Misr, Bolqon, Kavkaz... – Chiyal yaxnisi yana qay yurtlarga yetib borgan?


Saqlash
17:52 / 25.10.2022 1670 0

Chiyal bozori – ilgari Qashqadaryoning Chiroqchi, hozir esa yaqinda tashkil etilgan Ko‘kdala tumani hududida joylashgan bozor. Uning qachon paydo bo‘lgani ma’lum emas, ammo yoshi asrlar bilan o‘lchanishi, dashtda barpo etilgan qadim bozorlardan biri ekani aniq. Har holda, sovet davrida ancha mashhur edi, qashqadaryoliklar ba’zan mubolag‘a bilan “jahon bozori” ham deb atashini eshitganman.

 

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida yozuvchi Yevgeniy Berezikov “Sharq yulduzi”, “Правда Востока” jurnallarida “Chiyal bozori” sarlavhali kattagina maqola ham e’lon qilgan. Ammo bu bitik bozor haqida emas, balki bir paytlar faqat Chiyalda tayyorlangan, o‘ziga xos brend taom bo‘lmish YAXNI haqida.

 

Kamina bu bozorda bundan o‘ttiz yilcha oldin bo‘lgan. O‘shanda Chiyalga biz narsa xarid qilish uchun emas, balki aynan yaxni yeyish uchun atay Yakkabog‘dan borganmiz. Bu taom menga shu qadar lazzatli tuyulganki, keyinchalik ham eslaganda tamshanib yurganman, uzoq vaqt qaynatib pishirilgan, nihoyatda yumshoq, hilviragan qo‘y eti go‘yoki og‘zingizda erib ketadi. Xo‘sh, nega bu yemak aynan yaxni deb ataladi?

 

Bir qarashda “yaxni” – fors-tojikcha “muz” ma’nosidagi “yax” o‘zagidan yasalganday. “Muzday ichimlik” ma’nosida “yaxna ichimlik” deymiz yoki shevada “muzlatmoq”, “sovitmoq” fe’li o‘rnida “yaxlatmoq” ishlatiladi. “Yaxday” (“muzday”) deganda ham tojikcha o‘sha “yax”ni qo‘llaymiz. Shu bois YAXNIni ham hozir ba’zi tilbuzarlar tomonidan YAXNA deb noto‘g‘ri yozish va talaffuz qilish avjiga chiqqan.

 

Yaxni – issiq ovqat, uning muz, yaxga mutlaqo aloqasi yo‘q. Abadiyotda biz bu so‘zga XIV asrda yashagan xorazmlik shoir va tarjimon Sayfi Saroyining (1321–1398) “Gulistoni bit-turkiy” asarida duch kelamiz. Atoqli olim Ergash Fozilov “Starouzbekskiy yazыk. Xorezmiyskie pamyatniki XIV veka” lug‘atida “yaxnы” so‘zini “myasnoe blyudo”, ya’ni “go‘shtli yemak” deb izohlab, unga Sayfi Saroyining mazkur asaridan ushbu misolni keltiradi: “Әy yār-i 'aziz bir sā'at tavaqquf qыlg‘ыlkim, yevdә yaxnы bishәdurur” (“Ey aziz do‘st, bir soat kutib turgin, uyda yaxni pishayapdi”). Sayfi Saroyi asli xorazmlik bo‘lsa-da, uzoq vaqt Juchi ulusi (Oltin O‘rda) poytaxti Saroy shahrida yashagan va shu bois Saroyi taxallusini olgan. O‘sha davrlarda Saroy shahri ham o‘zbek tili va adabiyoti o‘choqlaridan biri edi.

 

“Yaxni” so‘zi darj etilgan yana bir qadimiy manba o‘g‘uz turklarining “Dada Qo‘rqut kitobi”dir. Bu asar ham XIV asr va undan oldingi davrlarda yaratilgan: “Kara kéçe altına döşeŋ, kara koyun yaχnısından öŋine getürüŋ” (Ma’nosi: “Tagiga qora kigiz to‘shang, oldiga qora qo‘yning yaxnisidan keltiring”).

