshini, ta’lim-tahsilini, turmush tarzini fazogir tengdoshi bilan taqqoslaydi: “Yosh... Yigirma yettida...” Yoshimiz-ku teng, Ammo unga men teng bo‘lolamanmi?!” O‘ylanadi va ikkinchi inson o‘laroq o‘zi ham koinot kengliklarida parvoz qila olishiga ishonadi. Darhaqiqat, shunday yuksak bir parvozni O‘ljas Sulaymon qozoq she’riyatida osmonida namoyon qildi... Shoirlar kosmik kemalarsiz ham o‘z o‘y-xayollari bilan cheksiz samolarga uchadilar, tafakkur va tasavvur  kengliklarida parvoz qiladilar.

 

O‘ljas Sulaymon xotiralarida yozadi: “Yoshligimda bir haftada bitta doston yozardim. “Qoyilmisan insonga, Zamin!” dostonim ham, bor-yo‘g‘i, bir haftada yozilgan. Men davr buyurtmasini bajardim. Keyin Yuriy Gagarin bilan uchrashdim. Dunyoning barcha mamlakatlari minbarlarida, AQSHda, Kubada, Venesuelada, Londonda, Parijda ushbu dostonimni yoddan o‘qiy boshladim”. Shu zaylda O‘ljas Sulaymonning jahon adabiy kechimidagi baland parvozlari boshlangan edi. Dostonni o‘zbek o‘quvchilari shoir Usmon Azim tarjimasida o‘qidi.

 

“Bahoring,

To‘foning,

Vahimang bilan

Seni sevaman, hayot!..”

 

O‘ljas og‘aning yozgan she’ru dostonlari qog‘oz-varaqa shaklida Olmaota  shahari ustidan uchoqlarda sochilgani ham ayni haqiqat.

 

To‘g‘risi, xalqaro anjumanga O‘ljas Sulaymonning kelish xabarini eshitib shunday bir olam o‘ylarga xayolimdan kechdi.

 

3

 

Yaxshi o‘ylar bilan uyquga ketibman. Tushimga bir lahza O‘ljas og‘a kiribdi. She’r o‘qiyotganmish “Aylanayin Ona Zamin, Aylanayin Ona yer...” Uning ovoziga jo‘r bo‘layotganim bir mahal uyg‘onib ketdim. Tong oqara boshlabdi. Ha, bugun anjumanda “Abdulla Qodiriy va Muxtor Avezov” haqida so‘zlashim kerak. Bo‘lajak ma’ruza tezislarini ko‘zdan kechira boshladim.

 

A) Muxtor Avezov adabiyot bilimdoni edi. Eng qaltis zamonlarda qardosh turkiy xalqlar adabiyotining himoyachisi sifatida maydonga chiqdi. Xususan, qirg‘iz xalqining “Manas” eposi himoyasida jasorat ko‘rsatganini Chingiz Aytmatov bilan Muxtor Shoxonovlar tomonidan yozilgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobidan o‘qidim. “Manas”ga hujum bo‘lganida Muxtor Avezov jonini o‘rtaga qo‘yib “Qirg‘iz xalqining hayotidan “Manas” yulib olinsa, butun xalqning tilini kesib olgan bo‘lamiz” degan genial fikrni aytadi (Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov. “Cho‘qqida  qolgan ovchining ohi-zori”. “Sharq” nashriyot-matbaa konserni bosh tahririyati Toshkent. 1998 yil. 62-63-betlar). “Manas”ni avaylab, saqlab qolishda Muxtor Avezov tarixiy bir xizmat qildi. Shu bilan birga XX asrning 50-yillari o‘rtalarida sobiq Ittifoq tepasida o‘tirgan millatparvarlar qotili harom qotganidan keyin Abdulla Qodiriyni oqlash masalasini ham birinchilardan bo‘lib Muxtor Avezov ko‘tarib chiqadi. Bu to‘g‘rida ulkan o‘zbek adabiyoti nazariyotchisi Izzat Sultonga maslahat beradi. Izzat Sultonov yozadi: “Abdulla Qodiriyni oqlash masalasini birinchi bo‘lib Moskvada Muxtor Avezov ko‘targan edi. Bu satrlarning muallifi bilan suhbatda Avezov bu ishni nimadan boshlash haqida ham yaxshi maslahat bergan edi: “Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanida Rossiyaning Sharqqa nisbatan progressiv rol o‘ynaganini birinchi bo‘lib ko‘rsatdi: Otabekning Shamayga sayohati haqidagi hikoyasida bu fikr yaxshi ifoda etilgan. Qodiriyni reabilitasiya uchun harakat boshlang va mana shuni dastak qilib oling”. Bu so‘zlar aytilgan mahalda Rossiyaning Sharqqa nisbatan ijobiy roli har jihatdan bo‘rttirib ko‘rsatilar edi va shu sababli reabilitasiyaning muvaffaqiyati uchun ishni Qodiriyning xizmatini namoyish etishdan boshlash u vaqtdagi murakkab sharoitda ishning muvaffaqiyatini ta’minlovchi faktor bo‘lib qoldi” (Sultonov I. Ulkan adib saboqlari // Jahon adabiyoti. -1997. -№ 2. 166-bet). O‘ziga ustoz bilan adib qismati uchun qayg‘urish, uning nomi va asarlarini oqlash borasida kuyinib yo‘l ko‘rsatishdagi Muxtor Avezovning jonbozligi va jasorati unutilmasdir...

