Bir odam butun boshli sayyorani asrab qolishi mumkinligi siz uchun ishonib bo‘lmas hodisadek tuyulishi mumkin, ammo bejiz: “Dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingizdan boshlang” deyilmagan.
Quyida sayyoramiz ekologiyasini yaxshilashga yordam beruvchi oddiy va arzon usullarni yig‘dik.
1. Yelim xaltalarni mato sumkalarga almashtiring
Oshxonangizning qaysidir tortmasida bir qop qilib yig‘ilgan polietilen xaltalar bor. Ammo har safar oziq-ovqat do‘konidan yangi paket olasiz, buni atay qilmaysiz, albatta. Ammo shu o‘rinda bir fakt keltiraylik – ushbu yelim xaltalarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi uchun asrlar zarur, biroq dunyo bo‘ylab har yili 4 million polietilen xalta chiqitga chiqariladi. Ularni deb har yili 1 million qush nobud bo‘ladi, dengiz va ummon faunasi zarar ko‘radi.
Tabiat uchun zararli bo‘lgan bunday holatning oldini olish uchun matodan tikilgan yengil sumka ishlating.
Bunday sumkalar chidamliligi bilan nozik paketga qaraganda ancha uzoq vaqt xizmat qiladi, bundan tashqari tabiatga ham zarar keltirmaydi.
2. Zaryadlanuvchi batareyalardan foydalaning
Batareyalar muammosi katta xavf tug‘dirmaydigandek ko‘rinadi, lekin ularni yo‘q qilish, aniqrog‘i bu jarayonning imkonsizligi ekologik muammo hisoblanadi.
Zaryadlanuvchi batareyalar oddiylaridan unchalik farq qilmaydi, ammo ularning ishlash muddati atrof-muhitga zararning umumiy miqdorini kamaytirish imkonini beradi.
3. Kimyoviy vositalarni ekologik tozasiga almashtiring
Zamonaviy tozalash vositalarining ishlab chiqarilishi ko‘plab uy bekalari uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas ko‘makchiga aylandi. Inson organizmi uchun zararlari, teridagi allergik toshmalar va idishlarni yuvgandan keyin qoladigan g‘alati ta’mga qaramay, ushbu vositalardan voz kechilmayapti.
Aslida, bu mahsulotlar o‘rniga oddiy soda, limon sharbati va sirkadan tayyorlangan aralashmadan foydalansa bo‘ladi. Ham siz yuvgan buyumlar toza bo‘ladi, shu bilan birga suv havzalaridagi tirik organizmlar o‘limining oldini olgan bo‘lasiz.
4. Bir martalik plastik idishlar o‘rniga doimiy ishlatish uchun mo‘ljallangan idishlardan foydalaning
Istalgan vaqt, istalgan joyda ichimlik suvi olish imkoniyatini beradigan plastik idishlarning ko‘payib ketishi tabiat uchun ulkan xavf tug‘dirmoqda.
Bu muammoni kamaytirish uchun ekologik toza hisoblanadigan ko‘p martalik idishlardan foydalangan ma’qul.
5. Jo‘mraklarga suv purkagich o‘rnating
Bir qarashda hech qanday farq yo‘qday.
Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu usul bir kunlik ishlatiladigan suv hajmini 50 foizga kamaytiradi.
6. Chiqindini to‘g‘ri saralashni o‘rganing
Bu muammo ekologlar orasida mashhur bo‘lishiga qaramay, sanoqli odamlar chiqindini to‘g‘ri saralashni biladi, xolos.
Bo‘sh shishani alohida, metall, qog‘oz va biologik parchalanuvchi materiallarni alohida topshiring. Qayta ishlanmaydigan chiqindilar haqida ham unutmang – lampalar va batareyalar alohida bo‘lishi lozim.
Saralangan chiqindi axlat hajmini kamaytirishi bilan birga qayta ishlash imkonini ham beradi.
7. Eski kiyimlarni muhtojlarga yoki qayta ishlashga bering
Kiyim javoningiz ilgaklarida foydalanishga yaroqsiz yoki «qachondir kiyaman» deb olib qo‘ygan kiyimlaringiz yillab chang bosib yotsa kerak
Foydalanishga yaroqsiz, qachondir ustingizga kiyishingiz so‘roq ostidagi kiyim-kechaklaringizni uyda bir uyum qilib saqlagandan ko‘ra muhtojlarga bering. Bu bilan nafaqat uyingizni tartibga keltirib, javoningizda yangi liboslar uchun joy ochasiz, balki savob qilgan bo‘lasiz ham.
8. Choy paketlari o‘rniga quruq choy barglaridan foydalaning
Choyning turfa turlari bor: qulupnayli, mangoli, meva va shokolad bo‘laklari solingani. Ammo bular choyning ta’mga ko‘ra turlari, odamlar esa foydalanishga qulay bo‘lgani tufayli paketli choylarni ma’qul ko‘rishadi.
Kichik hajmiga qaramay, choy paketlari juda katta zarar keltiradi. Butunlay parchalanmaydi va chiqindixonalarda abadiy qoladi. Bu muammoni hal qilishga faqatgina choy barglaridan tayyorlanadigan choy turlari yordam beradi. Bunday ichimlik tayyorlanish jarayoniga kimyoviy vositalar aralashmagan, ekologik toza va mazalidir.
9. Sabzavotli taomlar iste’mol qiling
Sabzavot kuni tabiatni asrashga katta hissa qo‘shadi.
Peshtaxtaga 1 kilogramm toza go‘sht tushishi uchun yuzlab litr suv sarflanishini bilasizmi? Shu bilan birga, bunday taom kunlari tanangiz uchun ham foydali va zarurdir.
10. Buyumlarni qayta ishlating
Yashash joyini tez-tez o‘zgartirish sabab eski narsalardan xalos bo‘lish yoki eski buyumlarni yangisiga almashtirish hozir urfga kirgan. Bu «yangilanish» oqibatida siz yangi chiqindini sotib olishingiz haqiqatdan yiroq emas.
Shuning uchun, biror narsani tashlab yuborishdan avval, uni qanday qilib zamonaviy ko‘rinishga keltirish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, eski stakan chiroyli shamdonga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, bu sizning yashirin qobiliyatingiz namoyon bo‘lishi uchun ajoyib imkoniyat.
Sizningcha, atrof-muhitni asrash bo‘yicha yana qanday odatlar, uslublarni turmush tarzimizga kiritishimiz kerak? Izohlaringizni kutib qolamiz.
Nigina QAHHOROVA tayyorladi.
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q