Bizda faqat kattalargina oʻzbekcha gaplasha oladi degan tushuncha shakllangan edi – oʻzbek tili uchun jon kuydirayotgan boshqa millat vakillari


Saqlash
23:34 / 21.10.2022 1585 0

Ularga bozor, doʻkon va boshqa jamoat joylarida, hatto davlat tashkilotlarida ajnabiy tilda murojaat qilishlari mumkin. Lekin ular bemalol oʻzbekcha javob qaytarib lol qoldiradi. Grammatika qoidalarini bilish va amal qilish borasida ham uncha-muncha millatdoshlarimizga oʻrnak boʻladi. Bugun Oyina.uz boshqa millatga mansub boʻlsa-da, oʻzbek tilida ravon soʻzlashadigan yurtdoshlarimizni suhbatga tortdi.

 

 

Eldar Asanov,

tilshunos, bloger:

 

Urgut shahrida, oʻzbek mahallasida oʻsganman. Shu sabab yoshligimdan oʻzbek tilida erkin gapirganman. Toʻgʻri, atrofimda rusiyzabonlar ham koʻp edi, lekin Toshkentga nisbatan chet hududlarda oʻzbek tilini bilmay yashash qiyinroq, ayniqsa Urgut kabi kichik shaharda.

 

Qolaversa, millatim oʻzbek boʻlmagani bilan uyimizda ham oʻzbekcha gaplashilardi. Otam qrimtatar, biroq ular ham Urgut chekkasidagi qishloqda, oʻzbeklar ichida oʻsgan. Umuman olganda, otam uch tilli boʻlgan. Bobolarim esa oʻzbekchada gaplasha olmagan. Oyim – vodiylik uygʻur. Ular asosan oʻzbekcha gaplashishgan. Oʻzbek tilini yaxshi bilishimga shu holatlar sabab boʻlsa kerak.

 

Soʻzlashuvdan tashqari adabiy oʻzbek tilini ham puxta bilishimni aytib oʻtay. Shu tilda yozaman, soʻzlayman, ijod qilaman. Oʻzbek tiliga 5-sinfdan qiziqa boshlaganman. Ungacha rus maktabda oʻqiganman. Ammo rus maktabda ham oʻzbek tilida savodli yozardim.

 

Mumtoz adabiyot namunalaridan ilk marotaba Rabgʻuziyni oʻqib, umuman tushunmaganim esimda. Oʻzbek tili edi, lekin koʻp soʻzlari oʻta tushunarsiz. Keyin navbat Navoiy... Unga ham tishim oʻtmagan. Hayron qolgandim oʻshanda va adabiy tilni oʻrganishga qattiq bel bogʻlaganman. Ammo bu oson kechgani yoʻq, deylik, Navoiyning tuyugʻini oxirgi baytini yodlagunimcha boshi esimdan chiqib ketardi. Bitta tuyuqqa shuncha qiynalganman. Bora-bora oʻzbek tilidagi bilimimni oshirib, rus tilim ustida ishlaganman. Keyinchalik ingliz, turk, fors tillarini oʻrgandim. Ammo bir odatim bor: hech qaysi tilni boshqasidan ustun qoʻymayman. Bu nisbiy tushuncha. Shuni aytishim mumkinki, oʻzbek tilini bir ustun tomoni bor – uning tashuvchilari koʻp. Biroq mintaqada oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar qanchalar koʻp boʻlmasin, boshqa millat vakillari oʻzbek tilini oʻrganishga ehtiyoj sezmayapti. Agar oʻzbek tilining bor salohiyati ishga solinsa, u mintaqadagi yetakchi tilga aylanadi.

 

Bolalarim ham rus va oʻzbek tilida erkin soʻzlashishadi. Shuningdek, ular ingliz tilini ham oʻrganishini istayman. Vaqt oʻtib, ular ham oʻzbek tili rivoji uchun kuyunchaklik qila boshlasalar, tutgan yoʻllarini qoʻllab-quvvatlayman. Biroq jonkuyarlikni ham turlicha talqin qilish mumkin. Baqir-chaqir, tanqid orqali koʻchadagi 2–3 ta imlo xatoni koʻrsatib, “tilimiz unday boʻlibdi, bunday boʻlibdi”, deguvchilar bor. Ilmiy faktga toʻxtalsam, imloviy xatolar sabab tilni ahvoli yomon boʻlib qolmaydi. Shu maʼnoda bu boradagi jonkuyarlikni yoqlamayman.