 

B) Nosir Fozilov Muxtor Avezovning “Kim aybdor?” hikoyasini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Bunday savolli asarlar, millatning ma’naviy hayotiga tegishli voqeliklarning qalamga olinishi o‘zbek va qozoq jadidlari ijodiga xos edi. Darhaqiqat, Muxtor Avezov ijodining ilk davri qaysidir ma’noda jadidchilik harakati bilan bog‘liq. Uning ilk hikoyalarida jadidona kayfiyat seziladi. “Kim aybdor” – bu hikoyada millatning ma’naviy, madaniy holatini, inson erki masalasini badiiy talqin qiladi adib. Hikoyadagi oddiy qozoq ovuli va undagi an’anaviy urf-odatlar: mehmondorchilik, qiz uzatish, kelin-kuyov ko‘rishuvlari, ota-onaning orzu-niyatlari va farzandlarning yangicha fikrlashga boshlashlari, muhimi, pokiza insonlar qalbidagi duri bebaho bo‘lgan mehmon tuyg‘u – ishq-muhabbat kechinmalari kabi jarayonlar tasvirlanadi. Hikoyada berilgan ikki yosh yurak – Aziza bilan Islomning qismati odamni o‘yga toldiradi. Hikoya o‘quvchisi Aziza fojeasi uchun “kim aybdor” degan savolni qo‘yadi. O‘zicha muhokamalar qiladi. Shunda har qanday odamning orzu-umidlari ro‘yobi – bu inson uchun juda ulkan ne’mat ekaniga amin bo‘ladi. Bunday fojeaviy sahna Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasida ham mavjud. Garchand asar qahramonlari Solih bilan Rahimaning  nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham, ular saodatli umr kechira olmaydi. Qarzga botishadi. Millat uchun to‘y-hashamlardagi o‘z moddiy boyligini elga ko‘z-ko‘z qilishdek bir ma’naviy maraz ikki yoshning hayotiga nuqta qo‘yadi. Drama voqeligi qarzga botgan kuyov va kelin hayotining fojeaviy sahnasida tuganchiga yetadi. Abdulla Qodiriy “To‘y” she’rida yozadi:

 

“Mundayin ishlar shar’imizda yo‘q,

Kori ma’jus, kori shayton to‘y...

O‘tsa to‘y birla yozu qishimiz,

Aylagay bizni yerg‘a yakson to‘y”.

 

O‘zbek va qozoq millatidagi to‘y bilan bog‘liq bunday holatlar, ortiqcha isrofgarchiliklar jadidlarni bezovta qildi. Bu mavzu hayotga boqib esi kirgan odam uchun bugun ham eskirgan emas, menimcha...

