Imloviy xatolarga eʼtiborsiz qarasak, bu ijtimoiy meʼyorga aylanadi – savodsizlikka qarshi hajviy usulda kurashayotgan Mavlon Marasulov bilan suhbat


Saqlash
00:36 / 22.10.2022 4920 0

Ijtimoiy tarmoqda til, imlo, savod masalasi tez-tez kun tartibiga chiqadi. Ammo uzogʻi ikki-uch kun muhokama qilinadi, keyin boshqa kundalik hayplar orasida sezilmay ketadi. Bu mavzuni doimiy diqqat markazida ushlab turishga intiladigan ziyolilarimiz sanoqli, afsuski.

 

Oyina.uz muxbiri Feysbukda til sofligi, savodxonlik boʻyicha chiqishlari ortidan mashhur boʻlgan Mavlon Marasulov bilan suhbat uyushtirdi. Qahramonimiz imlo qoidalariga amal qilmagan tarmoq foydalanuvchilarining qulogʻini choʻzib turadi.

 

 

Jiddiy muammolarni ham hajviy usulda koʻtargani bois odamlarning gʻashiga tegmaydi, agressiya qoʻzgʻamaydi.

 

 

– Mavlon aka, avvalo, Oyina.uz oʻquvchilariga oʻzingiz va faoliyatingiz haqida qisqacha maʼlumot bersangiz?

 

– Toshkent viloyatining Angren shahridanman, yoshim 36 da. Jahon tillari universitetini bitirganman. Ayni paytda tarjima xizmatlari koʻrsatadigan loyihamda bandman. Avvalroq Jahon bankining meva-sabzavotchilik tarmogʻida katta tarjimon boʻlib, “Samsung Electronics” shirkatining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro kompaniyalarda ishlaganman.

 

– Sizni koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlarda til jonkuyari sifatida biladi. Umuman necha yildan beri savodxonlik masalasida postlar yozasiz?

 

– 2014-yillardan boshlagan boʻlsam kerak. Oʻsha paytlari “Odnoklassniki” tarmogʻi ommalashgan edi. Yurtdoshlarimiz orasida savodsizlik rosa urchigani turtki bergan menga. Shundan ijtimoiy tarmoqlarda toʻgʻri yozishni targʻib qilib kelaman. Imloga eʼtiborli boʻlish tilga hurmatni ifodalaydi.

 

 

– Til jonkuyari deganda koʻpchilikning koʻz oʻngiga konservatorroq, xoʻmrayganroq obrazdagi insonlar keladi. Siz esa imlo muammolarini koʻtarishda asosan yumordan foydalanasiz...

 

– Odamlar ijtimoiy tarmoqqa kundalik muammolaridan qochib kirishadi. Yana jiddiy yozishmalarga duch kelishsa, oʻylaymanki, bunga uncha qiziqish bilan qarashmaydi. Shu bois tilga oid masalalarni hajv aralash koʻtarishga, foydalanuvchilarga tabassum bilan koʻzgu tutishga harakat qilaman. Nazarimda, faqat kuchli millatgina oʻz kamchiliklari ustidan kula oladi.

 

Til bilan bogʻliq muammolarimiz koʻp. Avvalo, hozirgi lotin grafikasidagi alifbomizda ayrim murakkab belgilar mavjud, baʼzi tovushlar ikkita harf bilan ifodalanadi. Bular foydalanuvchilarga noqulaylik yaratadi. Shuning uchun alifbo islohoti tarafdoriman – u texnologik davrga mos va ishlatish uchun qulay boʻlishi lozim. Shunda, balkim, imlo qoidalariga amal qilish kuchayar.

 

 

– Tilda rasmiy, ilmiy, soʻzlashuv kabi uslublar borligini bilamiz. Endi shu qatorga “ijtimoiy tarmoq uslubi” ham qoʻshilayotgandek. Bu sathda yoshlarning savodxonligi ustida ishlashda nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

 

– Avvalo, yoshlardagi boshlangʻich savodni yaxshilash lozim. Bu esa ancha vaqt va mehnat talab qiladi. Alifbo islohoti ham yordam beradi, deb hisoblayman. Axir, siz qanchalik noqulay alifboni targʻib qilmang, odamlar oʻziga oson va qulay usulda yozaveradi. Salbiy jihati shundaki, ijtimoiy tarmoqda savodsizlik qanchalik palak yozsa, odamlar buni ijtimoiy meʼyor sifatida qabul qilishni boshlaydi va xatolar takrorlanaveradi. Til battar buziladi.