 

Tilshunos boʻlganim uchun til bilan bogʻliq voqea-hodisalarga juda eʼtiborliman, ehtimol shuning uchun ham ular mening atrofimda koʻp boʻlar. Bular orasida eng koʻp takrorlanadigani – bozor, doʻkon, davlat tashkilotlarida menga rus tilida murojaat qilishlari. Tabiiyki, men ularga oʻzbekcha javob qaytaraman. Ular esa hayron qoladilar.

 

 

Yelena Choʻyanova,

yosh jurnalist:

 

Ota-onam turkman. Faqat dadam tomondan buvim chuvash – ikkinchi jahon urushidan keyin rus tili oʻqituvchisi sifatida Oʻzbekistonga kelganlar, buvamni uchratib oila qurishgan va butunlay Oʻzbekistonda qolganlar.

 

Biz Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlogʻidanmiz. U yerda asosan turkmanlar istiqomat qiladi, atrofimizda hamma turkman. Shu sabab oila davrasida ham, maʼlum muddat maktabda ham turkman tilida oʻqiganmiz.

 

Keyinchalik oʻzbek maktablarda oʻqishni boshladim. Taʼlim bilan bir qatorda oʻzbek tilini oʻrgandim. Qarshi shahridagi litseyda ham oʻzbek tilida oʻqidim. Avvaliga juda qiynalganim yodimda. Lekin baribir osonroq edi: turkman va oʻzbek tili bir-biriga yaqin.

 

Umuman olganda, hayotimning 50–60 foizi til bilan bogʻliq. Avval-boshda turkman tilida gapirib, turkmancha oʻylaganman. Keyinchalik xuddi shu jarayon rus tilida kechgan. Soʻngra oʻzbek tilida...

 

Universitetda ingliz tilini ahamiyatini koʻrib, ingliz tilini oʻrgana boshlaganman. Endi esa Koreyada ekanim sabab koreys tilini oʻrganyapman.

 

Ismim Yelena boʻlgani uchun qayerga borsam menga rus tilida gapirishadi. Oʻzi rus tilini bilmasa ham, gapirishga qiynalsa ham ruscha gapirishga urinadilar. Bir safar ingliz tili mashgʻulotiga borgandim. Oʻqituvchi meni adashib oʻzbek guruhga emas, rus guruhiga kelgan deb oʻylab: “boshqa xonaga borasiz, eshikdan chiqib, narigi tarafga oʻtasiz”, deb rus tilida tushuntirishga urindi. Unga oʻzbek tilida gapira olishim haqida aytsam, ustozim xijolat boʻlib: “Shundaymiz-da. Boshqa millat vakilini koʻrsak, bu balki hurmatdan, balki boshqa maʼnodadir, unga moslashishga harakat qilamiz. Oʻsha tilni bilmasak ham, oʻz yurtimizda boʻlsak ham”, degandi.

 

Hozir Koreyada guvohi boʻlyapmanki, koreys xalqiga ingliz tilida gapirsangiz darrov javob bermay, sizdan koreyscha murojaat kutadi. Shundan payqadimki, Oʻzbekistonda tilga hurmat juda ham past. Oʻzbekistonda ham yoshlar yuzlab tillarni oʻrganishsin, lekin oʻzbek tilida chiroyli gapirib, bexato yozishsin.

 

 

Baxtiyor Sheraliyev,

olim:

 

Fargʻonaning qadimiy Rishton tumanida tugʻilganman. Oʻzim tojikman, tilim ham tojik tilida chiqqan. Mahallada, koʻcha-kuyda, oʻzaro tojik tilida soʻzlashib katta boʻlganmiz. Oʻsha vaqtlar koʻchada biror bolaning oʻzbekcha gapirganini eslay olmayman. Odatda kattalar oʻzaro biror gapni yashirib gaplashmoqchi boʻlishsa, oʻzbekcha ishlatishardi. Biz bolalar esa ularning ogʻziga qarab “bular nima deyishyapti ekan-a?” deb oʻylanardik.