 

C) O‘zbek adabiyoti tarixida, xususan, o‘zbek romanining maydonga kelishida Abdulla Qodiriy juda muhim tarixiy missiyani bajardi. “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”dek cho‘ng romanlari orqali o‘zbeklar tarixini, urf-odatlarini, ijtimoiy va oilaviy muhitini tasvirladi. Mening tasavvurim bo‘yicha, qozoq adabiyoti tarixida, xususan, qozoq adabiyotida tarixiy roman janri taraqqiyotida, qozoqlar hayotining qomusiy manzaralarini namoyon etishda Abay Qo‘nonboy o‘g‘li umr yo‘lini vosita qilaroq xuddi shunday tarixiy missiyani mutafakkir san’atkor adib Muxtor Avezov bajardi. Har ikki adibning ijodiy merosi bir sidra ko‘zdan kechiriladigan bo‘lsa, ular orasidagi mushtaraklik, fikriy uyg‘unlik, badiiy asarlarining yuzaga kelishdagi evolyusion holat – bu singari qator ilmiy-nazariy omillari biri-biriga juda o‘xshaydi. Darhaqiqat, har ikki adibni maydonga chiqargan tarixiy bir muhitni tasavvur qiling; tarixiy davr – jadidchilik harakatining avj pardasiga mingan bir zamonda bu ikki ijodkor adabiyot maydoniga kirib keldi. O‘zbek jadid adabiyotida nasriy asarlari bilan ulkan o‘rin tutgan Abdulla Qodiriy avval bir nechta she’rlar mashq qildi. Keyin hikoyalar, dramatik asarlar va nihoyat tarixiy romanlar yozdi. Bunday tadrij M.Avezov ijodiga ham xos.

 

D) E’tibor berilsa, har ikki adib va ularning qahramonlari yangilikka intildi. Savdogar o‘laroq dunyo kezgan, Semipalantinskka tijorat ishlari bilan borgan “O‘tkan kunlar” romani bosh qahramoni Otabek qaysidir ma’noda ijtimoiy-siyosiy, ma’muriy muhitdagi yangilanishlar tarafdori edi. Romanning boshlaridagi bir epizodda Otabek majlis ahliga Shamay (Semipalatinsk) taassurotlarini quyidagi tarzda so‘zlab beradi “Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘imizni ko‘rib; boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, – dedi bek, – lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning idora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda “hayya alalfalah” xitobini kim eshitar edi” (Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar” romani. Toshkent. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa uyi. 1995 yil. 23-bet).  Otabekning taassurotlari  bayonida qiyos, havas va armon bor. “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga o‘girgan amerikalik tarjimon Mark Riz bu obraz haqidagi tushunchasini: “Aniqki, Otabek – jadid... Otabek – bu Abdulla Qodiriy va uning dunyoga munosabati”, degan tarzda bayon qiladi. Abdulla Qodiriyning dunyoga munosabatida jadidona kayfiyat mujassam edi. Taassufki, yangilik tarafdori bo‘lgan Otabekning orzu-umidlari o‘y-xayolligicha qoladi.

 

E) Yana bir muhim mulohaza – Otabek tijorat bilan borgan Shamay (Semipalatinsk) da Muxtor Avezov tavallud topadi, o‘qiydi. Bu joy Abayga ham begona emas... Qarang, Abdulla Qodiriy ham o‘z qahramonini bejiz ushbu nisbatan zamonaviy taraqqiy etgan makonga safar qildirgan emas. Bunda qandaydir sirli, ichki va izohlash qiyin bo‘lgan ma’naviy robitalar bor, deb o‘ylayman.

 

Darhaqiqat, o‘zbek va qozoq xalqlari olis tarixdan to hozirga dovur yaqin qo‘shni, qon-qardosh, quda-anda bo‘lib istiqomat qilishadi. Bu ikki millatning tarixi, madaniyati, folklori, adabiyoti o‘zaro yaqin va gohida biri ikkinchisini to‘ldiradi. XX asr tongoratiga nazar tashlansa, o‘zbek jadid adabiyoti bilan qozoq jadid adabiyoti o‘rtasida ham mushtarak jihatlar borligi, badiiy ijodda, xususan, Behbudiy, Abdulla Avloniy va Abay ijodidagi yangilanish hamda axloqiy konsepsiyalar, she’riyatda Abdulhamid Cho‘lpon ko‘ngli bilan Mag‘jon Jumaboyning erk, ozodlik, hurriyat borasidagi dardu alamlari, mustamlakachilardan qutilish ilinjida yozgan bitiklari biri ikkinchisini taqazo qiladi.