 

– Tarmoqda yozadigan voqealaringiz real hayotdan olinadimi? Savodsizlik muammosi bilan qay darajada koʻp toʻqnashasiz? Qiziq misollardan aytib bering. Feysbukda yozilmaganlaridan boʻlsa, yana yaxshi.

 

– Ochigʻini aytay, tarmoqda yozadigan voqealarimning yarmi toʻqima. Buni auditoriya ham biladi. Lekin gap bunda emas, balki shu orqali til sofligiga, imlo durustligiga eʼtiborni tortishda. Savodsizlikka deyarli har kuni duch kelaman. Ozgina kitob varaqlagan odam uchun bunday xatolarni payqash mushkul emasligini mendan ham yaxshi bilasiz.

 

Qiziq misollarga kelsak, men postda koʻp karra yozgan “burda kabob” soʻzini foydalanuvchilar yaxshi qabul qilgan. Bir yemakxonada girgittondan “Qanday kaboblar bor?” deb soʻraganimizda “Kuskavoy file shashlik”, deb javob bergandi. Shunda unga oʻzbekchasini tushuntirganman.

 

Yoki yana bir misol: avtomobil yuvish joyida ishchilarga “Gʻildirakning qalpogʻini yaxshilab yuving”, desam, ancha hayron qolishgan. Uyimda ishlagan ustalarga ham ancha-muncha oʻzbekcha atamalarni oʻrgatib qoʻyganman: masalan, tepadon, oʻzak, rejachoʻp, parchin mix, chordoq toʻsin va boshqalar.

 

 

– Mavlon aka, oʻzbek tili oldida turgan eng katta muammolarni har kim har xil tasavvur qiladi. Kim uchundir eng katta fojia koʻchadagi peshlavhalardagi xatolar boʻlsa, kim uchundir asosiy xavf oʻzbek tilining fan, texnika, biznes tiliga aylana olmayotgani. Birinchi toifa koʻtargan kamchiliklar koʻp aytiladi, tez koʻzga koʻrinadi. Lekin ikkinchi toifa aytgan masalalarni hamma ham his etavermaydi.

 

– Juda dolzarb masalani eslatdingiz. Ha, savodxonlik va til sofligiga oid kamchiliklar tez koʻzga tashlanadi. Ammo tilning global dunyodagi ahamiyatini oshiradigan, nufuzini koʻtaradigan omillarga koʻpda eʼtibor qaratilmaydi.

 

Til fan, texnika yoki biznes tiliga aylanishi uchun ixtirolar, ilmiy tushunchalar oʻsha tilda yaratilishi kerak. Afsuski, bu borada biz koʻproq koʻchiruvchimiz. Menimcha, biror soʻzni tilimizga olishdan avval muqobilini oʻzimizdan izlashimiz kerak. Topilmagandagina oʻz holicha qabul qilish mumkin. Neologizmlar tilni boyitadi, ammo haddan ortigʻi esa til jozibasini xiralashtiradi.

 

Oʻzbek tili, quvonarlisi, biznes tili sifatida ancha ilgarilamoqda. Xususan, yurtimizdagi ajnabiy brendlar ham katta auditoriyani qamrab olish maqsadida tilimizda muloqot qilishga urinyapti. Bu borada Markaziy Osiyo miqyosida qiyosan olib qaralsa, dilga birmuncha taskin beradigan manzara hosil boʻladi.

 

 

– Suhbat uchun rahmat. Til va imlo masalasiga Mavlon Mamarasulov kabi munosabatda boʻladigan ziyolilarimiz koʻpayaversin. Mavzuga doir yana fikr-mulohazalaringiz boʻlsa, aytishingiz mumkin.

 

– Albatta, atrofdagilarga soʻzni toʻgʻri ishlatish, toʻgʻri yozishni aytib turish kerak. Ammo bu yetarli emas. Asosiy ish taʼlim sohasida bajarilishi lozim. Alifboni ham imkon qadar soddalashtirish va osonlashtirish zarur.

 

Inobat AHATOVA

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//