 

Qishlogʻimiz maktabida tojik va oʻzbek tilida dars oʻtilardi. Maktabga chiqadigan yilim (1996-yil) Hanifaxon Abdusattorova degan yangi ustoz sinf olayotgan ekan degan gap chiqdi. Bu ustoz qishlogʻimizga shahardan kelin boʻlib tushgan, sof oʻzbek edi. Onam meni shu sinfga berish uchun strategiya tuzishni boshladilar. Ishni men bilan har kuni oʻzbek tilida gaplashish va narsalar nomini oʻzbekcha oʻrgatishdan boshladilar. Dastlab raqamlar va soatni oʻzbek tilida aytishni oʻrganganimiz yodimda. Bu men uchun juda hayajonli davrlar edi. Chunki yangi tilni oʻrganayotgandim. Undan ham farahli joyi – men kattalar safiga qoʻshilayotgandim, chunki bizda faqat kattalargina oʻzbek tilida gaplasha oladi degan tushuncha shakllangan edi.

 

Maktabga chiqishimga hali biroz vaqt bor. Bir kuni oilaviy Fargʻona shahrida yashaydigan xolamnikiga mehmonga bordik. Hovlida oʻynab oʻtirsam, kattalar ayvonda oʻzaro gaplashib oʻtirishgandi, xolam menga qarab:

 

– Baxtijon, bor bolajonim, oshxonadan pichoqni olib kel, – dedilar.

 

– Xoʻp, – deya oshxonaga yoʻl oldim. Borib oshxonani chandon izlasam ham poʻchoq (sabzavotlarni tozalaganda hosil boʻladigan poʻchoq) ni topa olmadim. Ortga qaytdim.

 

– Xola, oshxonada poʻchoq yoʻq ekan, – dedim tojikchalab. Shundan soʻng xolam oʻzi oshxonaga ketdi-da, biroz oʻtmay qoʻlida pichoq bilan qaytdi. Oʻshanda ilk marotaba pichoqning “pichoq” deyilishi bilganman, biz uyda pichoqni tojikchalab “kord” deymiz, men avval hech pichoq degan soʻzni eshitmagandim. Shunga “pichoq” soʻzi “poʻchoq” boʻlib eshitilgan edi. Oʻzbek tili lugʻatim xuddi mana shunday boyiy boshlagan.

 

Hozir solishtirsam, bizning sinfni bitirganlar oʻzbekchani talaffuzsiz, boshqa sinfdagi parallel sinfdoshlarimning aksariyati esa tojik aksenti bilan gapirar ekan. Maktabda ustozimiz oʻzbek tilini qunt bilan oʻrgatganlari yodimda. Undan tashqari oʻzim ham oʻzbek tili bilan alohida shugʻullanganman. Badiiy adabiyotlarni juda koʻp oʻqir edim. Tushunmagan soʻzlarimning maʼnosini topib, kundalik hayotda qoʻllashga harakat qilardim. Ona tilidan ham qoʻshimcha dars olib oʻqiganman. Gap qurilishi, morfologiya, grammatika, sintaksis, xullas, hamma-hammasini yaxshiroq oʻrganishga tirishganman. Ona tilim tojik tili boʻlsa-da, lekin ona tilimni oʻzbek tilichalik bilmayman – bu bir tomondan menga ogʻriq beradi. Boshqa tomondan esa oʻzbek tilini ham oʻzimning ona tilimdek koʻraman, yoʻq, ona tilimdek koʻraman emas, balki oʻzbek tili ham mening ona tilim. Men bu til tufayli olamni tanidim. Bu til menga hozirgi oʻzim jondan sevib faoliyat olib boradigan biologiya sohasiga kirib kelishimga sababchi boʻldi. Bu til sevgan ayolim bilan muloqot qilishimga yordam berdi. Bu til minglab shogirdlarni oʻqitishimda menga koʻmakchi boʻldi. Oʻzbek tili mening chin ona tilimdir.