 

“Turkiston – ikki dunyo eshigidir,

Turkiston – mard turkiylar beshigidir” (Mag‘jon Jumaboy).

 

Darhaqiqat, alloma adiblar adabiy bisotida shunday durdonalar bo‘ladiki, ular nafaqat bitta xalq adabiyoti xirmoniga, balki insoniyat badiiy tafakkuriga, jahon adabiyoti xazinasiga bebaho yombi-javohir o‘laroq qo‘shiladi. Ayni damda bu toifa badiiy asar egalarining hamma zamonlarda ma’rifattalab o‘quvchilar e’tiborini ohangrabodek o‘ziga tortib turadigan go‘zal insoniy fazilatlari ham bo‘ladi. Abdulla Qodiriy va Muxtor Avezovlarning betakror shaxsiyati  shunday bezakli edi...

 

4

 

Erta bilan ana shu ma’ruza tezislarini ko‘zdan kechirgach, Qoldibek og‘a bilan nonushta qildik. So‘ngra mashinalarga o‘tirib, shaharning Rayimbek ko‘chasi qo‘yimgohida mangu qaror topgan Muxtor Avezov qabri ziyoratiga – mozorboshiga borildi. Ziyoratchilar orasida xorijdan kelgan mehmonlar, Muxtor Avezov nomidagi adabiyot va san’at instituti direktori Kenjaxon  Matijonov, Xalqaro Turk akademiyasidan Asxat Kesikboyev, Aqadil Toyshan, taniqli qozoq aktyor Aydo‘st Bektemir, Muxtor Avezov o‘g‘li Murod og‘a, Gollandiyadan kelgan Muxtor Avezov nabirasi, yana bir qancha katta-kichik ziyolilar, muxlislar. An’anaviy urfga ko‘ra gul qo‘yiladi mozorga, balki bir daqiqa sukut saqlanar, yo ta’zimga bosh egilarmikin, degan o‘y bilan qabrlar oralab bordim. Kimdir o‘tganlar ruhiga Qur’on baxshida etish lozimligini aytdi. Qoldibek Seydanov  “Mana, Bahodir tilovat qiladi”, dedi. Ichimda shu istak yo‘q emas edi. “Baqara”ning boshidan, so‘ngra “Ixlos”ni davom ettirib tilovat qildim. Qoldibek og‘a duo etdi. “Muxtor og‘aning ruhi shod bo‘lsin”...

 

Endi ilmiy-tadqiqot institut yaqinidagi “Do‘stlik uyi” ning anjumanlar zalida yig‘in boshlanishi kerak. Kazo-kazolar, rasmiy hukumat vakillari, yoshi ulug‘lar. Bizga ajratilgan joy nisbatan poygak – eshikdan kiraverishda. Mening chap yonimdan Chimkentdagi “Muxtorshunoslik” ilmiy tadqiqot markazi dosenti Oqjo‘l Qalshabek. Jiddiy olim ko‘rindi. Ma’ruzasi ham shiddatli, dalillarga boyligi bilan e’tiborni tortdi. Menga Aybayning “Kitobi tasdiq” asarini sovg‘a qildi. Shoirning ushbu qisqa kitobi men uchun yangilik. O‘qib ko‘rdim. Tushunarli. Tarjima etishni niyat qilib qo‘ydim. O‘ng tomonimda ozarbayjonlik adabiyotshunos olim Nizomiy Memedov. Turkiy xalqlar adabiyoti bilan jiddiy shug‘ullangan.  Ozarbayjon tilida “Qoraqalpoq adabiyoti tarixi”, “Qorachoy adabiyoti tarixi”, “Elchining “Bosh” romani struktur-funksional tahlili” va shu kabi ko‘plab asarlar muallifi. Shoirligi ham bor ekan. Juda samimiy bu olim sovg‘a uchun bir dunyo kitoblar olib kelibdi. Undan keyingi o‘rindiqda  koreyalik Kim Byon Xak – bu tarjimon-adib tabrik ma’nosida o‘rischa juda qisqa so‘zladi. Keyin nima uchundir tashqari chiqdi. Joyi bo‘shab qoldi... Men uchun esa mifodam O‘ljas Sulayman qiziq. Qani u? Uning joyi qani? Qarayman, izlayman, yozuvga ko‘zim tushdi – joyi nisbatan teparoqda edi. Ammo o‘zidan darak yo‘q. O‘rindig‘i bo‘sh. Institut direktori Kenjaxon Matijonov izma-iz so‘zlar berib anjumanni boshqarib bormoqda... Shoir o‘rniga anjuman tashkilotchilari aktyor Aydo‘st Bektemirni o‘tqazishdi. Ertalab qabr ziyoratga ham borgan bu basavlat aktyor qozoqlar orasida  “Abay” filmidagi rollari bilan mashhur.