 

“Yaxni” so‘zi, shuningdek, o‘sha davrlarda yaratilgan yana bir manba – XIV asrda Misrda Qipchoq turklari bo‘lmish mamluklar hukronligi davrida yashagan Jamoliddin at-Turkiyning arablarga qipchoq turkchasini o‘rgatish maqsadida tartib berilgan “Kitabu bulg‘at ul-Mushtaq fil-lug‘atit-turk val-qifchaq” lug‘atida ham uchraydi. Ergash Fozilovning dalolat berishicha, mazkur lug‘atda “yaxni” so‘zi “йақны” shaklida yozilgan.

 

Manbalardan anglashiladiki, o‘tmishda “yaxni” so‘zi – “dimlab pishirilgan et”, “go‘shtli taom” ma’nosida o‘g‘uzlar o‘rtasida ham, qipchoqlar o‘rtasida ham keng qo‘llanilgan. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassislar “yaxni” so‘zining kelib chiqishi forscha, to‘g‘rirog‘i, so‘g‘dcha o‘zakka borib taqaladi, deb hisoblaydi. Ko‘pchilik tan olgan etimologiyaga ko‘ra, ilgari “yaxni” (“يخنى”) deb fors tilida: “ko‘zachada dimlanib pishirilgan go‘shtli yemak”ka nisbatan aytilgan, ayni paytda, bu so‘z so‘g‘dcha: “qoldiq, ovqat qoldig‘i” ma’nosidagi “yaxni” (“yaχnē”) so‘ziga borib taqaladi.

 

Hozir ham fors tillarida “yaxni” so‘zi “go‘shtli ovqat”, “bul’on” kabi ma’nolarda ishlatiladi. Usmonli turklari va boshqa turkiy xalqlarda ham “yaxni” – et va sabzavotlardan tayyorlangan ovqat ma’nosida hozir ham iste’molda. Turklar orqali bu so‘z bolqon yarimoroli va kavkaz xalqlari tillariga ham “yaxniya” shaklida o‘tgan.

 

Endi yana Chiyalga qaytsak. Chiyalliklar asosan qipchoq oilasiga mansub saroy urug‘i vakillari. Bizningcha, ular “yaxni” so‘zi va yaxni pishirish an’anasini kimdandir o‘zlashtirgan emas, balki qadim ajdodlari Dashti Qipchoqdan o‘zlari bilan meros qilib olib kelgani haqiqatga yaqinroq. Yaxni tayyorlash uslubi ham dashtliklar an’anasiga muvofiq keladi, ya’ni qo‘y go‘shti butun holida past olovda suvda, xuddi qaynatma shurvaday, uzoq qaynatib pishiriladi. Yog‘ solinmaydi, balki et o‘z yog‘iga pishadi.

 

Yuqorida keltirilgan dalillar “yaxni” so‘zi asli turkcha bo‘lishi ham mumkin, degan farazga undaydi. Hayvon etining (umuman har qanday organizmning) yog‘i ma’nosida turk tillarida “yog‘”, “jir” so‘zlari ishlatiladi. Shevalarda bu so‘z “yag‘”, “yaq”, “yax” shakllarida talaffuz etilgan. Agar “yaxni” turkiy etimologiyaga ega deb o‘ylasak, aynan shu “yag‘” (“yax”) o‘zagidan yasalgan bo‘lishi mumkin.

 

“Devonu lug‘otit-turk” va boshqa shu kabi obidalarda “yaxni” uchramaydi. “Devon”da “yaxni” emas, shunga o‘xshab ketadigan “yaqrї” so‘zi mavjud va shunday izohlangan: “Jaqrї – ich yog‘i. Baytda shunday kelgan:

 

Pїshrїlur jaqrї qїjaq,

Tushg‘urur jug‘rї chanaq.

 

Ma’nosi: “Ich yog‘i, sardaklar pishirilib, lagan, kosalar to‘lg‘aziladi”. Izoh: sardak – qaynatma shurva betiga chiqqan yog‘.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//