 


 

Bayram Aytmurod,

yozuvchi:

 

Oʻzbek tili... Menga talabalik paytimdan musofirlik hayotini oʻrgatgan, tugʻilib oʻsgan joyimdan uzoqda, azim poytaxt turmushiga moslashish va u yerda ozmi-koʻpmi oʻz soʻzim, oʻz oʻrnimga ega boʻlishimga xayrixoh boʻlgan, ota-onamni, jigarlarimni sogʻinsam, meni yupatgan, hali hammasi yaxshi boʻlishiga ishontirgan qadrdon doʻstim, tutingan jigarim, yoshlikning eng goʻzal va sururli damlarini birga baham koʻrgan, guruhimizdagi eng dilbar qizga men bilan birga xat yozgan va bisotidagi bor chiroyli soʻzlarini mendan ayamagan, quvonsam oʻn chandon quvongan, qaygʻulansam oʻn karra gʻam chekkan, poytaxtda kechgan oʻn besh yillik hayot yoʻlimda menga koʻplab doʻstlar, ogʻa-inilar, ustozlar topib bergan, meni qoʻyarda-qoʻymay ulugʻ ijodkor ustozlarning suhbatiga yetaklagan, tunlari tepamda turib olib, yozishga undagan eng yaqin sirdoshim, koʻmakdoshim.

 

Men qoraqalpoqman. Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlaridan biri Chimboy – mening ota makonim. Bolaligim deyarli qishloqda oʻtgan. Men oʻsha onam tunlari mijja qoqmay aytib bergan allasiday aziz boʻlgan ona tilimni jonimday yaxshi koʻraman, umri mehnatda oʻtgan, bir paytlar yelkasida butun ovulning tashvishini koʻtargan, lekin kamtargina hayot kechirgan bobomning ertaklariday koʻhna, oʻsha men ulgʻaygan qishloqning boladay sodda, dunyoda birov tanimasa-da gʻururi togʻdan baland, himmati sahrosidan keng odamlariday qadrdon, menga ilk marta “Ota”, “Ona” deyishni oʻrgatgan, xat-savodimni chiqargan ustozimday mehribon ona tilim bilan faxrlanaman.

 

“Ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga” degan gap bor. Bolaligimdan oʻz ona tilimdan tashqari oʻzbek, turk, rus, ingliz tillarini oʻrganishga ishtiyoq, imkoniyat va zaruriyat bor edi. Birini kamroq, birini koʻproq oʻrgandim. Bari-bari hayotning turli manzillarida menga asqotdi.

 

Birinchi kursda oʻqirdik. Bir kuni kursdoshlar bilan adashmasam qiz ayttirish, sovchi, non sindirish singari mavzuda suhbat boʻlayotgandi. Qaysidir kursdosh qizning aytgan gapi menga erish tuyulib, “Sizlarda shunday dastur bormi?” deb savol berganman.

 

Qiz avaliga meni tushunmay hayron boʻldi:

 

– Nima degani u?

 

– Dasturchi, dastur! – dedim “shuniyam tushunmaysanmi” deganday jahlim chiqib. Keyin bu soʻzning ruscha tarjimasi esimga tushib qoldi. – Traditsiya!

 

Qiz avvaliga angrayib turdida, birdan sharaqlab kulib yubordi.

 

– E, “anʼana”, “urf-odat” demaysizmi?!

 

Ochigʻi, qizdan xafa boʻldim. Keyinchalik qoraqalpoq tilidagi “dastur” oʻzbek tilida “anʼana”, oʻzbek tilidagi “dastur” qoraqalpoq tilida “bagʻdarlama” ekanini bilib oldim.

 

Shundan beri tillarimiz juda oʻxshash boʻlsa-da, ularning oʻziga xos jihatlari koʻp ekanini va oʻzbek tilini chuqurroq oʻrganishim kerakligini angladim.

 

Qoraqalpoq adabiyotining azim chinorlari – Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Ibrayim Yusupovlarni sevib oʻqigan boʻlsam, oʻzbek tilini bila boshlaganim sari jahon adabiyotidan Shekspir, Gyote, Ernest Xeminguey, Jek London, Pushkin, Gogol, Tolstoy, Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Behbudiy, Maxsud Shayxzoda, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Shukur Xolmirzayev, Togʻay Murod, Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Usmon Azim singari ulugʻ ustozlar bilan gʻoyibona (asarlari orqali) va oʻzlari bilan shaxsan (ijodiy uchrashuvlarda, gurunglarda) suhbatlashish imkoni paydo boʻldi. Oʻzbek adabiyotining hozirgi zabardast avlodlari bilanku ogʻa-ini, doʻst-joʻra tutindim.

 

Shahnoza TOʻRAMURODOVA yozib oldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//