 

Anjuman shu zaylda davom etmoqda. O‘ljas og‘a ko‘rinmaydi. Xayol, orzu, umidlar puchga chiqdimi?... To‘rali Qidirning ishi ko‘p, bunday mahali tashkilotchilar chopqillab, yugirib yurishadi. Undan O‘ljas Sulaymonni so‘rab bo‘larmidi? Kechagi gap haqiqati qani axir, deb bo‘ladimi? So‘z professor Qoldibek Seydanovga berildi, Muxtor Avezov ijodining Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni, adib ijodining Toshkent davri haqida xotiralar bilan uyg‘un fikrlarini bayon qila boshladi domla. Ma’ruzadan maroqlanib chalg‘ibman. Ayni mahal majlis ahlida bir g‘imirlash sezildi. Zal qalqidi. O‘ng tarafimga qarasam, mendan bir o‘rindiq nariga mifodam O‘ljas Sulaymon kelib o‘tiribdi. Kechikkani uchun uzr so‘radi. Yig‘in ahlidagi bezovtalik shundan... Nahotki?! Shoirning ism-familiyasi yozilgan qattiq qog‘oz keltirib qo‘yildi oldiga. Qoldibek og‘a so‘zini tugallab, Toshkentdan olib kelgan “Adiblar xiyoboni” kitobini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushma raisi Sirojiddin Sayid nomidan O‘ljas Sulaymonga taqdim etdi. Yig‘ilish raisi davraga O‘ljas Sulaymon kelib qo‘shilganini e’lon qiliboq shoirga so‘z berdi. O‘ljas og‘a gapini qozoqcha boshlab, majlis ahlidan ruxsat so‘rab ruschaga o‘tdi. Dona-dona, aqlli, dono so‘zlar so‘zladi. Ba’zan gaplariga ijtimoiy tanqid aralashdi. Muxtor Avezovning olamshumul xizmatlarini ta’rifladi. Qozoq adabiyotidagi barcha yangi adabiy janrlar, qozoq teatri, xalq og‘zaki ijodining turli qirralari, qozoq adabiyotshunosligi, tanqidchiligi – barcha-barchasi qay darajadadir Muxtor Avezov nomi bilan bog‘liq. O‘ljas og‘a o‘zining dastlabki she’rlari haqida Muxtor og‘a yaxshi fikrlar aytganini esladi. Ulug‘ adib ishlarini o‘g‘li Murod Avezov haqiqatgo‘ylik fazilatlari bilan davom ettirayotganiga urg‘u berdi. “Bu yosh yigit, senatorlar orasida g‘ayrat bilan ishlab yuribdi”, degan ma’nodagi so‘zlari majlis ahlida kulgi ko‘tardi. Chunki Murod Avezovning yoshi saksonda. O‘ljas Sulaymon gap orasi akademiya tizimining qadri, ziyolilar mavqei, ilm-fan va kitob ahamiyatiga to‘xtaldi. Shunday o‘rinlarda O‘ljas og‘aning ma’naviy qiyofasi, jasorati, o‘ziga xos fikr olami aniq sezildi. Sherning keksargani ham sherdir...

 

Yonma-yon o‘tirganimiz uchun gapini tugatgach, yaxshi gaplar aytgani bilan tabriklab o‘zimni tanishtirdim. O‘ljas Sulaymon haligi “Adiblar xiyoboni”ni qo‘liga olib, asta varaqladi. Suvratlarini ko‘zdan kechira boshladi. N.Mammedov ish bilan tashqari chiqayotib, mening shoirga qiziqishimni sezgani uchun o‘z o‘rnini ko‘rsatib, surilish ishorasini qildi. Surildim. Kitob va xiyobon haqida pichirlab O‘ljas og‘aga ayrim ma’lumotlarni aytdim, izohlar berib turdim. Varaqladi. “Adiblar xiyoboni”ning Abdulla Oripov sahifasida to‘xtab, shoirning tikbo‘y rasmiga qarab ancha tikilib o‘tirdi... Shunda O‘ljas og‘aning: “Abdulla Oripov, Erkin Vohidov bilan qalin edim”, degan e’tirofini esladim. Ko‘zim qiri bilan qarab o‘tiribman – O‘ljas og‘a kitobni oxirigacha bir-bir ochib, hatto oxirgi betidagi qancha nusxada bosilgan rasmiy xatlarigacha nazar soldi. So‘ng kitobni yopdi. Anjuman davom etar, biroq ma’ruzachilarning ko‘p gapi qulog‘imga kirmasdi. Fikru zikrim O‘ljas og‘ada, harakatida, ko‘zqarashlarida, kulishlarida, qiyofasida – mifning reallashuvida edi. Oradan bir soatlar vaqt o‘tdi. Bir qarasam, sovg‘a qilingan bir nechta kitobni ustma-ust taxlab, turib ketishga shaylandi shoir. Shundoq eshik oldida edi joyimiz. Shoir qimirlagan zahoti, o‘rnimdan turib eshikka qarab yurdim. Eshikdan chiqqan mahali qayta ko‘rishib, Toshkentdagi muxlislari salomini yetkazdim. Sovg‘alar olib borgan edim. Dovdiradim. O‘zbek do‘ppisi eng ma’qul hadya. Do‘ppining buklamini yoyib og‘aning boshiga kiydirdim: “Boshingiz omon bo‘lsin, O‘ljas og‘a...”. Mayin jimlaydi. Tashakkur aytdi. Quvondi. Yonma-yon birga rasmga tushdik. Asta-sekin izdihom uning tegrasini o‘ray boshladi. Yordamchilari, sheriklari, muxlislari keldi. Savol-javoblar, hol-ahvol so‘rashishlar, suvratga tushishlar boshlandi. Har kim unga talpinadi. Odamlardan nisbatan xoli bir chetda shoir uchun bir piyola choy va tamaddi qilishiga imkon izlab topishdi yonidagi yordamchilari. Bunday vaziyatda bezovta qilish noqulay. Ichkari kirdim, anjuman davom etardi. Ammo fikru xayolim O‘ljas Sulaymonda.

 

Sovg‘a kitoblarim orasidan O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan nashr bo‘lgan “Jadidlar” turkumidagi sakkizta kitob jamlanmasini qo‘lga olib qayta tashqari chiqdim. Tamaddidan keyin  O‘ljas og‘a ikkinchi qavatdan pastga tushiladigan zinani mo‘ljallab kela boshladi. Yonidagi sherik, tansoqchilaridan izn so‘rab, ularga kitoblar jamlanmasini ko‘rsatib yana realashgan mifodam – O‘ljas og‘a ro‘parasida paydo bo‘ldim. Sovg‘a tutqazdim. Kitoblarni mamnuniyat bilan qo‘liga oldi: “Jadidizm, jadidlar, ha, da...”. Bunda quvonch ham, hayrat va tashakkuri ham bor edi. So‘ngra suvratkash ishorasi bilan kitoblar jamlanmasini qo‘lda tutib rasmga tushdik. Shu asnoda bir oz suhbatimiz qovushdi. O‘zbek tilidagi “Aylanayin” she’rlar kitobidan so‘z ochdim. Aytmoqchi, o‘tgan asrning 80-yillarida chop etilgan shoirning “Az i Ya” asari katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ammo yuz ming adadda bosilgan mazkur kitob do‘konlardan, kutubxonalardan yig‘ishtirib olinadi. Mustabid davr saltanatining rasmiy doiralarida bu nashr mafkuraga qarshi ruhda yozilgan kitob sifatida qattiq qoralanadi. O‘z vaqtida ana shu “Az i Ya”ni o‘qiganimni aytdim. Kitobidan o‘qib olganim – “to‘qsoba”, “to‘rtoba”, “turd”, “kochevnik” kabi bir qancha so‘zlar va ularning etimologiyasiga o‘z saboqlarimda qayta-qayta murojaat qilishimni gapirganimda shoir xursand bo‘ldi.  “Sho‘layba, jaqsi, jaqsi...” dedi qozoqchasiga... “Bir tomchi suv butun dengiz haqida ma’lumot bera olgani singari bitta so‘z butun bir xalq haqida ma’lumot berish qudratiga ega. So‘z, u qozoqchami, o‘zbekchami, shumerlardan, sanskrit tillaridan qolgan so‘zmi, paleolit, neolit davridan yoxud ibtidoiy jamoa tuzumidan qolgan ming asrlik so‘zmi, ular barchasi bugungi kungacha yashab kelmoqda va har bitta so‘zning zamirida butun xalqning tarixi, madaniyati, ma’naviyati yashab kelmoqda...”. O‘ljas Sulaymon hikmati bu. Shoir zamin bag‘rini tilimlab ma’dan izlamadi. U muhtasham matnlar ichidan turkiy so‘z izladi va topdi. To‘g‘risi, odamlar izdihomida bular xususida bafurja gaplashish imkonsiz. Ortiqcha bezovta qilish – adabdan emas... “Jadidlar”ni ortida ergashgan  yordamchilariga berdi. Shu zaylda O‘ljas Sulaymon bilan xayrlashdik. U ketdi. Butun anjuman fayzni o‘zi bilan olib ketgandek bo‘ldi. Yo menga shunday tuyuldimikin?..

 

5

 

O‘zbek-qozoq adabiy aloqalari, olis va yaqin tarixi va bugun – o‘ylash, o‘rganish, taqqos va tadqiq uchun muhtasham adabiy maydon. Bunda ulkan adabiy shaxslar va ularning bebaho asarlari bor. Deylik, Oybek, Gʻafur Gʻulom bilan Muxtor Avezov va Sobit Muqonovlar, undan keyingi adabiy avlodlar do‘stligi – bularning o‘zi bir olam. Olmaotaga borib tog‘larini tomosha qilgan va ulkan bir qoyaga tikilib qolgan Oybekka Sobit Muqonovning sovg‘asi bag‘oyat g‘aroyib. Bahaybat toshni sovg‘a qiladi. Oybek mamnun bo‘ladi. “Tez orada Oybek Toshkentga qaytib ketadi. Sobit esa keyin o‘sha xarsang yoniga bitta toshtaroshni yollab boradi. Xarsang toshga hech o‘chmaydigan so‘zlar yoziladi: “Bu silliq toshni men Muso Oybekka sovg‘a qildim. Sobit Muqonuli. 1962 y. 3.VI” (“Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” kitobidan). Bu avlod ijodkorlari orasidagi og‘a-inilik, do‘st-birodarlik va yaqin o‘tmishdagi sermahsul adabiy hamkorlik bugun qanchalar ma’rifiy zarurat va ma’naviy ehtiyoj ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Shaxsan men yoshim ellikdan oshib, hali shu kunga dovur ko‘ngilyorar birorta o‘zimga tengqur qozoq, qirg‘iz yoki turkman millatiga mansub adabiyotshunos jo‘ram yo‘qligidan afsuslanib yuraman... Aslida ulug‘lar hayotida ham, ijodida ham, do‘stligi va hamkorligida ham ulkan saboqlar bo‘ladi. Olingan saboqni hayotga tatbiq etmoq kerak.

 

O‘ljas Sulaymon bilan suhbat va estalik uchun tushilgan suvratlar Olmaota safaridan ulkan o‘chmas xotira. Hali bu hollarni ko‘p eslasam kerak. Olmaotaga O‘ljas Sulaymonni ko‘rish uchun atay borish lozim aslida. Odam hovliqib bosar-tusarini bilmay qolsa, keksalar tavsiyasiga ko‘ra mozorga bormoq kerak. O‘tkinchi bu dunyo va boqiy u dunyo esga olinadi. Agar odamning ko‘ngli cho‘ksa, donolar tavsiyasiga ko‘ra daryoga bormoq kerak. Uning oqini, tirikligi, cho‘ngqirligi, mavjlari inson qalbiga ko‘chadi. Shunga monand o‘yladim: ko‘ngli cho‘kkan odam ulug‘lar ziyoratiga borishi lozim. Deylik, sakson olti yoshida ham fikri tiniq, nazari o‘tkir, so‘zi baland O‘ljas Sulaymondek ulkan olimlarni ko‘rish, qalb daryo bu alloma insonlar ruhida quvvat olmog‘i kerak. O‘ljas Sulaymonda kuch-quvvat, ruhiy ozuqa, madad, sobit nuqtai nazar bor. Uning darajasi Chingiz Aytmatovdan kam emas. Chingiz Aytmatovning ham o‘z vaqtida Muxtor Avezov qo‘llab quvvatladi. O‘ljas Sulaymon o‘z nutqida buni ham aytdi.

 

“Do‘stlik uyi” yaqinida Muxtor Avezovning uy-muzeyi bor. Adib hovlisi, anjomlari, ish stoli, kitoblari, qo‘lyozmalari har kim uchun qiziq.

 

Anjuman kechqurun bir piyola choy ustida tuganchiga yetdi. Taassurotlar so‘zlandi, rahmatlar va ashulalar aytildi. Xalq artisti Savlash opaning tiniq ovozi olamni tutdi.

 

Aktyor Aydo‘st Bektemirning salobatli nutqida “Yoshim shu yerga yetguncha yaxshi yashadimmi, yomon yashadimmi, har qalay yashab keldim, umrimning ko‘pi ketib, ozi qoldi, boshimdan ne-ne savdolar kechmadi: olishdim, yulishdim, aytishdim, tortishdim – xullas, boshga tushganini tortib keldim. Mana endi yoshim qaytib, qaridim, horidim, hamma qilib yurgan ishlarimda ma’no yo‘qligini, hammasi shunchaki bir gap ekanligini ko‘rdim, bildim. Xo‘sh, endi qolgan umrimni qanday qilib o‘tkazsam ekan? Mana shunisiga o‘zim ham hayronman...” degan Abayning “Nasihatlari” boshidagi “Birinchi so‘zi”ni yod o‘qiy boshladi. Keyin she’riga o‘tdi; davra ahli Abaydan o‘qilganlarga qo‘shilib o‘tirdi.

 

Qaradim, izladim. Kechki bazmda O‘ljas Sulaymon ko‘rinmadi. Biroq Olmaota mening xayolimga O‘ljas Sulaymon siymosi bo‘lib muhrlandi.

 

Olmaota safari Muxtor Avezovning ma’naviy qiyofasi, nafasi, o‘nlab jildlarga jamlangan asarlari, qozoqlarning adibga mehr-muhabbati bo‘lib esimda qoldi. Qozoq xalqi madaniyati, adabiyoti uchun Abay naqadar ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa, Muxtor Avezov ham ayni oqin xizmatini qildi. Abay mavzusi Muxtor Avezovga bir umr hamroh bo‘ldi.

 

“O‘ldi deyish mumkinmi, aytinglar-chi,

O‘lmaydigan ortidan so‘z qoldirsa...”

 

Muxtor Avezov qabri yonida Abayning shu bayti yozilgan. Zotan, Abayning o‘zi ham, Muxtor Avezov va bugun sakson olti yoshga kirgan O‘ljas Sulaymondek allomalar ham so‘zlari o‘lmaydigan adiblar toifasiga mansubdir.

 

Bahodir KARIM,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//